Og'riqli dardlardan - davolash

Ergashaka 2025-04-03 22:08

MUSHAK, TAYANCH SISTEMASI

Mushak va tayanch sistemasi kasalliklari, poliartrit, bod kasalliklari, niqris, irqunnaso, osteoxondroz kasalliklarini sharqona usulda tashxislash va davolash

Orqa og’riqi mushaklarda, umurtqalarni o`ragan ichki va tashqi
boyloqlarda bo`ladi. Qanday bo`lsa ham, u mizojning sovushidan, xom
balg’amdan, ko`p charchashdan va ko`p jinsiy aloqadan bo`ladi. Goho
bukrilik sabablaridan bo`ladi, agar hali bukrilik mustahkamlanmagan
bo`lsa yoki ba`zi ichki a`zolarning ishtiroki bilan bo`ladi. Masalan,
buyrak kuchsizlashganda va oriqlaganda hamda umurtqaga joylashgan
katta tomir ko`p to`lganda bel og’riydi. Yoki o`pka nayida shish va
chiqiq chiqqanda ham shunday og’riq bo`ladi, biroq og’riq orqaning
o`rtasida bo`ladi. Og’riq goho bachadon ishtiroki bilan ham bo`ladi
masalan, hayz qoni tushishga yaqinlashganda yo "bachadon
bo`g’ilishi"da tug’ish oldida shunday bo`ladi. Orqa og’rig’i ba`zan
buhron belgilaridan biri bo`ladi.
Belgilar. Sovuqdan va xom shilliqdan bo`lgan orqa og’rig’ining
belgisi shuki, ko`pincha, uni yurish va badantarbiya qilish bosadi, uning
boshlanishi oz-ozdan bo`ladi, ba`zan unda sovuq seziladi. Charchashdan,
og’ir narsa ko`tarish va shuning kabi narsalardan, hamda jinsiy aloqadan
bo`lgan orqa og’rig’ini shu sabablardan birortasining oldinda bo`lganligi
ko`rsatadi. Buyrakdan bo`lgan orqa og’rig’i belning pastida bo`ladi, bu
bilan birga jinsiy aloqa kuchsizlashadi va buyrak kuchsizligining ma`lum
sabablaridan biri mavjud bo`ladi. Orqa og’rig’ining sodda harorat sababli
ekanligi yallig’lanish, yengillik, achishish va lo`qillamaslikdan bilinadi.
Tomir to`lishidan bo`lgan orqa og’rig’i harorat, yallig’lanish, lo`qillash,
badan to`liqligi bilan birga og’riqning butun orqaga yoyilishi ko`rsatadi.
Bukrilik sabablaridan bo`lgan orqa og’rig’iga bukrilik bobida aytgan
narsalarimiz dalil bo`ladi. Orqa og’riqlari bukilishga yoki tikkayib
qolishga majbur qiladi. Bukilishga majbur qiluvchi og’riqlar - bukrilik
sabablaridan bo`lgan tirishtiruvchi qattiq shish yoki boshqa narsa sababli
kelib chiqqan og’riqlardir.


Tikkayib qolishga majbur qiluvchi og’riqlar shunday og’riqlardirki,
bunda nafsning mushaklarni og’riq beruvchi bukilish va siqilishdan
saqlashga intilishiga xilof bo`lmagan holatni egallashga majbur
bo`linadi. Agar ho’l og’riq yetgan joyni paypaslab topsa, uning sababi
sirtqi mushakda bo`ladi, topmasa, sabab ichki mushakda bo`ladi.
Davolash. Bunda quyida aytadiganimiz, bo’g’in og’riqlarini davolash
usullari hamda bukrilik va umurtqadagi yellarni davolash choralariga
murojaat qilish lozim, chunki bunda yo`l bittadir. Sovuqdan bo`lgan orqa
og’rig’ini, u sovuqdan bo`lganidan, o`tgan boblarda aytilgan ichiladigan,
qo`yib bog’lanadigan va ishqalanadigan narsalar bilan davolash kerak,
bunda xom balg’am bo`lganidan, uni Abu Jahl tarvuzining etidan
qilingan iyoraj va "sassiq xab" kabilar bilan bo`shatiladi. Charchash va
shuning kabilardan bo`lgan orqa og’rig’ini yaxshi oziq, ishqalanadigan
mo`tadil dorilar va iliq yog’lar bilan davolanadi. Jinsiy aloqadan bo`lgan
orqa og’rig’ini esa jinsiy aloqa zaifligini davolash orqali davolanadi.
Buyrak sababli bo`lgan orqa og’rig’i buyrak kuchsizligini davolash
bilan davolanadi. Katta tomirlarning to`lishidan bo`lgan orqa og’rig’ini
davolash uchun bosliqdan qon olinadi, tizza osti tomiridan qon olish
ham davo bo`ladi. Bu og’riqni darhol bosadi, ayniqsa uning ketidan qizil
gul yog’i va shu kabi narsalar ishqalansa, shunday bo`ladi, bukrilik
sababidan bo`lgan orqa og’rig’ining davosi bukrilik davosi kabidir.
Orqa og’rig’ining ko`pchiligi umurtqa mizojining sovuqligidan yoki
buyrak kuchsizligidan bo`lganligidan davolanishning ham ko`pchiligi
shu ikki a`zoga qaratilgan bo`lishi kerak. Buyrakni davolash haqida
to`la gapirdik, shuningdek umurtqani qizdirish to`g’risida ham bukrilik
bobida yetarli aytganmiz; lekin sovuqdan bo`lgan orqa og’rig’iga xos
davolardan biri farfiyun yog’ini tanho holda ishlatishdir; unga qarshi
ichiladigan va sinalgan narsalar to`rt doridan tayyorlanadigan taryoq
yoki petrushka suvi bilan kanakunjut yog’idir. Yana qora no`xat ivitmasi
igir, to`rt dirham sariyog’ va bir dirham asal bilan o`n to`rt kun iste`mol
qilinadi. Morcho`bani uzoq vaqt yeb yurish ham juda foydalidir. Shu
og’riqga uchragan sovuq mizojlilar uchun surgi "sassiq xab"dir.
Bog’lanadigan narsalarga kelsak, shuni aytish kerakki, sambitgul
bog’lash eskirgan orqa og’rig’ini tuzatadi. Govshir, muql, kavrak yelimi,
eron kavragi, qunduz qiri, farfiyun kabilarning tanho o`zini yoki dafna

