Pastga tushuvchi kovak vena

Ibn Sino, Ergashaka 2025-07-04 19:31

Arteriyalar kishi gavdasi oʻtxonasin yoqadi,

Venalari aʼzolarni jigar oshxonasida boqadi


Pastga tushuvchi kovak vena anatomiyasi haqida

Biz yuqoriga chiquvchi kovak vena haqida so'zni tamom qildik. Bu esa uning kichik qismidir. [Endi] pastga tushuvchi kovak vena haqida gapni boshlaymiz va aytamiz: [venaning] pastga tushuvchi qismidan, avvalo u jigardan chiqishi bilan va umurtqaga borib taqalmasdan ilgari tarmoqlar ketadi. Bu qilsimon tarmoqlar o'ng buyrakning xaltachasiga borib, uni va unga yaqin turgan a'zolarni oziqlantirish uchun u yerlarda taraladi. So'ngra, undan chap buyrakka boruvchi katta tomir ajraladi. U, chap buyrak xaltachasida va unga yaqin turuvchi a'zolarda tarqaluvchi va ularni oziqlantiruvchi qilsimon tomirlarga bo'linadi.

Yana [pastga tushuvchi venadan] "ko'tariluvchi" deb ataladigan ikkita katta tomir qonning suv qismini tozalash uchun ikki buyrakka yo'naladi. Chunki buyraklar o'z oziqlarini faqat shu tomirlardan oladi. Qonning suv qismi esa ularga oziq sifatida xizmat qiladi. Arteriyalar haqida gapirganimizga o'xshash, yuqori chiquvchi chap tomirdan erkaklarning chap moyagiga va xotinlarning chap tuxumdoniga boruvchi tomirlar ajraladi. Bu haqda venalar arteriyalardan farq qilmaganidek, moyaklarga yo'naluvchi ikki tomir ham, tarmoq chiqarganlaridan so'ng bir-birlaridan farqlanmaydilar. Chap moyakka boruvchi [tomir] hamma vaqt chapdan ko'tariluvchi venadan shoxchalar oladi, ba'zi vaqtda, ba'zi odamlarda undan butunlay o'sib chiqadi. Kamdan-kam xollarda u o'ngdan ko'tariluvchi venadan tarmoq oladi. Lekin ko'pincha ular bir-birlari bilan qo'shilmaydilar. Buyrakdan moyakka keluvchi venada bir yo'l bo'lib, unda oldin qizil bo'lgan maniy yetiladi va oqaradi. Buning sababi shundaki, bu [yo'lning] ichida juda ko'p bukilgan tomirlar bo'lib, [urug'ni ko'p] aylantiradi; shuningdek, umurtqa ustunidan bu [tomirga] tushadigan narsalar ham [yetilishga yordam beradi]. Bu tomirning ko'p qismi erlik olatida va bachadon bo'ynida tarqaladi; bu xolat arteriyalar haqida aytganimizga muvofiq bo'ladi. Undan keyin ko'tariluvchi venalar va uning tarmoqlari o'sib chiqqach, kovak vena tezlikda umurtqa ustuniga tayanadi va pastga qarab tusha boshlaydi. Undan har bir umurtqa oldida shoxchalar ajralib, ular umurtqa ustuni yonida yotuvchi mushaklarga taraladi. [Yana undan] chovlarga keluvchi tomirlar ajralib, ular qorin mushaklarida tamomlanadilar. Suningdek, umurtqa teshiklari orqali orqa miyaga o'tuvchi tomirlar ham ajraladi.

[Kovak vena] oxirgi umurtqaga yetganda ikki qismga bo'linadi. Ular bir-birlaridan uzoqlashib, chapga va o'ngga bo'linadi. Ulardan har biri sonlardan biriga keladi. Bular songa yetmasdan burun, ularning har biridan o'n qavat [tarmoq] tarqaladi. Ulardan biri belga yo'naladi, qilsimon, nozik ikkinchi tarmoqlar qorinning ayrim pastki qismlariga yo'naladi. Uchinchisi dumg'aza suyagida yotuvchi mushaklarga taraladi, to'rtinchisi orqa teshik mushaklariga va dumg'azaning sirt qismiga taraladi. Beshinchisi esa, xotinlarda bachadon bo'yniga yo'naladi va u yerda, unga tegishli qismlarda va, shuningdek, qovuqqa taraladi. Qovuqqa keluvchi [tarmoqcha] ikki qismga bo'linadi. Bir qismi qovuqda va bir qismi esa, qovuq bo'ynida taraladi. Bu qism erkaklarda olati tufayli juda ko'p va xotinlarda esa - kamdir. Bachadonga biqinlardan keladigan tarmoqlardan emchaklarga qarab ko'tariluvchi tomirlar ajraladi. [Bular] bachadon bilan emchaklar o'rtasida umumiylik bo'lsin uchun [keladilar].

