Xalq ogʻzaki tabobatida tashxis va davolash
Hind xalq tabiblari bemorda uch narsa: safro, bod va orqa va oldidan chiqadigan axlatga qarab kasalini topadilar. Osiyoliklar bunga qoʻshimcha qonini chiqarib koʻradilar va balgʻamiga eʼtibor berishadi.
Safro mizoj quruq va issiq, yuzi sargʻish, koʻpincha chanqoq, tili qizil, sovuqlikka oʻch boʻladi.
Bod mizoj ogʻriqlari koʻchib yuradi, savdosi ziyoda boʻlsa qoni joʻshqib gʻalayon qiladi, balgʻamli bod uyquchi, sust boʻladi suyaklari zirqiraydi. Tomiri keng va bavosir (gemorroy) ga moyil boʻladi. Savdoyi bodli vasvos va injiq boʻladi.
Balgʻam mizoj badani kesakrangli oq zahil, dangasa, begʻam, xomsemiz, esnaydi va chanqamaydi.
Qon mizojligi qizil yuzi va badanidan bilinib turadi. Yuragi tez bezovta boʻlib, tez charchaydi. Siydigi quyuq va qizgʻish boʻladi.
Sarsom va barsom
Sarsom boshda bodli shish yo kasallik sovuqdan, barsom koʻkrakda balgʻamli kasal issiqdan paydo boʻladi. Sarsomga qon olish, barsomga surgi vaqtincha davo.
Ogʻiz qiyshayishi va shollik
Ogʻiz qiyshayishi boddan, shollik badanda yomon axlat toʻplanishidan.
Shollikda koʻpincha badanning teng yarmi ishlamay qoladi, tili yoʻq boʻlib, anchadan keyin gapira boshlaydi. Balason yogʻiga ilon moyini qoʻshib surtsa bir-ikki yilda oyoqqa turadi. Yana jimoʼni koʻpaytirib badnafslik qilsa, qayta shol boʻlib tuzalmaydi.
Ogʻziga qoʻshilib yuz-koʻzi ham qiyshayadi. Mosh va bodomni yanchib musallasda atala qilib ichirsa bodni haydaydi. Qiyshaygan joy asablari oxiriga kumush igna qoʻyadi va simni qizdirib chekadi.