Kasalliklarga qo‘shilib sanaladigan xolatlar haqida
Bu yerda kasalliklardan tashqari bo‘lsa ham, kasalliklar qatorida sanaladigan narsalar bayon qilinadi. Bular ziynat [kosmetika] ga kiradigan narsalardir: birinchisi - mo‘y to‘g‘risida, ikkinchisi- bashara [teri] rangi to‘g‘risida, uchinchisi hidlar to‘g‘risida, to‘rtinchisi - rangdan tashqari badanning tashqi ko‘rinishi to‘g‘risida.
Mo‘y kasalliklari turlarini qo‘yidagilardir: mo‘y to‘kilishi, yulinishi, qisqarishi, ozayishi, yorilishi, ingichkalanishi, yo‘g‘onlashishi, haddan ziyod jigalaklanishi, haddan ziyod yoziq bo‘lishi, oqarishi va mo‘y biror boshqa rangga o‘tishi.
[Teri] rangiga yetadigan ofatlar to‘rt jinsga bo‘linadi:[birinchisi] moddali mizoj buzilishi tufayli [rangi] o‘zgarishi, masalan, sariq kasalligidagi kabi, yoki moddasiz [mizoj buzilishi] tufayli o‘zgarish, masalan yolg‘iz sovuq mizojdan [teri] rangida ganj rangiga o‘xshash [oqlik] paydo bo‘ladi yoki yolg‘iz issiq mizojdan sariqlik paydo bo‘ladi.
[Ikkinchisi] tashqi sababdan bo‘ladigan rang o‘zgarishi; masalan, quyosh, sovuq va shamollarning rangni qoraytirishi kabi.
[Uchinchisi] begona tusda bo‘lgan jismlarning teri ustida yoyilishidan bo‘ladigani, masalan, qora bahaq (yosh o‘tganda uchraydigan qora dog‘) yoki no‘qtalarga aylanishidan bo‘lgan xollar va sepkillar kabi.
[To‘rtinchisi] uzluksizlikning ajralib so‘ng bitishidan paydo bo‘lgan yamoqlar natijasida bo‘lgan o‘zgarishlar; chechak kasalligidan qolgan [cho‘tirlik] va yaralarning o‘rinlari kabi.
Hidga yetgan ofatlarga qo‘ltiq tagi hidi va badandan chiqadigan boshqa yomon hidlar kiradi.
Badanning rangdan tashqari tashqi ko‘rinish ofatlari o‘ta ketgan oriqlik va haddan ortiq semizlikdir.