Havoning tabiiy xolatidan unchalalik koʼp chiqmagan o‘zgarishlarining taʼsiri haqida
Endi biz havoning boshqa xil g‘ayri tabiiy o‘zgarishlari haqidagi so‘zni to‘ldirishimiz kerak.[Bu o‘zgarishlar havoning] tabiatiga zid bo‘lmay, osmon va yerdagi omillar taʼsiri natijasida vujudga keladilar. Bularniing ko‘pini biz yil fasllari haqida gapirganimizda eslatib o‘tgan edik.
Osmondagi omillardan keladigan [o‘zgarishlarga] kelsak ular, masalan, yulduzlar sababli bo‘ladiganlaridir. Baʼzan [osmonning] bir yerida ko‘p miqdorda yorug‘ yulduzlar to‘planadilar va ular quyosh bilan uchrashadilar, natijada ularning tagida yoki yaqinida joylashgan yerlarda kuchli qizish paydo bo‘ladi. Baʼzan esa ular zenitdan juda uzoqlashib ketadilar va shuning uchun qizish yetarli darajada bo‘lmay qoladi.[Quyoshning qisqa muddatda] zenitda turgan vaqtidagi qizdirishga bo‘lgan taʼsiri uning davomli ravishda zenitda turgani yoki unga yaqin bo‘lganidagi tasiricha bo‘lmaydi.
Yerga tegishli omillarga kelsak, ularning baʼzilari shaharlarning [jug‘rofiy] kengligi joylarning baland va pastligiga, tog‘larga, dengizlarga, shamollarga va baʼzilari tuproqqa bog‘liqdirlar. [Joylarning] kengliklari sababli vujudga keladigan omillar haqida shuni aytish kerakki, yoz vaqtida [havo] shimolda Saraton doirasiga yoki janubda Jad doirasiga yaqin joylashgan har bir yerda ulardan ekvator va shimolga qarab yaqinlasha borgan yerlardagiga qaraganda issiqroq bo‘ladi. Ekvatordan pastga joylashgan yerlarni muʼtadillikka yaqin deyuvchilarning so‘zlarini tasdiqlash kerak. Shuni aytish kerakki, osmonga tegishli qizdiruvchi sabab bu yerda bitta, u ham bo‘lsa quyoshning zenitda turishidir.[Lekin quyoshning zenitda turishining o‘zi unchalik ko‘p taʼsir ko‘rsatmaydi, balki uning uzoq muddat davomida zenitda turishigina taʼsir ko‘rsatadi. Shuning uchun [kunning] asr namozidan keyin bo‘ladigan issiqligi tush vaqtidagiga qaraganda kuchliroq bo‘ladi va, shuningdek Saratonning oxiri va Asadning avvallarida bo‘ladigan issiq quyosh og‘ish chegarasiga yetgan vaqridagi issiqlikdan kuchliroq bo‘ladi. Mana shu sababdan quyoshning Saraton burjidan chiqib og‘ish chegarasidan pastroqqa joylashgan maʼlum bir masofaga yetgandagi qizdirishi uning Saraton burjiga yetishga o‘shancha og‘ish qolgandagi qizdirishidan kuchliroq bo‘ladi. Ekvatorga yaqin yerlarda quyosh zenitda bir necha kun davomidagina turadi, so‘ngra tezlik bilan uzoqlasha boradi, chunki ikki eʼtidol no‘qtasi oldida [quyosh] og‘ir [darajasining] ortishi shu [darajalarining] ikki munqalib nuqtalari oldidagi ortishidan ko‘proq bo‘ladi. Xatto quyosh harakati munqalib nuqtalari oldida uch, to‘rt yoki undan ko‘proq kun davomida ham sezilarli taʼsir ko‘rsata olmaydi. So‘ngra quyosh [osmonning kishilarga yaqin] bir yerida uzoq vaqt davomida turib qolib, kuchli ravishda qizdira beradi. Mana shularning hammasiga asoslanib turib aytish kerakki,[jug‘rofiy] kengliklari to‘la [quyosh] og‘ishiga yaqin bo‘lgan mamlakatlar eng issiq mamlakatlardir. Undan keyin Ekvatordan ikki tomonga, har ikkala qutbga qarab, to o‘n besh darajagacha uzoqqa joylashgan yerlar turadilar.
Ekvatorda issiqlik [quyoshning] kishi yashaydigan yerlarda Saraton burji doirasi yaqinida zenitda turgan vaqtidagidek haddan tashqari kuchli bo‘lmaydi. Ammo shimolga qarab shu doiradan uzoqda joylashgan yerlarda sovuq qattiqroq bo‘ladi. Joylarning [jug‘rofiy] kengliklarini nazarga olganda eʼtibor qilinishi zarur bo‘lgan narsalar mana shular bo‘lib, boshqa xollarda [bu joylar] bir-birlari bilan o‘xshash bo‘ladilar.
