Havoning tabiiy xolatiga zidlik

Ibn Sino, Ergashaka 2026-07-26 21:29

Havoning tabiiy xolatiga zid bo‘lgan yomon o‘zgarishlarining taʼsiri haqida



[Havoni] tabiiy xolatidan chiqarib yuboruvchi o‘zgarishlar uning javharida bo‘lgan o‘zgarishdan yoki uning sifatida bo‘lgan o‘zgarishdan keladi. Javharida bo‘ladigani shuki, [havo] javhari o‘zgarib, yomonlashadi, chunki uning sifatlaridan biri kuchli ravishda ortib yoki kamayib ketgan bo‘ladi. Bu, vabo deb atalib, unda havo buzilgan ko‘lmak suvning sasishiga o‘xshab, bir oz sasiydi.

Biz havo deganda oddiy, hech narsa bilan aralashmagan havoni tushunmaymiz, chunki bizni o‘rab turgan havo unday emas, agar u toza xolda mavjud ekan, undan boshqasi ham bo‘lishi kerak. Oddiy hech narsa bilan aralashmagan [elementning] birontasi ham sasimaydi, uning sifati o‘zgaradi yoki javhari o‘zgarib, boshqa bir oddiy elemntga aylananadi, masalan, suvning havoga aylangani kabi.[Havo] deganda buz fazoga tarqalgan shunday bir jismni tushunamizki, u jism haqiqiy havo, suv bug‘lari bo‘lakchalari, chang va dud bilan ko‘tarilgan yer bo‘lakchalari aralashmasidan tashkil topgandir. Bizning havo deyishimiz dengiz suvini ham, to‘qay suvini ham suv deganimizga o‘xshaydi, vaholanki, ular toza va nuqul suvning o‘zi emas, balki ularga havo, yer va olov [moddalari] aralashgan, lekin suv ko‘pchilikni tashkil etadi. To‘qay suvi sasib, moddasi yomonlashgandek, havo ham baʼzan sasiydi va moddasi yomonlashadi. Havoning sasishi va vabo paydo bo‘lishi ko‘pincha yozning oxirida va kuzda bo‘ladi. Vabo vaqtida paydo bo‘ladigan alomatlar haqida boshqa joyda gapiramiz.

[Havoning] sifatlarida bo‘ladigan o‘zgarishlarga kelsak, u shundan iboratki, havo issiqlik yo sovuqlikda chidab bo‘lmaydigan sifatga ega bo‘ladi va natijada ekinlar va [hayvon] nasllari xarob bo‘ladi. Bu xol yoki ham jins o‘zgarish natijasida ro‘y beradi, masalan, kun ko‘p zarar keltiradigan darajada haddan tashqari isib ketganda, yoki teskari o‘zgarish natijasida, masalan, biron sabab bilan yozda kun juda sovib ketsa.

Havo o‘zgarishi natijasida [odam] badanida ham turli o‘zgarishlar paydo bo‘ladi.[Havo] sasisa, xiltlarni ham sasitadi: sasish oldin yurak ichida qamalib qolgan xiltdan boshlanadi, chunki u yerga yetib borish boshqalariga yetib borishdan ko‘ra yaqinroq. Agar [havo] kuchli ravishda isib ketsa, bo‘g‘inlarni bo‘shashtiradi, badandagi namlarni eritish bilan tarqatib, tashnalikni oshiradi, ruhni tarqatib, quvvatlarni tushiradi,[odam] tabiatining quroli bo‘lgan ichki tug‘ma haroratni tarqatish bilan hazmga monelik qiladi, rangni qizartiruvchi qonli xiltlarni tarqatib va boshqa xiltlar ustidan safroni g‘alaba qildirib, rangni sarg‘aytiradu; g‘ayritabiiy qizdirish bilan yurakni qizdiradi va nihoyat xiltlarni oqizadi va ularni sasitib [gavdadagi] bo‘shliqlariga va zaif aʼzolarga yo‘naltiradi.[Bu xil havo] sog‘lom gavdalar uchun to‘g‘ri kelmaydi, lekin baʼzan istisqo, falaj, sovuq kuzoz, sovuq nazla, ho‘l tortishish va ho‘l yuz falajiga duchor bo‘lganlarga foyda ham keltiradi.

Sovuq havo esa tug‘ma haroratni bo‘g‘ib qo‘yadi, agar sovuqligi juda oshib ketib,[gavdaning] ichiga kirib ketadigan bo‘lsa, o‘ldiradi. Haddan tashqari sovuq bo‘lmagan havo yomon xiltlarni [gavdaning turli joylariga] oqishiga monelik qiladi va ularni qamab qo‘yadi, lekin nazla paydo qiladi, asablarni zaiflashtiradi, kekirdak va o‘pkaga kuchli zarar yetkazadi.[Sovuqligi] juda oshib ketmasa, hazmni va gavdaning butun ichki ishlarini kuchaytiradi hamda ishtahani oshiradi. Umuman,[bunday havo] sog‘lom kishilar uchun haddan tashqari issiq havoga qaraganda foydali. Uning zarari asablarga taalluqli ishlar uchun bo‘ladi va, shuningdek, u badan teshiklarini berkitib qo‘yish va suyak ichidagi narsalarni siqish bilan ham zarar keltiradi.

Namli havo foydali bo‘lib, ko‘pchilik mizojlar uchun muvofiq keladi; yuz rangini va terini yaxshilaydi va [terini] yumshatadi, badan teshiklarini tozalab, ochadi, lekin [xiltlarni] sasishga tayyorlaydi. Quruq havo esa buning teskarisi.