Asablar va miya asablari

Ibn Sino, Ergashaka 2025-06-15 21:48
Asablar to'g'risida va bosh miya asablari haqida umumiy so'z


Asablarning foydasi ikki turli bo'ladi: zotan ularga xos foyda va araziy ravishda ularga xos bo'lgan foyda. Zotan ularga xos foyda - miyaning asablar vositachiligi orqasida boshqa a'zolarga xis va harakat berishidir. Araziy foydasiga kelsak, go'shtlarni qattiq qilib, badanni mustaxkamlashdir. Jigar, taloq va o'pkalar kabi sezgisiz a'zolarda paydo bo'lgan ofatlarni bildirib turish ham shu foydalardandir. Chunki bu a'zolarning sezgilari bo'lmasa ham, ularning ustlariga asab urtulari (qo'pol xato - asab qobiqlari) qo'yilib, asabli pardalar bilan o'ralgandirlar. Agar ular shishsa yoki yeldan tortishsalar, shish og'irligi va yeldan paydo bo'lgan tortishish qobiqqa va uning ildiziga qadar boradi. Natijada ularga o'girlikdan tortilish va yeldan cho'zilish xolati seziladi.

Ma'lumki, asablarning boshlanish o'rinlari miya bo'lib, taralib tamom bo'lish joylari teridir. Chunki teri bo'ylab nozik tolalar va unga yaqin yotuvchi a'zolardan chiqqan asablar tarqaladi. Miya ikki jihatdan asabning boshlanish o'rnidir: ba'zi asablarga to'g'ridan-to'g'ri boshlanish o'rni bo'lib, ba'zilariga o'zidan oqib chiqqan orqa miya vositasi bilan boshlanish o'rni bo'ladi.

Miyaning o'zidan chiqib taralgan asablardan faqat bosh a'zolari, yuz va ichki a'zolar sezgi va harakat oladilar. Boshqa a'zolarga kelganimizda, ular [sezgi va harakatni] orqa miyadan oladilar. Jolinus miyadan ichki a'zolarga tushgan asablarga katta ahamiyat berilganini aytadi. Chunki ulu'g Yaratuvchi ularni saqlashda boshqa asablarga qilmagan ehtiyotni qildi. Bu to'g'ri, chunki ular o'zlarining boshlanish yeridan uzoq bo'lganidan, ularga mustaxkamlikni oshirish bilan yordam berish lozim bo'ldi. Shunung uchun [Alloh] ularni qattiq-yumshoqlikda asab bilan tog'ay o'rtasida turgan bir jism bilan qopladiki, bu [jism] asabning buralgandagi moddasiga hamshakldir. Bu xodisa uch o'rinda yuz beradi: biri kekirdak oldida, ikkinchisi ko'rsatib o'tgan qobirg'alar tagiga yetganda, uchinchisi [asablar] ko'krakdan o'tganda.

Bosh miyadan boshlanadigan boshqa asablarga kelsak, vazifasi sezishni o'tkazish bo'lganlari boshlanish o'rinlaridan tegishli o'ringa to'g'ridan-to'g'ri yo'naladilar, chunki to'g'ri yo'l bilan maqsadga yetish eng yaqin yo'ldir. Mana shu yerda manba'dan keluvchi ta'sir kuchliroq bo'ladi. Chunki harakat asablariga qaraganda sezuvchan asablar uchun qattiqlanish zarur emas. Bunday qattiqlashuv asablar bilan miya o'rtasidagi yumshoqlik jihatdan bo'lgan o'xshashlik asta-sekin yo'qolib borsin uchun ularni miya moddasidan qin'gir-qyshiq yo'llar bilan uzoqlashishga majbur etgan bo'lar edi. Aksincha, asablar qancha muloyim bo'lsa, sezish quvvatini shuncha tez yetkazadigan bo'ladi.

