Ko'krak, bel va dumg'aza umurtqalari oralaridan chiqadigan orqa miya asablari anatomiyasi
Ko'krak umurtqalari oralaridan chiqadigan orqa miya asablarining birinchi jufti birinchi va ikkinchi ko'krak umurtqalari orasidan chiqib, ikki qismga bo'linadi. Bu qismlarning kattasi qobirg'alar mushaklarida va umurtqa ustuni mushaklarida taraladi, ikkinchi qismi esa birinchi qobirg'alar ustida cho'ziladi. Bu qism bo'yinning sakkizinchi asabi bilan birlikda bilak va panjaga borib yetguncha, qo'llarga cho'zilib boradi.
Ikkinchi juft yuqorida aytilgan teshikka yaqin turuvchi [boshqa] teshikdan chiqadi. Uning bir qismi yelka suyagining tashqi tomoniga yo'nalib, unga sezish qobiliyatini beradi; boshqa qolgan qismi esa, [asablarning] boshqa juftlari bilan qo'shilib, kurak suyagida yotgan va uning bo'g'inlarini harakatga keltiruvchi mushaklarga va, shuningdek, umurtqa ustuni mushaklariga qarab keladi. Bu asablarning ko'krak umurtqalaridan boshlanganlariga [kelsak], ularning kurak suyagiga bormaydigan tarmoqlari umurtqa ustuni mushaklariga va chin qobirg'alar orasida yotgan mushaklarga hamda ko'krakning tashqi tomonida yotgan mushaklarga boradi. Yolg'on qobirg'alar umurtqasidan boshlangan asablar qobirg'a orasida yotgan mushaklarga va qorin mushaklariga boradilar. Bu asablarning tarmoqlari bilan birlikda harakatli va harakatsiz qon tomirlari ketib, ular asablar o'tgan o'rinlar bo'ylab, orqa miyagacha boradilar.
Bel asablari shunday umumiy [xususiyatlarga] egadirlarki, ularning bir qismi umurtqa ustuni mushaklariga ketadi, bir qismi esa qorin mushaklariga va umurtqa ustuniga yoyilgan mushaklarga ketadi. Lekin yuqoridagi uch asab bosh miyadan tushgan asablar bilan aralashib, shu bilan qolganlardan farq qiladi. Pastki ikki juft esa, u oyoq tomonga katta tarmoqlar yuboradi; shu bilan birga ularga, uchinchi juftdan chiqqan tarmoqlar va dumg'aza suyagi asabining boshidan chiqqan tarmoqlar aralashadilar. Biroq, bu ikki tarmoq son-yonbosh bo'g'inidan nariga o'tmay, uning mushaklarida tarmoqlanadi; boshqa asablar esa, undan o'tib, boldirlargacha boradi.
Ikki son va oyoqlardagi asablarning qo'l asablaridan farqi shu yerdaki, ular hammasi bir joyda to'planmaydilar, balki ichkariga chuqur kirgan xolda og'adilar, chunki yelka suyagining kurak suyagiga tutashishi son suyagining yonbosh suyagiga tutatishiga o'xshamaydi va hamda yelka suyagining o'z asablari chiqqan yerlariga tutashishi son suyagining o'z asablari chiqqan yerga tutashishiga o'xshamaydi. Bu asablar boldir tomoniga har xil yo'llar bilan ketadilar; ba'zilari ichdan ketadi, ba'zilari yuzadan ketadi, ba'zilari esa mushaklar ostiga bikinib, chuqur kiradilar. Qov suyagidan chiqadigan asablar uchun tananing orqa tomonidan oyoqlariga yo'l bo'lmaganligidan va, shuningdek, sonlarning ichki tomonidan, ulardagi mushak va tomirlar ko'pligidan, oyoq mushaklariga tegishli asablarning bir qismi moyaklarga tushuvchi urug' yo'liga qaratib yo'naltirilgan. Ular qov mushaklariga qarab yuradilar, keyin tizza mushaklariga tushadilar.
Dumg'aza asablarining birinchi jufti, aytishlaricha, bel [asablari] bilan qo'shiladi. Boshqa juftlar va dum suyagi uchidan boshlangan yolg'iz [asab] orqa teshik mushaklarida va olatning o'zida hamda qovuq va bachadon mushaklarida, qorin pardasida, qov suyagining ichki bo'laklarida va dumg'aza suyagidan chiqqan mushaklarda bo'linib ketadilar.