Arteriya haqida

Ibn Sino, Ergashaka 2025-06-21 11:36
Zabardast arteriyali kabi gurs-gurs yuradi,
Dangasa venaga mengzab mudrab turadi.

Arteriyalar haqida umumiy tushuncha. Venasifat arteriyalar ham bo'ladi

Uruvchi qon tomirlar, ya'ni arteriyalarning hammasi bittasidan tashqari ikki qavat pardali qilib tuzilgandir. Ulardan eng qattig'i ichkisidir. Chunki u [qon tomirlarining] urishiga va ruh javharining kuchli harakatiga duch keladi va u ruh javharini saqlash, [ruh] oqadigan tomirlarni quvvatlash uchun tuzilgandir. Arteriyaning boshlanish o'rni yurakdagi ikki bo'shliqning so'l tomonidagisidir, chunki uning o'ng tomon bo'shlig'i jigarga yaqin turadi va shuning uchun uni ovqatli moddalarni tortish va undan foydalanish bilan band qilish lozim bo'lgan.

Yurakning chap tomonidan boshlanadigan tomirlarning eng birinchisi ikki arteriyadir. Ulardan biri o'pkaga boradi va havoni tortish, o'pkani oziqlantiruvchi qonni yurakdan o'pkaga olib ketish uchun shu yerda yoyiladi. Chunki o'pka ovqatining o'tish yo'li yurak bo'lib, ovqat yurakdan o'pkaga boradi. Arteriyaning bu qismi venalarning yurakka o'tadigan joyida yurakning eng nozik qismidan boshlanadi. Bu arteriya boshqa arteriyalardan bir qavatliligi bilan ajralib, vena sifatli arteriya deb ataladi. Uning bir qavatli bo'lib tuzilishining sababi kengayish va siqilishda yumshoq, muloyim va bo'ysunuvchan bo'lishi uchun hamda undan oqayotgan suyuq bug'simon qonni o'pkaning tegishli moddasiga o'tkazish uchun ham, kovak venaga oquvchi va yurakda to'liq yetishgan, so'ngra yanada yetilishga ehtiyoji bo'lmagan qonning oqishi uchundir. So'ngisi tog'risida keyin aytamiz. [Bu qon tomiri] yurakka yaqin bo'lgani uchun, yurak unga o'zining issiq va yetilgan quvvatini osonlik bilan beradi. Yana buning ustiga bu arteriya urib turgan a'zo qattiq bo'lmaganligi uchun, bu a'zoning qattiq bo'lmagan moddasiga to'qnashib, undan arteriya urishiga bir zarar yetadi, deb qo'rqish kerak emas. Shu jihatdan uning tanasini qalinlashtirishga ehtiyoj qolmadi. Lekin bu arteriya boshqa qattiq a'zolar yonidan o'tganida, uning jismini shu xolda qoldirish mumkin bo'lmas edi.

Biz aytmoqchi bo'lgan arteriya sifatli venaga kelsak, u o'pkaga qo'shni bo'lsa ham, o'pkaning umurtqaga yondosh bo'lgan pastki qismiga yaqinroq turadi. Bu ko'k qon arteriyasi o'pkaning old qismida tarmoqlanib, chuqurlashadi.

Agar bu arteriya (o'pka arteriyasi) da mustaxkamlikka bo'lgan ehtiyoj (darajasi) bilan kengayish va torayishni yengillashtiruvchi muloyimlikka bo'lgan ehtiyoj (darajasini) solishtirilsa, va, shuningdek, undan sizilib o'tuvchining sizilishini nazarga olinsa, muloyimlikning zarurligi mustaxkamlanish ham zichlanish zarurligiga qaraganda ortiqroqdir.
Arastu aorta deb atagan ikkinchi katta arteriyaga kelsak, u yurakdan boshlangan birinchi tomir bo'lib, o'zidan ikki tarmoqcha yuboradi. Uning kattasi yurak atrofini o'rab olib, uning bo'laklarida tarmoqlanadi; ikkinchisi esa, o'ng tomondagi bo'shliq atrofida aylanib, shu yerda tarmoqlanadi. Ikki tarmoqdan qolgan qismi ajralib ketib, ikkta qismga bo'linadi. Tarmoqchalardan bittasi katta bo'lib, pastga tushishga moslashgan; boshqasi kichkina bo'lib, yuqoriga ko'tarilishga moslashgan. Pastga tushishga moslahgan qismining boshqa qismga qaraganda katta bo'lib tuzilishiga sabab, uning miqdor jihatdan ko'p va hajm jihatdan kattaroq bo'lgan a'zolarga ya'ni yurakdan tuban joylashgan a'zolarga yo'nalganligidadir.

Arteriyaning chiqish joyida ichdan tashqariga qaragan uchta qattiq parda bordir. Bular bitta yo ikkita bo'lganlarida edi, shu bittaning yo ikkovining miqdorini orttirmasdan turib, talab qilingan foydani bera olmas edilar va ularning ikkivi bilan harakat qilish qiyin bo'lar edi. Agar bu pardalar to'rtta bo'lsalar edi, ular, albatta, kichik bo'lib, foydalari yo'qolar edi. Agar ularning hajmlari katta bo'lsa edi, yo'llarni toraytirgan bo'lardilar.

Vena sifatli arteriyaga kelsak, unda ichga qaragan ikki parda bordir. [Bularning soni] ikkitaginadir; chunki bu yerda yuqoridagidek qattiq to'siqqa muhtojlik yo'q, lekin o'pkaga ketayotgan bug' va qon oson quyilsin uchun bu yrrda ko'proq bo'ysunuvchanlik zarurdir.