yog’i, dafna urug’i, gazago`t yog’i, gazago`t urug’i, may`a yog’i va
kanakunjut yog’i bilan qo`shib bog’lash ham juda foydalidir.
Ishqalanadiganlardan farfiyun va qust yog’laridir. Gulsafsar yog’ining
ajoyib xosiyati bor; yaxshisi oldin orqani qizdirish, dag’al latta bilan
ishqalash, keyin shu yerga surtishdir
.
Biqin og’rig’i.
Bu orqa og’rig’iga yaqin bo`lib, ko`pincha, boddan va balg’amdan
bo`ladi. Uni davolash ham orqa og’rig’ini davolashga yaqindir. Bunga
xos davolardan biri quyidagi tarkibdir: sariq yo`ng’ichqa, indov urug’i,
petrushka urug’i, juvona va zanjabil va dorchindan barobar bo`laklar va
shularning hammasini eron kavragidan olib, bo`lakchalar tayyorlab
iste`mol qilinadi. Agar bu og’riq shu a`zodagi yoki unga hamkor
a`zodagi shishdan bo`lsa ham u shunday davolanadi. Biqin og’rigi
kamdan-kam issiq mizojning moddasiz yoki moddali buzilishidan
bo`ladi; siydik va ichak a`zolarining hamkorligi bilan bo`ladigan bundan
mustasnodir. Buning belgilari va davosi ravshandir.
Bo`yin og’riqlari hamda podagra, irqunnaso va shunga
o`xshashlarda umumiy bo`ladigan narsalar
Bu kasalliklarda ta`sirlanuvchi sabab-kasallikni qabul qiluvchi a`zo
ta`sir ko`rsatuvchi sabab-mizojlar va yomon moddalar bo`ladi; qurolga
bog’liq bo`lgan sabab esa, tabiiy yo`llarning kengayishi bo`lib, bu
kengayish biron kasallikdan yoki yaratilishdan bo`ladi; yoki bu xil sabab
ma`lum bir harakat natijasida, yoki kasallik, yoki yaratilishdanoq
yupqalanib siyraklanishdan g’ayritabiiy yo`llarning vujudga kelishidan
iborat bo`ladi: masalan, bezlik etlar kabi. Keyin shu qismlarning har
biriga keng tafsil beriladi. Qabul qiluvchi a`zoning bu kasalliklarga
sabab bo`lishi yo mustahkam o`rnashgan mizoj buzilishi, ayniqsa sovuq
mizoj buzilishi sababli kuchsizlanishidan yoki mizojdan tashqari
boshdanoq kuchsiz yaratilganlikdan bo`ladi; yoki haroratning kuchlik
tortishidan bo`ladi,-ayniqsa bunga harakat yordam bersa,- tashqi
sabablardan bo`lgan og’riqlar ham shunday: bu qism mizoj sabab
bo`lgan qismdan uzoq bo`lmasa ham unga yaqin turadi. Yana, qabul
qiluvchi a`zoning bu kasalliklarga sabab bo`lishi uning boshqa a`zolar
tagiga, ya`ni moddalar tabiiy ravishda harakat qiladigan o`rniga

joylashishi tufayli bo`ladi, shuning uchun bu kasallik, ko`pincha, oyoq
va sonlarda bo`ladi.
Ta`sir ko`rsatuvchi sababga kelsak, bu gavdaning hammasida yoki
uning boshqaruvchi a`zolarida yallig’latuvchi, qotirib sovutuvchi yohud
burishtirib qurituvchi mizoj buzilishi bo`ladi, xususan yot rutubat
aralashganida shunday bo`ladi. Moddalar esa tanho qon yo balg’amli
qon, yo safroli qon, yo savdoviy qon bo`ladi; yoki modda tanho balg’am
bo`ladi,- balg’amning eng yomoni xomidir,- yoki tanho o`t safro, yoki
balg’am va o`tdan tarkib topgan xilt bo`ladi, yoki modda jinsidan bir
narsa yohud a`zo qismlariga kirishib ketgan yellar bo`ladi.
Moddiy sababning ko`pchiligi o`t aralash balg’amdan iborat
bo`ladi. Bundan keyingi o`rinda xom balg’am, keyin qon, so`ng safro va
kamdan-kam savdo bo`ladi. Bu sabab qismlari ba`zi bir o`tgan
sabablardan ham iborat bo`ladi. Nazlalar va tumovlar shu xil
sabablardandir. Qulanjni ichaklarni quvvatlantirish orqali davolash ham
shunday; bunda ichaklar odatdagi chiqindilarni haydab qabul qilmaydi,
natijada u chiqindilar qo`l-oyoqlarga tarqalib ketadi.
Bu og’riqlarga yana bu xil og’riqlarni paydo qiladigan xiltni
tug’diruvchi oziq moddalarni iste`mol qilish, hazmning kamligi,
harakatsizlik, tinch yotish, badantarbiyani qilmay qo`yish, ko`p jinsiy
aloqa, ketma-ket mast bo`lish, shuningdek hayz qoni, to’g’ri ichakdan
qon oqishi va boshqa xil odatdagi bo`shatilishlarning to`xtalib qolishi
hamda tomirdan qon oldirish va ichni surish kabi narsalarning
to`xtatilishi ham sabab bo`ladi. Yana to`lish ustiga badantarbiya va jinsiy
aloqa qilish, taom ustiga hammomga tushish, nahorga taomdan ilgari
ko`p sharob ichish ham shular jumlasidandir, chunki bu asabga zarar
etkazadi. Xom xiltlar badanda to`planib tabiiy yo`sinda va siydik orqali
bo`shatilmasa, yoki sun`iy ravishda chiqarilmasa va bo`g’imlar tomon
daf qilinsa, albatta, bo`g’im og’rig’ini keltirib chiqaradi, agar ular
tomirlarda qolib sasigan bo`lsa, isitmalarga olib boradi. Agar tabiat u
xiltni axlat yoki siydik bilan haydasa, siydik doimo suyuq emas, quyuq
va xom bo`ladi. Bu chog’da bu xil yomon holatdan kasalni saqlash
kerak, agar shunday qilinmasa, yuqorida biz aytgan kasalliklardan biri
yuz beradi. Agar bu xom moddalarga bo`g’imlarning mashaqqatga
soluvchi harakati, urilish yo yig’ilish yordam etsa, yoki quvvatlarning

sustlashuvi bo`g’imlarga xom moddani tortadigan achchiqlanish yoki
uyqusizlik bilan ortib ketsa, natijada moddalar chuqur sho`ng’ib, bo`g’im
og’riqlarini paydo qiladi. Bu xiltlarning ko`pchiligi ikkinchi va uchinchi
hazm chiqindilari .bo`ladi, bular qariyalar, eski kasalliklarga mubtalo
bo`lganlar va kasaldan yangi turib to`g’ri tadbir qo`llamaganlarda
ko`payadi. Bu to`g’ridir, chunki bularning yaxshi hazmga kuchlari
kelmaydi, ayniqsa yetarli darajada bo`shatish va xiltlarni haydash bilan
emas, to`xtatish bilan davolangan bo`lsalar shunday hol yuz beradi.
Og’riqning bo`g’imlarda ko`p bo`lishiga sabab shuki, bo`g’imlar
boshqa a`zolarga qaraganda ko`proq bo`shdir; ularning harakatlari
ko`proq, mizojlari kuchsizroq va sovuqroq bo`ladi; ularning qo`loyoqlarda joylashganligi ularni birinchi boshqaruvchidan uzoqlashtiradi.
Bo`g’im oralaridagi moddalar, ayniqsa ularning xomlari, ko`pincha,
toshga aylanadi va ganchga o`xshab qoladi. Bunday kishilarning
bo`g’imlaridan, ayniqsa barmoqlari orasidan et unib, barmoqlari
bo’g’iladi va burishib qoladi; ularda og’riq ba`zan kuchayib, ba`zan
to`xtaydi. Bunday hol, ko`pincha, issiq mizojli kishilarda bo`ladi; ularda
unib chiqadigan et, ko`pincha, qonli moddadan bo`ladi. Bo`g’im
og’riqlarining ko`pchiligida oldin podagra paydo bo`ladi. Bo`g’im
og’riqlari nasldan-naslga o`tadigan kasallardandir, chunki urug’ mizoji
o’sha mizojiga o`xshash bo`ladi.
Ko`pincha, bo`g’in og’riqlarini davolash, bo`g’imlarni kuchaytirish
va moddalarni undan daf qilish halokatga sabab bo`ladi. Chunki chiqindi
sifatida bo`g’inlarga borishga odat qilgan moddalar bunday davolashda
bosh a`zolarga qaytadi. Agar u chiqindilarni ikkinchi marta bo`g’imlarga
og’dirilmasa, ular kasalni xatarga tushiradilar.
Bo`g’in og’riqlari va podagraning paydo bo`lishi uchun eng qulay
vaqt bahordir. Chunki bu vaqtda qon va xiltlar harakatga keladi. Kuz
bundan ham yomon, chunki bu vaqtda xiltlar va hazm ishi yomonlashadi,
bundan oldin, ya`ni yozda badan teshiklari kengayadi, chunki bu vaqtda
kunduzlari issiq kuchayadi. Bo`g’im og’riqlari paydo bo`lishi bilan
tadbir qilinsa, ularni davolash oson bo`ladi. Agar ular o`rnashib odat
bo`lib qolsa, ayniqsa turli xiltlardan bo`lgani o`rnashib qolsa, davolab
bo`lmaydi. Agar bo`g’imlari og’riydigan va podagrasi bor kishilarda
vena kengayish kasalligi paydo bo`lsa, ularning tuzalishi bilan bo`ladi.


