Badanni tozalash to'g'risida

Ergashaka 2025-04-13 19:06

DAVOLASHGA TAYYORLASH USULLARI

“Tib qqonunlari" da bemorlarni parvarish qilish

Hammom, tuz, qum ta`siri: ko`rsatma va moneligi

Quruq hammomning tabiiy ishi odamni o`z havosi bilan qizdirishi va o`z suvi bilan poklashidir. Hammomning birinchi xonasi sovituvchi va ho`llovchi bo`ladi, ikkinchisi qizdiruvchi va ho`llovchi, uchinchisi qizdiruvchi va qurituvchi bo`ladi. Agar hammomning suvi juda issiq bo`lsa, teri teshiklarini toraytiradi va natijada namlik badanga o`tmaydi, bunda ularning erib tarqalishi ham yaxshi bo`lmaydi. Hammomning suvi ba`zan qizdiradi, ba`zan esa sovitadi. Agar suvning issiqligi qaynoqlikka yaqin bo`lsa, bunday suv o`z issiqligi bilan qizdiradi. Agar suv kam isigan bo`lsa, sovitadi va ho`llaydi. Bu holat sovuq suv bilan huqna qilinganda ham bo`ladi. Chunki hammomdagi huqna gavdaga sovuq holda kirsa, hammom havosidan olinadigan issiqlikni kamaytiradi va uni ichki a`zolarga to`playdi. Hammom ba`zan xiltlarni eritib tarqatish bilan qizdiradi. Agar hammomga tushgan kishida ovqat hazm bo`lmagan bo`lsa va unda birorta sovuq va yetilgan xilt bo`lsa, hammom buni hazm qilib yetiltiradi. Ba`zan quruq hammom qabul qilinadi, chunki u quritadi va isitadi, bo`sh badanli kishilarga foyda qiladi, ba`zida esa ho’l hammom qabul qilinadi, u tanani ho`llaydi. Ba`zida hammom nahorda va bo`sh me`daga qabul qilinadi, shunda u gavdani juda quritib ozdiradi va zaiflashtirib yuboradi. Ba`zan esa hammom to`yishdan sal o`tgandan keyin qabul qilinadi. Shunda u moddani gavdaning sirtiga tortish bilan semirtiradi, lekin u a`zolarga me`da va jigardan hali yetilgan ovqatni tortish bilan tiqilmalar paydo qiladi. Ba`zi vaqtda birinchi hazmning oxiri va me`da bo`shashidan oldin iste`mol qilinadi. Bu foydali bo`lib, mo`tadil darajada semirtiradi.

Hammomning ko`p foydali tomonlari bilan birga zararli tomonlari ham mavjud. U zaiflashgan a`zolarga chiqindilarning quyilishini osonlashtiradi. Badanni bo`shashtiradi, asabga zarar etkazadi, tug’ma issiqlikni tarqatadi, ishtahani pasaytiradi va jinsiy aloqa quvvatini zaiflashtiradi. Hammom o`zidagi suvlarga qarab turli fazilatlarga ega bo`ladi. Agar suvga tabiiy ravishda ichimlik soda aralashgan bo`lsa yoki u dengiz suvi bo`lsa, yoki suviga kul moddasi qo’shilgan bo`lsa, yoki u sho`r bo`lsa, bunday suv moddalarni eritib tarqatadi va yumshatadi. Tana g’ovakligini va semizlikni yo`qotadi. Moddalarning yaralarga quyilishiga yo`l qo`ymaydi va rishta kasalligiga duchor bo`lganlarga foyda qiladi. Misli, temirli va sho`r suvlar sovuq va ho`l kasalliklarga, bo`g’im og’riqlariga, bo`shashishga, buyrak kasalliklariga foyda qiladi. Singan joylarning bitishini kuchaytiradi. Yiringli shishlar va turli yaralarga ham foyda qiladi. Misli suvlar og’iz yaralariga, tilchadagi chiqiqlarga, ko`z qovog’ining tushishiga, quloqdan yiring oqishiga foyda qiladi. Temirli suv esa me`da va taloqqa foyda qiladi. Achchiq toshli suvlar isitib cho`milganda qon tupurish, bavosir, hayzdagi qon ketish, sababsiz bola tashlash va haddan tashqari ko`p terlashga foyda qiladi. Oltingugurtli suv esa asablarni tozalaydi, tortishish va tirishishdagi og’riqlarni bosadi, gavda sirtini yomon va uzoqqa cho`ziladigan yaralar va toshmalardan, yomon dog’lardan, sepkildan tozalaydi. Bo`g’im xastaliklarida, taloq va jigarga quyiladigan chiqindilarni tarqatadi, bachadon qattiqligiga foyda qiladi, lekin yurakka zarar, me`dani bo’shashtirib, ishtahani kamaytiradi.

