Abu Ali ibn Sino
Tib Qonunlari
I kitob
Uchinchi taʼlim mizojlar toʼgʼrisida
Uch fasldan iborat ikkinchi fasl
Aʼzolarning mizojlari haqida
Shuni bilginki, Yaratibchi (Allohu Akbar) har bir hayvonga va har bir aʼzoga imkoniyat koʼtarganicha oʼziga loyiq va uning ishlari va ahvoliga munosib mizoj berdi. Buning haqiqatini tekshirish tabibga emas, faylasufga taalluqlidir. Odamga shu odamda boʼlishi mumkin boʼlgan va odamning taʼsir koʼrsatish va taʼsirlanishiga vosita boʼladigan quvvatlarga munosib eng muʼtadil mizojni berdi; shuningdek, har aʼzoga loyiq mizoj berib, baʼzi aʼzoni issiqroq va baʼzisini sovuqroq, baʼzisini quruqroq va baʼzisini hoʼlroq qildi.
Gavdadagi eng issiq narsa ruh va uning paydo boʼlish oʼrni - yurakdir. Undan keyingi darajada turuvchi qondir. Chunki qon jigarda paydo boʼlsa ham yurak bilan bogʻliqligi uchun jigarda yoʼq issiqlikni u yerdan oladi. Undan keyingi darajadagi issiq mizojli aʼzo jigardir. Chunki jigar qotgan qon kabidir. Undan keyin oʼpka, yndan keyin goʼsht turadi. Goʼshtga sovuq mizojli boʼlgan asab tolalari kelib tutashishi sababli uning issiqligi oʼpkanikidan kamroqdir. Goʼshtdan keyin issiq mizojli aʼzo mushaklardir. Mushak asablarning va boyloqlarning kelib tutashuvi sababli issiqlikda oddiy goʼshtdan pastroqdir. Undan keyingi oʼrinda taloq turadi. Chunki taloqda qon quyqasi bordir.Undan keyin buyraklar turib, ularda qon koʼp emas. Undan kaeyingisi harakatli tomirlar [arteriyalar] tabaqasidir. Bu tabaqaning issiqligi asabga nisbatan moddadan boʼlganligi sababli emas, balki oʼzlaridagi qon va ruhning issiqligini qabul qilishlari sabablidir. Undan keyin, harakatsiz tomirlar [ venalar] tabaqasi turadi, bular issiqlikni faqat qondan oladi. Undan keyin teri va nihoyat kaftning muʼtadil mizojli terisi turadi.
Gavdadagi eng sovuq mizojli narsa balgʼam, undan keyin charvi, yogʼ, moʼy, suyak, togʼay, boyloq, paylar, pardalar, asablar, orqa miya, bosh miya nihoyat teridir.
Gavdadagi eng hoʼl narsa balgʼam, qon, yogʼ, charvi, bosh miya, orqa miya, emchak va moyaklar goʼshti, keyin oʼpka, jigar, taloq, buyraklar, mushaklar, keyin teridir. Jolinus tuzgan tartib shudir. lekin bilmogʼing kerakki, oʼpka oʼz moddasida va tabiatida juda ham hoʼl mizojli emas, chunki har bir aʼzoning tabiiy mizoji u oziqlanadigan narsa mizojiga oʼxshash, unda keyin paydo boʼladigan [araziy] mizoj esa, oʼzida yigʼilib qoluvchi narsaning mizojiga aralashgan boʻladi. Jolinus buni bizga shunday oʼrgatdi. Lekin badanda koʼtariluvchi bugʼlardan va oʼpkaga oqib keluvchi narsalardan oʼpkada koʼp rutubat toʼplanib qoladi. Ish shunday boʼlgach, jigar tugʼma hoʼlligi tufayli oʼpkadan hoʼl mizojliroq boʼladi. Oʼpka esa koʼproq hoʼllanuvchidir. Doimiy hoʼllanish oʼpkaning moddasini ham hoʼl qiladi.Shunga oʼxshash balgʼam va qon xolini quyidagi jihatdan tushunmogʼing kerakki, balgʼamning hoʼlligi koʼpincha hoʼllanish tufayli, qonning hoʼlligi esa moddasiga toʼplangan hoʼllik tufaylidir. Yana buning ustiga suvga oʼxshash suyuq balgʼamning tabiatidagi hoʼllik qonnimkidan koʼproq boʼladi. Chunki qon yetilganida suvga oʼxshash suyuq balgʼamning tabiatidagi hoʼllik qonnikidan koʼproq boʼladi.
Chunki qon yetilganda suvga oʼxshash suyuq balgʼamning qonga aylanishi natijasida undagi hoʼllkning koʼpchiligi tarqaladi. Bundan keyin [xiltlar haqidagi faslda] tabiiy suyuq balgʼamning bir qadar oʼzgargan qon ekanini bilasan.
Gavdadagi narsalarning eng qurugʼi moʻydir, chunki tutinli bugʻdan paydo boʻlib, undagi bugʻ boʻladigan xilti tarqalib ketgan, xolis tutinligi esa qotib qolgandir. Moʻydan keyingi quruq narsa suyakdir, chunki suyak aʼzolar ichida eng qattiq aʼzodir, lekin moʻydan hoʻlroqdir. Suyakning tarkibi va tuzilishi qondan boʻlib, tugʻma hoʻlliklarni shimuvchi va ularni oʻzlashtiruvchidir. Shuning uchun koʻp hayvonlarga suyaklar ovqat boʻladi. Moʻy esa hayvonlarning biror turi uchun ham ovqat boʻlmaydi, yoki kam qismi uchun ovqat boʻladi. Masalan, koʻrshapalaklarning moʻyni hazm qilishlari va yutishlari mumkin deb oʻylaydilar. lekin biz suyak va moʻyning teng miqdorini olib maxsus idish [kolba va alambiq] da qatronlasak, shu vaqtda suyakdan suv, yogʻ koʻproq oqadi va tagida ozgina quruq chiqindi qoladi. Shunday boʻlgach, suyak moʻydan hoʻlroq boʻladi. Suyakdan keyin quruq narsa togʻay, keyin boyloqlar, keyin paylar, pardalar, arteriyalar, venalar, harakat asablari, yurak, va [nihoyat] sezish asablaridir. Harakat asablari albatta muʼtadillikdan koʻra koʻproq sovuq va quruqdir. Sezish asablari sovuqroq boʼlib, mutadildan ortiq quruq emas, balki muʼtadilga yaqindir. Sezish asablaridan keyin gavdadagi quruq narsa teridir.