Lunj, lab va burun mushaklari

Ibn Sino, Ergashaka 2025-06-05 06:14


Lunj, lab [dudoq] va burun mushaklari anatomiyalari haqida


Lunjning ikki turli harakati bor. Biri pastki jaf'ning harakatiga tobe' harakat, ikkinchisi labning ishtiroki bilan bo'ladigan harakat. Boshqa a'zoga tobe' bo'lgan harakatning sababi, u a'zoning mushagidir. Lunjning boshqa a'zo bilan birga bo'lgan harakatiga lunj bilan boshqa a'zoga umumiy bo'lgan mushaklar yordam beradi. Bunday mushaklar har qaysi lunj yuzida bitta bo'lib, kengdir va u mushak lunj ismi bilan mashhurdir. Bu ikkala lunjning har bir mushagi to'rt qismdan tuziladi. Chunki bularga keladigan tolalar to'rt yerdan keladilar. Birining chiqadigan joyi o'mrov bo'lib, uning oxirlari ikki lab taraflarining pastigacha tutashadi. Bu og'izni qiyshaytirib pastga tortadi. Ikkinchi tolaning chiqadigan joyi to'sh va o'mrov suyaklari bo'lib, tolalar ikki tarafdan qiyshiq bo'lib keladilar. O'ngdan o'sib chiqqanlari so'ldan o'sib chiqqanlari bilan kesishib o'tib ketadilar. O'ngdan o'sib chiqqan mushak tolalari labning so'l tomonidan past qismiga tutashadi. So'lda o'sib chiqqan musgak tolalari - oldingining aksicha bo'ladi. Bu mushak tolalari qisqargan vaqtda og'izni burma xaltaning og'zidek toraytiradi va uni chochchaytiradi. Uchinchi tolaning chiqadigan yeri kurak suyagining tumshuqsimon o'sig'idir. Bu yuqorida aytilgan mushaklar yopishgan [joyning] tepasiga tutashadi va labni har ikki tomonga bir xilda moyil qiladi.

To'rtinchi qismning tolalari umurtqa ustunining bo'yin qismidagi umurtqalarning o'tkir o'siqlaridan boshlanadi. Bu tolalar quloqlarning to'g'risidan o'tib, lunj bo'laklari bilan tutashadi va uni harakatga keltiradi. Bu harakatga lab tobe' bo'ladi. Ko'pincha ba'zi odamlarda bu tolalar quloq tagiga juda yaqin bo'lib, quloqlarga tutashadi va ularni harakatga keltiradi.
Labga kelsak, yuqorida aytganimizdek, labda ham lunjga umumiy bo'lgan mushaklar va labning o'ziga xos bo'lgan mushaklar bor.

Labning o'ziga xos mushaklari to'rttadir. Bundan bir jufti labga yuqoridan yonoq suyagidan kelib, lab chegarasi yaqiniga tutashadi, ikkitasi esa ostdan keladi. Yolg'iz bir labni harakatga keltirishda su to'rt mushakning o'zi yetarlidir. Chunki bulardan har biri harakatga kelganda, labni og'izning o'sha qismiga tomon harakatlantiradi. Agar ikki mushak ikki tomondan harakatga kelsa, lab ular tomon yozilib, harakatlari to'rt tomonga ham tugal bo'ladi. Labning bulardan boshqa harakati bo'lmasdan to'rt [mushakning] bergan harakati yetarlidir.

Bu tort mushak va lunj bilan umumiy bo'lgan muchak uchlari lab tanasi bilan shu qadar aralashib ketganlarki, sezgi uni labning xususiy moddalaridan ajrata olmaydi. Chunki lab yumshoq va go'shtli a'zo bo'lib, unda suyak yo'qdir.

Burun cheti qanotlariga kelsak, ularga ikkita kichkina va kuchli mushaklar yopishadilar. Boshqa ko'proq kerak bo'ladigan mushaklar siqilib qolmasligi uchun bu mushaklar kichkina bo'lganlar. Cunki lab va lunjning harakatlari ko'p bolib, tez-tez qaytarilib turadi va davomli bo'ladi. Shuning uchun ularga ehtiyoj burun qanotlari harakatlariga bo'lgan ehtiyojga qaraganda ko'proq bo'ladi.

Bu ikki mushak suyaksiz bo'lgani jihatidan kelgan kamchiliklarning o'rinlarini to'ldirish uchun kuchli tuzilganlar. Bu mushaklar yonoqdan kelib, avval yonoq mushagi tarafidan keluvchi tolalar bilan aralashadilar. Ularning yonoq tomonidan kelishlarining sababi, burun qanotlari mushagini o'sha tomonga harakat qildirish uchundir.