Idrok qiluvchi nafsoniy quvvatlar haqida
Nafsoniy quvvat oʻz ichiga ikki quvvatni olib, ularga nisbatan jins xizmatini qiladi. [Bulardan] biri idrok qiluvchi quvvat boʻlib, ikkinchisi harakatlantiruvchi quvvatdir. Idrok qiluvchi quvvat yana ikki quvvatga: tashqi va ichki idrok qilivchi quvvatlarga jins oʻrnida xizmat qiladi. Tashqi idrok qiluvchi quvvat xis quvvatlaridan iboratdir. Bu, bir guruhning fikricha, besh quvvatga, yana bir guruhning aytishicha, sakkiz quvvatga jins oʻrnida xizmat qiladi. [Xis] quvvatlarini beshta desak, ular quyidagilardir: koʻrish quvvati, eshitish quvvati, hid sezish quvvati, tatish quvvati va tegib sezish quvvati. Bularni sakkizta qilib hisoblashga sabab, koʻpchilik tekshiruvchilar tegib sezish quvvatini koʻp quvvat, xatto toʻrt quvvat, deb biladilar. Toʻrtta tegib seziladiganlardan har bir jinsni alohida bir quvvatga xos qiladilar. Lekin ular sezuvchi aʼzoda umumiy boʻladilar. Masalan, tatish sezgisi koʻzda birlashadi. Buni haqiqatlash faylasuflar ishidir.
Ichki idrok qiluvchi quvvat, yaʼni hayotiy quvvat besh quvvatga jins oʻrnida xizmat qiladi. Bulardan biri umumiy sezish yoki hayol deb ataladigan quvvatdir. Bular tabiblarning aytishlaricha, bitta quvvatdir. Faylasuflardan ayrim tekshiruvchi hikmatshunoslarning aytishlaricha, ikki quvvatdir.
Umumiy shunday bir quvvatki, sezilganlarning hammasi shunga kelib toʻxtaydi. Umumiy sezgi oʻziga kelgan shakllar taʼsirini sezadi va ularni oʻzida toʻplaydi.
Hayol shunday quvvatki, [shakllar] toʻplanganlaridan keyin ularni saqlab, ular xisdan gʻoyib boʻlganida ham ushlab turadi. Bu ikkovidan biri - qabul qiladigan quvvat saqlovchi [quvvatdan] boshqadir. Bu oʻrinda ham haqiqatni tekshirish faylasuflarga yuklanadi. Qanday boʻlmasin bu quvvatlarning turadigan oʻrni va taʼsir qilish manbai miyaning oldingi qorinchasidadir. Ikkinchi quvvat deb, tabiblarning fikrlovchi quvvat deb ataganlarini aytamiz. Haqiqatni izlovchilar esa bu quvvatni baʼzan hayol qiluvchi va baʼzan fikr qiluvchi quvvat deydilar. Undan tabiiy hayotiy quvvat foydalansa, - bu toʻgʻrida biz keyin soʻzlarmiz, - yoki u oʻz-oʻzicha taʼsir koʻrsatsa, uni hayol qiluvchi deb ataydilar. Agar unga soʻzlash quvvati qoʻshilib, uni foyda beradigan bir narsaga sarf etsa, bu xolda fikr qiluvchi quvvat deb ataydilar.
Qanday boʻlmasin bu quvvat bilan birinchi quvvat orasidagi farq shundaki, birinchi quvvat unga kelgan seziluvchi suratlarni qabul qiladi yoki saqlaydi. Ikkinchi quvvat esa hayolda saqlangan suratlarni birlashtirib yoki boʻlib ish yuritadi va shuning bilan barobar sezgi bilan keltirilgan narsalarga oʻxshash yoki ulardan farq qiluvchi turli suratlarni vujudga keltiradi, masalan, uchuvchi kishi surati, zumraddan yasalgan togʻ va shunga oʻxshashlar. Hayolga kelsak, [bu quvvat] uni sezgidan taʼsirlanishga chaqiradi. Bu quvvatning oʻrni miyaning oʻrta qorinchasidadir.
[Yuqorida aytilgan] quvvat haqiqatda hayvondagi ichki tuygʻu quvvatining qurolidir. Bunga instinkt deb aytiladi. [Instinkt] shunday quvvatki, u hayvon tushunchasini mantiqiy yoʻl bilan taʼmin etmaydi. Masalan, boʻrining dushmanligi, bolaning sevimli ekanligi, ovqat beruvchining doʻstligi va undan kechmaslik kabi. Dushmanlik va muhabbat seziladigan narsalar emas, ularni hayvon xis bilan idrok qilmaydi. Ular toʻgʻrisida mantiqiy yoʻl bilan boʻlmasa ham boshqa quvvat orqali idrok qiladi. Lekin bu garchi mantiqiy boʻlmasa ham, albatta, idrokdir. Odam ham idrok quvvatidan oʻzining koʻp hukmlarida foydalanib, bu toʻgʻrida mantiqiy fikrlash qobiliyati boʻlmagan hayvon yoʻli bilan boradi.
