Kasalliklar haqida
Kasallikka nom berish turli tomondan bo‘ladi. U, yo o‘zi bo‘lgan aʼzodan olinadi, o‘pka pardasi yallig‘lanishi [zotiljam] va o‘pka yallig‘lanishi [zotirria] kabi. Yoki kasallik ismi uning tashqi ko‘rinishidan olingan bo‘ladi, masalan, tutqanoq kabi; yo kasal sabablaridan olinadi, masalan, savdoviy kasallik kabi yoki ism o‘xshatish bilan olinadi, masalan, arslon kasalligi va fil kasalligi kabi. Yoki birinchi marta "shu kasallik menda paydo bo‘ldi" degan kishiga nisbat berilib, uning ismi bilan yuritiladi, masalan, Talef degan kishi ismiga nisbatan, Talef yarasi deydilar. Yoki shu kasallik ko‘p bo‘lgan joyga nisbatan beriladi, masalan Balx yaralari kabi; yoki kasallikni (topgan yo) muvaffaqiyat bilan davolashda mashhur bo‘lgan kishi ismiga nisbat beradilar, [masalan], Xiron yarasi kabi; yoki kasallik ismi uning mohiyatidan olinadi, [masalan] isitma va shishlar kabi.
Jolinus aytgan kasalliklar, yo tashqi bo‘lib, sezgi yordami bilan bilinadi; yo ichki bo‘lib, ularning baʼzilari — bilinishi yengil, meʼda va o‘pka og‘riqlari kabi bo‘ladi va baʼzilari esa, bilinishi qiyin, jigar va o‘t yo‘llari kasalliklari kabi bo‘ladi; yo ular faqat taxmin bilan bulinadi — siydik yo‘llarida paydo bo‘lgan zararlanish kabi. Kasalliklar goho [bir aʼzoga] xos bo‘ladi va goho boshqa aʼzoning ishtiroki bilan bo‘ladi. Bir aʼzoning boshqasinig kasalligiga ishtiroki ularning tabiatlari bilan ulanganliklari jihatidan bo‘ladi, [yaʼni] ular orasini qurol aʼzolari tutashtiradi, masalan, miya bilan meʼdani asab tutashtiradi, bachadon bilan emchak vena vositasi bilan bog‘lanadi. Yoki birining ikkinchisiga ishtiroki biri ikkinchisiga yo‘l xizmatini qilganligidan bo‘ladi; masalan, boldir shishiga ikki chov yo‘l xizmatini qilgani kabi.
[Bir aʼzoning yana bir aʼzoga kasallikda ishtiroki] bir-biriga qo‘shni bo‘lganliklaridan keladi. Bunga misol bo‘yin bilan miya; chunki bular bir-biriga sheriklik qiladi. Xususan, [aʼzolardan] biri kuchsiz qo‘shni bo‘lsa, o‘z qo‘shnisida bo‘lgan chiqindilarni qabul qiladi; qo‘ltiq bilan yurak bunga misol bo‘ladi.[Ikki aʼzoning kasallikda ishtiroki] yo ikkovidan biri ikkinchisining ishiga manba va mabda (bosh) bo‘lganidan keladi; ko‘krak-qorin to‘sig‘i (diafragma) ning nafas olishda o‘pka bilan ishtiroki kabi, yo biri yana biriga xizmat qilgani jihatidan bo‘ladi, masalan, asab miyaga xizmat qilganidek, yoki ularning har ikkalasi uchinchi aʼzoga sherik bo‘lgandan keladi. Masalan, miya bilan buyraklarning har biri o‘z ishlarida jigarga sherik bo‘lganlaridek, bular ham bir-birlariga sherik bo‘ladilar.
Baʼzan ishtirok etish zarar tug‘diradi. Masalan, miya og‘riganda meʼda u bilan birga ishtirok etadi va natijada hazm qilish kuchsizlanadi. Meʼdaning hazmi zaif bo‘lib, u, miyaga yomon bug‘lar va hazm bo‘lmagan oziqlar yetkazadi va natijada miya alami zo‘rayadi.
