Havoning gavdaga taʼsiri haqida
Havo gavdamizning va ruhimizning [tarkibiga kirgan] bir unsurdir. Havo gavdamizning va ruhimizning unsuri bo‘lishi bilan birga, u ruhimizga yetib, uni tuzatishga sabab bo‘ladigan bir madad hamdir. Bu narsa uning bir unsuri bo‘lishidan emas, balki taʼsir qiluvchi bo‘lishi, yaʼni mo‘tadillikka keltiruvchi omil bo‘lishi sabablidir.
Ruhdan nimani tushunishimizni bayon etganmiz. Ruhdan faylasuflarning "nafs" [jon] deb atagan narsalarini tushunmaymiz.
Havodan ruhimizda paydo bo‘ladigan moʼtadillik ikki ishga bog‘liqdir. Bular rohatlantirish va tozalash ishlaridir.
Rohatlantirish agar ruhning issiq mizoji tutilib qolish natijasida o‘ta darajaga borgan bo‘lsa, uni mo‘tadil qilish va o‘zgartirishdir. Bu mo‘tadil xolga keltirishdan, yuqorida bilganingcha, qo‘shimcha mo‘tadil xolga keltirishni tushunaman. Bunday mo‘tadillikka havoning o‘pka orqali va, shuningdek arteriyalarga tutash teshiklar orqali ruhga tortilishi sabab bo‘ladi.
Gavdamizni o‘ragan havo, ruhning tiqilishi bilan paydo bo‘lgan mizoji u yoqda tursin, xatto tug‘ma mizojiga solishtirganda ham, juda sovuqdir. Havo ruhga yetib, ynga uriladi va u bilan ajralishib mizojning buzishga olib boradigan olovli xolatiga o‘tishiga va qamalib qolishiga yo‘l qo‘ymaydiki, aks xolda [ruh] hayot sababchisi bo‘lgan nafsoniy quvvat taʼsirini qabul qilish qobiliyatini yo‘qotgan bo‘lardi; shuningdek, u ho‘l va bug‘simon [ruh] moddasining tarqalishiga ham monelik ko‘rsatadi.
Tozalanish shundan iboratki, havo nafasni tashqariga chiqarishda o‘zi bilan birga tutunlik bug‘ni olib chiqadi; buni havoga ajratuvchi quvvat olib boradi. Tutunli bug‘ning ruhga nisbati, ortiqcha xiltning gavdaga nisbati kabidir.
Mo‘tadil xolga keltirish, havoning nafas olishda ruh ustiga kelishi bilan bo‘ladi. Tozalash nafas chiqarilganda havoning [ruhdan] ajralishi bilan bo‘ladi. Bu shuning uchunki, ruhni mo‘tadil xolga keltirish uchun avvalda kelayotgan havoning amalda sovuq bo‘lishligiga muhtoj bo‘linadi. Havo ko‘p turib qolish bilan qizib, ruh kayfiyatiga aylanganda, foydasi yo‘qoladi va natijada u kerak bo‘lmay, uning o‘rnini oladigan yangi havoga ehtiyoj tug‘iladi. O‘rnini keyindan keluvchiga bo‘shatish uchun, uni zaruratan chiqarishga muhtoj bo‘linadi. Uning bilan birga ruh moddalari chiqindilari haydab chiqariladi. Havo mo‘tadil va sof bo‘lib, ruhning mizojiga teskari yot bir javhar aralashmaganda, u sog‘lik uchun ishlovchi va uni saqlovchi bo‘ladi. Havo o‘zgarsa, u ishining teskarisini qiladi.
Havoda tabiiy o‘zgarishlar va g‘ayritabiiy o‘zgarishlar paydo bo‘ladi. G‘ayritabiiy o‘zgarishlar, birinchi [tabiiy] ga zid bo‘ladilar. Tabiiy o‘zgarishlar — faslga bog‘lik o‘zgarishlardir; chunki havo har faslda boshqa bir mizojga o‘tadi.