Issiq quyoshda badanni qizdirish xususan u tez yurish va chopish kabi kuchli harakatlar vaqtida bo`lsa, chiqindilarni kuchli ravishda erib tarqaydi, terlatadi, qorin ko`pchishini yo’qotadi, gavda bo`shashgandagi va istisqodagi shishlarni tarqatadi.

Agar tana quyoshdan ta`sirlansa, dag’allashadi, qurib yoriladi va qorayadi, shunda tana teshiklarining og’zi go`yo kuyadi va tarqalishiga yo`l qo`ymaydi. Quyoshda bir joyda o`tirib toblanish, ko`chib yurishga qaraganda terini kuchliroq kuydiradi. Bunda moddalarning tarqalishiga qarshilik ko`proq bo`ladi.

Teri atrofidagi namliklarni ko`proq quritadigan qumlar dengiz qumlaridir. Ba`zan u issiq bo`lsa, unda o`tirish, ba`zan esa badanni ko`mish mumkin bo`ladi.

Zaytun yog’i surtish uzoq cho`ziladigan sovuq isitmalarga foyda qiladi.

Ibn Sino ta`limotida umumiy davolash usullari

Odatda, kasallikni davolash asosan 3 narsa bilan tugal bo`ladi:

1) tadbir va oziqlantirish

2) dorilarni iste`mol qilish

3) qo’l bilan bajariladigan ishlar.

Tadbirning bir qismi bo`lgan ovqatlanishning miqdori jihatidan o`ziga xos tartiblari bor, ya`ni kasallikning turiga qarab, ovqatlanish tartibi belgilanadi. Bunda ovqat miqdori ayrim kasalliklarda kamaytiriladi, o`rtacha qilinadi, ko`paytiriladi yoki aksincha, ayrim kasalliklarda man’ qilinadi. Masalan: bemor organizmidagi xiltlarni yetiltirish uchun ovqat man’ etiladi. Agar shu bilan birga quvvatni saqlash maqsadi ham ko`zda tutilsa, ovqat kamaytiriladi. Ovqat miqdori 2 jihatdan kamaytiriladi, ya`ni: miqdor va kayfiyat (sifat) tomonidan. Miqdor va kayfiyat o`rtasidagi farq shuki, goho ovqat miqdori ko`p bo`lib, g’izoligi (ozuqaligi) kam bo`ladi. Masalan: sabzavot va mevalarni ko`p miqdorda iste`mol qilish kayfiyatni ko`paytirmaydi, yoki ovqat miqdori oz bo`lib, ozuqaligi ko`p bo’lishi mumkin, ya`ni: tuxum va go`sht mahsulotlari.

Ovqatlar ozuqali bo`lishi jihatidan yana 2 xususiyatdan iborat:

1) Hazm jarayonining tezligi: kuchayishi (sharoblar), yoki sekinlashishi (qovurilgan go`sht)

2) Ozuqalilik nuqtai nazaridan: tanada kam oquvchan quyuq qonning paydo bo`lishi (cho`chqa yoki buzoq go`shtidan tayyorlangan ovqat); tanada tez tarqaluvchi suyuq qonning paydo bo`lishi (sharob, anjir kabi mahsulotlar).