Harakat beruvchi asablarga kelsak, bular boshlanishdan uzoqlashish va sekinlik bilan qattiqlashish uchun maqsadga tomon bir qancha egri-bugri yo'llar bilan yo'naltirilganlar. Bu ikki xil asablardan har birining qattiqlanishiga va muloyimlanishiga o'sib chiqqan yeridagi modda yordam bergan. Chunki sezishni o'tkazuvchi asablarning ko'pchiligi miyaning oldi qismidan taralib, shu qismning o'zi muloyim bo'lgan. Harakatlantiruvchi asablarning hammasi miyaning orqa qismidan taralib, shu qismning o'zi eng qattiq bo'lgan.

Bosh miyadan yetti juft asablar o'sib chiqadi. Birinchi juft miyaning ikkita qorinchalri chuquridan, ya'ni hidlash vazifasini bajaradigan emchak uchlariga o'xshash ikki o'siq o'tgan yerdan o'sib chiqadi. Bu asablar yu'g'on va kovak bo'lib, so'l tomondan o'sib chiqqanlari o'ng qorachiqqa, o'ng tomondan o'sib chiqqanlari so'l qorachiqqa yonaladilar va yoʻliqishib, bir-birlarini salb shaklida (krestsimon) kesib o'tadilar. Bularning soʻl tomondan chiqqani o'ng qorachiqqa, o'ng tomondan chiqqani so'l qorachiqqa o'tib, ularning uchlari shu qadar kengayadiki, shishasimon suyuqlikni o'raydi. Jolinusdan boshqa tabiblar ularning bukilmasdan kesishib o'tishlarini aytadilar. Bu kesishuvning uchta foydasi borligini aytganlar. Birinchi foyda - ikki qorachiqdan biriga kelayotgan ruh, ulardan biriga ofat yetganda, to'siqsiz boshqa biriga oqib kela olishligidir. Shuning uchun, bir koʻz yumilsa, ikki ko'zdan biri kuchliroq ko'radigan bo'ladi. Agar birinchi ko'z bilan qaralib, ikkinchi ko'z bilan qaralmasa, tiniqroq ko'radigan bo'ladi. Shu jihatdan koʻzning biri yumilganda, yana birining uzumsimon tabaqasi teshigi kengayib ketmaydi, bu ruhning unga qattiq quyilishidan boʻladi.

Ikkinchi foyda - ikkala koʻzga koʻrinadigan narsaning sharpasi [surati] tushadigan birgina oʻrin boʻlib, unda ikkovi bilan koʻringan narsalar umumiy chegarada bitta bo'lib koʻrinadi. Shuning uchun gʻilay kishilarning ikki qorachiqlaridan bittasi yuqoriga yoki pastga qiyshayganda, bir narsani ikkita koʻrishga toʻgʻri keladi. Chunki bu bilan oqimning kesishuv yeriga toʻgʻri borishi buzilib, umumiy chegaraga yetmasdan asabning bukilishi xosil boʻladi, natijada boshqa chegara vujudga keladi.

Uchinchi foyda - bir asab ikkinchisini suyab va ushlab turadi. Natijada har ikkalasi koʻzga yaqin oʻrindan oʻsgandek boʻlib koʻrinadi.

[Miyadan chiqqan] asablardan ikkinchi juftining oʻrni birinchi juft asabning chiqadigan yerining orqasida boʻlib, undan keyin sirtga qarab moyil boʻladi, koʻz gʻoʻlagini oʻz ichiga olgan chuqurchadagi teshikdan chiqadi va koʻzning mushaklarida boʻlinib ketadi. Bu juft asab boshlanish oʻrniga yaqin turganligidan kelib chiqqan yumshoqlikka qarshi yoʻgʻon va va koʻz gʻoʻlagini harakat qildirishga muvofiq kuchli boʻlgan. Bunday boʻlishligiga sabab, ayniqsa, unga yordam beruvchi yoʻqligidir. Chunki uchinchi juft asab ostki jagʻdan iborat katta aʼzoni harakat qildirishga qaratilgandir. Undan kuch ortmaydi, balki u [oʻzi] boshqa asabning yordamiga muhtoj boʻladi. Buni [keyinda] aytamiz.

