Havo turlarining taʼsiri

Ibn Sino, Ergashaka 2026-07-22 21:21
Havo turlari taʼsiri va fasllarning talablari haqida

Issiq havo eritib tarqatadi va bo‘shashtiradi. Agar [havoning issiqligi] muʼtadil bo‘lsa, qonni tashqariga tortish bilan yuzni qizartiradi. Agar uning issiqligi haddan tashqari bo‘lsa, tortgan narsasini tarqatish bilan rangni sarg‘aytiradi; terni ko‘paytirib, siydikni ozaytiradi; hazmni zaiflashtiradi va chanqatadi.

Sovuq havo hazmni mustaxkamlab kuchaytiradi. Suyuqliklar to‘xtab qolib, ter va boshqasi bilan chiqishi ozayganidan siydikni ko‘paytiradi. Orqa teshikning mushaklari siqilishi natijasida, najosat miqdori ozayadi va bunga, yaʼni mushaklar qisilishining saqlanishiga to‘g‘ri ichak yordam beradi. Teshik yo‘llarining yordami bo‘lmaganidan najosat pastga tushmasdan to‘planib qoladi, yolg‘iz uning suyuq qismi siydikka o‘tadi.

Ho‘l havo terini yumshatib, gavdani ho‘llaydi; quruq havo gavdani ham, terini ham quritadi. To‘zonli havo zich havodan boshqadir, chunki zich havo o‘z moddasini zichligi bilan bir xildir, to‘zonli havo esa qattiq jismlar aralashgan havodir. Kichik yulduzlarning ham ko‘inishlari va osmon yoritg‘ichlarining kuchsiz ravishda
miltillab ko‘rinishlari [havoning] bu ikki sifatiga dalolat qiladi. Bu ikkovining sababi, bularda bug‘ va tutunlarning ko‘pligi va yaxshi yellarning ozligidir. Bu to‘g‘rida yaqinda yana so‘z qaytariladi va tabiiy yo‘ldan tashqari bo‘lgan havo o‘zgarishlarini tushuntirishga boshlaganimizda, bu to‘g‘rida to‘la tushuncha berarmiz.

Har bir yil faslining, o‘z sharoitida ko‘ra, xos hukmlari bor. Har bir faslning oxiri va undan keyin keladigan faslning boshi umumiy hukmlarga va [bir xil] kasalliklarga egadir.

Bahor o‘z mizojida bo‘lsa, yil faslining eng yaxshisi xisoblanadi. U ruh va qon mizojiga munosib keladi va biz yuqorida autgaimizcha, u [bahor], o‘zining muʼtadilligi bilan tezdan "osmon" ning yengil issiqligiga va tabiiy namlikka aylanadi.[Bahor] yuz rangini qizartiradi, chunki u qonni, juda issiq yozning eritib tarqatish darajasiga yetkazmasdan, mo‘tadillik bilan tortadi. Bahorda uzoqqa cho‘ziladigan kasalliklar qo‘zg‘aladi, chunki [bahor] turib qolgan xiltlarni yurgizib oqizadi. Shu sababdan melanxoliya kasalligi bor odamlarda bu kasallik qo‘zg‘aladi. Qishda taomni ko‘p yeb, kam harakat qilganlaridan xiltlari ko‘paygan kishilar bahorning eritib tarqatishi sababli shu moddalardan qo‘zg‘aladigan kasalliklarga yo‘liquvchan bo‘ladilar. Agar bahor, muʼtadil bo‘lib turgani xolda, cho‘zilib ketsa, yoz kasalliklari kamayadi.

Bahor kasalliklari quyidagilar: ichdan qon o‘tishi, burun qonash, safro tabiatida bo‘lgan melanxoliyaning qo‘zg‘alishi, shishlar, yiringli shishlar, tomoq og‘riqlari — bulari o‘ldiruvchidir — va boshqa chiqiqlar.[Bahorda] ko‘pincha tomirlarning yorilishi, qon tupirish va yo‘tal bo‘ladi. Bu narsa, ayniqsa, qish sifatida bo‘lgan bahorda bo‘ladi. Shu kasalliklarga, xususan sil kasalligiga duchor bo‘lgan odamlar axvollari bahorda yomonlashadi.

[Bahor] balg‘am [mizojli] kishilarda balg‘am moddasini qo‘zg‘atgani sababli sakta, falaj va bo‘g‘in og‘riqlari kasalliklarini keltirib chiqaradi. Bu kasalliklarga duchor qiluvchi narsalar shulardir: ortiq darajaga bo‘lgan jismoniy va nafsoniy harakat va qizdiruvchi narsalarni isteʼmol etish va boshqalar; ular har ikkisi havoning tabiatiga yordam beradi.