Shaharlarning balandlik yoki pastlikda joylashganliklaridan keladigan omilllarga kelsak, pastlikda joylashganlari doimo issiqroq va balandlikda joylashganlari doimo sovuqroq bo‘ladilar. Haqiqatan ham bizni o‘rab olgan havoning yerga yaqin turgan qismi quyosh nurlarining yerga yaqin joyda kuchayishi sababli ko‘proq issiq bo‘ladi, yerdan maʼlum darajaga uzoqlikda joylashgan qismi esa sovuqroq bo‘ladi. Buning sababi hikmatning tibbiyot qismida [bayon qilinadi]. Agar pastlik yer chuqurga o‘xshash bo‘lsa, nurlar ko‘proq siqilib [yer] ko‘proq isiydi.
Tog‘lar sababli vujudga keladigan omillarga kelsak, agar tog‘ kishilar turadigan joy o‘rnida bo‘lsa, u haqdagi gapni [kitobning] yuqorida bayon qilganimiz qismida aytdik. Xozir esa biz [kishilar yashaydigan yerning] yaqiniga joylashgan tog‘ haqida gapirmoqchimiz. Biz aytamizki, tog‘ havoga ikki jihatdan taʼsir ko‘rsatadi; birinchidan, u, yerlarga quyosh nurlarini aks ettirib o‘tkazadi yoki ularni to‘sib qoladi, ikkinchidan, shamolni o‘tkazmaydi yoki esishiga yordam beradi. Birinchi jihatiga kelsak, masalan, biron o‘lkada, xatto shimoliysida o‘sha o‘lkaning shimol tomonida tog‘ joylashgan bo‘lsa, quyosh o‘z aylanishida u toqqa o‘z nurlarini sochadi va tog‘ning qizishi akslanib o‘lkani isitadi, xatto [u o‘lka] shimolga joylashgan bo‘lsa ham. Tog‘lar g‘arbga joylashgan bo‘lsalar ham xuddi shunday bo‘ladi, chunki sharqiy tomon ochiq qoladi. Agar [tog‘] sharq tomonda bo‘lsa, ahvol yuqoridagidek bo‘lmaydi. Chunki quyosh og‘ib o‘sha tog‘larga o‘z nurini sochganda har soat sayin undan uzoqlasha boradi va natijada unga tushuvchi quyosh nurlarining [qizdirish] kayfiyati kamaya boradi. Lekin tog‘ g‘arb tomonda bo‘lganda bunday bo‘lmaydi, chunki [quyosh] soat sayin unga yaqinlasha boradi.
[Tog‘ning] shamolni to‘sishi masalasiga kelganda shuni aytish kerakki, tog‘ kishilar turadigan joyga sovuq shamolni o‘tkazmaydi, yoki u yerga janubiy issiq shamolning esishini kuchaytiradi, yoki u yer ikki tog‘ orasiga joylashgan bo‘lib, shamol uchun yo‘l ochiq bo‘lsa, u yerga shamol ochiq yerdagiga qaraganda kuchliroq esadi. Chunki havoning xususiyatlaridan biri shuki, agar uni tor bir yo‘lga tortilsa, u tinmay tortila beradi; suv va boshqa suyuqliklar ham shunga o‘xshash. Buning sababi tabiiyot ilmida maʼlumdir. Joylarning tog‘ bilan berkitilgan yoki ochiq bo‘lishlari jihatidan eng yaxshi vaziyatlari ularning sharq va shimol tomondan berk bo‘lishlaridir.
Dengizlar esa hamma qo‘shni mamlakatlarda, umuman, namlikni orttirib yuboradilar. Agar dengizlar shimol tomonda bo‘lsalar, ular [joylarning] sovushiga yordam beradilar, chunki shimol tomondan kelayotgan shamol o‘z tabiatu bilan sovuq bo‘lgan suv satxidan o‘tib ketadi. Agar dengiz janub tomonda bo‘lsa, janubning [havoni] zichlashtirishini yanada oshiradi, ayniqsa, havo oldida tog‘ turganlligi uchun o‘tishga yo‘l topa olmasa shunday bo‘ladi.[Dengiz] sharq tomonda bo‘lganda g‘arb tomonda bo‘lganiga qaraganda havoni ko‘proq namlaydi, chunki quyosh doimo [sharqiy dengiz] ustiga turib, uni bug‘latib turadi va [bug‘lanish] quyosh yaqinlashgan sari osha boradi, g‘arbiy [dengiz] ustiga esa ko‘p turmaydi. Umuman, dengizning yaqinda bo‘lishi havoni namlantiriradi.
Agar shamol ko‘p bo‘lsa, har tomonga yurishib tursa va tog‘ bilan to‘silmasa, u sasuvchan bo‘ladi va xiltlarni ham chirutib, sasitadi. Bu jihatdan shamollarning eng foydalisi shimoliysi, so‘ngra sharqiysi va g‘arbiysi. Eng zararlisi esa janulbiysidir.
