Murakkab kasalliklar

Ibn Sino, Ergashaka 2026-02-11 01:17

Murakkab kasalliklar haqida


Murakkab kasalliklar haqida ham umumiy so‘z yuritib, aytamiz: biz, murakkab kasalliklardan jam bo‘lib qolgan har qanday kasalliklarni tushunmaymiz; balki to‘planganlarida ularning yig‘indisidan bir kasallik paydo bo‘ladiganini tushunamiz. Bu [murakkab kasallik] ning misoli shishdir. Toshmalar ham shish jinsidandir; chunki bu toshmalar kichkina-kichkina shishlardan iborat, shishlar esa toshmalarning kattasidir.

Shishda hamma kasalliklarning jinslari topiladi; shuning uchun shishda mizoj buzilishidan paydo bo‘ladigan kasalliklar ham topiladi; chunki modda xosil qilish bilan yomon mizoj vujudga keltirmagan shish yo‘qdir. Shishda shakl va tarkib kasalligi ham topiladi; chunki shakl va miqdorni buzmaydigan shish yo‘qdir. Ba'zan shishda qo‘yilish [vaziyat] kasalliklari ham bo‘ladi. Bunda shishda hamkor a'zolarning kasalliklari ham topiladi, u uzluksizlikning buzilishidir, chunki uzluksizlikning buzilishi bo‘lmagan hech shish yo‘qdir. Ortiqcha moddalar shish paydo bo‘ladigan a'zoga tushib, uning bo‘laklarini bir-birlaridan ajratgani xolda, o‘ziga o‘rin olsa, albatta uzluksizlikning buzilishi bo‘ladi.

Shish yumshoq a'zolarda paydo bo‘ladi. Ba'zan suyaklarda ham shishga o‘xshash narsa paydo bo‘lib, suyakning hajmi kattalashadi va rutubati ortib ketadi. Oziq olib kattalashishni qabul qiluvchi a'zo [suyak] o‘ziga kirgan yoki o‘zida paydo bo‘lgan chiqindini qabul qilib shishuvi ajablanarli emas.

Har qanday shishda ko‘rinarli sabab yo‘q, uning jismoniy sababi moddaning biror a'zodan pastki a'zoga o‘tishidir; buni nazla deb ataydilar.

Ba'zan shish va toshmalarni tug‘diradigan moddiy sabab kayfiyatlarida zarar bermaydigan boshqa xiltlar tagida qolib ketadi.

Yaxshi xiltlar biror yo‘l bilan bo‘shatilsalar, bu yomon xiltlar yolg‘iz xolis bo‘lib qoladilar. Bu xil bo‘shatilish, tug‘ish vaqtida xotinlardagi kabi tabiiy bo‘lishi ham mumkin va toza qonni oqizadigan jarohatdagi kabi g‘ayritabiiy ham bo‘lishi mumkin. Mana bulardan [yomon xiltlardan] odam tabiati aziyat chekib, ularni haydab chiqaradi. Ko‘pincha bu xiltlarni haydash teri tomoniga bo‘ladi, mana shulardan shish va toshmalar paydo bo‘ladi. Shishlar turli belgilar bilan ajraladilar. Lekin bulardan eng e'tiborlilari sababga qarab bo‘ladigan, ya'ni shish paydo bo‘ladigan moddadan xosil bo‘ladiganidir.

Shishga sabab bo‘ladigan moddalar oltitadir: to‘rt xil xilt, suvli va elli. Shish issiq bo‘lishi yoki issiq bo‘lmasligi mumkin. Issiq shish yolg‘iz qondan yoki safrodan paydo bo‘ladi deb o‘ylab bo‘lmaydi; u o‘z javhari issiq bo‘lgan yoki chirish natijasida issiqlik paydo bo‘lgan har bir moddadan xosil bo‘ladi. Shishlarning navlari yana modda navlarining bo‘linishiga qarab ham bo‘linadi. Lekin bu to‘g‘rida shish turlarini qarab chiqishda gapirish yaxshiroqdir. Tabiblarning odatlari shishlar yolg‘iz qondan bo‘lganlarini flegmona deb, yolg‘iz safrodan bo‘lganini otashak deb atash, qon va safrodan bo‘lganini ikkovining ismlaridan murakkab bir ism bilan atashdir; yana qaysi biri g‘olib bo‘lsa, o‘shaning ismini oldinga qo‘yib aytish odatlari bo‘lgan. Masalan, bir marta "flegmonali otashak" va bir marta "otashakli flegmona" deydigan bo‘lganlar; yiring yiqqanda esa chiqiq [xuroj] deganlar. Agar chiqiq yumshoq go‘shtlar - etlarda, bezlarda, qo‘ltiq tagida, quloq orqalarida va chovda bo‘lgan yomon sifatli shishlar jinsiga kirsa, - bu haqda o‘z joyida gapiramiz, - maun deb ataladi.

Issiq shishlarga kelsak, ularning boshlanish davrlari bor; bunda xilt kelib, hajm yuzaga chiqadi; so‘ngra xilt ortadi va shuning bilan yana hajm ham ortadi, bo‘laklari cho‘ziladi, hajm oxiriga yetib to‘xtaydi; so‘ng pasaya boshlaydi; keyin pishib tarqaladi yoki yiringlaydi. Shish tarqalib yo‘qolish, yiring yig‘ish yoki qattiqlashish bilan tugaydi.