Hech bir narsa qon oldirish, gavdani bo‘shatish, kam yeyish, ichimlikni ko‘p ichish, mast qiladigan sharoblarga suv qo‘shib, kuchini sindirib ichish choralari kabi bahor kasalliklaridan qutqaza olmaydi. Bahor bolalarga va yosh jihatdan bolalarga yaqin bo‘lgan kishilarda muvofiq keladi.


Qishga kelsak, u hazm uchun eng yaxshi vaqtdir, chunki sovuq tug‘ma issiqlikning javharini siqadi va buning natijasida issiqlik zo‘rayadi va tarqalmaydi va qishda mevalar kam bo‘lganlikdan, odamlar haqiqiy (to‘yimli) ovqatlarni isteʼmol etadilar, to‘lgan meʼda bilan kam harakat qiladilar va issiq joylarda turadilar.


[Qish] o‘zining sovuqligi va kechasi uzun bo‘lib, kunduzi qisqa bo‘lishi bilan, boshqa fasllarga qaraganda savdoni singdirish uchun eng yaxshi fasldir. U, boshqa fasllarga qaraganda yomon xiltlarni ko‘proq berkitadi va yumshatuvchi, parchalovchi dorilarni isteʼmol etishga muhtoj qiladi. Qishda balg‘am shunday ko‘p bo‘ladiki, xatto qusuqlarning ko‘pchiligi shilliqli bo‘ladi. Qishda shishlarning ko‘pchiligi oqimtir bo‘ladi. Tumov kasalliklari ko‘p bo‘ladi. Tumov kuzgi havo[ning qishki havoga] o‘zgarishi bilan boshlanadi, keyin borib zotiljam, o‘pka yallig‘lanishi, xirillash va tomoq og‘riqlariga aylanadi. So‘ngra biqinning o‘zida va orqada og‘riq paydo bo‘ladi, asablar zararlanadi, uzoq cho‘ziladigan bosh og‘rig‘i xatto sakta va tutqanoq kasalliklari paydo bo‘ladi. Mana shularning hammasi balg‘am moddalarining ko‘payishidan va tiqilib qolishidan paydo bo‘ladi. Qari odamlar qishda azob chekadilar. Yosh jihatidan qarilarga yaqin bo‘lgan (erta qarigan) odamlar ham shunday, ammo o‘rta yoshdagi odamlar qishdan bahra oladilar. Yozga qaraganda qishda siydikning cho‘kmasi ko‘p bo‘ladi, miqdori ham ko‘p bo‘ladi.

Yozga kelsak, u xiltlarni haddan tashqari ko‘p eritib, tarqatib, quvvat va tabiiy taʼsirlarni zaiflashtiradi. Yozda qon va balg‘am kamayadi. Yoz boshida safro ko‘payib, so‘ngra yoz oxirida o‘tning suyuq moddasi tarqalib, quyug‘i qamalib to‘planganligi sababli savdo ko‘payadi. Qariyalarni va ularga yaqin bo‘lganlarni yozda kuchli topasan. Yuzga tortilgan qon erib, tarqalganligidan yozda yuz rangi sarg‘ayadi.

Yozda kasalliklar muddati qisqa bo‘ladi, chunki kasalning quvvati ortiq bo‘lsa, xiltlarmi eritishda havodan yordam topadi so‘ng kasallik moddasini yetiltirib haydab chiqaradi. Agar kasal quvvati kuchsiz bo‘lsa, havoning issiqligi bu kuchsizlikni zo‘raytiradi, gavdani bo‘shashtiradi, buning natijasida kuch kamayadi va kasal o‘ladi.

Quruq-issiq yoz kasallikni tezda ajratadi. Ho‘l-issiq yoz kasallik muddatini cho‘zadi. Shuning uchun yaralarning ko‘pchiligi bunday yozda et yeyilishga (gangrenaga) aylanadi. Bunday yozda istisqo kasali ichak tayg‘oqligi va yumshashi paydo qiladi. Shularning hammasiga syuqliklarning yuqoridan pastga tushishi, ayniqsa, boshdan pastga tushishi yordam qiladi.

Issiq (jazirama) vaqt kasalliklariga kelsak, bularga, masalan, ko‘p oralatib tutadigan isitma, doimiy isitma, kuydiruvchi isitma va ozib ketish kiradi.[Bu davrda] og‘riqlardan quloq og‘rig‘i va ko‘z og‘rig‘i kiradi. Xususan, jazirama yoz shamolsiz bo‘lsa, bular ko‘p bo‘ladi.[Yana] saramas va [shu faslga] munosabati bo‘lgan toshmalar ko‘p bo‘ladi.

Yoz bahorsimon bo‘lsa, isitma [ga duchor bo‘lgan] larning xoli yaxshi bo‘lib, kuchli issiq va quruqligi o‘tkir bo‘lmaydi. Bahorsimon yozda terlash ko‘p bo‘ladi. Ho‘llik va issiqning terga munosabati jihatidan ter ko‘proq buhron vaqtlarida kuzatiladi. Chunki issiq suyultiradi, ho‘llik esa bo‘shashtirib, teri teshiklarini kengaytiradi.

