Harakatlantiruvchi nafsoniy quvvatlar haqida
Harakatlantiruvchi quvvatga kelsak, u paylarni tortuvchi va boʻshashtiruvchi quvvatdir. Bu quvvat paylar vositasi bilan aʼzo va boʻgʻinlarni harakatga keltiradi, ularni yozadi va bukadi. Bu kuchning oʻtish oʻrni mushaklarga birikkan asablardir. Bu quvvat oʻzi bir jins boʻlib, harakatlarning manbaʼlari oʻzgarishiga qarab turlanadi. Demak, har bir mushakda boshqa bir tabiatga xos [harakat beruvchi quvvat] boʻlib, u umumiy [taʼsirning] shartlovchi fikr hukmiga boʻysunadi.
Quvvatlarning ishlari haqida
Aytamiz, sodda ishlardan hazm kabi bir quvvat bilan tamom boʻladigani va ovqatni tilash kabi ikki quvvat bilan tamom boʻladiganlari bor. Bu esa tabiiy tortuvchi quvvat va meʼdaning boshlangʻich qismida boʻladigan sezuvchi quvvat orqali vujudga keladi.
Tortuvchi quvvatning ishi uzunasiga joylashgan tolani lozim boʻlgan harakatga keltiradi va ular xosil boʻlgan suyuqlikni shimadi. Sezuvchi quvvat esa oʻtning taʼsirotini oʻtkazib hamda meʼdaga kirish yerini qitiqlab, biz ilgari aytganimizdek, ishtahani ochishga xizmat qiladi.
Bu ish ikki quvvat bilan tamom boʻladiganlaridandi. Chunki sezuvchan quvvatga, biror zarar kelsa, ochlikni sezish va ishtaha yoʻqoladi; gavdaning ovqatga ishtahasi boʻlsa ham, y ovqatni tilamaydi.
Shuning kabi yutish ham ikki quvvat yordami bilan bajariladi; birinchisi tabiiy jalb qiluvchi quvvat, ikkinchisi ixtiyoriy jalb qiluvchi quvvat. Birinchisining ishi qorinning boshlangʻich qismi va qiziloʻngachda uzunasiga choʻzilgan tolalar bilan tugallanib, ikkinchisining ishi esa, yutish mushaklarining tolalari bilan tugallanadi. Shu ikki quvvatdan biri yoʻqolsa, yutish qiyinlashadi. Shunday ham boʻladiki, quvvatning ishi toʻxtalmagan boʻlsa ham, lekin u oʻz ishiga [toʻla] berilmasa, bu quvvatda ham yutish qiyinlashib qoladi. Koʻrmaysanmiki, haqiqiy ishtahang boʻlmasa, koʻnling tortmagan narsani yutish qiyin boʻladi. Shunisi ham borki, ovqat biz uchun yoqimsiz boʻlsa, lekin biz uni yutishni istasak, ishtahani jalb qiluvchi quvvat [undan] nafratlansa, bu xolda ixtiyoriy [jalb qiluvchi] quvvat bilan yutish qiyinlashadi.
Ovqat moddasining oʻtishi ham moddalar ajraladigan aʼzolardan haydovchi va, shuningdek, moddalar yoʻnalgan aʼzoga tortuvchi quvvatlar vositasi bilan boʻladi va har ikki yoʻldan chiqariladigan najosatlar ham huddi shuningdek boʻladi.
Baʼzan taʼsir manbai ikki quvvatdan iborat boʻlib, buning biri nafsoniy va ikkinchisi tabiiy quvvatdir va baʼzan esa uning sababi bir quvvat va bir kayfiyat boʻladi; bunga moddalarni tutib qoluvchi sovutish misol boʻla oladi. Sovutish aʼzoga quyiladigan xiltlarga qarshi ularni toʻxtatib turishga va kerakli tomonlarga haydash uchun yoʻnaltiruvchi kuchga yordam beradi. Sovutish kayfiyati asosan ikki yoʻl bilan tutib turadi: yaʼni quyiladigan [moddalarni] zichlash va teri teshiklarini toraytirish yoʻli bilan; shuningdek, uchinchi yoʻli, yordamchi sifatida boʻlib, tortuvchi issiqlikni soʻndiruvchidir. Issiqlik kayfiyati mazkur yoʻllarga qarama-qarshi yoʻl bilan tortadi. Boʻshliqning tortish quvvati avval latif va suyuq, soʻngra quyuq narsalarni tortadi.
Tabiiy jalb qiluvchi quvvatga kelsak, bu oʻziga eng muvofigʻini yoki oʻz tabiatiga muvofiq jalb etilishi kerak boʻlgan narsalarni tortadi. Baʼzan eng zich va quyuq narsalar tortish uchun muvofiqroq va qulayroq boʻladi.