Uchinchi juft asabga kelsak, uning boshlanish o'rni miya oldingi boʻlagi bilan miya orqa boʻlagi orasidagi miya asosiga qaratilgan umumiy chegaradadir. U, avval, toʻrtinchi juft bilan biroz aralashib, soʻngra, undan ajralib, toʼrt tarmoqqa boʻlinadi. Bir tarmoq uyqu arteriyasi kiradigan yoʻldan chiqadi, bu haqda biz keyinda aytamiz va u, boʻyindan tushaboshlab koʻkrak-qorin toʻsigʻini bosib oʻtib, soʻngining ostida joylashgan ichki aʼzolarga taraladi. Ikkinchi boʻlak chakka suyaklari teshiklaridan chiqadi, bu teshikdan ajralish bilan beshinchi juft asabdan ajraladigan asabga tutashadi. Songisining xolati haqida biz yana gapiramiz. Buning tarmog'i yuzning old qismiga joylashgan a'zolarga boruvchi ikkinchi juft asab chiqadigan teshikdan chiqadi. Agar birinchi juft kovak asab oʻtgan yerdan o'tib, muhim asablarni siqib, bo'shliqni yopib qo'ysa, yaxshi bo'lmas edi. Bu boʻlak teshikdan oʻtishi bilan uch tarmoqqa bo'liunadi. Birinchi tarmoq ko'z burchagi tomonga moyil bo'lib, ikki chakkaga, ikki chaynovchi mushakka, qoshlarga, manglayga va qovoqlarga qarab yo'naladi. Ikkinchi tarmoq ko'zning ichki burchagi oldidagi teshiklardan o'tib, burunning ichigacha boradi va uning ichini qoplovchi ichki qatlamga taraladi. Uchinchi tarmoq - kichik boʻlmay, yonoq suyagi ichida tayyorlangan kanal shaklli bo'shliqqa tushib, ikki tarmoqqa bo'linadi. Bir tarmoq ogʻiz boʻshligʻi ichigacha boradi va tishlarga taraladi. Oziq tishlariga kelishi ravshan koʻrinib, boshqalarga kelishini koʻz bilan koʻrib boʻlmaydi.[Shuningdek], ular yuqori milkka ham tarqaladilar. Yana bir tarmogʻi aʼzolarining tashqi tomonlariga, masalan, yuz terisi, burun uchi va yuqori labda taraladi. Mana bular uchinchi juftning uchinchi boʻlagi tarmoqlaridir.

Uchinchi juftning tortinchi tarmog'iga kelsak, bu yuqori jag'da bir teshikka kirib, tilgacha boradi va uning tashqi qavatida taraladi va unga tatish deyiladigan ayrim sezgini beradi. Bulardan qolganlari pastki tishlarning milklariga va milkning past qismiga va, suningdek, ostki labga taraladi. Tilga kelgan asab bo'lagi ko'z asabidan ingichkaroq bo'ladi. Chunki buning [birinchining] qattiqligi uning [ikkinchining] muloyimligi, uning yo'g'onligi va buning ingichkaligi bilan mu'tadillashadi,.

Tortinchi juft asabga kelsak, uning chiqadigan yeri uchinchi juftning orqasi bo'lib, miyaning tubiga moyilroqdir. Yuqorida aytganimizdek, uchinchiga aralashib, undan ajraladi va tanglay tomonga yetib, unga sezgi beradi. Bu juft kichik bo'lib, uchinchidan qattiqroqdir. Chunki tanglay va uning pardasi tilning pardasidan qattiqroqdir.

