Darslaring toʻplab miyangga bir joyga jamla,
Qati ochilib sochilib unutish etmasin hamla.
Bilak, tirsak va bilaguzuk suyaklarining xususiyatlari va anatomiyasi
Bilak uzunasiga va bir-biriga yonma-yon yotuvchi ikki suyakdan iborat. Ular ikki "chaqmoqpo'lat" deb ataladi. Boshmoldoqqa yopishuvchi shu ikki suyakning yuqoridagisi ingichka va u "ustki chaqmoqpo'lat" deb ataladi. Jimjiloq tarafga yo'naluvchi ostki [suyak] yo'g'onroq, chunki u og'irliklarni ko'tarib turadi va uni "ostki chaqmoqpo'lat" deb ataladi. "Ustki chaqmoqpo'lat"ning foydasi shundaki, u orqali bilakning yig'ilish va yozilishi amalga oshiriladi. Bu suyaklarning o'rtasi ingichka qilib tuzilgan, chunki ularni yo'g'on mushaklar o'rab turadi va uning og'ir bo'lish darajasida yo'g'on bo'lishga hojat yo'q. Uning ikki uchi ko'p boyloqlar chiqqanligi natijasida yo'g'onlashib ketgan; chunki bo'g'inlar harakati vaqtida qattiq turtki va zarbalarga uchraydilar, go'sht va mushaklar bilan birikmagan bo'ladilar.
"Ustki chaqmoqpo'lat" [bilak suyagi] qiyshaytirilgan va go'yo ichki tomondan boradi ba egilib borib, ichkaridan tashqariga buraladi. Buning foydasi birinchi harakatlarga yaxshi tayyorligidir. "Ostki chaqmoqpo'lat" [tirsak suyagi] to'g'ridir, chunki bunday shakl bukilish va yozilish uchun muvofiqdir.
Tirsak bo'g'iniga kelsak, u "ustki chaqmoqp'lat" bo'g'ini va "ostki chaqmoqpo'lat' bilan yelka orasidagi bo'g'inlardan tashkil topadi. "Ustki chaqmoqpo'lat"ning uchida chuqurcha bor. Bu chuqurcha yelka suyagining sirtqi chekkasidagi donglikka loyiq qilib tuzilgan. U do'nglik chuqurchaga boyloq bilan bog'langan. Bu do'ngning chuqurdan qiladigan harakati, qo'l panjasini yuqoriga va pastga aylantiradi. "Ostki chaqmoqpo'lat"ga kelsak, unda ikkita o'siq bor. Ularning o'rtasida yunon alifbosidagi "sin" harfiga o'xshagan tarnovcha bor. (U turkcha "ch" harfiga o'xshaydi). [I kitob 123-bet 3- qatorga qarang]. Bu tarnovcha chuqurining satxi yelka suyagi oxiridagi tarnovchaga kira olish uchun do'ng qilingan.Chuqurlik shakli do'nglik shakliga o'xshash dumaloqdir. Bu tarnovchaga "ostki chaqmoqpo'lat"ning ikki o'sig'i o'rtasidagi tarnovchaning kirishi natijasida tirsak bo'g'ini tashkil topadi, tarnovcha [ikkinchi] tarnov ustida orqaga va quyiga harakat qilganda qo'l yoziladi: agarda devorsimon tarnovchaga donglikni o'zida tutuvchi chuqurcha tik devor bo'ylab turgan chuquridan qarshilik bo'lsa , qo'lni tarnovcha ushlab qoladi, yana yozilishga yo'l qo'ymaydi. Shuning uchun qo'l to'g'riligicha to'xtab qoladi. Tarnovchalardan biri boshqasida yuqoriga va oldinga harakat qilganda qo'l yigʼiladi. Bilakning ichki tomoni qo'lning yelkadan tirsakkacha boʼlgan qismining old tomoniga tegadi, har ikkala "chaqmoqpo'lat"ning uchlari quyidan birlashib go'yo bir butun narsa tashkil qiladilar va ularga keng umumiy chuqurlik paydo bo'ladi. Uning katta qismi "ostki chaqmoqpo'lat"da joylashgan chuqurlanish lozim bo'lmagan joy doʻng va silliq xolida qoladi. Bu zararlanishdan uzoqroq bo'lish uchundir.
"Pastki chaqmoqpo'lat" chuqurligining orqa tomonida ozgina uzunchoq o'sig'i bor. Biz yaqinda uning foydalari to'g'risida so'zlaymiz.
Bilaguzuk (taqadigan va tabib tomir ko'radigan joy), zararlanish yuz bersa, butun bo'g'inga yoyilib ketmasligi uchun ko'p suyaklardan tuzilgan. Bilaguzuk suyaklari yettita asosiy va bitta qo'shimcha suyakdan iborat. Asosiy yettita suyaklarga kelsak, ular ikki qatorda [joylashganlar], bir qator bilakning pastki qismiga borib yopishadi va unda uchta suyak boʻlub, u bilakka yopishgani uchun torroq bo'ladi. Ikkinchi qatorning suyaklari to'rtta. Bu qator barmoqlar tarafidagi kaft suyagiga borib yopishadi, shuning uchun birikadigan qismi kengroq bo'ladi. Birinchi qatordagi uchta suyak asta-sekin ingichkalashib boradi; ularning bilakning pastki qismiga boruvchi boshchalari torroq; ular zichroq va maxkamroq bog'langan bo'lib, boshqa qatorga yopishuvchi boshchalari kengroqdir; ular [uncha zich emas] va unga maxkam birikkan emaslar.
Sakkizinchi suyakka kelsak, u bilaguzukning ikki qatorini maxkamlamaydi va kaftga yopishib yotadigan asabni saqlash uchun yaratilgan. Uchinchi qatorning chekkasi suyaklarning boshchalari birlashishidan tashkil bo'ladi. O'sha chekka, aytib otganimiz, har ikki "chaqmoqpo'lat"ning uchidagi chuqurchaga kiradi. Natijada bukilish va yozilishni amalga oshiruvchi bo'g'in paydo bo'ladi. Eslatib o'tilgan 'pastki chaqmoqpo'lat"dagi o'siq unga yopishib yotuvchi bilaguzuk suyaklaridagi chuqurchaga kiradi; buning natijasida panjani yuqoriga va pastga buruvchi bo'g'in paydo bo'ladi.