Bel umurtqalari

Ibn Sino, Ergashaka 2025-05-29 15:08
Bel umurtqalari xususiyatlari va anatomiyasi

Bel umurtqalarida o'tkir o'siqlar va ko'ndalang o'siqlar bor. Ularning pastdagi o'siqlari kengayadi va himoya qiluvchi ko'ndalang o'siqlarga o'xshaydi. Bu umurtqalar beshta. Bel dumg'aza bilan birlikda, go'yo butun ummurtqa ustuninning asosi bo'lib xizmat qiladi. [Bel] tos suyagini tirab ko'tarib turadi, [dumg'azadan] oyoq asablari chiqadilar.

Dumg'aza suyaklari uchta. Ular boshqa umurtqalarga qaraganda maxkamroq qo'shilganlar va bo'g'inlari mustaxkamdir. Qanotlari keng; asablar chiqadigan teshiklar esa bu umurtqalarning eng chetida joylashgan emaslar, balki son bo'g'inlari ularni zararlamasin uchun chetdan ichkariga, orqa yoki oldingi tomonga o'tganlar. Dumg'aza suyaklari bel suyaklariga o'xshaydi.

Ko'mirchak [dum] suyagi o'siqlarga ega bo'lmagan uchta tog'aysimon umurtqadan iborat. Ular o'rtasidagi umumiy teshikdan bo'yindagi kabi o'sib chiqadi, chunki u [umurtqalar] kichikdir. Uchinchisining chetidan bittagina asab chiqadi.

Biz umurtqa ustunidagi suyaklar to'g'ricida yetarli so'zladik, endi esa butun umurtqa ustuni to'g'risida umumiy bir so'z so'zlaylik. Biz aytamizki, butun umurtqa ustuni bir butun narsa sifatida eng yaxshi shakl, ya'ni yumaloq shaklda tuzilgan, chunki bunday shakl boshqa shakllarga qaraganda urulish natijasida bo'ladigan zararlanishdan uzoqroqdir, shuning uchun yuqori umurtqalarning uchlari quyiga, pastki [umurtqalarning] uchlari esa yuqoriga egilgan. Ular o'rta umurtqa, ya'ni o'ninchi [umurtqa] yonida qo'shiladilar, har ikkala bukilgan joy unda tutasha olsin uchun bu umurtqa hech bir tomonga egilmagan; o'ninchi umurtqa son hisobidan emas. uzunligi jihatidan o'rta hisoblanadi.

Umurtqa ustuni harakatlanishi, ya'ni har ikki tomonga egilishi va bukilishi kerak, bu [harakat] o'rta [umurtqaning] qarshi tomonga qayrilishi orqali amalga oshiriladi, yuqoridagi va quyidagi umurtqalar esa, go'yo umurtqa ustunining chetlari to'qnashishi uchun egilgandek, kerakli tomonga egiladi. Shuning uchun o'ninchi umurtqa yonida do'nglik emas, balki chuqurliklar bor. Yuqorida va quyida yotuvchi [umurtqalarning] do'ngliklari o'ninchi [umurtqaga] qaratilgan, yuqorida yotuvchilar pastga, pastda yotuvchilar yuqoriga yo'naltirilgan. Bu [umurtqa ustunining ] gavda engashgan tomonning qarshi tomoniga harakat qilishini yengillashtiradi va yuqorida yotuvchi [umurtqalarga] pastga engashishga, pastda yotuvchi umurtqalarga esa yuqoriga ko'tarilishga imkon beradi.