Beshinchi juft asabga kelsak, har biri qo'shaloq narsadek, ikkiga ajraladi. Koʻpchilik anatomlarning aytishlaricha, uning har bir toqasi bir juft boʻlgan va miyaning ikki tomonidan oʻsib chiqqandir. Har bir juftdan birinchi qism ichki quloq bo'shlig'ini qoplagan parda tomon boradi va unda butunlay [tolalarga] ajraladi. Bu qism haqiqatda miyaning orqa bo'lagidan o'sib chiqib, eshtish sezgisi shu qismda bo'ladi.

Ikkinchi qismga kelsak, bu birinchi qismdan kichikroq bo'lib, toshsimon suyakdagi tesikdan chiqadi. Qiyshiq yoki ko'r deb atalgan [bu asab] yo'li egri-bugri bo'lganligidan, o'zi ham egri-bugridir. Bunday tuzilish masofani uzunlashtirish va asab oxirini boshlanishidan uzoqlashtirish uchun bo'lgandir, toki asab teshikdan chiqmasdan burun chiqqan o'rnidan uzoqlashsin va natijada bir muncha qattiqlik xosil bo'lsin. Qachonki, bu juft yuzaga chiqsa, uchinchi juft asabga aralashadi. Har ikki juftning ko'pchiligi yonoq va keng mushakka yo'nalib, bulardan qolganlari chakka mushaklariga boradilar. Tatib sezishning to'rtinchi juft asabda, eshitish sezgisining beshinchi juft asablariga quyilish sabablari, eshitish quroli bekitilmagan, havoga yo'li ochiq bo'lishiga muhtoj bolib, tatish qurolining bekitilgan bo'lishi lozim bo'ladi. Shuning uchun eshitish asabi qattiqroq bo'lib, chiqadigan yeri miyaning orqa qismiga yaqinroq bo'ladi. Ko'z mushaklari bitta asab bilan kifoyalanib, ikki chakka suyaklarining asablari ko'p bo'ladi, chunki ko'zning chuqurchasi ortiqcha kenglikka muhtoj bo'ladi, ko'rish quvvatini olib boruvchi asab bo'shliqqa muhtoj bo'lganidan, ortiqcha yo'g'onlikka ehtiyoji bor edi. Ko'z g'o'lagini ushlab turgan suyakka buncha ko'p teshiklar bo'lishi to'g'ri kelmas edi.

Ikki chakkaning asablariga kelsak, ular ortiqcha qattiqlikka muhtojdir. Ortiqcha yo'g'onlik ularga zarur emas. Chunki yo'g'onlik uning harakatini og'irlashtirar edi. Shu bilan barobar toshsimon suyakdagi yo'l qattiq va bir necha teshiklarga egadir.

Oltinchi juft asabga kelsak, u miyaning orqa tomonidan boshlanadi va beshinchi juftga yondoshib, ular bilan bir asabdek parda va boyloqlar bilan maxkamlangan bo'ladi, so;ngra undan [beshinchi juftdan] ajralib, lom shaklli chok oxiridagi teshikdan chiqadi, chiqishidan burun uch bo'lakka bolingan bo'ladi va bularning uchchovi ham birlikda shu teshikdan chiqadi. Bir qismi halqum va til o'zagi mushaklariga yo'naladi va yettinchi juft asablarga ularning [bu mushaklarning] harakat etishida yordam beradi. Ikkinchi qismi kurak va unga yaqin yerda joylashgan mushaklarga tushib, bir juftning ko'pchiligi kurakdagi keng mushakda taraladi. Bu qism yetarli miqdorda bo'lib, mo'ljallangan yerga yetguncha muallaq xolda o'tib boradi.