Tanada tiqilmalar borligini aniq bilsak, bunday bemorlarga doimo yengil ovqatlar buyurish lozim. Aksincha, kishi gavdasini baquvvat qilib kuchli badantarbiyaga tayyorlamoqchi bo`lsak, ularga ozuqaligi kuchli va hazmi sekin kechuvchi ovqat mahsulotlarini buyuramiz.

Sharq tabobatida bemorlarni davolash uch bosqichda olib borilgan:

I - bosqichda xastalik sababi aniqlangan va uni to`laqonlik davolashga tayyorlangan. II - bosqichda bemor tanasi xastalikka sabab bo`lgan xiltlardan tozalangan, ya`ni tanqiya qilingan.

III - bosqichda tanqiya qilingan bemorga parhez taomlar bilan birga davoli ozuqa yoki ozuqali davo buyurilib, parvarish qilingan.

Tanqiya qilish – g’ayri tabiiy xiltdan tanani to`liq tozalashdir. Tanqiya so`zi forscha bo`lib, "tozalash" ma`nosini bildiradi, tanani tanqiya qilish uchun musxil (suruvchi) va mulayyin (yumshatuvchi) darmonlardan foydalaniladi.

Organizmni bo`shatilishiga (istifrog’ qilish) 10 ta holat dalil bo`ladi:

1.To`lib ketish (imtilo)

2.Quvvat

3.Mizoj

4.Munosib holatlar

5.Tashqi ko`rinish

6.Yosh

7.Fasl

8.Joy iqlimining xususiyatlari

9.Bo`shatilishga odat qilinganligi

10.Kasbi.

Shu bo`shatilishga teskari dalillar bo`lsa, bo`shatish man’ qilinadi.

Badanning bo`shligi va shuningdek, uch quvvatdan qaysi biri bo`lsa ham, birining zaifligi bo`shatishni albatta man’ qiladi. Issiq quruq mizojda bo`shatish man qilinadi. Sovuq ho`l mizojda ham issiqlikning yo`qligi yoki kuchsizligi tufayli bo`shatish man’ qilinadi. Ammo, issiq ho`l mizojda organizmni bo`shatishga keng ruxsat beriladi. Kishi juda ozg’in, badani g’ovak va bo`sh bo`lsa dori bilan tadbir qilishning va sovuq ham ho`llik tomoniga olib boradigan yaxshi qon paydo qiluvchi narsalar bilan ovqatlantirish kerak. O`ta ketgan semizlikda ham bo`shatish man’ qilinadi, bunda sovuqning ustunlik qilish xavfi va go`shtning tomirlarni siqishi va bo`shatish vaqtida ularni bekitish xavfi bor. Bunday vaqtda issiqlik kamayib qoladi yoki chiqindilar ichki a`zolarga quyiladi. Qattiq issiq va qattiq sovuqda ham bo`shatish man’ qilinadi. Janub tomonda bo`lgan juda issiq mamlakatlarda ham bo`shatish man’ qilinadi, chunki surgi dorilarning ko`pchiligi issiqlik bo`lib, ikki issiqlikning va tortuvchining birga kelishiga chidab bo`lmaydi, bu holda quvvatlar kuchsizlanadi. Tashqaridagi issiq sirtga, dori esa ichga tortadi, natijada qarama - qarshi tortishuv bo`lib, xilt o`z joyida turib qoladi.

Shimol tomonning qattiq sovuq va bo`shatilishga kam odat qilinganlik uchun ham bo`shatilishni man’ qiladi.

Ko`p terlash bilan aloqali bo`lgan kasb, masalan hammom xodimi va hammollik va umuman og’ir mehnat bilan aloqador boshqa kasblarda ham bo’shatish ham man’ qilinadi.

