Bei, dumg'aza, yana umurtqa va qobirg'alar

Ibn Sino, Ergashaka 2025-06-09 07:16
Bel, dumg'aza, yana umurtqa va qobirg'alar mushaklari haqida

Bel umurtqalarida enli o'tkir o'siqlar va ko'ndalang o'siqlar bor. Ularning pastki o'siqlari kengayadi va himoya qiluvchi ko'ndalang o'siqlarga o'xshaydi. Bu umurtqalar beshta. Bel dumg'aza bilan birlikda, go'yo butun umurtqa ustunining asosi bo'lib xizmat qiladi. [Bel] tos suyagini tirab ko'tarib turadi, [dumg'azadan] oyoq asablari chiqadilar.

Dumg'aza suyaklari uchta. Ular boshqa umurtqalarga qaraganda maxkamroq qo'shilganlar va bo'g'inlari mustaxkamdir. Qanotlari keng, asablar chiqadigan teshiklar esa bu umurtqalarning eng chetida joylashgan emaslar, balki son bo'g'inlari ularni zararlanmasligi uchun chetdan ichkariga, orqa yoki oldingi tomonga o'tganlar. Dumg'aza suyaklari bel suyaklariga o'xshaydi.

Ko'mirchak [dum] suyagi o'siqlarga ega bo'lmagan uchta tog'aysimon umurtqadan iborat. Ular o'rtasidagi umumiy teshikdan bo'yindagi kabi asablar osib chiqadi, chunki u [umurtqalar] kichikdir. Uchinchisining chetidan bittagina asab chiqadi.

Umurtqa ustunining umumiy foydalari to'grisida xulosa tarzida (to'xtalamiz) bir so'z. Biz umurtqa ustunidagi suyaklar to'g'risida yetarli so'zladik, endi esa butun umurtqa ustuni to'g'risida umumiy bir so'z so'zlaylik. Biz aytamizki, butun umurtqa ustuni bir butun narsa sifatida eng yaxshi shakl, ya'ni yumaloq shaklda tuzilgan, chunki bunday shakl boshqa shakllarga qaraganda urulish natijasida bo'ladigan zararlanishdan uzoqroqdir, shunung uchun yuqori umurtqalarning uchlari quyiga, pastki [umurtqalarning] uchlari esa yuqoriga egilgan. Ular o'rta umurtqa, ya'ni o'ninchi [umurtqa] yonida qo'shiladilar, har ikkala bukilgan joy unda tutasha olsin uchun bu umurtqa hech bir tomonga egilmagan; oninchi umurtqa son hisobdan emas, uzunligi jihatidan o'rta hisoblanadi.

Umurtqa ustuni harakatlanishi, [ya'ni] har ikki tomonga egilishi va bukilishi kerak, bu [harakat] o'rta [umurtqaning] qarshi tomonga qayrilishi orqali amalga oshiriladi, yuqoridagi va quyidagi umurtqalar esa, go'yo umurtqa ustunining chetlari to'qnashishi uchun egilgandek, kerakli tomonga egiladi. Shuning uchun o'ninchi umurtqa yonida do'nglik emas, balki chuqurliklar bor. Yuqori va quyida yotuvchi [umurtqalarning] do'ngliklari o'ninchi [umurtqaga] qaratilgan, yuqorida yotuvchilar pastga, pastda yotuvchilar yuqoriga yo'naltirilgan. Bu, [umurtqa ustunining] gavda engashgan tomonning qarshi tomoniga harakat qilishini yengillashtiradi va yuqorida yotuvchi [umurtqalarga] pastga engashishga, pastda yotuvchi umurtqalarga esa yuqoriga ko'tarilishga imkon beradi.

Qobirg'alar o'zlari o'rab turgan nafas olish va ovqatlanish a'zolarining yuqori qismi uchun himoyachidirlar. Qobirg'alar bir butun suyak qilib tuzilgan emaslar. Ular og'ir bo'lmasligi va zararlanganda, bu zarar umumiy bo'lmasligi uchun shunday tuzilgan. Bu yana keragidan ortiq darajada kengayish zarur bo'lganda yoki ichlari ovqat va havo bilan to'lganda va tortilgan havo uchun ancha kengroq o'rin lozim bo'lganda, ular osongina kengaya olsin uchun shunday tuzilgan. [Qobirg'alar ya'na ularning o'rtasida nafas olish ishlarida yordamlashuvchi ko'krak mushaklari va ularga yopishuvchi a'zolar joylasha olsin uchun ham [bir butun] suyak sifatida tuzilmagan.

Ko'krak o'pka, yurak va ular bilan birga yotuvchi a'zolarni o'rab turgani uchun, ularning himoyasi juda puxta bo'lishi kerak, chunki ularga yetadigan zarar zo'rroqdir. Shu bilan birga mazkur a'zolarni hamma tomondan o'rash ularni siqib qo'ymaydi va ularga ziyon keltirmaydi. Yetita yuqori qobirg'a shunday tuzilganlarki, ular o'z ichidagi to'sh suyagiga birikib, boshqaruvchi a'zoni har tarafdan o'rab turadi.

Hazm a'zolariga yondosh qobirg'alarga kelsak, ular orqada himoya qiluvchi ko'z sezgisi yetmaydigan tomonda himoya qilib yaratilganlar. Oldinda ular tutashmaydilar, balki oz-oz ajralib boradilar, shuning uchun ustki qobirg'alarda chiqib turadigan qirg'oqlar orasidagi masofa yaqinroq, ostkilarida esa uzoqroqdir. Ular jigar, taloq va boshqa ovqatlanish a'zolarini himoya qilish, me'da uchun joyni kengaytirish va u ovqat va havo bilan to'lib turganda siqilmasligi uchun ana sunday qilib [tuzilganlar].

Yettita ustki qobirg'alar ko'krak qobirg'alari deb ataladi. Ular har tomondaan yettitadir, ikkita o'rtadagisi katta va uzunroq, chetkilari esa qisqaroq, bunday shaklda o'raladigan narsani har tomonlama o'rashda ehtiyotliroq bo'ladi.

Bu qobirg'alar dastlab egiladi va quyiga yonaladi, so'ngra go'yo yuqoriga qaytadi va to'sh oldida qo'shiladi, buni biz keyinroq ta'riflaymiz, nihoyat ko'proq o'rinni o'rab oladi. Bu qobirg'alardan har birida ikkitadan o'siq bor. Ular umurtqalarning ko'ndalang o'siqlaridagi chuqurchalarda joylashgan. Natijada qo'shaloq bo'gin paydo bo'ladi. Yetita ustki qobirg'alar to'sh suyak bilan ana shunday qo'shiladi. Qolgan beshta kalta qobirg'alarga kelsak, bu orqa suyaklari va yolg'on qobirg'alardir. Ularning boshlari tog'aylar bilan bog'langan. Bular zarba vaqtlarida sinib ketishdan saqlash uchun yumshoq a'zolarga va ko'krak-qorin to'sig'iga qattiq tegmasin, balki qattiqligi va yumshoqligi jihatidan [suyak] va yumshoq a'zolar o'rtasida bo'lgan jismga tegib tursin uchun shunday tuzilgan.