Tib qonunlarida surunkali kasalliklarni davolash haqida
"Tib qonunlari" da kasalliklarni xozirgi zamon meditsinasidek ayrim ixtisoslarga boʻlib davolamay, bir harakatiga yaxlit kishi vujudini davolashdan iboratdir. Bir butun aʼzoni davolashda, badanda kechayotgan umumpatologik xislatlar quyidagi guruhlarga boʻlinadi:
1) mizoj buzilishi kasalliklarini davolash;
2) "toʻlishlik" ni davolash;
3) "tiqilishlik" ni davolash;
4) yaxshi va yomon sifatli "shishlar" ni davolash;
5) organizmda yuz bergan sinish, chiqish va uzilish kabi turli "uzluksizliklar buzilisihi" ni davolash.
Mizoj buzilishi ikki xil: 1. Moddasiz miizojni oʻzgartirish. 2. Moddali mizojdan ortiqcha moddani chiqarish. Mizojni oʻzgartirishda kayfiyatga qarama-qarshi boʻlgan davo buyuriladi. "Toʻliqligini boʻshatish" ga istifroq, yaʼni badan yo aʼzoni tozalash yoʻli bilan erishiladi. Tozalashda bemor quvvati, mizoji, yoshi, joy iqlimi, mashgʻuloti, qachon chakana yo umumiy istifroq oʻtkazganligi kabi omillarga eʼtibor bermoq zarurligini taʼkidlaydi, ibn Sino. Yana davoni boshlashdan oldin chiqariladigan modda xarakteri, oz-koʻpligi, qayerdan chiqarilishi, modda xom yo pishganini aniqlash zarurligini aytadi, muallif.
Ibn Sino bemor aʼzodagi yomon xiltni ikki yoʻl bilan chiqarish va oʻrnidan qoʻzgʻatish mumkin ekanligini aytadi: "birinchisi, uzoq qarshi aʼzoga, ikkinchisi, yaqin qarshi aʼzoga xiltni tortish".
Baʼzan moddani boʻshatish oʻrniga, uni gavdaning bir tomonidan ikkinchi tomoniga tortiladi. Bu maqsadda gavdaning modda tortib keltiriladigan qismini bogʻlash, oʻsha yerga gʻortiq solish, qizartiruvchi dorilarni va "ogʻriq paydo qiluvchi tadbir" larni qoʻllashni tavsiya qiladi. Sanab oʻtilgan kabi tadbirlarni yaxshi oʻrganib chiqib, kundalik ish faoliyatimizda ham qoʻllash mumkin.
Ibn Sino, badanni "boʻshatish" deganida birinchi galda qon olish turlarini nazarda tutadi. Har bir bemorchun oʻziga eng mos davoni qoʻllash ibn Sinoning asosiy davolash uslubidir. "Bilginki, - deb yozadi u, - chiqarib tashlanishi zarur boʻlgan moddadan bir qadar qoldiq qoldirishning zarari ortiqcha boʻshatish va quvvat zaif boʻlgunicha boʻshatish zararidan kamroqdir; oʻsha qoldiqni koʻpincha bemor tabiatining oʻzi tarqatib yuboradi. Modomiki, chiqariladigan xilt chiqarilishi kerak jinsdan boʻlib, kasal boʻshatishni koʻtara olar ekan, to oxirigacha boʻshatishdan qoʻrqma!".
Ibn Sino "yaxshi tadbirli bemor (gʻariziy quvvat - immuniteti baquvvat) ga badan tarbiya, uqalash (massaj), hammom qilish kifoya qiladi", yaʼni ularni boʻshatishga tayyorlash xojati yoʻq, boshqa kishilarni boʻshatishdan oldin, har biriga tegishli muolajalar oʻtkaziladi.
Safro, savdo va balgʻam xiltlarini boʻshatishda ularni tabiiy yoʻl bilan chiqarish uchun surgi qillish yo qustirish amali qilinadi. Bu amaliyotni amalga oshirishda ortiqchalkka yoʻl qoʻymaslik kerak.
Shuningdek, huqna (klizma), tomirlardan qon olish, qortiq qoʻyish, zuluk solish ham boʻshatish amaliyotlaridandir.
