Arteriyalar kishi gavdasi oʻtxonasin yoqadi,
Venalari aʼzolarni jigar oshxonasida boqadi
Kovak vena va uning yuqoriga ko'tariluvchi qismining anatomiyasi haqida
Kovak venaga kelsak, uning tagi avval "qopqa" venasi tarmoqchalaridan oziq olish uchun , qillarga o'xshab, jigarning o'zida bo'laklarga bo'linib ketadi. Bu bo'laklar ham o'z navbatlarida yana qilchalarga bo'linib ketadilar.
Kovak venaning tarmoqlariga kelsak, ular jigarning do'mboq qismidan ichkariga, "qopqa" venalarning tarmoqlari esa jigarning botiq qismidan ichkariga qarab ketadi. Songra, venaning tanasi do'mboq qismi yonidan chiqadi va ikki qismga ajraladi: yuqoriga ko'tariluvchi qism va tuban tushuvchi qism.
Yuqoriga ko'tariluvchi qismga kelsak, u ko'krak-qorin tosig'ini yorib o'tib, shu yerda tarqalib ketuvchi va unga oziqli moddalar beruvchi ikki tomir qoldiradi.
So'ngra, [yuqoriga ko'tariluvchi qismi] yurak xaltachasi to'g'risiga kelib, unga ko'p tarmoqlar yuboradi. Ular xaltachada tuklar kabi mayda tarmoqlarga ajraladilar va uni oziqlantiradilar. So'ngra, [ko'tariluvchi qism] ikki qismga bo'linadi. Uning bir qismi - kattasi - yurakka keladi va yurakning o'ng qulog'i oldida ichkariga o'tadi. Bu tomir yurak tomirlarining eng kattasidir. Boshqa tomirlarga qaraganda uning kattaligining sababi shundaki, boshqa tomirlar havoni tortishga xizmat qiladilar. Bu esa oziqli moddalarni tortishga xizmat qiladi. Oziqli moddalar havoga qaraganda g'aliz [quyuq] bo'lib, ular uchun o'tish yo'lining kengroq bo'lishi va tomirning katta bo'lishi zarurdir.
Bu [vena] yurakka kirish bilan yurak uchun uchta pardali qapqoq xosil qiladi. Yurak tortganda bu venadan oziq moddalarni olsin va yurak [yana] kengayganda u [modda] orqaga qaytmasin uchun bu qopqoq pardalari tashqaridan ichkariga qaratilgandir (Abu Ali ibn Sino bu klapanni yurakning o'ng bo'lmachasi bilan ong qorinchasi o'rtasidagi uch tabaqali klapan demasdan, yurak kovak venasi desa ham, bu klapanning funktsiyasini to'g'ri tushungan), yurakning bu pardalari eng qattiq pardalardir. Bu vena, yurakka kirganda, uchta tomir qoldiradi. Bitta tomir o'pkaga boradi. U arteriyaning o'sgan yeridan tushgan xolda so'l [arteriyaning] yaqinidan boshlanadi va ong bo'shliqda o'pkaga buriladi. [Bu vena], xuddi arteriyadek, ikki pardali tuzilgandir. Ana shuning uchun u "arteriya sifatli vena" deb ataladi. Buning birinchi foydasi shundaki, [arterial venadan] sizilayotgan qon o'ta ketgan darajada suyuq va o'pka moddasiga o'xshashdir, chunki bu qon yaqindagina yurakda bo'lib, vena sifatli arteriyaga quyilish uchun yurakda kerak miqdorda yetilmagandir. Ikkinchi foydasi shundaki, qon [bu tomirda] juda yaxshi yetiladi.
Bu uch tomirdan ikkinchisiga kelsak, u yurak atrofidan aylanib, uni oziqlantirish uchun, uning ichiga taraladi. Bu kovak vena yurak ichiga o'ng qulog'idan botib kirganida voqe bo'ladi.
Uchinchi tomir, ayniqsa, odamlarda so'l tarafga buriladi; so'ngra, ko'krakning beshinchi [umurtqasi] tomoniga yo'naladi va unga suyanadi hamda sakkizta pastki qobirg'alarga, ularga yaqin turuvchi mushaklarga va boshqa a'zolarga tarqaladi.