[Kasallikdagi] sherikchilik uzoqlikda va davriylikda asosiy aʼzo kasalligiga bo‘ysunadi.
Gavdaning sog‘lik kasallik darajalari biz qo‘yida ko‘rsatganimizdek oltita bo‘ladi. Nihoyat darajaga yetgan sog‘lom gavda; sog‘likning nihoyatiga borib yetmagan gavda, yuqorida aytganimizcha, na kasal va na sog‘lom bo‘lmagan gavda, so‘ngra tezlik bilan sog‘lanishni qabul qiluvchi yaxshi xolatli gavda, so‘ngra yengil kasallik gavda, kasalligi nihoyatiga yetgan gavdalar bo‘ladilar.
[Yana] kasallik ikki turli bo‘ladi: [oson] tuzaladigan kasallik va [oson] tuzalmaydigan kasallik. [Oson] tuzaladigan kasallik shunday kasallikki, uni tegishlicha davolashga monelik yo‘qdir.[Oson] tuzalmaydigan kasallik — bunda uni to‘g‘ri tadbirda davolashga ruxsat etmaydigan biror monelik qo‘shilgan bo‘ladi. Nazlali bosh og‘rig‘i kabi.(Operatsiya uchun yurak xastaligi).
Bilginkim, kasallik mizoj, yoki yosh, yoki yil fasli bilan aloqador va ularga mos bo‘lsa, ular bilan aloqador va ularga mos bo‘lmagan va sabablarning zo‘rligi orqasida vujudga kelgan kasalliklarga qaraganda kam xavflidir. Bilginkim, har bir faslning kasalliklari o‘ziga zid faslda tuzalishi umid qilinadi.
Kasalliklardan shundaylari borki, ular boshqa kasalliklarga aylanadi va butunlay yo‘qolib ketadi; bu xol xayriyatli bo‘ladi. Shunday qilib, bir kasallik boshqa bir qancha kasalliklarga shifo bo‘ladi. Masalan, to‘rt kunlik isitma tutqanoq, niqris (podagra), varikoz, bo‘g‘in og‘rig‘i, qo‘tir, qichima, toshmalar va tomir tortishganiga shifo bo‘ladi. Shuningdek, zarab (hazm buzilishi natijasida yuz beradigan ich ketishi) ko‘z og‘rig‘idan, ichak tayg‘anoqligidan, zotiljamdan shifo beradi. Shuningdek bavosir (gemorroy) yorilishi savdoviy kasallikka, yonbosh og‘riqlariga, buyrak va bachadon og‘riqlariga foyda beradi.
Baʼzi kasalliklar goho boshqasiga o‘tib, buning natijasida kasalning axvoli juda yomonlashadi. Masalan, zotiljamning o‘pka yallig‘lanishiga, faronitusning litarg‘usga o‘tgani kabi (miya kasalliklari).
Kasalliklardan baʼzilari yuqumli bo‘ladilar. Bular mahov, qo‘tir, chechak, vabo, yiringli yaralar shular jumlasidandir. Hususan, bular turar joylar tor bo‘lganda kasal kishining qo‘shnilari shamol tarafda bo‘lganlarida kasali yuqadi. Ko‘z og‘rig‘i ham yuqumlidir. Sil va baras ham yuqadi.
Kasalliklarning baʼzilari nasldan naslga ko‘chadi. Masalan, tabiiy kallik, niqris, sil va baras kabi.
Kasalliklardan baʼzilari borki, bir qabila [urug‘] va bir o‘lkada yashovchilarga xos yoki ularda ko‘proq uchraydi. Bilginki, aʼzolar zatfligi (immunitet tanqisligi) mizoj buzilishidan yo (yomon) tuzilishidan kelib chiqadi.