Kattakon Yakkatut ustida chordon qurub meditasiya qilarkanman, o‘nto‘trt kunlik ravshan oy yog‘dusida atrofim ajib musiqaviy ohangda sokin tebranayotganday tuyular edi.
Yoshligimdan shu tut kabi uzoq yashab , butun dunyo taniydigan ommaga foydali odam bo‘lishni orzu qilardim.
70 yildan ko‘proq vaqt oy yorug‘da shu tut ustida 1-5 soat meditasiya (hayula) qilib hayolot olamiga g‘arq bo‘laman.
Yakkatut necha yoshdaligini qishlog‘imiz oqsoqollari turlicha talqin qilishadi. Biri 400 yosh desa, boshqasi 1000 dan ziyod deydi. Tut ko‘l bo‘yida bo‘lib odamlar unga kemalarini bog‘lashgani og‘izdan og‘izga o‘tib kelgan. Keyincha ko‘l qurib orni tuzkonga aylangan. Shu tufayli viloyatimiz Namakkon (keyincha Namangon) atalgan. Ruslar Namangan degani uchun hozir hamma Namangan deydi. Qishlog‘imiz nomi hamon Yakkatut.
Yakkatutning bo‘yi pastak, 4 metrdan oshmaydi, ammo eniga 20 odam qulochi yetmaydi. Hamon meva beradi. Pishgan payti ko‘pchilik yeyishadi. Ziyoratchilar qurigan shoxlarini yoqib ovqat pishirib ostida yeyishadi.
Yoshligimdayoq hayot menga qattiq zarba berdi. Oxirgi bitiruvchi ekzameni kuni istimam qattiq ko‘tarilib tez yordam maktabdan tuman shifoxonasiga olib bordi. O‘pkam ikkitomonlama qattiq yallig‘langan ekan. Ozroq davolab shahar dispanseriga yuborishdi. U yerda o‘pkamning yuqorisidan chapida tuberkulom topishib viloyat tuberkulyoz sanatoriysiga jo‘natishdi. Sanatoriyda ikki yil boqqandan so‘ng jarrohlik amali o‘tkazib tuberkulomni olib tashlashdi. Dastlab bir yil ikkinchi gruppa , keyin bir umrga uchincbi gruppa nogironi ekanimni aytishdi. Men o‘jarlik qilib bir kun ham nogironlik tamg‘asini taqmadim. Zo‘raki yoga mashqlari bilan shug‘ullanib olti oyda sog‘lig‘imni tiklab oldim. Armiya yoshim o‘tib borayotgandi. Amma bu turishimda armiya tugul, tuzukroq ishga ham olishmasdi. Chora izlab kimsa tanimaydigan joyga qochishga ahd qilib, yo‘l mashinalarga o‘tirib Mirzacho‘l ( hozirgi Guliston) ga keldim. Dastlab bir choyxonada choy toshib shu yerda yotib yurdim. Qo‘limga viloyat gazetasi tushib qoldi. Mirzacho‘l nomi Guliston bo‘lgani,yangi viloyat tuzilib, nomini Sirdaryo qo‘yishgani, "Sirdaryo haqiqati" namlik gazeta chiqarilib, muharrirlikka o‘z ixtiyori bilan mashhur shoir Akmal Po‘lat Toshkentdan atoqli jurnalistlar bilan kelganligi yozilgandi.
Hayajon bilan redaksiyaga kelib
Akmal akaga Namangan viloyat gazetasida Sannar Tilla qo‘lida musahhih (korrektor) bo‘lib ishlaganim va ko‘p gazeta-jurnallar, radio va televideniyeda shtatsiz muxbirligimni aytdim.
Kelishda dokumentlarimni yo‘qotib qo‘yganimni aytib, bir qancha vaqt redaksiyada noqonuniy ishlab choyxonada yotib yurdim. Oxiri dokument tufayli redaksiyadan ketdim.
Shu viloyatning Yangiyer shahridagi texnika bilim yurtiga bir yillik og‘ir mashinalar bo‘limida er kavlovchi mashinalar kursini bitirib "Golodnostepstroyda avval buldozerchi, keyin kovshli ekskavatorda mashinist yordamchisi bo‘lib ishlab, ariza berib harbiy hizmatga ketdim. Raketadrom quradigan maxfiy batalyonga tushdim. Redaksiya ishlaganimni bildirganimchun shtab gazetasini chiqarib berishni so‘rashdi. Mohir shaxmatchiligim tufayli shitab zampoliti bilan do‘stlashib qoldim. U meni olti oylik geodezistlik kursini bitirtirib shitabdan ish berdi. Kabinetim maxfiy bo‘lib, haftada eshik va seyf paroli yangilanardi. Raketa qurilishi chertyojlari bilan serjant lavozimida ishlardim va katta miqdorda oylik olardim. Obyektlarga qo‘riqchi bilan maxsus mashinada borardim. Xizmatim uch yillik bo‘lib, tugagandan keyin yana ishlab qolishim mumkin edi.