Bo`g’im og’riqlariga uchraganlarning ba`zilari yomon tadbir
qilishlari bilan bu kasallikni o`zlariga-o`zlari jalb qiladilar, ba`zilar
borki, ularga bu kasallik a`zolarining buzuq tuzilganligi va tomir
yo`llarining kengligi sababli jalb qilinadi; ularda asl a`zolarining mizoji
yomonligidan yomon xiltlar tug’iladi. Goho bo`g’im og’riqlari
isitmalarda va ular ko`tarilgan vaqtda qo`zg’aladi, ba`zan bo`g’im
og’riqlari isitmalardan ham paydo bo`ladi.
Irqunnaso - bu ham bo`g’im og’riqlari jumlasidan bo`lib,
yonbosh bo`g’imidan boshlanadigan va orqadan son bo`ylab tushadigan
bir og’riqdir; ko`pincha, u tizzagacha va to`piqqacha cho`ziladi. Uning
muddati ortib borgan sayin moddaning ko`p va ozligiga qarab, pastga
tushishi ham orta boradi. Ba`zan og’riq barmoqlargacha cho`zilib,
bundan oyoq va son oriqlaydi. Kasallikning oxirida og’rigan joyni ho’l
bilan bosilsa, yoki oyoq barmoqlari uchida ozgina tortilsa, kasalga orom
beradi. Bunda engashish va qomatni tiklash qiyin bo`ladi. Ba`zan kasal
bundan foydalanadi. Ba`zan bu og’riq son boshining o`rnidan
chiqishigacha olib boradi.
Yonbosh og’rig’i - bu shunday kasallikki, bunda og’riq
yonboshda to`xtab irqunnasoga o`tmaganda tubanga tushmaydi. Bu,
ko`pincha, qattiq narsalarda o`tirish, urilish va ko`p ot minish sababli
yonboshda paydo bo`ladigan kuchsizlikdan kelib chiqadi. Sabablari
shulardir; uning ko`pchiligi xom balg’amdan bo`ladi. Ko`pincha, uzoq
muddat hatto o`n oylab bo`lib turgan bachadon og’riqlari yonboshga
ko`chadi. Goho u issiq moddalar va aralashma moddalardan ham bo`ladi,
yonbosh tomirlarining qonga to`lishidan va shu joylarda chuqur
joylashgan shishlardan bo`ladi; lekin bu shishlar chuqur
joylashganligidan boshqa bo`g’imlardagi shishlardek yaxshi
ko`rinmaydi.
"Yonbosh og’rig’iga uchragan kishining sonida uch barmoq
kattaligida og’ritmaydigan, lekin kuchli qichiydigan qattiq qizillik paydo
bo`lsa va kasalning ko`ngli sabzavotlarni tusasa, u kishi yigirma
beshinchi kunda o`ladi" deydilar. Bo`g’im og’rig’i bo`lgan har bir a`zo
ingichkalashib oriqlaydi. Irqunnaso va podagradan boshqa bo`lgan
bo`g’im og’riqlari davolanib, ularning moddasi tagi-tugidan qo`porilgan
bo`lsa, tezlikda qaytalamaydi. Irqunnaso va podagraga kelsak, bular

ozgina sabab bilan tezlikda qaytalaydigan kasalliklardandir; bu hol
a`zoning tubanga joylashganidan bo`ladi. Bu kasalliklar, ayniqsa
podagra,- naslga ko`chadigan kasalliklardandir.
Irqunnasoning moddasi, ko`pincha, bo`g’imda bo`ladi va undan enli
asabga emiladi. Qachon asab og’risa, u, avvalda bo`g’imlarda tiqilib
qolgan moddalardan boshqa moddalarning gavdaning hamma
qismlaridan unga qarab quyilishga tayyorlagani bo`ladi. Goho
boshdanoq modda bo`g’imda bo`lmasdan, balki enli asabda bo`ladi.
Ko`pincha, shilliqli suyuqlik bo`g’im chuqurchasida ko`payib o`siq bilan
bo`g’im chuqurchasi oralaridagi boyloqni bo`shashtiradi, natijada
yonbosh suyagi o`rnidan qo`zgaladi; bundan oldin birikish va o`rnidan
qo`zg’alish o`rtasida bir holat yuz beradi, bu tez chiqib va tez o`rniga
tushib juda qalqib turishdir.
Irqunnaso bo`g’im og’riqlarining eng qattig’idir; dog’ solish bundan
omon beradi. Podagra ham bo`g’im og’riqlaridan bo`lib, oyoq
barmog’idan, xususan bosh barmoqdan boshlaydi, goho tovondan
boshlaydi, goho qadamning pastidan boshlaydi, ba`zan esa tovonning bir
yonidan boshlaydi, so`ng butun qadamni qoplaydi. Ba`zan songacha
chiqadi, shunda goho son shishadi. Bu kasallik pay va asablarda
o`rinlashmasdan, balki boyloqlarda va Jolinusning aytishicha,
bo`g’inlarni tashqaridan o`ragan jismlarda bo`lsa kerak. Shu jihatdan
podagrasi borlarda shish va og’riqlar tirishishga olib kelmaydi. Podagra
bilan og’riganlarning moyak xaltalari uzunlashadi. O`tdan bo`lgan
podagra, ayniqsa ko`p sovuq ta`sir etganda, ko`pincha, daf`atan o`lishga
sabab bo`ladi.
Belgilar. Bu kasalliklarning belgilari orqali bilishi zarur bo`ladigan
sabablardan birinchisi mizojning soddalik yo modda bilan birikkanlik
holidir. Mizojning soddalik holi bunda kamdan-kam uchraydi; bunday
holda og’riq og’irliksiz va ko`pchishsiz bo`lib, tus o`zgarmaydi va
moddaning belgisi ham bo`lmaydi.
Mizojning moddiyligiga kelsak, bunda birinchi galda bilinishi
lozim narsa moddaning jinsidir. Modda jinsini og’riq vaqtida kasal
o`rinning tusidan yoki shishning tusidan biladilar, bu so`ngisi xom
balg’amda bo`ladi, yoki uni ushlab ko`rib biladilar: u yer sovuqmi yo
yallig’langan, yoki odatdagicha issiqmi. Moddalarning jinsini yana

