Gavda xolati va kasallik

Ibn Sino, Ergashaka 2025-12-16 20:15

Keshi gavdasi xolati turlari va kasallik jinslari haqida


Jolinus fikricha, odam gavdasi axvoli uchtadir. 1. Sog‘liq inson gavdasining mizoji va [qismlarining] tarkibi [yaʼni tuzilishi] shunday xolatda bo‘ladiki, undan sodir bo‘ladigan feʼl va taʼsirlar to‘g‘ri va sog‘lom ravishda yuz beradi. 2. Kasallik, bu odam gavdasining yuqoridagi xolatga teskari bo‘lgan bir xolatidir. 3.Jolinusning fikricha, sog‘lik ham, kasallik ham bo‘lmagan bir xolatdir; bu [xolatda] to‘la sog‘lomlik yo to‘la kasallik ham bo‘lmaydi; masalan, qari odamlar, kasallikdan sog‘ayib kelayotganlar va bolalarning xolatlari kabi; yoki yuqoridagi ikki narsaning [sog‘lik va kasallikning] ikkovi bir vaqtda ikki aʼzoda, yoki bir aʼzoda bo‘lsa ham ikki uzoq jinslarda to‘plangani jihatidan bo‘ladi; masalan, mizoj jihatidan aʼzo sog‘ bo‘lib, tarkib [tuzilish] jihatidan kasal bo‘lganidan; yoki bir aʼzoda bo‘lsa ham ikkinchi yaqin jinslarda to‘plangani jihatdan, masalan, aʼzo shaklan sog‘ bo‘lib, hajmda va joylashishda sog‘ bo‘lmaydi; yoki ikki taʼsirlanuvchi kayfiyatlarda sog‘bo‘lib, ikki taʼsir qiluvchi kayfiyatlarda sog‘ bo‘lmaydi.
Baʼzan [uchinchi] ahvol ikki narsaning [sog‘lik va kasallikning] ikkovi ikki vaqtda birin-ketin kelishidan paydo bo‘ladi. Masalan, [shunday] kishilar borki, ular qishda sog‘ bo‘lib, yozda kasal bo‘ladilar. Kasalliklarning baʼzilari sodda, baʼzilari murakkab bo‘ladilar.
Sodda kasalliklar — mizoj kasalligi navlaridan biri yoki keyinda aytadiganimiz— tarkib [tuzilish] kasalliklari turlaridan bir xil kasalliklardir.
Murakkab kasalliklar shunday kasalliklarki, ularda [kasallik] turlaridan ikki va undan ortig‘i to‘planib, bitta kasallik xosil qiladi.
Oldin sodda kasalliklardan boshlab aytamiz:
Sodda kasalliklarning turlari uchtadir: 1) Bo‘laklari o‘xshash bo‘lgan aʼzolarga mansub kasalliklar jinsi; bular mizoj buzilishi kasalliklaridir. Bular nima uchun bo‘laklari o‘xshash bo‘lgan aʼzolarga mansub bo‘ladilar? Chunki bular avvaldan aslida bo‘laklari o‘xshash bo‘lgan aʼzolarda paydo bo‘ladilar va ular orqali murakkab aʼzolarga o‘tadilar. Xatto [bu kasalliklar] bo‘laklari o‘xshash har bir [aʼzoda] bo‘ladi, ammo murakkab kasalliklarda bunday bo‘lishi mumkin emas.
2) Qurol aʼzolari kasalliklari jinsi. Bular taʼsir quroli bo‘lib, bo‘laklari o‘xshash aʼzolardan birikkan aʼzolarda paydo bo‘luvchi tarkibiy kasalliklardir.
3) Hamkor [aʼzolar] kasalliklari jinsi. Bular bo‘laklari o‘xshash aʼzolarda ham, qurol aʼzolarda ham paydo bo‘ladigan kasalliklardir. Qurol aʼzolarda paydo bo‘lishlari, bo‘laklari o‘xshash aʼzolarda bo‘lishlariga tobeʼ bo‘lmaydi. Bular "uzluksizlikning buzilishi" va "birlikning taralishi" deb atalgan kasalliklardir. Chunki "uzluksizlikning buzilishi" bo‘laklari o‘xshash bo‘lgan va bo‘g‘inlarni tashkil qilgan aʼzolarda paydo bo‘lmasdan bo‘g‘inning o‘zida paydo bo‘ladi. Baʼzan asab, suyak va tomirlarning yolg‘iz o‘zlarida paydo bo‘ladi.
Umuman, kasalliklar uch xil bo‘ladi: mizoj buzilishiga tegishli bo‘lgan kasalliklar, tarkib hayʼati buzilishiga tegishli kasalliklar va "uzluksizlikning buzilishi" ga tegishli bo‘lgan kasalliklar. Har bir kasallik shulardan bittasiga tegishli bo‘lib, o‘shandan bo‘ladi va o‘shanga nisbat beriladi. Mizoj buzilishiga tegishli bo‘lgan kasalliklar mashhurdir. Ular o‘n oltita bo‘lib, barini aytdik.