Kovak vena [yuqorida aytilgan] uch tomirga bo'lingandan keyin yuqoriga ko'tarilib, yurak tomoniga o'tganda, undan ko'krak qafasini ikkiga bo'luvchi pardalar yuqorisida, qobiq yuqorisida va tut deb atalgan yumshoq go'shtlarda baxmalsimon tarmoqlarga ajraladi. So'ngra, o'mrov suyagining yaqinida, undan shu suyakka qarab qiyshayib boruvchi ikki tarmoq yo'naladi. Ular qanchalik chuqurlashganlari sari bir-birlaridan shunchalik uzoqlashadilar. Bu tarmoqlardan har biri ikki tarmoqchaga aylanadi. Ular o'ng va so'l tomondan to'sh suyagi ustiga tushadilar va xanjarsimon [o'simtalargacha] borib yetadilar.
[Bu vena] o'z yo'lida tarmoqlar qoldiradi. [U tarmoqlar] qobirg'alar orasidagi mushaklarga boradilar. Bu [tarmoqlarning] teshiklari shu mushaklardan taralgan tomirlarning teshiklariga yo'liqadilar. Bu tarmoqlardan bir to'dasi ko'krakdan boshlanadigan mushaklarga yo'naladi.
[Bu venalar] xanjarsimon [o'siqqa] yetganlarida, ularning bir to'dasi kurak suyagini harakatga keltiruvchi to'da mushaklarga yo'nalib, shu yerda tarqaladi va [boshqa] to'dasi esa to'g'ri mushaklar ostiga tushadi va bu mushaklarda tarqaladi. Ularning oxirlari dumg'aza venalarining yuqori ko'tariluvchi bo'laklariga tutashadi. Bu to'g'rida biz yaqinda gapiramiz.
Ulardan har birining qolgan juftiga kelsak, harbir toqasi bechtadan tarmoq qoldiradi. Bir tarmoq ko'krakka taralib, to'rtta yuqori qobirg'ani oziqlantiradi. [Ikkinchi] tarmoq kurak suyagi atrofini oziqlantiradi. [Uchinchi] tarmoq yelka chuqurida yotuvchi mushaklarni oziqlantirish uchun, ular tomoniga keladi. [To'rtinchi] tarmoq bo'yinning oltita yuqori umurtqasi teshiklari orqali o'tib, boshga qarab yo'naladi. [Beshinchi] tarmoq yuqoridagilarning eng kattasi bo'lib, har tarafdan qo'ltiq ostigacha keladi va undan to'rt tarmoqcha chiqadi. Ulardan birinchisi to'sh ustidagi mushaklarga tarqaladi. Bu mushaklar kurak suyagi bo'g'inini harakatga keltiruvchi mushaklardandir, ikkinchisi esa kovak go'shtlarga va qo'ltiq ostidagi pardalarga taraladi. Uchinchisi ko'krak yonidan o'tib, pastga, qorin devorlariga tushadi.To'rtinchi [tarmoq] eng kattasi bo'lib, u uch bo'lakka bo'linadi. Bir bo'lagi kurak suyagining botiq qismida joylashgan mushaklarda, ikkinchi bo'lak esa qo'ltiq ostida yotuvchi katta mushakda taraladi. Eng kattasi bo'lgan uchinchi bo'lak yelka suyagi orqali qo'lga o'tadi. Bu qo'ltiq venasi deb ataluvchi tomirdir. Ikki tarmoqlardan biri, shuncha ko'p qismlarga bo'lingan birinchi tarmoqlanishdan qolgan qism bo'yin tomon ko'tariladi; ko'p chuqurlashib ketmasdan oldin u ikkiga bo'linadi. Ulardan biri sirtqi bo'yin venasi va ikkinchisi esa chuqur bo'yin venasidir.
Sirtqi bo'yin venasi o'mrovdan ko'tarilishi bilanoq, ikki qismga bo'linadi. Ulardan biri, ajralish bilanoq, oldinga va chetga yo'naladi; ikkinchisi esa, avval oldinga yo'nalib, pastga buriladi, so'ngra yuqoriga ko'tariladi. Yana o'mrov ortiga kelib, keyin uni aylanib o'tadi. So'ngra u yuqoriga ko'tarilib, bo'yin ortidan boradi, nihoyat, birinchi qismga qo'shilib aralashadi. U ikkovidan sirtqi bo'yin venasi deb mashxur bo'lgan tomir paydo bo'ladi. Shu sirtqi vena birinchi qismga aralashmasdan burun, undan ikki juft ajraladi. Ulardan biri ko'ndalang ketadi. So'ngra, bu juftning [toqalari] ikki o'mrov suyaklari uchrashgan chuqur yerda bib-birlariga yo'liqishadilar. Ikkinchi [jufti] bo'yinning sirtida qiyshayib ketadi, uning tarmoqlari qaytib uchrashmaydi.