og’riqning belgilaridan biladilar: og’riq qattiq alliqlash va lo`qillash
bilanmi yo mo`tadil yallig’lash va tortilish bilanmi yoki faqat tortishib
og’riydimi buni yana foyda beradigan va og’riqni bosadigan narsalardan
bilinadi, biroq uvushtiruvchi narsalar yanglishtirishi mumkin: sovuqlik
dori muvofiq kelsa, moddani issiq deb gumon qilinadi, vaholangki u
uvushtirishi bilan muvofiq keladi. Zichlashtiruvchi sovutish natijasida
og’riqning kuchayishi ham yanglishtiradi: bu chog’da u moddani sovuq
deb gumon qilinadi; yoki eritib tarqatish bilan og’riqning to`xtashi ham
yanglishtiradi, bunda moddani sovuq deb o`ylanadi, aslida u modda issiq
bo`lib, uni tarqatilgani uchun og’riq to`xtaydi. Mana shularning
hammasiga rioya qilish lozim. Yana moddaning jinsini og’riqning
boshlanish va ortish vaqtidan biladilar: og’riq qorin bo`shaganda
boshlanadimi yoki uning to`lalik vaqtidami shishning tez yoki sust paydo
bo`lishidan yoki uning butunlay bo`lmasligidan biladilar;bu narsa suyuq
va issiq, yoki murakkab, o`rtacha modda borligiga yoki xom balg’am
borligiga dalil bo`ladi. Moddaning jinsini og’irlikning holidan ham
biladilar: birdaniga ko`p to`planishi mumkin bo`lgan suyuq moddalarda
og’irlik ko`proq seziladi; ko`p vaqtlarda moddaning jinsi siydik va unga
g’alaba qilgan narsadan va axlatdan bilinadi: ulardagi qolib narsa safroli
moddami yoki shilliqlimi va ularning rangi qanday yonbosh og’rig’i va
irqunnasoda axlatda shilliqli narsa ko`p bo`ladi. Moddaning jinsini goho
kasalning yoshidan, odatidan, yeyiladigan va ichiladigan narsalar,
badantarbiya va harakatsizlik xususida oldindan qilib kelgan tadbiridan
yoki bularning teskarisidan, shuningdek butun badan mizojining
ishtirokidan bilinadi. Qon moddasini og’riq o`rnining qizilligidan
bilinadi, modda chuqur o`rnashgan hol bundan mustasnodir. Buni yana
qattiq taranglik, bosganda qarshilik, lo`qillash, og’irlik, oldin ishlatilgan
tadbir va qon mizojli badanning ma`lum belgilaridan bilinadi; bu xil
badan ba`zan yo`g’on, etli va yog’li bo`ladi. Qonli irqunnasoda og’riq
uzunasiga bir xilda cho`zilgan bo`ladi; uni tomirdan qon olish darhol
to`xtatadi.
Moddaning safroviy ekanligiga illat; qichiq, og’rig’i oz bo`lishi bilan
birga ushlovchiga seziladigan qattiq harorat, taranglik va qizillikning
ozligi, og’riqning teri sirtiga moyil bo`lishi, sovuqdan qattiq rohatlanish,

ilgarida qo`llanilgan tadbir va safroli badan holida biz aytgan boshqa
belgilar dalil bo`ladi.
Balg’am moddasini tusning o`zgarmasligi yoki qo`rg’oshin rangiga
o`xshab o`zgarishidan bilinadi. Bunda alangalanish kam bo`lib, og’riq
doimiy bo`ladi, qon va uning belgilari bo`lmaydi va og’riq eniga qarab
kuchli tarqaladi. Kasalning badani yo`g’on bo`lsa ham, etli bo`lmasdan
yog’li bo`ladi. Bu xil mizoj uchun yuqorida aytilgan ma`lum belgilar
ham dalil bo`ladi.
Moddaning savdodan ekanligini ko`rsatuvchi belgilar og’riqning
yashirinligi, taranglikning kamligi, davolashdan kam foydalanish va
og’riq joydagi terining qovjirab, unda ko`pchish va yaltirashning
bo`lmasligi va ko`pincha, xira rangda bo`lishidan iboratdir. Bunga yana
kasal kishining mizoji, talog’ining holi, haddan tashqari ishtaha, oldin
o`tgan tadbirlar va savdolik mizojning oldin ko`rsatib o`tganimiz boshqa
belgilari ham dalil bo`ladi.
Yiringli moddani qattiq issiqlikdan bilinadi, bunda yana quyidagilar
ham birga bo`ladi: qichimadek bir narsa, qizdirish xususiyati bo`lgan har
bir narsadan qattiq zararlanish, sovutishi bilan birga bir oz burishtirish
xususiyati bo`lgan narsalardan kuchli foydalanish.
Yel moddasidan bo`lsa- uni og’irliksiz qattiq tortilish, og’riqning
ko`chib yurishi va yellarni tug’diruvchi tadbirlardan bilinadi.
Aralash moddalardan bo`lsa- ularning belgisi shulardan iboratki,
ularda issiqlik va sovuqlik narsalar bilan davolash kam foyda beradi,
davolanishlardan foydalanish vaqtlari turlicha bo`ladi, ya`ni bir vaqtda
bir davodan va ikkinchi vaqtda unga zid davodan foydalanadi. Bunday
hol, ko`pincha, issiq mizojli va o`t tabiatli kishilarda balg’am va xom
balg’am tug’diradigan ho`llovchi va sovutuvchi narsalar iste`mol
qilganda va ular to`la qorin bilan kuchli harakat qilganlarida yuz beradi.
Bunda ikki xilt aralashib, bulardan quyug’i latif qonli va o`tli xiltlar
yetakchiligi bilan bo`g’inlarga haydaladi. Bu kishilar, ko`pincha, katta
qo`llar bilan muloyim ezishdan foydalanib, ularning og’riqlari qoladi.
Chunki buning natijasida xom xilt yetilib taraladi. Ularga yana harorati
mo`tadil ishqalanadigan narsalar, shuningdek tinchlik foyda qiladi,
chunki harakat yetilishga mone bo`ladi.


Bo`g’im og’riqlari, podagra va irqunnaso og’rig’ini davolash.
Kasallikning sababi sodda mizoj deb bilinsa, uning tadbiri osondir;
chunki bunda kasallik ko`pincha, shishsiz sodda yallig’lashdan iborat
bo`lib, uning davosi mizojni almashtirishdir. Bu xususda muhtoj
bo`linadigan narsalarning eng buyugi safro yoki qonni bo`shatishdir.
Goho u qotish va alam beruvchi sovuqdan iborat bo`ladi, bunda ham
mizojni almashtirish kifoya qiladi, bunda qonni qizdirish uchun asosan
balg’amni bo`shatish zarur bo`ladi. Ko`pincha, sabab tirishtiruvchi
quruqlik bo`ladi, ma`lumki, bunda qo`llashga muhtoj bo`linadi.
Sabab modda bo`lganda quyulayotgan narsani teskari tomonga tortish
va kamaytirish, a`zo moddani qabul etmasligi uchun uni kuchaytirish,
modda yo`q bo`lsin uchun uning mavjudini taratish bilan unga qarshi
turish kerak. Bularning hammasida umumiy qoidalarga murojaat qilish
zarur. Agar modda qonli bo`lsa, yoki qon g’alaba qilgan bo`lsa, qarshi
tomondagi tomirdan qon olish bilan mashg’ul bo`lish kerak, agar og’riq
badan bo`g’imlariga umumiy bo`lsa, ikkala tomondan qon olinadi.
Keyin, ayniqsa og’riq tuban tomonlarda bo`lsa, qustirishga mashg’ul
bo`lish kerak, chunki bunday hollarda qustirish ichni surishdan
foydaliroqdir. So`ngra, agar moddaning yetilganligi va g’alizligi mone
bo`lmasa, ichni surishga o`tiladi, oldin kuchli surgidan boshlanadi,
garchi muloyimlik bexavotirroq va asta-sekinlik muvofiqroq bo`lsa ham
shunday qilinadi. Keyin buning ketidan oz-ozdan tozalaydigan surgilar
beriladi. Odamlardan ba`zilari birin-ketin yengil surgidan boshlashni va
modda yetilgandan keyin kuchlisi bilan ishni tugatishni rasm qilganlar;
biroq to`g’risi shuki, agar modda suyuq va safroviy bo`lib, uni yetilgan
deb bilinsa, uni tezroq bo`shatish zarur. Agar modda quyuq bo`lsa, oldin
uni suyultirib va yetiltirib, keyin bo`shatish tomoniga haydalishga
tayyorlaydigan qilib surgi berilsa, zarari yo`qdir;
Agar modda murakkab bo`lsa, surgi va quyuq surtmani murakkab
qilish kerak, chunki to`g’risi shuki, boshlanishda dori bilan davolash va
tomirdan qon olmaslik kerak, chunki qon olish xiltlarni qo`zg’atib,
badanni harakatga soladi va ehtiyoj talab qilgan narsa chiqmay qoladi.
Shuningdek, boshlanishda bo`shatilmaydi ham; yetilganlik bilinguncha
kasalga arpa suvi ichirishni to`xtatilmaydi, agar to`lishlik chiqarishga
muhtoj qilsa, bu ishni sachratqi suvi va ituzum suvi bilan xiyorshanbar


