Oyoq panja suyaklari haqida

Ibn Sino, Ergashaka 2025-06-03 07:05

Oyoq panjasi suyaklari pastda korinmasdan turgan bo'lsalar ham, ularsiz gavda tik turolmas ekan,

Dalada ko'proq yalang oyoq yurib va ko'p yugurib, oyoqlaringizni ham chinqtirishga kirgizing tikan


Oyoq panjasi suyaklari xususiyatlari va anatomiyasi haqida


Oyoq panjasiga kelsak, u maxkam turish quroli qilib tuzilgan. Shakl bo'yicha oyoq panjasi old tomonga uzunchoqdir. [Bu uzunchoqlik oyoq panjasiga] tayanib tikka turishga yordamlashadi. Oyoq panjasining ichki yonboshida bukiklik bor. Bu bir joyda turganda va, ayniqsa, yurgan vaqtda oyoq panjasi oyoq ko'tarilgan tomon qarshisiga yo'nalishi va egilishi uchundir. Shuningdek, bu siljish uchun ko'tarilgan oyoqning biroz ko'tarilgan tomonga zarur tayanchni kuchaytirish uchun kerak. [Buning hammasi] tik turish paytida muvozanat paydo qiladi. [Oyoq panjasidagi bukiklik] yana chiqib turgan narsakarni [odam] bosib olganda, uning qattiq og'riqni sezmasligi uchun va oyoq zinapoyalarga va balandlikka ko'tarilishda do'ngliklarga yaxshi o'rnashishi uchun kerakdir.

Oyoq panjasi turli foydalar uchun bir necha suyaklardan tuzilgan. Kerak vaqtda yerda bosilgan joyni yaxshi egallash va o'rab olish shu foydadandir. Oyoq panjasi albatta bosgan joyga tirmashadi. Bu kaft olgan narsasini ushlagandaydir. Ushlovshi o'z qismlari bilan harakatlanib, ularga ushlash uchun qulay shakl bera olsa, bu uning bir butun narsadan iborat bo'lib va bir shakldan ikkinchi shaklga o'ta olmaydigan bo'lganidan ko'ra yaxshiroqdir.. Ko'p suyaklardan iborat [gavda qismlarining] hammasi uchun umumiy bo'lgan foyda ham shu foydalardandir.

Oyoq panjasida 26 ta suyak bor: oshiq, uning yordami orqali [oyoq panjasining] boldir bilan bo'g'inlanishi tamomlanadi; tovon suyagi, u maxkamlik asosidir; qayiqsimon suyak [u] bukiklik tashkil qiladi va oyoq kaftining to'rt suyagi, ularga oyoq panjasining tovon qismi suyaklari birikadi, bu suyaklardan biri nard donasi kabi olti tomonli bo'lib, tashqi tomonda joylashgan. Shu bilan birga bu tovon yerda maxkam turadi. Beshta suyak tovon qismiga bog'liqdir. Oshiqqa kelsak, u hayvonlar oshig'iga qaraganda, odamda ko'proq turtib chiqqan. Tovon suyagi tikka turish uchun muhim [ahamiyatga ega] oyq suyaklaridandir. Oshiq ham harakatda foydali bo'lgan eng muhim oyoq panjasi suyaklaridandir.

Oshiq har ikkala "naycha"ning chiqib turgan ikki uchi o'rtasida joylashgan, [ular] oshiqni har tomondan - yuqoridan, orqadan, tashqaridan va ichkaridan o'rab turadilar. Oshiqning ikkita uchi tovondagi ikki chuqurchaga botib kiradi. Oshiq boldir va tovonning o'rtasida joylashgan. Oshiq ularni yaxshi biriktiradi, o'rtalaridagi bo'g'inni maxkamlaydi va tebranishdan saqlaydi. Garchi oyoq panjasining chuqurligi natijasida tashqariga chiqqan deb o'ylash mumkin bo'lsa-da, haqiqatda oshiq ortada joylashgandir. Oshiq bilan oldindan qayiqsimon suyak bo'g'inlanib bog'lanadi. Bu qismidagi uch suyak orqali birikadi. Tashqi tomondan esa kubsimon suyak bilan qo'shiladi.

[Kubsimon suyakni] hoxlasang alohida suyak deb, hoxlasang oyoq panjasi tovon qismining to'rtinchi suyagi deb hisoblashing mumkin.

Tovon suyagiga kelsak, u oshiq ostida joylashgandir, u mustaxkam suyak bo'lib, orqa tomondan yumaloqdirki, [bu] zarbalar va zararlanishlarga qarshi turish uchundir. Oyoq panjasini to'g'ri bosish, tovonnning jips yopishib turishi uchun u quyidan tekisdir. Uning kattaligi ancha bor, [bu] tanani erkin ko'tarib yura olishi uchundir. Bu suyak cho'ziq uchburchak shaklida. Uchburchak oxirigacha uzayib, oz-oz ingichkalanib boradi va [u do'nglik ] opqaga va o'rtaga qarab chuqurroq bo'lsin uchun oyoq panjasidagi chuqurlikning tashqarisiga yo'nalib ketadi. Oyoq tovon qismi suyaklariga kelsak, u qo'l bilaguzugidan shu bilan farqlanadiki, u bir qator bo'lib, bilaguzuk suyaklari esa ikki qator suyaklardan iborat, yana unda suyaklar ancha kamdir, chunki harakatlanish va ushlashga ehtiyoj oyoq panjasiga qaraganda qo'l panjasida ko'proqdir, chunki oyoq panjasining eng ko'p foydasi [uning] maxkam turishidadir. Yana qismlarning va bo'g'imlarning ko'p bo'lishi oyoq panjasi qo'ygan joyga maxkam yopishishga va maxkam o'rab olishga xalaqit beradi. Chunki bu qismlarga cho'zilish va haddan tashqari uzoqlashishga to'g'ri keladi. Harakatning butunlay bo'lmasligi ham zarar yetkazadi, chunki lozim bo'lgan mu'tadil kengayish imkoniyati yo'qoladi. Malumki, soni ko'p, hajmi kichik narsa bilan ushlash o'ng'ay bo'ladi, soni oz va hajmi katta narsa bilan esa tik turish o'ng'ayroq bo'ladi.

Oyoq kafti esa beshta suyakdan tuzilgan. Ulardan har biri barmoqlardan biri bilan bog'lanadi. Barmoqlar esa beshta va ular bir qatorga tizilgan, chunki ularga qo'l barmoqlaridan talab qilinadigan ushlash va changallash [qobiliyatiga ega bo'lishdan] ko'ra maxkamlik zarurroqdir. Oyoqninhg har bir barmog'i, boshmoldoqdan tashqari , uch suyakdah iborat, kattasi esa ikkitadan.

Shunday qilib, biz suyaklar to'g'risida yetarli bo'lgan narsalarni aytib o'tdik. Bu suyaklarning kunjutsimon va yunon alifbesidagi "lom"ga o'xshagan [suyak]dan boshqa hammasi, agar ularni hisoblab chiqilsa, ikki yuz qirq sakkizta bo'ladi.