Issiq bo‘lmagan shishlarga kelsak, ular yo savdo moddasidan yo suvli moddadan yoki yelli moddadan paydo bo‘ladi.

Savdodan paydo bo‘lgan (ko‘pi yomon sifatli) shish uch jinsdan iborat bo‘ladi:

1. Qattiqlik [serroz] jinsi 2. Saraton [rak] jinsi - bular ko‘proq kuz fasli paydo bo‘ladi 3. Bezlar jinsi, tepki va o‘smalar kabi shishlar shu jinsga kiradi.

Bez jinslari bilan u boshqa ikki jins orasida farq shuki, bez jinslari sof bezlar kabi o‘zlarini o‘ragan a'zodan ayrim o‘sadilar yoki tepki kabi u a'zolarga tashqaridan yopishgan bo‘ladilar. Boshqa jins shishlar esa o‘zlari o‘sgan a'zoning moddasiga aralashib, bir-birlariga kirishib ketgan bo‘ladilar.

Saraton va qattiqlik jinslari o‘rtasida farq shuki, qattiqlik harakatsiz va sezgini yo‘qatuvchi shish bo‘lib, unda og‘riq beruvchi sezgi bo‘lmaydi. Saraton esa harakat qiluvchi, ko‘payuvchi-- ortuvchi, tarqaluvchi, og‘rituvchidir. Saratonning a'zolarga o‘tuvchi tomiri bo‘ladi, lekin uzoq vaqt o‘tguncha aziyat. paydo bo‘lmaydi, ammo eskirgach a'zo o‘ladi.

Savdoviy qattiq shishlar ba'zan paydo bo‘lishlaridan boshlab qattiq bo‘lib, keyin qattiqligi osha boradi, ayniqsa qonli shishlar shunaqa bo‘ladi. Bu xolat ayrim shilliqli shishlarda ham bo‘ladi.

Bezli shishlar va o‘smalar, bularga o‘xshagan asab koptokchalaridan shu bilan ajraladilarki, asab koptokchalari o‘z o‘rinlariga qattiq joylashadilar va ushlab ko‘rilganda asabdan tarkib topganligi anglashiladi. Agar ularni ajratmoq maqsadida bosilsa, yana to‘planadilar. Agar ularni kuchli dori bilan uqalamasdan ajratilsa, qaytadan tiklanmaydilar. Ko‘pincha bunaqa koptokchalar charchashlikdan xosil bo‘ladi va ular qo‘rg‘oshin va uning jinsidan bo‘lgan og‘ir narsalar bilan yo‘qotiladi.

Balg‘am moddasidan bo‘lgan shishlar jinsiga kelsak, bular ikki navga bo‘linadi; g‘ovak shish va yumshoq o‘sma; bular bir-birlaridan quyidagicha ayriladilar: yumshoq o‘smalar xaltachalarida ajralib turadilar; g‘ovak shishlar esa ajralmasdan, a'zoga aralashib o‘sadilar; qishdagi shishlarning ko‘pchiligi shilliqli bo‘ladi, xatto issiq mizojlilari ham oq tusda bo‘ladilar. Bilginki, shilliqli shishlar shilliqning quyuqligi, yumshoqligi va suyuqligi bilan ayiriladilar; xatto ular ba'zan savdoviy shishga, ba'zan el moddasidan bo‘lgan shishga o‘xshaydilar. Ko‘pincha nazlalardagi suyuq balg'am asab tolalari oraliqlariga oqib tushadi. Ular xatto bundan pastroqqa, xiqildoq mushaklarigacha va bundan tubanroqqa ham tushadilar.

Suvli moddadan bo‘lgan shishga kelsak, bular istisqo va suvli dabbaga o‘xshaydi. Bosh suyagida paydo bo‘ladigan suvli shishlar ham shunga o‘xshash.

El moddadan bo‘lgan shishlar ham ikki navga bo‘linadi: birinchisi bod qo‘zg‘olishi - kerikish - tahayyuj, ikkinchisi - ko‘pchish. Kerikish bilan ko‘pchish orasida farq ikki jihatdan bo‘ladi: birinchi jihati tartibi bilan, ikkinchi tomoni ichiga kirib aralashish. Buning bayoni shuki, kerikishda el a'zo moddasiga aralashadi, ko'pchishda esa, aralashmaydi, bir joyda to‘planadi - el et bilan terini itaradi. Kerikishdagi shish ushlasa yumshaydi, ko‘pchigan shishni ushlasa biroz qarshilik qiladi.

Shishlar turi qancha bo‘lsa, toshmalar turi ham shuncha ko‘p. Toshmalar ba'zilari chechak kabi qonli, ba'zilari eshakem kabi safroviy, tariqsimonlari ham safroli; qizamiq, uchuq, muxsimon toshma, qo‘tir, so‘gallar qon aralash safrodan, qoralari savdodan bo‘ladilar. Qavarchiq toshmalar suvlidir va ba'zilari pufakka o‘xshab elli - havolidirlar.

Bundan ortig‘i to‘rtinchi kitobimizda.