kabi kasalni bir yoki ikki marta o`tirishga majbur qiladigan ichiladigan
dorilar bilan yoki huqna bilan qilinadi, bu keyingisi yaxshiroqdir. Agar
bo`shatilish sababli og’riq tusha boshlasa, yaxshi tadbirsiz bo`shatishni
qo`llama; chunki bo`shatish ba`zan xiltlarni o`rnidan qo`zg’atib illat
tomon yuboradi. Buhronlarni to`rtinchi, yettinchi va o`n birinchi
kunlarda nima bo`lishini kuzatib bor. Yaxshi buhron ular uchun o`n
to`rtinchi kunda bo`lganidir. Agar modda yetilguncha bo`shatishni
kechiktirib, quyiladigan dorilar bobida aytilgan qonunga muvofiq sovuq,
issiq va iliq suvlarni quyish bilan kifoyalanadigan bo`linsa, shunday
qilinadi, shunda ham sovuq suvdan boshlanadi.
Issiq mizojli va uvushtiruvchi surtmalarga kelsak, ularning
hammasi zararlidir: issiq mizojlilari xiltlarni tortgani uchun zararli,
uvushtiruvchilar esa, ularni qamab xomga aylantirgani uchun zararlidir.
Sovutuvchi surtmalar quyuq xiltlarni xomga aylantirib, suyuq xiltlarni
tarqatadi va kasallikni cho`zadi. Issiqlik surtmalarning ularga zararli
bo`lishi bo`g’imlarni qo`llagani uchundir. Sikanjubin esa o`z nordonligi
bilan ularga unchalik muvofiq emasdir. Kuchli urug’lar, masalan,
arpabodiyon urug’i, ko`pincha, xilt chiqindilarni kuydirib toshga
aylantiradi.
Yetiltirish tamom bo`lganda savrinjon, bo’zidon va ularning urug’i
bilan bo`shat; yana muloyimlik bilan qon ham ol. Bu chog’da yana
qurbaqao`t kabilarni qo`yiladi, oldinroq kuchsiz dorini ichirishdan
o`zingni tort, chunki u moddani qo`zg’atib qo`yadi-yu, arzirli surmaydi;
hatto, ko`pincha, boshqa qotgan moddalarni suyultirib kasal a`zoga
oqizadi. Dorini iste`mol qilishni istagan kishi ertalabki yeyiladigan
ovqatni keyinga qoldirib oldin dorini ichsin, keyin uch soat o`tkazib
sharob va ozgina suv bilan o`n misqol non yesin, olti soatdan keyin
hammomga kirib yuvinsin, so`ngra muvofiq keladigan narsa bilan
ovqatlansin. Keyin siydiradigan narsa ichsin, chunki siydik chiqarish
bo`g’im og’riqlari moddasini kesadi. Negaki, bu, ayniqsa issiq podagrani
qo`zg’atuvchi modda, jigarda va tomirlarda bo`lgan hazm ishining
chiqindisi ekanligi senga ma`lumdir. Bu ham borki, sovuqdan bo`lgan
bo`g’im og’riqli va ho`l mizojli kishilarning ko`pchiligi ko`p surgi
ichishdan va huqna qilishdan foydalanmaydilar, lekin siydiruvchi
narsalar bilan davolanganlarida sihat topadilar. Og’riq tanlilardan


shundaylari borki, ular surgi va siydik haydovchi dorilarni ko`p
ishlatishni ko`tara olmaydilar, buning natijasida ularda qon quyish
hodisasi ro`y beradi, shularning hammasiga rioya qilinsin. Taryoq ham
shunday sovuq mizojli og’riqlarda, xususan bo`shatishlardan keyin foyda
qiladi, chunki u moddalarning qoldiqlarini muloyimlik bilan tozalab
tarqatadi va a`zolarning hammasini kuchli qiladi.
Moddani a`zodan qaytarish - hali modda kuchli quyilib, uning
miqdori ko`p bo`lganda bunday qilish yaramaydi, bu narsa ikkita yomon
natijaga olib keladi: biri shuki, u moddani siqib uning harakatiga
to`sqinlik qiladi va natijada zo`r og’riq paydo bo`ladi,- agar shuning kabi
hodisa voqe bo`lib qolsa, moddani qaytarishdan saqlan va
yumshatuvchilarni ishlat. Ikkinchisi shuki, qaytarish, ko`pincha,
moddani boshqaruvchi a`zolarga yuborib, ularni xatarga soladi. Lekin
modda ko`p bo`lmaganda yoki uning quyilib kelishi oz bo`lganda, uni
og’riqning avvalida, shunda ham irqunnasodan boshqasida,
qaytarishning zarari yo`qdir; irqunnasoda moddani qaytarish uni
chuqurlikda qamab qo`yadi, bunda uni qaytarish oz va kuchsiz bo`lishi
kerak, yoki uni qilmasdan bo`shatish bilan mashg’ul bo`lish kerak.
Kasallikning oxirida esa, tarqatadigan va moddani latiflashtirib chuqurda
yuzaga chiqaradigan narsalarga murojaat qilish kerak. Bu ishni tilib
qortiq solish, so`rish, dog’lash, qizartiruvchi va qavartiruvchi dorilar
qo`yish bilan bajariladi. Bular bilan moddani oqizib bir muddat
jarohatni bitkizmasdan qo`yadilar. Sarimsoq va piyoz qavartiruvchi
narsalardandir, biroq balozur asaliga teng keladigan narsa yo`q. Bulardan
keyingi o`rinda yattularning sutlari va anjir suti turadi. Tarqatuvchi va
qavartiruvchilarga yumshatuvchi narsalarni aralashtirish kerak,
bo`lmasa, ular bo`g’imlarda tosh paydo qilishga olib keladi, chunki
qavartirish ham quyuq xiltni quritish jihatidan tarqatish kabidir.
Tarqatuvchi va qavartiruvchi dorilarga yog’lar aralashtirish,
sovutuvchilardan esa saqlanish kerak. Kasallikning boshlanishida
bo`shatishdan ilgari bularga kuchli tarqatuvchilarni qo`shish yaramaydi,
aks holda u ko`p moddalarni tortib latifini tarqatadi, qolganini esa
quyultirib band qilib qo`yadi. Bunga aksar hollarda rioya qilish kerak,
ayniqsa modda yopishqoq yoki savdoviy bo`lganda shunday qilish
lozim.


