Quvvatlar haqida

Ibn Sino, Ergashaka 2025-07-05 22:07

Gavdaning quvvatlari oqadi,
Hayot tarzin sozlab boqadi.


Quvvatlarning jinslari to'g'risida
umumiy so'z


Quvvatlar bilan ta'sirlar bir-birlari orqali bilinadilar, chunki har bir quvvat biror ta'sirning boshlanadigan yeri bo'lib, har bir ta'sir ham biror quvvatdan paydo bo'ladi. Shuning uchun bu ikkovlarini bir ta'limga to'pladik.

Quvvatlar va ulardan paydo bo'ladigan ta'sirlarning jinslari tabiblarcha uchtadir: nafsoniy quvvat, tabiiy quvvat va hayvoniy [ya'ni hayotiy] quvvat.

Faylasuflardan ko'plari va tabiblarning hammasi , xususan Jolinus , quvvatlardan har biri biror boshqaruvchi a'zoda bo'lib, u o'sha quvvatning manbaidir, [quvvat] ta'siri ham shunda paydo bo'ladi, deb tushunadilar. [Masalan], nafsoniy quvvatning o'rnini va fe'li [ta'siri] paydo bo'ladigan yerini miya deb biladilar.

Tabiiy quvvatlar ikki turli bo'ladi. Ulardan birining maqsadi shaxsni saqlash va uning turmushini tartibga solishdir. Bu xil tabiiy quvvatlar oziqlantirish ishini bajaradi va gavda mavjud bo'lgan muddat davomida uni g'izolantirib turadi; o'sish davri tamom bo'lguncha uning o'sishiga yordam beradi. Bu turning turadigan o'rni va ta'sirning paydo bo'ladigan yeri jigardir.
Ikkinchi turning maqsadi navni saqlashdir. Bu tur ko'payish ishini bajarib, gavda aralashmasidan urug' moddasini ajratib, unga Yaratuvchi izni bilan, shakl beradi. Bu turning turadigan o'rni va ta'sir manbai moyaklardir. Hayotiy quvvat xislar va harakatlarning egasi bo'lgan ruh ishini tartibga soladi; u, ruh miyada xosil bo'lganida, uni xis va harakatlarni qabul qilishga tayyorlab, hayot yuz beradigan xolatga yetkazadi. Lekin buyuk faylasuf Arastu (Aristotel) shu hamma quvvatlarning boshlanish o'rni yurak deb biladi; lekin ularning birinchi xil fe'llarini [ta'sirlarini] yuzaga chiqarish uchun yuqorida aytilgan manba'lar xizmat qiladi.


Tabiblarning aytishicha, xislarning boshlanish o'rni miya bo'lib, har qaysi [besh] xis uchun ta'siri paydo bo'ladigan ayrim a'zo bo'ladi.

So'ngra, bular yaxshilab haqiqatlansa, ish Arastu tushunganidek bo'lib chiqadi; ammo ular [ba'zi faylasuflar va tabiblarning] tushunganlaridek bo'lmaydi. Ularning so'zlari zaruriy emas, zo'rma-zo'raki bo'lib, masalaga yuzaki qarashlaridan kelib chiqqan.

Tabibning bu ikki oqimdan qaysi biri to'gri ekanini aniqlab olishi zarur emas; bu - faylasuf yoki tabiatshunoslarning ishidir. Tabib shu quvvatlarning boshlanish o'rinlari mazkur a'zolar ekanliklarini bilsa, shuning o'zi tabobat ishlariga kifoya qiladi. Bu [quvvatlar] ham o'zlaridan oldinda bo'lgan biror manba'dan chiqarilganlarmi-yo'qmi ekanligini bilishlari ular uchun keragi yo'q, lekin bilmaslik faylasuf uchun kechirilmas xoldir.