Agar yoz issiq kelsa vabo, chechak, qizamiqlar ko‘p bo‘ladi.

Sovuq yozga kelsak, bu xiltlarni yetiltiradi. Lekin bunda "siqish kasalliklari" ko‘p bo‘ladi. "Siqish kasalliklari" tashqi sovuq urib siqqanida, ichki yo tashqi issiqlik sababli, yomon xiltlarning oqishidan paydo bo‘ladigan kasalliklar. Bularning hammasi nazlalar va ular bilan keladigan kasalliklardir. Sovuq yoz quruq bo‘lsa, balg‘am mizojlarga va xotinlarga foydali bo‘ladi. Safroli mizojlarda quruq ko‘z og‘rig‘i va cho‘ziladigan kuydiruvchi isitmalar paydo bo‘ladi hamda qamalib qolish sababli safro kuyishidan savdoning ko‘payishi ham yuz beradi.

Kuz fasliga kelsak, bunda odamlar issiq obtobda yurib, kechasi sovuqqa chiqqanlaridan, mevalar ko‘pligidan va ular bilan xiltlar buzilishidan hamda yozda quvvat kamayishidan kasalliklar ko‘p bo‘ladi. Kuzda yomon oziqlar yeganlikdan, latif narsalar taralib, qattiq narsalar qolishi va gavda kuyishishidan xiltlar buziladilar. Har qachon biror xiltni haydash va tarqatish uchun, tabiat taʼsiri bilan uni qo‘zg‘otilsa, sovuq uni tiklashga majbur qiladi. Kuzda qon juda kam bo‘ladi, balki kuz o‘z mizojida qonga zid bo‘lib, uning tug‘ilishiga yordam qilmaydi. Yuqorida yoz qonni suyuqlantirishi va kamaytirishini aytildi. Kuzda xiltlardan yozdan qolgan safro ko‘payadi va yozda xiltlar kuyganidan savdo ko‘p bo‘ladi. Yoz xiltlarni kuydiradi va kuz sovutadi, shuning uchun kuzda savdo ko‘payadi.

Kuz faslining avvali qari odamlar uchun bir qadar muvofiq bo‘lsa ham, oxiri ularga qattiq zarar qiladi.

Kuz fasli kasalliklari quyidagilar: po‘st tashlaydigan qo‘tir, temiratki, saraton (rak), bo‘g‘in og‘riqlari, aralash va to‘rt kunlik isitmalar. Bularning hammasiga sabab savdoning ko‘pligidir. Bu to‘g‘rida yuqorida izoh berdik. Shuningdek, kuzda taloq katta bo‘ladi va issiq va sovuqdan qovuq mizojining o‘zgarishi natijasida tomchilab siyish xolati tug‘iladi. Kuzda siydik to‘xtalishi ham, tomchilab siyishlikka qaraganda tez uchraydi va baʼzan ichak tayg‘oqligi ham bo‘ladi; chunki sovuq xiltning suyuq qismini gavda ichiga haydaydi. Shuningdek, kuzda quymich asabi yallig‘lanishi (irqunnaso-ishias) ham uchraydi. Kuzgi angina qattiq achishtiruvchi bo‘lib, safrodan, bahorgisi balg‘amdan bo‘ladi. Kuzda quruq ichak burashi xodisalari (ileus) va shuningdek, sakta (insult) va o‘pka kasalliklari, bel va son og‘rig‘i ko‘payadi; buning sababi yozda chiqindilar harakat qilib, kuzda qisilishidir; kuzda ko‘pincha ichakda gijjalar paydo bo‘ladi. Chunki ovqatni hazm qiladigan va chiqindilarni haydaydigan jismoniy quvvat juda ozdir. Ko‘pincha, agar kuz quruq kelsa, ayniqsa kuz oldida issiq yoz kelgan bo‘lsa, chechak ko‘payadi. Kuzda jinnilik xodisalari ham ko‘payadi. Buning sababi o‘tning yomon sifatli bo‘lishi va unga savdo aralishishidir. O‘pkalari yara bo‘lgan sil kasallari uchun kuz zararlidir. Sil kuzdan ilgari boshlanib, alomatlari oshkor bo‘lmagan bo‘lsa, kuz ularni oshkor qiladi. Kuz fasli ingichka og‘riqqa (immunitet tanqisligi) yo‘liqqan kishilar uchun eng zararli, uning sababi ham quritish natijasi. Chunki kuz yozdan qolgan kasalliklarga nisbatan, yoz vakilidir. Eng yaxshi kuz yomg‘irli va namkash kuzdir; quruq kuz eng yomon kuzdir.