Biroq bir yarim yil xizmat qilganimda o‘gay otam o‘tib qoldilar. Oilada oltita ukam va onam boquvchisiz qolishgani uchun xizmatni to‘xtatib, uyga qaytdim. Qurilishda geodezist bo‘lib ishladim.
Shu orada Abdulhaq attor bilan tanishuvim, hayotimda keskin burilish yasadi. U dorivorfurishlik bilan shug‘ullanardi. U katta yoshli bo‘lib, farzandi bo‘lmagani va men iqtidorli bo‘lganim uchun meni shogird qilib bari bilimi va mol-mulkini menga berishga ahd qildi. Arab, fors va eski o‘zbek, turk va uyg‘ur tillarida tabobatga oid haddan ko‘p kitoblari bor edi. Tillarni bilishim qo‘l kelib bu kitoblarga shung‘ib ketdim. Ro‘zg‘or kamchiliklarini o‘ylamay qo‘ydim. Ustozim yonimga mo‘may pul solib qo‘ydi. Yumushni tark etdim. Jurnalistligimni ham unutdim. Birdanbir orzuyim mohir tabib bo‘lish bo‘lib qoldi.
Onam qonimizda tabiblik bor
derdilar. Onamning tog‘asi kuchli tabib bo‘lgan ekan. Toqqa chiqib jilg‘alardan tilla yig‘ib qayta ishlarkan. Xalqni bepul davolarkan. Tuman ijrokom raisi qabuliga kelsa, namoz o‘qisang davolayman, degani uchun, KGB ga chaqib qamatgan ekan. Xozirgacha bedarak. Odamlar aytishicha, afsun o‘qib qamoqdan ko‘zga ko‘rinmay chiqib haj tomon ketganmish.
Yana baxtsizlikka uchradim. Ustozim o‘tib qoldi. Men bilim axtarib ko‘p sarson bo‘ldim. Shaxarma shahar tabib izlab bilimini oldim. Ellikdan ortiq yangi ustoz topib bilimini o‘rgandim. Pulim tugasa mardikorchilik qildim. Attor ustozim favqulodda o‘lgach, merosiga egalar chiqib menga kitobi va bergan bilimi tegdi
Uning dorixonasida ibn Sino Tib qonunlaridagi hamma dorivorlardan tashqari, undan keyingi mashur hind, hitoy, tibet, fors, arab, o‘zbek, turk va uyg‘ur tabiblari ishlatgan doriivorlar nusxalari ham bor edi. U menga tog‘lardan dori terishni o‘rgatdi. Keksa bo‘lishiga qaramay, tog‘da unga yetib yurishga qiynalsam kulib to‘xtardi va dam rostlardik. U meni Tiyanshon, Zarafshon, Boysun, Kapetdag‘ va Pamir tog‘lariga boshlab borar, qaysi dorivor qayerda bo‘lishini ko‘rsatar va birga dori o‘t, dori ma’dan va mumiyo yig‘ardik. Dorivor qush va jonzotlarni ovlab, foydali a’zosini ajratib olardik. Ba’zan merganning o‘zi va ulovini ijaraga olib yo‘l boshlovchi qilib, foydali jonzotlarni ottirardik. Hasharotlar, ilonlar terdirardik. Attor menga barcha murakkab dori, mumiyo va qattiq va suyuq balzamlar tayyorlashni o‘rgatdi. Tabiblarga dori va aptekalarga mumiyo sotib qiynalmay yashadim. Attorning to‘satdan o‘limi meni esankiratib qo‘ydi.
Ancha vaqt tushkunlikda yurdim. Topganim ro‘zg‘orga ketib yana pulsiz qolib mardikor ishladim.
Hukumat tabibchilik qilsam qamashini aytib tilxat olgandi. Mahalla ikki o‘qituvchisi va vrachi yozib bergan ekan. Mahalla imomi esa, Ergashaka dorisini ichmanglar, spirt qo‘shib harom qilib tayyorlar ekan deb tashviqot qilibdi.
Abdulhaq ustozim o‘lgandan keyin biroz uyda qolib (odamlar gapiga qaraganda, doim daydib yuraman) yaqinlarimni tabobat dorilari, biorezonans tashxisi va davolashi, tashbihiy tabobat, igna qo‘yish, qon chiqarish va shoxda so‘rish, gipnoz, massaj, qo‘lim issig‘i bilan davolash usullarini qo‘llagan edim.
Yaxshisiyam bir SNB yihit onasi oshqozon yarasini davolab qo‘ygandim, oraga tushib qamalishdan saqlab qoldi. Mardikorlikdan cho‘ponlar qo‘yini yaylovda kecha-kunduz boqishni afzal ko‘rdim. Kerakli kitobni xurjunda olib yurib, qo‘ylarni o‘tlovga qo‘yib o‘zim kitob mutoala qilaman. Kimsa halaqit bermasdi.
Xozir faqat ijodiy ishlar bilan shug‘ullanib uyda qarilik gashtini surmoqdaman.
