Tabobat ilmiga bo'lmoq istasang qobirg'a,
Kechayu kunduz ani xizmatida qol birga.
Qobirgʻalar anatomiyasi va xususiyatlari haqida
Qobirg'alar o'zlari o'rab turgan nafas olish va ovqatlanish a'zolarining yuqori qismi uchun himoyachidirlar. Qobirg'alar bir [butun] suyak qilib tuzilgan emaslar. Ular og'ir bo'lmasligi va zararlanganda, bu zarar umumiy bo'lmasligi uchun shunday tuzilgan. Bu yana keragidan ortiq kengayish zarur bo'lganda yoki ichkari ovqat va havo bilan to'lganda va tortilgan havo uchun ancha kengroq o'rin lozim bo'lganda, ular osongina kengaya olsin uchun shunday tuzilgan. [Qobirg'alar] yana ularning o'rtasida nafas olish ishlarida yordamlashuvchi ko'krak mushaklari va ularga yopishuvchi a'zolar joylasha olsin uchun ham [bir butun] suyak sifatida tuzilmagan.
Ko'krak yurak, o'pka va ular bilan birga yotuvchi a'zolarni o'rab turgani uchun, ularning himoyasi juda puxta bo'lishi kerak, chunki ularga yetadigan zarar zo'rroqdir. Shu bilan birga mazkur a'zolarni hamma tomondan o'rash ularni siqib qo'ymaydi va ularga ziyon keltirmaydi. Ettita yuqori qobirg'a shunday tuzilgandirlarki, ular o'z ichidagi go'sht suyagiga birikib, boshqaruvchi a'zoni har tarafdan o'rab turadi.
Hazm a'zolariga yondosh qobirg'alarga kelsak, ular orqada himoya qiluvchi ko'z sezgisi yetmaydigan tomonda himoyachi qilib yaratilgandir. Oldindan ular tutashmaydilar, balki oz-oz ajralib boradilar, shuning uchun ustki qobirg'alarda chiqib turadigan qirg'oqlar orasidagi masofa yaqinroq, ostkilarida esa uzoqroqdir. Ular jigar, taloq va boshqa ovqatlanish a'zolarini himoya qilish, me'da uchun joyni kengaytirish va u ovqat va havo bilan to'lib turganda siqilmasligi uchun ana shunday qilib [tuzilganlar].
Ettita ustki qobirg'alar ko'krak qobirg'alari deb ataladi. Ular har tomondan ettitadir, ikkita o'rtadagisi katta va uzunroq, chegaralari esa qisqaroq, bunday shaklda o'raladigan narsani har tomonlama o'rashda ehtiyotliroq bo'ladi.
Bu qobirg'alar dastlab egiladi va quyiga yo'naladi, so'ngra go'yo yuqoriga qaytadi va to'sh oldida qo'shiladi. Qolgan boshqa kalta qobirg'alarga kelsak, bu orqa suyaklari va yolg'on qobirg'alardir. Ularning boshlari tog'aylar bilan bog'langan. Bular zarba vaqtlarida sinishdan saqlash uchun, yumshoq a'zolarga va ko'krak qorni to'sig'iga qattiq tegmasin, balki qattiqligi va yumshoqligi jihatidan [suyak] va yumshoq a'zolar o'rtasida bo'lgan jismga tegib tursin uchun shunday tuzilgan.