Shamol sababli [havo o‘zgarishi] haqida bo‘ladigan mulohaza ikki jihatdan bo‘ladi; umumiy mutlaq mulohaza va har bir joyga va uning xususiyatiga qarab bo‘ladigan mulohaza. Umumiy mulohaza yuritganda shuni aytish kerakki, janubiy shamollar aksar joylarda issiq va nam bo‘ladilar; ularning issiq bo‘lishlariga sabab quyoshga yaqinligi sababli isigan joylar orqali bizga yetib kelishliklaridir, namligi shundanki, ko‘pchilik dengizlar bizdan janubga joylashganlar.[Dengizlar] janubiy bo‘lgani uchun quyosh ularga kuchli taʼsir qilib bug‘lantiradi va [bug‘lar] shamolga aralashadilar. Shu sababli janubiy shamollar bo‘shashtiruvchi bo‘ladilar.
Shimoliy [shamollar] esa sovuq bo‘ladilar, chunki ular tog‘lar va ko‘p qorli sovuq yerlardan o‘tib keladilar, shuning bilan ular quruq ham bo‘ladilar, chunki shimol tomonda bug‘lanish kam bo‘lgaidan shamolga bug‘lar aralashmaydi.[Bundan tashqari], ular oqar daryo suvlari va dengiz ustidan o‘tmaydilar, balki ko‘pincha yaxlab, qotib qolgan suvlar yoki cho‘llar orqali o‘tib keladilar.
Sharqiy shamollar issiq va sovuqlikda muʼtadildirlar, lekin g‘arbiylariga qaraganda quruqroq bo‘ladilar, chunki shimoliy sharqda shimoliy g‘arbga qaraganda bug‘lanish kam, biz bo‘lsak har holda shimoliylarmiz.
G‘arbiy shamollar bir oz namroqdirlar, chunki ular dengizlar ustidan o‘tib keladilar va quyosh o‘z harakatida ularga qarama-qarshi yuradi. Quyosh bilan [shamollar] go‘yo bir-birlariga qarama-qarshi harakat qiladilar va quyosh [shamollarni] sharqiy shamollarni bug‘lantirgandek bug‘lantira olmaydi. Buning ustiga sharqiy shamollar ko‘pincha kunning avvalida, g‘arbiylari esa kunning oxirida esadilar. Shuning uchun g‘arbiy shamollar sharqiylariga qaraganda kam haroratli va sovuqqa moyilroqdirlar, sharqiy [shamollar] esa ko‘proq issiq bo‘ladilar, havoda garchi ularning har ikkalasi ham janubiy va shimoliy shamollarga nisbatan muʼtadil bo‘lsalar ham shunday bo‘ladi.
Turli yerlardagi shamollar haqidagi hukmlar boshqa sabablarga binoan ham o‘zgaradilar.
Shunday xollar uchraydiki, baʼzi yerlarda janubiy shamollar sovuqroq bo‘ladilar, chunki ularning yaqinida qorli to‘g‘lar bo‘lib, janubiy shamollar ularni ustidan o‘tishda sovib ketadilar. Baʼzan shimoliy shamollar o‘z yo‘llarida jazirama saxrolar orqali o‘tishlari natijasida janubiy shamollarga qaraganda isib ketadilar.
Garmsellarga kelsak, ular yo juda qizib ketgan saxrolar orqali o‘tgan shamollardir, yoki ular tutunlar jinsidan bo‘lib, havoda olovga o‘xshash daxshatli alomatlarni keltirib chiqaradilar. Agar ular og‘ir bo‘lsalar, yonib yoki alangalanib ketadilar, shunda yengil qismi ajraladi va og‘iri o‘zida alangalanish va olovlikni saqlagan xolda pastga tushadi.
Qadimgi hikmatshunoslarning fikricha, kuchli shamollarning hammasi yuqoridan boshlanadi. Ularning moddalarning manbai pastda bo‘lsa ham, lekin harakatining va esishining boshlanishi yuqorida bo‘ladi. Bu hukm umumiy bo‘ladi yoki ko‘pchilik xollarga to‘g‘ri keladi. Bu masalani tahqiqlash ishi falsafaning tibbiyot qismiga oiddir. Turar joylar haqida gapirganimizda bu masalaga bir fasl ajratamiz.[Xozircha] shuning o‘zi yetarlidir.
Joylarning tuproq jihatidan turlicha bo‘lishiga kelsak, ularning baʼzilari toza tuproqli, baʼzilari toshloq, baʼzilari qumloq, baʼzilari botqoqlik va sho‘rxok bo‘ladilar, baʼzi joyning tuproqlarida maʼdan quvvati kuchli bo‘ladi. Bularning hammasi joyning havosi va suviga taʼsir ko‘rsatadi.