Uchchala qismining eng kattasi bo'lgan uchinchi qismga kelsak, u uyqu arteriyasi ko'tariladigan yo'l bilan ichki a'zolarga tushadi va ularga birkitiladi hamda bog'lanadi. Hiqildoq tog'risiga borganda, undan tarmoqlar chiqib, yuqori uchlari bilan hiqildoq va uning tog'aylarini kotaradigan mushaklarga keladi. Hiqildoqdan o'tganda, bulardan [boshqa] tarmoqlar chiqib, boshi tubanga to'ntarilgan mushaklarga boradi. Bu mushaklar kosasimon tog'aylarni yopish va ochishda ularni pastga tortish uchun kerak bo'ladi. Shuning uchun ham bu asab qaytuvchi asab deb ataladi va bosh miyadan tushirilgan bo'ladi, chunki orqa miya asablari yuqori ko'tarilsa, boshlanishda noto'g'ri, qiyshiq ko'tarilgan bo'lib, bu bilan pastga maxkam o'rnatish uchun pastga tortishga tayyor bo'lmas edi. Bu asabning oltinchi juftda bo'lishining sababi shundaki, yumshoq va yumshoqqa moyil asablar oltinchi juftdan oldin kelib, yuz va bosh mushaklariga hamda ulardagi a'zolarga taralib ketganlar.

Yettinchi juft oltinchi juftdek to'g'ri tushmay, balki uning albatta qiyshayib borishi lozim bo'ladi. Qaytib ko'tariluvchi asabga aylanib o'tib, suyanishi uchun g'altakka o'xshash maxkam bir suyanchiq kerak bo'ladi, bunday suyanchiqning to'g'ri turgan , qattiq, silliq va yaqin joylashgan bo'lishi talab etilgani uchun bu vazifani katta arteriyagina ado eta oladi. Bu tarmoqning chapda joylashgan yuqoriga ko'tariluvchi qismi, to'g'ri va yo'g'on bu arteriyani uchratadi va uni aylanib o'tadi va u qattiq mustaxkamlanishga muhtoj bo'lmaydi. O'ng tomonidan chiqadigan bo'lagiga kelsak, uning yonidan katta arteriya boshlang'ich ko'rinishda o'tmaydi, aksincha, u, tarmoqlanish natijasida ingichka bo'lib keladi. Shuning bilan barobar u o'zining to'g'riligini yo'qotib, qo'ltiq osti tomon qiyshayib yo'naladi. Shuning uchun ham unga [asabga] yo'qotilgan yo'g'onligi va to'g'riligini to'ldirish maqsadida [asabning] tarmoqlarini [arteriyaga] birkituvchi boyloqlar yordami bilan biror yordamchi berib, [asabni] mustaxkamlash zarur topilgan.

Bu qaytuvchi tarmoqni uzoqlashtirishning hikmati, uning osilib turish o'rniga yaqinlashtirish va boshlanish joyidan uzoqlatish bilan quvvatga va qattiqlikka ega qilishdir. Qaytuvchi asabning eng qattiq bo'lagi yordamchi asablar tarmoqlari bilan birga hiqildoq mushaklarining ikki qavatiga taraladi. So'ngra bu asablarning qolgan qismi pastga tushib undan shoxcha chiqib ko'krak-qorin to'sig'i, ko'krak va uning mushaklarida, yurak va o'pkada va unda bo'lgan vena va arteriyalarda taraladi. Qolganlari esa, ko'krak-qorin to'sig'iga o'tib, uchinchi bo'lakdan pastga tushuvchi qism [asab]ga qo'shiladi. Bular ichki a'zo pardalarida tarqalib, keng suyakka borib to'xtaydi.

[Asablarning] yettinchi juftiga kelsak, u bosh va orqa miyaning umumiy chegarasidan boshlanadi va uning ko'p qismi tilni harakatga keltiruvchi mushaklarga va qalqonsimon tog'ay bilan lom shaklidagi suyakning umumiy mushagiga tarqaladi. Uning boshqa qismi o'zi bilan qo'shni bo'lgan boshqa mushaklarga tarqaladi, lekin har vaqt emas. Boshqa asablar boshqa vazifalarda foydalanganligi hamda oldidan va tagidan ko'p teshiklarining bo'lishi yaxshi bo'lmagani uchun tilning harakatlanishini bu yerdan chiquvchi asabning vujudga chiqarishi yaxshiroq bo'ladi chunki [maza] sezgisi tilga boshqa yerdan keladi.