Bu quvvat hayoldan farq qiladi. Chunki hayol sezgilarni oʻzida toʻxtatib qoladi, instinkt quvvati esa seziladiganlar toʻgʻrisida ularning sezgi orqali bilinmaydigan maʼnolari [mohiyatlari] bilan hukm qiladi.
Instinkt quvvati, shuningdek, fikrlovchi va hayol qilivchi quvvatlardan ham ajraladi. Chunki instinkt quvvati bilan vujudga keluvchi taʼsir biror muhokama orqasida boʻlmaydi. [Fikrlovchi quvvatning] amali esa biror hukm orqasida vujudga keladi; toʻgʻrisini aytganda, u bir qator hukmlardan iboratdir. Bundan tashqari [fikrlovchi quvvatning] ishi sezilganlarni biriktirish boʻlib, instinkt quvvatining ishi esa sezilgan narsa haqida undan tashqarida boʻlgan maʼno bilan hukm chiqarishdir. Hayvonlarda sezgi sezilgan suratlar haqida hukm berganidek, instinkt shu suratlarni sezish bilan emas, instinkt orqali vujudga kelgan maʼnolari ustida hukm yuritadi.
Shunday kishilar borki, majozan bu kuchni hayol deb ataydilar. Ularning tushunganlari oʻzlarichadir. Chunki ismlar ustida janjallashish oʻrinsizdir, maʼnolar va farqlar tushunilishi lozim. Bu quvvatni tushunishga tabib urinib oʻtirmasin, chunki uning taʼsiridan kelgan zarar ilgariroq vazifasini bajargan boshqa kuchlarning taʼsiridan kelgan zarar natijasidir va bu zararli kuchlar ilgariroq yuz bergan. Masalan, hayol, tasavvur, xotirlash kabi, bular toʻgʻrisida keyin soʻzlaymiz.
Tabib zararli taʼsiri kasallik tugʻdiradigan kuchlarnigina tekshiradi. Agar biror quvvatning ishiga yetgan zarar oʻzidan oldingi quvvatga yetgan zarar sababidan boʻlsa, unga [tabibga] u zarar mizojning buzilishi yoki biror aʼzoda tarkibning buzilishiga tobeʼ boʻlsa, unga [tabibga] u zararning yetishi oʻsha aʼzoning mizoji buzilishidan boʻldimi yoki u aʼzoning tarkibi buzilishidan boʻldimi ekanligini bilish kifoyadir; toki tabib uni davo bilan tuzatsin yoki uni saqlasin. Tabib zarar vositasiz ravishda yetadigan quvvatning xolini bilganida, zarar vositali ravishda yetadigan quvvatning xolini bilishi shart emas.
Tabiblarning aytganlari uchinchi quvvat, haqiqatini aniqlaganda, beshinchi yoki toʻrtinchi quvvat boʻlib qoladi. U yodga oluvchi va eslatuvchi quvvat boʻladi. Bu - seziladigan narsalarning fikrga yetgan suratlarini emas, maʼnolarini saqlash joyi boʻlib, u miyaning orqa qorinchasidir. Bu yerda masalani faylasuflarcha qarab, saqlovchi quvvat esdan chiqqan taassurotlarni qaytaruvchi xotira quvvatini bir quvvat deb, yoki ikki quvvat deb xisoblash tabiblarga majburiy emasdir. Chunki shu quvvatlarning birortasiga yetadigan zararlanish oʻzaro jinsdoshdir. Bu miyaning orqa qorinchasida paydo boʻlgan zararlanishlar boʻlib, yo mizoj jinsiga, yo qismlarning birlashish [yaʼni tarkib] jinsiga kiradi.
Nafsning idrok qiluvchi quvvatlaridan qolgani odamlarga maxsus boʻlib, mantiqiy quvvatdir. Lekin biz yuqorida bayon qilgan instinkt quvvatini, biz taʼrif etgan sabablarga binoan, tabiblarning qarab chiqishlari kerak boʻlmaganga oʻxshash, [mantiq] quvvatini ham qarab chqishlariga ehtiyoj yoʻqdir. Balki ularning qarashlari uch quvvatdan nariga oʻtmaydi.