Har bir bo`shatishda quyidagi besh narsani nazarda tutish kerak bo`ladi: 1.Bo`shatilishga lozim bo`lgan narsani chiqarish. Bu xil bo`shatilishdan keyin, albatta inson rohatlanadi, lekin rohat sezilmasa, bo`shalish orqasidan ichaklarning charchashi, issiqlik qo`zg’alishi, bir kunlik isitma yoki boshqa kasallikning paydo bo’lishi kuzatiladi. Masalan, surgidan ichaklarning shilinishi va siydik haydovchi doridan qovuqning yaralanishi kabi kasalliklar paydo bo`ladi. Natijada bunday bo`shalish foyda qilsa ham u sezilmaydi. Lekin bu holatlar tezda yo`qolib ketadi.

2. Qaysi tarafdan bo`shatish kerakligini o`ylash kerak, masalan ko`ngil aynishda qustirish bilan va ichak og’rig’ida surgi bilan tozalanadi.

3.Bo`shatiladigan (narsa) chiqadigan joyda turuvchi a`zoni aniqlash kerak. Masalan: jigar kasalliklarida o`ng qifol emas, balki o`ng bosiliq tanlanadi. Chunki hammom yomon xiltni sirtga tortadi. Hammom qishda ich surishga yordam beradi.

4. Bo`shatish vaqtini bilish zarur.

5. Gavdadan chiqariladigan modda miqdorini belgilash. Bu esa yomon xiltlarning qancha ekanligi, kishining quvvatini va bo`shatishdan keyingi yuzaga keladigan holatlarni ko`zda tutish bilan hosil bo`ladi.

Ichni surish va uning qonuniyatlari

Surgi dori iste`molidan ilgari sovuq mizojli kasalliklarda dorini qabul qilishga gavdani tayyorlash, teri teshiklarini kengaytirish va tabiatni yumshatish zarur. Ichaklarda quruq cho`kmalar bo`la turib surgi ichish xavfli ishlardandir. Ularni ich surishdan avval huqna qilish bilan bo`lsa ham yoki suyultiruvchi – sirg’antiruvchi narsa yordamida bo`lsa ham chiqarish zarur bo`ladi. Agar biror boshqa qarshilik qiladigan narsa bo`lmasa, surgidan bir necha kun ilgari hammomga tushish ichni suyultirib, kishini ich surishga tayyorlovchi yaxshi narsalardandir.

Surgi ichgandan keyin hammomga tushilmaydi. Chunki hammom yomon xiltni sirtga tortadi. Surgi ichuvchi kishining atrofidagi havo terlatmaydigan, betoqat qilmaydigan darajada bir oz issiqqa yaqin bo`lishi zarur.

Uqalash, yog’ bilan ishqalash ham surgi ichishga tayyorlovchilardandir. Ilgari dori ichmagan kishiga kuchli surgi ichirishga shoshilmaslik kerak. Me`dasi buzilgan, yopishqoq xiltlari bor, qovurg’alarining ko`miklari tagida tortishish bor kishining va ichki a`zolarida alangalanish va tiqilma bor kishining to o`sha kasalliklari tuzalguncha surgi ichish kerak emas.

Turib qolgan suvni ichuvchilar va talog’i kasal kishilar kuchli surgiga muhtoj bo`ladilar. Kuchli surgi ichgan kishi dori amal qilishidan oldin uxlashi, kuchsiz surgi ichgan kishi esa uxlamasligi yaxshiroq.

Dori ichganda tinch turish kerak, toki tabiat uni o`rab unga ta`sir qilsin. Agar surgi ichishda hididan nafrat qilsa, burun teshiklarini bekitish kerak.

Qaynatilib tayyorlangan suyuq surgining iliq holda ichilishi va surgi balzamni iliq suvda ichilishi kerak. So`ng dori ichgan kishining me`dasi va oyog’i issiq tutilishi kerak. Dori ichib ko`ngil tinchigach turib oz-oz harakat qiladi, vaqti-vaqti bilan issiq suv ichib turiladi.