Bu ikki juftdan o'rgimchak ipiga o'xshash ko'z ilg'amaydigan tarmoqchalar ketadi; bu ikkinchi juftdan [anchagina] kattalikka ega bo'lgan uchta ko'zga ko'rinadigan vena ham tarqaladi. Qolganlari esa, ko'zga ko'rinmaydi.
Bu uch venadan biri kurakda cho'ziladi. Bu vena kurak venasi deb atalib, undan qifol (vena cephalica - qo'lning yelka qiwsmida tashqi tarafdan teri ostiga joylashgan) chiqadi. Qolgan ikki tarmog'i kurak venasining ikki yonidan chiqib, kurak suyagiga yopishgan xolda, uning boshigacha birgalashib boradi. Ulardan biri u yerda tutilib qoladi va kurak uchidan nariga o'tmasdan, shu yerda yoyiladi.
Oldinga o'tib ketuvchi ikkinchi venaga kelsak, u kurak uchini bosib o'tib, yelka suyagi boshigacha boradi va shu yerda taraladi. Kurak venasi esa, u ikki venaning yonidan o'tib, qo'l oxirigacha boradi. Shuni bil.
Sirtqi bo'yin venasiga kelsak, uning ikki toqasi bir-biri bilan qo'shilgandan keyin, ular ikkiga bo'linadi. Uning bir bo'lagi ichdan borib, o'zidan yuqori jag'da tarqaluvchi mayda tomirlarga va pastki jag'da tarqaluvchi ancha ko'p katta tarmoqlarga bolinadi. Har ikki tarmoqning qismlari til atrofiga va bu o'rinda joylashgan mushak qismlarining tashqi tomoniga yoyiladi. Boshqa qismi esa, sirtdan kelib, boshga va ikki quloqqa yaqin turadigan joylarga taraladi.
Chuqur venaga kelsak, u qizilo'ngachga hamroh bo'lib, u bilan birga to'g'ri yuqoriga ko'tariladi. U o'z yo'lida sirtqi bo'yin venasidan keluvchi tarmoqlar bilan aralashadigan tarmoqchalar qoldiradi. Bu tarmoqchalarning hammasi qizil o'ngachda, xiqildoqda va chuqur yotuvchi mushaklarning hamma qismlarida taraladilar. Ularning oxirlari "lom" shaklli chokning tamom bo'lgan joyigacha yetib boradi. U yerda undan sakkiz tarmoq chiqib, ular birinchi va ikkinchi umurtqalar o'rtasida joylashgan a'zolarga tarqaladilar. Shuningdek, [ulardan] bosh bilan bo'yin ulangan yerga qil tomiri keladi. [Bu chuqur venadan] bosh suyagini o'rovchi pardalarga yana ikki tarmoqcha keladi. Ular ikki bosh suyagining ulangan yerigacha keladilar va bosh suyagi ichiga botadilar.
[Bulardan] qolgan qismi yuqorida aytilgan tarmoqlarni yuborgandan keyin "lom" shaklli chokning oxirida bosh suyagining ichiga o'tadi. Undan miyaning ikki qobig'ini oziqlantirish uchun va qattiq pardani uning atrofidagi va ustidagi narsalar bilan bog'lash uchun tarmoqlar ajraladi. So'ngra, [bu vena] oldinga chiqadi va miya suyagining qoplovchi pardasini oziqlantiradi. So'ngra, yupqa pardadan miyaga tushib, xuddi arteriya taralgandek, u yerda taraladi.
Bu venalarning hammasini zich [qalin] parda qatlami o'rab olib, ularni keng o'ringa yetkazadi. U o'rin qon quyiladigan va qon to'planib, ikki qatlam orasida tarqaladigan o'rindir. Bu joy "siqib chiqaruvchi joy" deb ataladi. Bu tarmoqlar miyaning o'rta qorinchasiga yaqinlashganda, ularga "siqib chiqaruvchi joy"dan qonni so'rishga qobiliyatli katta tomirlarga aylanish zarur bo'ladi. So'ngra, [bu venalar] o'rta qorinchadan ikki oldingi qorinchalarga cho'ziladilar. U yerda ular yuqoriga ko'tariluvchi arteriyalar bilan uchrashadilar va "baxmalsimon to'r" deb atalgan parda xosil qiladilar.