Asablar, mushaklar, paylar va boyloqlar haqida umumiy soʻz
Biz aytamiz: a'zolarning erkin [ixtiyoriy] harakati miyadan asablar orqali kelgan quvvatlar bilan tugallanadi. Suyaklar qattiq va asablar mayin va ingichka bo'lganlaridan, asablarning suyaklarga tutashishi yaxshi bo'lmaydi. Suyaklar haqiqatda ixtiyoriy harakat qiluvchi a'zolarga tayanchdirlar. Shuning uchun ulug' Alloh lutf qilib, suyakdan asabga o'xshash bir narsa o'stirdi. Uni pay va boyloq dedilar. So'ngra uni asab bilan bir butun qilib eshdi. Asab va boyloqlarning tutashib qo'shiluvidan xosil bo'lgan jismlar har xolda ingichka bo'lganlar, chunki asablar a'zolarning hammasiga yetganlari xolda, o'sgan yerlaridagi hajmlariga nisbatan uncha yo'g'on bo'lmagan. [Balki] bu jismlar yo'g'onlikda bosh miya va orqa miya moddalari, boshning hajmi va asablarning chiqadigan joylari kengligiga munosib bo'lganlar.
Agar asablarning bu kichik hajmlariga qaramasdan turib, ularga butun a'zolarning harakatga keltirish ishi yuklansa, ochiq zarar bo'lardi. Bu xol, ayniqsa, asablarning bo'linish, taralish, a'zolarga tarmoqlanish o'rinlarida va ayrim a'zoga tegishli qismiga qaraganda ancha ingichkalashgan yerida, [asablarning] boshlanish va o'sib chiqish yerlaridan uzoqlashgan joylarida ravshan ko'rinadi. Shuning uchun ulug' Alloh, o'z hikmati bilan tadbir ko'rsatdi, ya'ni unga boyloq tutashgan jismni tola-tola qilib titish, oralarini go'shtga to'ldirish, ustiga parda tutish va [nihoyat] asab moddasidan o'rtasiga o'qqa o'xshash bir tayanch o'rnatish bilan yog'onlik berdi. Bularning hammasi birga qo'shilgan xolda a'zo deb ataladiki, u asab, pay va boyloq, ikkovining tolalari, oraliqni to'ldiruvchi go'shtlar, o'rovchi pardalardan iboratdir. Mana shuning o'zi - mushakdir. Qachon mushak yig'ilsa [siqilsa], boyloqqa tutashgan payni va o'zidan a'zo tomon o'tgan asabni tortadi. Natijada tirishish xosil bo'ladi, so'ngra a'zoni tortadi. Qachon mushak yozilsa, pay bo'shashadi va asab uzoqlashadi.