Ibn Sino qon olishni ikki toifa bemorlarda qoʻllash kerak, deydi: "Qoni meyoridan koʻp yo haqiqiy kasal boʻlsa", qon olinadi. Demak, hamma dardning davosi - qon olish.
Qon toʻxtatish uchun qon olish asosiy davo. Burun, bachadon, orqa, koʻkrak yo yara va boshqa joylardan qon ketayotganda, uni toʻxtatishga, qonni boshqa tomonga tortish uchun bemor tomiridan qon olinadi. Bu juda kuchli va oʻta foydali amaldir, - deydi ibn Sino. Shuni aytib oʻtish joizki, shprits bilan qon olish, qon olish qoidasiga xilofdir, chunki ignadan qonning suyuq qismi oʻtib, quyugʻi tomirda qolib ketadi, kasal qon esa quyig moddaga joylashgan boʻladi, shu sabab tomirga nishtar urishda, egriroq qilib tomirni iloji boricha kengroq ochish darkor. Muallif aytadi: "... olinadigan qonning miqdorini oshirgandan koʻra, qon olish sonini oshirgin".
Yana "tiqilish" larni davolash ham oʻta tadqiqotga molik amallardandur. "Tiqilmalar, - deydi ibn Sino, - yo quyuq xiltlardan, yo yopishqoq xiltlardan va yo quyuq xiltlar koʻpligidan boʻladi. "Tiqilmalarning eng qiyini, - deydi ibn Sino, - tomirdagisi, ulardan qiyini arteriya tiqilmalaridir; bulardan yomoni esa bosh, yurak va jigar kabi rais aʼzolarda boʻladigan tiqilmalardir". Olim bu yerda tromboflebit, endoarteriitdagi kabi infarkt va insultga olib keluvchi yoʻgʻon tomirlar emboliyalari ustida soʻz yuritayotgani maʼlumdir.
"Shishlar" toifasiga turli oʻtkir va xronik, spetsipik va nospetsipik yalligʻlanish jarayonlari bilan bir qatorda, turli yaxshi va yomon sifatli oʻsmalar va kistalar kiritilishi maʼlum. "Shishlar ikki sababli paydo boʻladi, - deydi ibn Sino, -"oldin paydo boʻlgan sabablar", masalan, "toʻliqlik" va "sirtqi sabablar", masalan, yiqilish, urilish, yaralanish".
"Shish" ning asosiy sababi xiltlarning yoʻnalishida "toʻliqlik" boʻlgani uchun davolashda ortiqcha xiltlarni kayfiyatiga qarama-qarshi boʻlgan davo orqali gavdaning boshqa yeriga tortib chiqarishdir. Ibn Sino shu maqsadda asosiy "burishtiruvchi" va "erituvchi" dorilarni qoʻllashni buyuradi. "Agar shishli aʼzo rais aʼzoning boʻshalish oʻrni boʻlsa, masalan, boʻyindagi va quloq orqasidagi bezli joylar - miyaning boʻshalish oʻrni, qoʻltiq - yurakning, chov - jigarning boʻshalish oʻrni, bunday joylardagi shishlarga qaytaruvchi dori ishlatish mumkin emas. (Yaqinda bir tabib 17 yosh qizning qoʻltiq osti beziga kavrak yosh ildizini bogʻlash bilan, oʻldirib qoʻydi, mana aniq misol). Garchi shu dori oʻsha joyning shishiga dori boʻlsa ham, modda qaytarilsa, rais aʼzoga boradi deb, qoʻrqamiz".
Olim aksincha, rais aʼzolardagi shishni davolashda ularni qortiqlar yordamida boʻshash joylariga tortib, oʻsha joyda shish paydo qilishga buyuradi. Keyin u oʻrindagi shishni davolash oson va xavfsiz. Koʻpincha yoshlarda va immuniteti baquvvat kishilarda ularning tabiati ichki oʻsmalarini "boʻshalish" joylariga qaytaradi. Faqat nodon tabibgina boʻshalish joylari shishini davolaydi, yaxshisi, davolanmay oqma yara boʻlgani afzaldir.