Yozning issig’ida surgi qiluvchilarning ko`pi isitma kasalligiga uchraydi. Dori ichuvchining me`dasi safroli bo`lib, unga safro tez quyilib tushishi sababli yoki ovqatdan saqlashni va ochlik zamoni uzaygani sababli, me`dasi yemay turishga chidamasa, u kishiga dorini ichirib, ich surishdan ilgari bir oz sharobda ivitilgan non yediriladi.

Qaynatmalar bilan ichilishi zarur bo`lgan hab (tabletka yo balzam) larni o`zlariga hamjins qaynatmalar bilan ichish kerak. Masalan: safroni suruvchi xabni shotara qaynatmasi bilan, savdoni suruvchi xabni devpechak va chilpoya kabi qaynatmalar bilan ichish zarur.

Surgi dori ichirilganiga ancha vaqt o`tsa ham, ichni surmaganda, mumkin qadar dori yengillatiladi va bemor qo`zg’atilmaydi.

Falaj va sakta holatidagi kishilarda dorilarning kerakli joyga borib turishdagi yo`llari tor bo`lib, ich surish ularda qiyin bo`ladi.

Bir kunda ikki xil surgi iste`mol qilish xatarli va noto`g’ridir. Surgi dori iste`mol qilgan kishi ikkinchi kuni hammomga tushmog’i kerak. Shu vaqtda xiltlardan qoldiq qolgan bo`lsa tozalanadi.

Surgi dorini bahor yoki kuzda ichish kerak.

Sirius- katta it yulduzining chiqish vaqti, tog’da qor tushgan va qattiq sovuq vaqti surgi ichish vaqti emas.

Ich surish tomirlarning zaifligi, tomirlar teshigining kengligi, surgi dorining tomirlar teshigini achishib kuydirishi, ich surishdan yoki o`rnini bosuvchi biror narsadan badandagi mizojning buzilishi sababli ortiq darajaga yetib boradi. Ichni surish juda oshib ketsa, qo’l va oyoqlarni yuqoridan pastgacha, qo`ltiqdan va son boshidan quyigacha bog’lab tushish kerak. U kishiga bir oz taryoq va filuniyo ham ichirish lozim. Mumkin bo`lsa, hammomda yoki kiyimlarga o`rab, suv bug’i bilan terlatiladi. Bemorga rayhon suvi, sandaldan, kofurdan, mevalardan siqib olingan suvlardan tayyorlangan laxlaxalar beriladi. Kasalning sirtqi a`zolarini uqalash, alanga yordamida qo`yiladigan qortiqlar bilan qizdirish kerak.

Surgi dori surmasa, kasalning ichi burab og’risa, tabiatini buzib, uni bezovta qilsa, boshini og’ritsa, kerishish va esnash paydo qilsa, huqnaga va ma`lum ko`tariladigan dorilarga murojat qilish kerak bo`ladi; bunda uch karam (1 g'aramo - 0,75 dan 0,99 g gacha) mastakini iliq suv bilan ichirish lozim. Ko`pincha dori ustidan burishtiruvchi narsalarni ichish, (nordon) behi va (sho'r) olma kabilarni yeyish dorining kuchini oshiradi. Chunki ular me`da og’zini va uning tubini qisadi, ko`ngil aynishini bosadi, dorini yuqoridan pastga yurgizadi va tabiatini kuchaytiradi. Agar huqna foyda bermay yomon holatlar, ya`ni badan tortishishi, ko`zning kosasidan o`ynab chiqishi kabilar paydo bo`lsa, dorining harakati yuqoriga bo`lsa, albatta tomirdan qon olish kerak.

Surgilarning xususiyatlari

Ba`zi surgilar zarar yetkazadi. Masalan: qora xarbaq, yaxshi oq bo`lmagan balki sariq jinsdan bo`lgan turbit, hollari sof bo`lmagan, balki qoraga moyil daraxt po`kagi (chaga) va mozariyunlar yomon dorilardandir.