Og’riq chidab bo`lmaydigan darajada qattiqlashsa, og’riq
qoldiradigan narsalarni ichirmay va surtmay chora yo`q. Surtiladigan
narsalar yo moddani yengil tarqatish bilan yoki uvushtirish xususiyati
bilan og’riqni qoldiradi. Zarurat bo`lmaganda uvushtiruvchilar iste`mol
qilinmasin. Shunda ham og’riqning shiddatini bosadigan miqdorda
iste`mol qilish mumkin. Issiqdan bo`lgan bo`g’im og’riqlariga
uvushtiruvchilarni jur`at bilan va ko`plab ishlataver ; ko`pincha
uvushtirish pastga yo`nalib ketayotgan moddani quyultirish jihatidan yuz
beradi, bunda u modda qamalib qoladi. Ma`lum bo`lsinki, uvushtiruvchi
dorilarni ishlatishda biridan ikkinchisiga o`tib turish yaxshiroq bo`ladi.
Qay bir vaqtlarda bir dori bir a`zoga foyda qilib, boshqasiga foyda
qilmaydi. Ba`zan u bir vaqtda foyda qilib, keyin zarar qiladi va og’riqni
qo`zg’atadi. Tugal tuzalib va undan keyin to`rt fasl o`tguncha sharobdan
butunlay uzoqlashish kerak. Sharobga odatlangan kishi uni tadrijiy
ravishda tark qilishi lozim, shunda ular siydiruvchilarni ham iste`mol
qiladilar. Siydikni haydovchi dorilar qo`shilgan asal sharobi ularga foyda
qiladi.
Bo`g’im og’rig’iga uchragan savdo mizojli kishilarning
taloqlarini isloh qilish, savdo xiltini bo`shatish va badanini oziqlar,
ishqalanadigan dorilar va shu kabi narsalar bilan qo`llash kerak. Ko`p
yumshatmasdan zo`r berib tarqatishga o`rin berilmaydi. Bo`g’im
og’rig’iga uchragan kishilar go`shtdan uzoqlashishlari kerak, hatto, bu
illatning sovuqdan bo`lganida ham shunday qilish kerak. Agar go`sht
iste`mol qilish lozim bo`lsa, tog’ qushi, quyon, ohu etlari va umuman
chiqindisi oz go`shtdan iste`mol qilsin.
Agar og’riq oldin orqada paydo bo`lib, so`ng ikki qo`lga o`tsa,
xiltni o`zi moyil bo`lgan tomondan chiqarish uchun qo’l tomiridan qon
olish kerak.
Bunday kasalliklarda ich surish. Ularda yolg’iz shilliqni
surmasdan, balki safroni ham surish lozim, chunki agar shilliqning
yolg’iz o`zini chiqarilsa, u darhol foyda beradi, biroq safro shilliqni
a`zoga yana bir marta oqizib qaytaradi. Ularga ishlatiladigan surgilar
zo`r haroratli va juda kuchli bo`lmasligi kerak, aks holda ular xiltlarni
eritib a`zoga o`zi olganidan bir qancha marta ko`p qilib qaytaradi. Sovuq
xiltni darhol surganidan savrinjonning manfaati ko`p deb e`tiqod

qiladilar, bunda boshqa xususiyat ham bor; surishning ketidan u
burishtiradi va kuchaytiradi, natijada dori bilan tortilgan, biroq nima
uchundir chiqmay qolgan chiqindilarning qaytishi mumkin bo`lmaydi;
yana u dori quvvati bilan suyulgan xiltlarning yo`llarga oqishiga
qarshilik qiladi. Savrinjonning boshqa issiq mizojli tarqatuvchi va
bo`shatuvchilardan farq qiluvchi xossasi shundan iborat; keyingilarning
ko`pchiligi o`tish yo`llarini kengaytirib kengligicha qoldiradigan
narsalardir. Lekin savrinjon me`daga zararlidir,
Shuning uchun uni murch, zanjabil va zira kabi narsalar bilan
aralashtirish kerak. Uning surishi kuchli bo`lsin uchun goho unga sabr va
saqmuniyo ham aralashtiradilar. Ba`zilar so`zanakda ham savrinjondagi
kabi ta`sir bor va uning me`daga zarari yo`q, deydilar. Arman toshi ham
bo`g’im og’riqlariga foyda qiladi. Bu to`g’rida tanilgan dorilardan
"najot habi" bilan "sassiq hab"larni ko`rsatish mumkin. Rufus iyorajining
irqunnaso va podagraga foydasi kattadir. O`sma urug’i ham foydalidir,
yana moqudona, bo`zidon, mohnzaqra, tizim gul, lufo, Abu Jahl tarvuzi,
sabr va cho`l qovog’i olinib, bularga isiriq, ushna, anziratgo`shtxo`r,
muql va nazla o`ti qo`shiladi.
Yengil surgi nusxasi retsepti. Zanjabil bir dirham, murg yarim
dirham, daraxt po`kagi yarim dirham, mahsar mag’zi ikki dirham,
so`zanak ildizi uch dirham vaznida; hargal o`n sakkiz qirotdan yigirma
to`rt qirotgacha ichiladi. Bu dori kasalni olti yoki yetti marta ichini surib
foyda qiladi.
Yana, kirmon zirasi, zanjabil va savrinjonning har biridan bir
dirhamdan va sabrdan ikki dirham olinadi. Bu doridan ikki yarim
dirhamni talqon qilib, ukrop qaynatmasi bilan ichiladi, bu shu vaqtning
o`zidayoq foyda qiladi. Yana yong’oq yog’i va anzirat go`shtxo`r yoki
kanakunjut yog’i va anzirat go`shtxo`rni olinib bir kun iyoraj fiqro bilan
va bir kun tanho holda yetti kun iste`mol qilinadi. Ba`zan bu dorini
temirtikan va ukrop suvi bilan qaynatib ishlatiladi. Yana: savrinjon,
bo`zidon, mog’izaqra, murch, zanjabil, Rum arpabodiyoni va yovvoyi
sabzidan olib asalga qoriladi va bundan har kun ichib turiladi. Yana:
savrinjondan o`ttiz dirham va Abu Jahl tarvuzining etidan o`n dirham
olib, o`n besh ritl suvda uch ritli qolguncha qaynatiladi. Bundan har kuni
yarim ritlni uch uqiya shakar bilan ichiladi; bu juda ajoyibdir.


Foydali, yengil surgi. Qizil anzirat go`shtxo`rdan uch dirham va
savrinjondan uch dirham olib eziladi va yuzta yong’oq yog’i bilan
aralashtiriladi, keyin buni ukrop suvida ichiriladi. Bu qiynamasdan
suradi va quritadi.
Juda kuchli qustiruvchi dori. Bu bo`g’im og’rig’i va irqunnaso
kasaliga yo`liqqan kishilardan ho’l mizojli va savdo mizojlilarga foyda
qiladi; uning nusxasi: sabrdan bir uqiya, qora harbaq urug’idan bir uqiya,
lufodan yarim uqiya, saqmuniyodan bir uqiya va farfiyundan yarim
uqiya olinib karam shirasiga qoriladi. Agar shu dori bilan qustirilsa, u
kasallikni tagidan qo`poradi.
Surgi uchun ichiriladigan dorilar. Ularga foyda qiladigan
dorilardan biri quyidagi sifatda bussaddan tayyorlanadigan doridir:
bussaddan bir yarim misqol,- ba`zi tabiblar bu qizil shabbo`y degan,-
qalampirmunchoqdan besh dirham, pion gul, murr va ukrop urug’ining
har biridan bir uqiya, usulaxdan o`n ikki danaq vaznda, ikki xil
aristoloxiyaning har biridan ikki uqiyadan olinadi. Bundan bir danaq
vaznidagisini asal suvi bilan ichiriladi va kasalga to`qqiz soat taom
berilmaydi, o`n kun shunday qilinadi.
Yana harvaqt iste`mol qilinadigan dori; bu siydirish bilan tozalaydi.
"Yer dubi", yer bag’irlab o`suvchi sanavbar va gentiana ildizining har
biridan to`qqiz uqiyadan va quruq gazago`tdan to`qqiz uqiya olib
yanchiladi va elanadi. Oldin yeyilgan taom hazm bo`lgandan keyin har
kuni och qoringa bir qoshiq shu dorini uch uqiya sovuq suv bilan
ichiladi.
Yana bussadni guli qizil shabbo`y deb gumon qiluvchilar so`ziga
muvofiq tayyorlanadigan dori; buning nusxasi oldinginikiga yaqindir.
Dorchin, pion gul, murr va sunbulning har biridan ikki uqiyadan, hind
sodajidan bir uqiya, qalampirmunchoqdan o`n besh xabba, bussaddan,
ya`ni yuqorida aytilgan shabbo`ydan yarim uqiya va ikki xil
aristoloxiyaning har biridan to`rt uqiyadan olinadi. Har kuni uch qirotdan
ichiladi. Uni bahorda kecha va kunduz barobarlashuvidan boshlab har
kuni uch qirotdan ellik kun ichiladi; keyin o`n besh kun tark qilinadi.
So`ng yil bo`yicha ichish shu xilda takrorlanadi; biroq Sirius yulduzi
tulu qilishi bilan bir yarim oy ichilmaydi; buni ichish turli mamlakatlarda
ham turlicha bo`ladi. Agar kasal butun yil ichishga qodir bo`lmasa,


