Sabablar haqida
Yuqorida biz bayon qilgan gavda xollarining, yaʼni sog‘lik, kasallik va o‘rtacha xollarning sabablari uchtadir: oldin keluvchi sabab, tashqi sabab va bog‘lovchi sabab. Oldin keluvchi va bog‘lovchi sabablar gavda narsalari, yaʼni xilt, mizoj yo tarkibga tegishli bo‘lishda umumiylikka egadir.
Tashqi sabab gavda moddalaridan tashqari jismlar tufayli bo‘ladi, masalan, zarbadan, havoning issig‘idan, qabul qilingan issiq yoki sovuq ovqatdan paydo bo‘lgan sabab kabi; yoki bu nafs jihatidan bo‘ladi, chunki nafs gavdadan bo‘lak narsadir, g‘azab, xavf va va shunga o‘xshash narsalardan bo‘lgan sabab kabi. Oldin keluvchi sabab bilan tashqi sabablar baʼzan o‘zlari bilan [yuqoridagi uch xol] orasida biror vosita bo‘lishiga sherik bo‘ladilar. Tashqi sabablar bilan bog‘lovchi sabablar o‘zlari bilan mazkur xolatlar orasida vosita bo‘lmaslik jihatidan sherik bo‘ladilar. Lekin oldin keluvchi sabablar, o‘zlariga [gavdadagi] birorta xolat yaqin bo‘lmasdan, balki ular bilan xolat orasida ularga ko‘ra xolatga yaqinroq bo‘lgan boshqa sabablar bo‘lishi bilan bog‘lovchi sabablardan farq qiladilar. Oldin keluvchi sabablar gavdaga xos bo‘lishlari bilan tashqi sabablardan farq qiladilar. Yana shu ham borki, oldin keluvchi sabablar bilan xolat orasida shaksiz biron vosita bo‘ladi; tashqi sabablarda [esa] u zarur emas. Bog‘lovchi sabablar bilan xolat orasida hech qanday vosita bo‘lmaydi. Tashqi sabablarda u zaruriy emas; balki ularda ikkala xolning bo‘lishi mumkindir. Demak, oldin keluvchi sabablar gavdaga, yaʼni xilt, mizoj kabi tarkibga tegishli sabablar birinchi bo‘lmasdan, balki biror vosita orqali xolatni keltirib chiqaruvchi sabablardir. Bog‘lovchi sabablar esa gavdaga tegishli sabab bo‘lib, vositasiz ravishda gavda xolatlarini birinchi keltirib chiqaradigan sabablardir. Tashqi sabablar birinchi bo‘lib ham, birinchi bo‘lmasdan ham, gavda xolatlarini keltirib chiaradigan, gavdaga xos bo‘lmagan sabablardir.
Oldin keluvchi sabablarning misoli — isitmani keltirib chIqarishda [xiltlarga] to‘lalik; kataraktani paydo qilishda ko‘z tomirlarining to‘lib ketganligi. Bog‘lovchi sabablarning misoli — isitmani paydo qilishda xiltlarning chirib sasishi; ko‘z tomirlarida tiqilma paydo qilishda ko‘zning uzumsimon qatlamiga rutubatning o‘qib tushuvi, ko‘rlikni keltirib chIqarishda — tiqilma [paydo bo‘lishi].
Tashqi sabablar misoli — quyosh isitishi, kuchli harakat, zo‘r g‘am, ko‘p uyqusizlik yoki sarimsoqqa o‘xshagan o‘tkir qizdiruvchi narsalarni yeyish kabidir. Bularning hammasi isitmaga sababdir; ko‘zning qorachig‘i teshigi kengayishiga va kataraktaga urish sabab bo‘lgani kabi.
Har bir sabab yo o‘z zoti [mohiyati] bilan sabab bo‘ladi; murchnimg qizdirishga, afyunning sovutishga sabab bo‘lgani kabi; yo oraziy ravishda sabab bo‘ladi, masalan, sovuq suvning teri teshiklarini zichlashtirish yo‘li bilan haroratni qamash orqali isitgani kabi yoki issiq suvning badan teshiklarini ochish yo‘li bilan sovutgani kabi, saqmuniyoning qizdiruvchi xiltlarni haydab sovutgani kabi.
Gavdaga yetgan har bir sabab taʼsir ko‘rsata bermaydi, balki yana uch narsaga muhtoj bo‘ladi:
1.Taʼsir qiluvchi quvvatdan bir quvvatga.
2. Gavdaning isteʼdod quvvatidan bir quvvatga.
3. Bu taʼsir paydo bo‘lishi mumkin bo‘lgan bir zamonda shu quvvatlarning bir-biriga yo‘liqish imkoniyatiga.
Sabablar, keltirib chiqargan narsalariga nisbatan, turli xollarda bo‘ladilar. Ko‘pincha sabab bitta bo‘lsa ham, turli gavdalarda turlicha kasalliklarni yoki turli vaqtlarda turli kasalliklarni keltirib chiqargan bo‘ladi. Biror bir sabab taʼsiri kuchsiz va kuchli odamda, sezuvchan va kam sezuvchan odamda bir xil bo‘lavermaydi.
Sabablarning baʼzilari o‘zlaridan keyin iz qoldiradi va baʼzilari iz qoldirmaydi; iz qoldiruvchi sabablar shunday sabablarki, ular ajralgandan keyin taʼsiri qoladi; iz qoldirmaydigan sabab shunday sababki, uning ajralishi bilan kasallik tuzalib qoladi.
Aytamizki, gavda xolatlarini o‘zgartiruvchi va saqlovchi sabablar yo zaruriy bo‘lib, odam hayotida undan qutilish mumkin emas, yo zaruriy bo‘lmaydi. Zaruriy bo‘lganlari olti jins bo‘ladi: atrofimizni o‘ragan havo, yeyiladigan va ichiladigan narsalar, gavda harakati va tinchligi, nafsoniy harakatlar, uyqu va uyg‘oqlik, bo‘shalish va to‘xtalib qolishliklar.
Avvalo (kelgusi darsda) havodan boshlaymiz.