Goho ikki xil dori birga qo`shib ishlatiladi. Bulardan biri o`ziga maxsus bo`lgan xiltni tez so’ruvchi, boshqasi sustroq so’ruvchi bo`ladi, ikkinchisi ishni boshlashidan oldin birinchisi ishdan qutiladi va goho ikkinchisining o`ziga xos xiltini ta`sirini buzib, uning quvvatini sindiradi. So`ngra ikkinchisi ish boshlasa, quvvati zaif bo`lib, xiltlarni qo`zg’atish yetarli bo`lmaydi. Shuning uchun uning ta`sirini tezlashtiruvchi narsa qo`shish zarur bo`ladi. Masalan: turbitga zanjabil qo`shiladi. Kuchli surgi dorilarning ko`pchiligida bir miqdor zararli ta`sir bo`lib, bemor tabiatini majbur qilib ichni suradi. Goho achchiqlik, to`liq va o`tkirlik, burishtiruvchi ta`sir va nordonlik surgi dorining xususiyatiga mos kelsa, o`sha dorining ishiga yordam beradi.

Qaytning ishlatilishi afzal bo`lgan holatlar:

Istisqo,

tutqanoq,

melanxoliya,

moxov,

niqris,

irqunnaso kabi cho`ziladigan, tuzalishi qiyin kasalliklardir.

Qaytdan keyin tomirdan qon oldirish kerak emas. Xiltning suyuqligi sababli, ko`pincha qayt qilish qiyin bo`ladi, Shunday vaqtda anor donining talqonini yeb xiltni quyiltirish kerak bo`ladi.

Qayt tana uchun foydali, ko`z uchun zararlidir.

Homilador xotinni qayt qildirmaslik kerak.

Qayt qilishdan qutilgach sirka bilan suv aralashtirilib og’zini va yuzini yuvish kerak. Buqrot, kishilarni bir oyda ikki - uch kun ketma - ket qayt qilishga buyuradi. Shunda birinchi kunda ozroq, qiyinchilik bilan bo`lgan qaytni ikkinchi kundagisi tugallaydi va me`daga tortilgan moddalarni chiqarib tashlaydi. Bunday qayt shilliq safroni chiqarib, me`dani tozalaydi.

Qayt me`daning yog’li narsalardan nafrat qilinishini, sog’lom ishtahaning yo`qligini achchiq, nordon narsalarni tilashini ketkizadi.

Qayt moxov kasalligi, rang yomonligi, me`da tutqanog’i, sariq kasali, qaltirash kasali va falaj kabi xastaliklar uchun yaxshi davodir.

Huqna (klizma) to`g’risida

Huqna ichaklardan chiqindilarni chiqarishda, buyrak va qovuq (prostata) dagi og’riq va shishlarda, qulanj ( va prostata raki) kasalliklarida, yuqorigi boshqaruvchi a`zodan chiqindilarni (pastga) tortishda juda yaxshi davodir.

Lekin, (habbul malik kabi) o`tkir huqna dorisi jigarni kuchsiz qilib, isitma paydo qiladi.

Bo`shashish (surgi) dan qolgan qoldiqlarni chiqarishda ham huqna yordam qiladi.

Huqna qildiruvchi kishi chalqancha yotishi zarur. Huqna uchun eng yaxshi vaqt havoning salqin vaqti, hammom xiltlarni qo`zg’atadi va ularni taqsimlaydi, huqna esa to`xtab qolgan xiltlarni tortadi, shuning uchun huqnadan oldin hammom qabul qilish mumkin emas.

Ichaklarda shish (rak) yoki yara bor bo`lib, isitma yoki boshqa bir kasallik sababli huqnaga muhtojlik tug’ilgan kishi, huqnaning to`xtab qolishida, (ko'tan) atrofini qizdirilgan tariq bilan isitish kerak.