Oltinchi [tarmoq] qov suyagiga joylashgan mushaklarga yo'naladi, yettinchisi gavdaning to'g'ri chizig'ida yotuvchi qorin mushaklariga ko'tariladi. Bu tarmoqlar ko'krak [orqali] qorin devoriga tushadilar, deb aytganimiz tomirlarning chetlaqriga tutashadi. Xotinlarda bu tomirlarning ildizidan bachadonga ketuvchi tomirlar chiqadi. Biqinlardan bachadonga keluvchi tomirlardan emchaklarga ko'tariluvchi tomirlar ajraladi. [Bular] bachadon bilan emchaklar o'rtasida umumiyat bo'lsin uchun [keladilar].

Sakkizinchi tarmoq erkak va xotinlarning oldgi [jinsiy a'zolariga] boradi, to'qqizinchi qobirg'aning ichki qismidagi mushaklarga keladi va u yerda taraladi. Oninchisi yuqoridan siydik chiqarish kanali tarafidan chovlarga keladi va tushib keluvchi tomirlarning oxirlariga, ayniqsa, emchak tarafidan tushuvchi tomirlarga tutashadi. Bu venalarning eng katta bo'lagi dumbaga keladi.

[Bu venalarning] qolgan qismi songa boradi va u yerda tarmoqlarga bo'linadi. Bu tarmoqlardan biri, sonning old qismida yotuvchi mushaklarda bo'linadi. Ikkinchisi - sonning pastki qismi mushaklarida va uning ichki yuzasida ichga chuqurlashib bo'linadi. Boshqa juda ko'p tarmoqlar sonning ichida tarqaladi.

Bularning hammasidan qolgan [venalar] tizza bo'g'inidan ozgina yuqoriroqqa borib yoziladi va uch bo'lakka bo'linadi. Tashqi tarmoq kichik boldir suyagi bo'ylab, to'piq bo'g'inigacha cho'ziladi. Ortancha shoxcha tizzaning egilgan joyi bo'ylab cho'zilib, pastga tushadi va boldirning ichki qismi mushaklarida tarmoqlar qoldiradi va ikki tarmoqqa bo'linadi. Bittasi boldir qismiga kiradi va u yerda yo'q bo'lib ketadi. Ikkinchisi - katta boldir suyagi bilan kichik boldir suyagi o'rtasidagi oraliqqa kelib, oyoqning old qismiga cho'ziladi va yuqorida aytilgan sirtqi tarmoq bilan birlashadi. Uchinchi tarmoq - ichki tarmoq bo'lib, oyoqning go'shtsiz joyiga keladi, so'ngra, tovonga va katta boldir suyagidagi do'mboqqa cho'ziladi va oyoqning ichki qismiga tushadi. Bu sofin (oyoq teri osti) venasidir.
[Shunday qilib] bu uch tarmoq to'rttaga aylanadi: ikkitasi tashqi [tarmoq bo'lib, ular] kichkina boldir suyagi tarafidan oyoq kaftiga qarab keladi va ikkitasi ichkidir. Tashqisidan biri oyoq panjasiga ko'tariladi va kichkina barmoqning yuqori qismi soxasida bo'linadi. Ikkinchisi esa - yuqorida aytilgan ichki tarmoqlarning tashqi tarmoqlari bilan aralashadi. Ularning ikkovlari oyoqning pastki qismida ajraladi.

Mana hamma [venalarni] aytib chiqdik. Biz bo'laklari bir-biriga o'xshash a'zolarning anatomiyasini tugatdik.

Qurolli vazifasini bajaradigan a'zolarga kelsak, ularning anatomiyasi haqida [bu a'zolarning ] kasallik xolatlarini ta'riflash va uni davolash bobida aytamiz.

Biz endi quvvatlar haqida gapiramiz.