yilning sovuq qismida ichsin. Agar dorini bir yil ichadigan bo`lsa, ikki
yuz kundan o`tgandan keyin bir kun ichib, bir kun ichmasa, yoki bir kun
ichib ikki kun ichmasa zarari yo`qdir. Bu kasalni asrgacha bo`lsa ham
ovqat yeyishdan man qilish kerak: bundan tashqari boshqa tadbirlarni
ham tuzatish va bo`g’in og’riqlilariga zarar qiladigan narsalardan parhez
qildirish lozim. Bir guruh tabiblarning o`ylashicha, odam suyagini
kuydirib ichirish hech bir xilof chiqmaydigan darajada tajribadan o`tgan
narsalardandir. Buni bir to`da esi past kishilar iste`mol qilib, go`yo
podagra va bo`g’im og’riqlaridan shifo topgan emishlar. Xermes
iyorajining ham foydasi kattadir; kimki uni bahorda bir necha kun ichsa,
bo`g’imlari quvvatli bo`ladi. Bu dori chiqindilarni ko`proq siydik va
terlatish orqali chiqaradi, natijada irqunnasoni tuzatadi.
Shish va bo`g’im og’riqlari cho`zilib ketgan bo`lsa, unday kasallar
nisbat berilgan quyidagi tadbirdan foydalanadilar: to`rtdan bir kaylaja
quruq archa bujurini yengil olov ustida ozgina suvda, suv qorayguncha
qaynatiladi. Keyin shu suvning tinitilganidan bir litr olib, unga uch
uqiya kunjut yog’i quyiladi. Kasal shuni ichib, ustidan g’o`radan
qilingan taomni yeydi.
Yonbosh og’rig’i uchun yengil tadbir: ayniqsa og’riq hammom,
issiq suv va kechqurunlari yomon taomdan keyin ichilgan urug’lar bilan
bosilmagan bo`lsa, uni no`xat suvi ichib qusish va sabzavot suvi va
xiyorshanbar bilan ichni surish bosadi. Quyuq xiltdan va toshga
aylanmoqda bo`lgan xiltlardan paydo bo`lgan bo`g’in og’riqlariga foyda
qiladigan quyuq surtmalar. Yaxshi quyuq surtma. Tozalangan qovoq
urug’i va kanakunjutdan uch uqiya olib, bir uqiya sigir suti yog’ida
maskada mayin qilib eziladi. Yopishadigan bo`lsin uchun uning ustiga
bir uqiya asal solinadi va qo`yib bog’lanadi, ayniqsa qurigan
bo`g’imlarga bog’lanadi, ba`zan unga o`tkir sirkadan ham bir uqiya
qo`shiladi. Sigir tappisini bog’lash bo`g’im, orqa va tizza og’riqlarida
juda kuchli ta`sir ko`rsatadi; bu ko`p boshqa dorilardan yaxshiroqqa
o`xshaydi.
Kuchli quyuq surtma. Eski zaytun yog’idan bir ritl, Iskandari
sodasidan bir ritl, saqichdan bir ritl, farfiyundan bir uqiya, gulsafsar
ildizidan ikki uqiya va sariq yo`ng’ichqa unidan bir yarim ritl olib, quyuq
surtma tayyorlanadi.


Yana muql, govshir va eritilgan charvidai qilingan quyuq surtma tizza
va bo`g’inlarda xom shilliqdan bo`ladigan og’riq uchun juda foydalidir.
Suruvchi va tarqatuvchi quyuq surtmalar. Sodadan bir donaq,
kavrak yelimi va ohakdan shuncha olib, quyuq surtma yasaladi. Yoki
farfiyunni gulsafsar yog’i bilan ezib surtiladi.
Kuchli quyuq surtma. Burak, omila shirasi, nazla o`ti, tog’ mayizi
va ohakdan olib, hammasini aralashtiriladi; bularga asal va biroz sirka
qo`shib bo`g’inlarga surtiladi.
Tarqatuvchi yaxshi quyuq surtma. Kavrak yelimi va barobar
bo`laklar olinib, eskirgan sharob, xom zaytun yog’i va boqila uni bilan
eziladi va issiq holida bog’lanadi. Artaniso kulini sirka va asal bilan
bog’lash ham juda ajoyibdir. Quyuq surtmalardan bir turi borki, u
a`zolarni quvvatli qilish va xilt qoldiqlarini tarqatish uchun zarurdir:
bular tugal bo`shatishdan keyin kerak bo`ladi. Bulardan biri mana bu
quyuq surtma: archa bujuri, sarv yong’og’i va kuydirilgan suyakdan
barobar hissalar olinadi; achchiqtoshdan oltidan bir hissa, zokdan oltidan
bir hissa va baliq yelimidan hammasini qo`shishga kifoya qilgudek
miqdorda olinadi.
Boshqa dori: bu ko`p kasalliklarda qo`llaniladi, chunki u shishlarni
ochadi, tikan va sasigan suyaklarni chuqurdan tortib chiqaradi va
bo`shashgan a`zolarga aniq foydasi bordir. Tozalangan qichitqio`t urug’i,
burak ko`pigi, navshadil, dumaloq aristoloxiya, Abu Jahl tarvuzining
ildizi va saqichning har biridan yigirma misqoldan, sariq yo`ng’ichqa,
murch, uzun murchning har biridan o`n misqoldan, kavrak yelimidan
o`n ikki misqol, mukl, yovvoyi zira, balzam daraxti shoxlari, murr,
kundur yelimi, echki charvisi va sanavbar yelimining har biridan o`n
misqoldan, mumdan uch ritl, asal mayvizakdan sakkiz ritl, yovvoyi anjir
sutidan sakkiz misqol, ho`l dorilarni eritishga kifoya qilarli miqdorda
gulsafsar yog’i va quruq dorilarni qorishga kifoya qilarli miqdorda
yaxshi sharob olinadi. Bularning hammasini aralashtirib eziladi, so`ngra
ishlatiladi.
Boshqasi: bu irqunnaso, qo’l va oyoq og’riqlari hamda boshqa
bo`gim og’riqlariga darhol foyda qiladi. Sariq yo`ng’ichqadan olib, sopol
idishga tashlanadi va ustiga kifoya qilarli miqdorda suv aralashtirilgan
sirka solib, ezilib pishguncha cho`g’ ustida qaynatiladi. Keyin ustiga

