Abu Ali ibn Sino (to’liq ismi Abu Ali Husayn ibnAbdulloh ibn al-Hasan ibn Ali ibn Sino) 980 yil 21 avgust kuni Buxoro yaqinidagi Afshona qishlog’ida dunyoga keldi.
Uning otasi mansabdor shaxs bo’lib, o’z obro’siga ega bo’lgan.
Ularning oilasi Buxoroga ko’chib kelgandan keyin yosh, biroq ilmga chanqoq Husayn uchun ilm olishga keng imkoniyatlar eshigi ochildi,chunki Buxoro poytaxt shahar bo’lib, u yerga saroy kutubxonasidan foydalanish uchun turli soha vakillari – faylasuflar, tabiblar, shoirlar tashrif buyurar edilar.
Ibn Sino erta bolalik chog’laridanoq qiziqqonligi bilan ajralib turar, kattalarni o’z savollari bilan qiynab yuborar edi. U avvaliga oddiy musulmon maktabida 10 yil davomida tahsil oldi. Maktab dasturidan tashqari Husayn qo’shimcha ravishda savodxonlik, arab tili, stilistikani o’rgandi. Husayn 10 yoshligida Qur’oni Karimni butunlay yod oldi, qori darjasiga erishdi.