kifoya qilarli miqdorda asal solib, cho`g’ ustida ikkinchi marta
qaynatiladi, keyin yana asal qo`shib, uchinchi marta qaynatib saqlab
qo`yiladi.
Boshqa shunga o`xshagan dori. Ma`daniy ziftdan uch ritl, sirkaning
quritib kuydirilgan durdasidan ikki ritl, burakdan bir yarim ritl, sanavbar
yelimi, mum, kuydirilmagan oltingugurt va asal mayvizakning har
biridan bir ritl, nazla o`tidan yarim ritl va yovvoyi ziradan bir qism.
Shu maqsad uchun ishqalanadigan narsalar Abu Jahl tarvuzi yog’i,
qunduz qiri yog’i eritmasi, xardal yog’i eritmasi va rum yong’og’i yog’i,
ayniqsa uni kuydirganda oqqan bo`lsa, qust yog’i ham g’oyat yaxshi
doridir, xususan may`a yelimi bilan birga ishlatilsa, shuningdek, Abu
Jahl tarvuzining shirasini qizil gul yog’i bilan birlikda suvi ketguncha
qaynatib olingan yog’ yoki anguza qo`shilgan qust yog’i.
Foydali ishqaladigan dorilardan biri af`o iloni solib pishirilgan zaytun
yog’idir, bu tamom tuzatib yuboradigan: narsalardan hisoblanadi.
Ko`rshapalak ham shular jumlasidandir, buni ishlash: o`n ikkita
so`yilgan ko`rshapalak olinadi; xushbo`y kanavcha yaprog’ining shirasi
va eski zaytun yog’idan bir ritldan, aristoloxiyadan to`rt dirham, qunduz
qiridan uch dirham va qustdan uch dirham olib, hammasini birlikda suvi
ketib , yog’i qolguncha qaynatiladi.
Bu kasallikda quyiladigan dorilardan biri quyidagi og’riq
qoldiradigan foydali doridir. Arpa va koxudan olib yetilib tamom
ezilguncha sirka bilan qaynatiladi, keyin shuni kasal joyga qo`yiladi. Bu
issiq mizojli og’riqga yaraydi.
Yana: marzanjush, ukrop va dafna yaprog’i, gazago`t va zira olib
qaynatiladi va og’riq yeriga quyiladi. Yana foyda qiladigan narsalardan
biri bo`g’imga tizzalarni sirka bilan bug’lashdir, buning uchun sirkaning
har bir qismiga oltidan bir bo`lak yanchilgan isiriq solinadi, keyin uning
ichiga qizdirilgan tosh tashlanadi va kasalni kiyim va shuning kabi narsa
ostida bug’lanadi. Kasalni yovvoyi eshakning hamma a`zolarini birlikda
ukrop, tuz, dorilik ma`lum urug’lar, gandano va shuning kabi narsalar
bilan qaynatib tayyorlangan qaynatmasiga o`tqaziladi, yana uni sirtlon va
tulki qaynatmasiga ham o`tqaziladi. Uni shunday tayyorlanadi: suvning
uchdan ikkisi qolguncha qattiq qaynatiladi, keyin unga sirtlon va tulkini
tirikligicha yoki so`yib qonlari bilan tashlanadi va titilib ketguncha

qaynatiladi; suvini tinitib, unga kasalni o`tqaziladi. Yoki u suvga zaytun
yog’idan solib ular birlashib ketguncha yo suvi ketib yog’i qolguncha
qaynatiladi va shunga kasalni o`tqaziladi. Goho u hayvonlarni yolg’iz
yog’ning o`zida qaynatiladi.
Bular uchun hammom bilan davolash. Bunday kasallarga issiq va
ho’l hammom xiltlarni eritib o`tish yo`llarini kengaytirganligi sababli
zarar qiladi, issiq buloq suvlari bunday zararli emas. Soda va tuz bilan
uqalab quruq hammom olish, issiq qumga ko`mish va terlatish ularga
foydalidir.
Og’riq qoldiruvchi issiqlik va mayin dorilar. Sariq yo`ng’ichqani suv
qo`shilgan sirkada yaxshilab eziladi, keyin ustiga asal quyib ataladek
bo`lguncha qaynatiladi; buni tekis toshda qoliyadek mayin qilib
ezgandan keyin surtiladi. Og’riq o`rniga kanop lattani yopishtirib ikkiuch kun qo`yiladi, qurib qolmasin uchun qizil gul yog’i bilan tadbir
qilinadi. Bu kasallikning avvallarida va ko`tarilish davrlarida yaraydi.
Yana kasallikning avvallarida va qoldiqlarida sariq yo`ng’ichqa
shirasi va zig’ir urug’ini olib, asaldek quyuqlashguncha kunjut yog’i
bilan urib, atalab ishlatiladi. Agar og’riq juda qattiq bo`lmasa, ho’l
karam va petrushkani qo`yib bog’lanadi. Agar og’riq kuchliroq bo`lsa,
gulsafsar ildizining uni, sariq yo`ng’ichqa uni va no`xat unlarini ozgina
sharob va ozgina xina yog’i qo`shib, asal sharobi bilan birlikda surtma
qilinadi. Yana karam kulini charvi yog’i bilan ishlatiladi, bobuna yog’i
bilan tayyorlangan mumli surtma ham juda yaxshidir.
Uvushtirib og’riq qoldiruvchi dorilar. Afyundan to`rt misqol
za`farondan bir misqol olib sigir suti bilan eziladi; keyin unga oq non
mag’zi qo`shib muloyim qilinadi va uni quyuq surtma qilib ustidan
lavlagi yoki koxu yaprog’i bilan yopiladi. Ba`zan oq non mag’zi o`rniga
mumli surtma ham solinadi.
Yana: sassiqalaf urug’idan olti dirham, afyundan bir dirham,
za`farondan bir dirham shirin sharobdan esa shularni qorishga kifoya
qiladigan miqdorda olinadi va mumli surtma bilan aralashtiriladi. Yana
mingdevona urug’i, afyun, ispagul, arab akasiyasinning shirasi va
muqos olib, kulcha qilinadi va sigir suti bilan qo`shib surtiladi va
yuqorida eslatilgan yaproq bilan yopiladi. Yana o`n dirham sabr, o`n
dirham afyun, olti dirham mingdevona shirasi, to`rt dirham sassiqalaf,
olti dirham takasoqol shirasi, yigirma misqol mehrigiyoh mevasi va to`rt

misqol za`faron olinadi; mehrigiyoh mevasini to titilguncha sirka bilan
qaynatib, boshqa dorilar ustiga quyiladi va shu tarkibni og’riyotgan
bo`g’inga surtiladi.
Yana boshqasi: mehrigiyohni yanchib sigir sutining sariyog’iga
solinadi, keyin shuni og’riq joyga surtib ishqalanadi. May`a yelimi va
afyundan ham surtma tayyorlanib ishlatiladi. Og’riyotgan bo`g’inda
biron xil yara bo`lmaganda unga ko`p miqdorda suv quyish ham uni
uvushtirib og’rig’ini to`xtatadi.
Yana ispagulni issiq sirkada ivitiladi, u ivib ko`pchigach, gul
yog’i bilan urib atalanadi va sovutib surtiladi. Ichiladigan dorilarga
kelsak, og’riqni qoldirish uchun mehrigiyohdan ikki dirham olib tilo
sharobi va asal bilan ichiladi.
Yel boddan bo`lgan bo`g’im og’rig’ini davolash. Buni yeldan
bo`lgan, bukrilik singari davolanadi.
Uvushtirishi sababli og’riqni to`xtatib foyda beradigan dorining
tarkibi: gentiana ildizi, ro`yan, juvona, aristoloxiya, yalpiz, bodring
urug’i, savrinjon, bo`zidon, margi moqiy va mo`gosdan barobar
bo`laklar, afyundan esa yarim bo`lak olib, hargal ikki dirhamgacha ichib
turiladi.
Bo`g’im og’rig’iga uchraganlar uchun dog’lash tadbiri. Ular
uchun foydali dog’lash yoki shuning o`rniga o`tadigan tadbirlarning biri
shuki, kasalni kerakli holatda yotqizib qimirlamaslikka buyurasan,
og’riyotgan bo`g’in tevaragini xamir bilan o`raysan, uning o`rtasiga tuz
to`lg’izib, ustiga ozgina zaytun yog’i quyasan, buning ustidan latta bilan
yopasan. Keyin turli dog’lash asboblarini keltirib, ular- ni qizdirishda
oldin kasal issiqni sezmaydigan qilib, keyin sezadigan, so`ngra chiday
olmaydigan darajagacha qattiq qizdirib dog’la. Dog’lash toqatdan
tashqari bo`lgach, xamirni tozalab olasan, tuz va yog’ tushib ketsin
uchun kasalni bir oz qiyshayib yotishga buyurasan, keyin bo`g’inni yung
bilan bekitib, bog’lab qo`yasan.