ABU ALI IBN SINO TIBNING TAʼRIFI TOʻGʻRISIDA
BIRINCHI TAʼLIM
Birinchi fasl
Tib taʼrifida
Tib shunday bir ilmki, u bilan odam gavdasining ahvoli sogʻlik va kasallik jihatidan oʻrganilib, uning mavjud sogʻligʻi saqlanadi va yoʻqotilgani qaytariladi. Biror kishi: "Tib nazariy va amaliy [qism] ga boʻlinar edi, siz esa uni ilm deb hammasini nazariy qilib qoʻydingiz" deyishi mumkin. Biz u kishiga javob berib aytamiz: "sanʼatlarning nazariy va amaliysi bor boʻlgani kabi, tibning ham nazariy va amaliysi bor" deyiladi. Bu qismlarning har birida "nazariy" va "amaliy" degan soʻzlardan boshqa-boshqa narsa tushuniladi, xozir bu yerda tibdan boshqa sohalarda anglashiladigan fikrlarni bayon qilishga muxtoj emasmiz.
Tib nazariy va amaliy boʻladi, deyilganda bundan maqsad, shu mavzuda bahs qiluvchilarning koʻplari oʻylagani singari, tibning bir qismi - ilmni oʻrganishdan, ikkinchi qismi - amaliy ish bilan shugʻullanishdan iborat, deb tushunmaslik kerak, balki sen bundan boshqa bir narsani tushunishing lozim. U narsa shuki, tibning ikkala qismi ham ilmdan boshqa narsa emas. Lekin ulardan biri tib qoidalarining ilmi boʻlib, ikkinchi ilm esa uni amalda qanday qoʻllashni bildiradi. Ularning birinchisi ilm yoki nazariya atalib, ikkinchisi amaliyot deb aytiladi.
Tib nazariyasi deganda biz tibning asosiy qoidalarini oʻrganishni tushunamiz va bunga biron amalning qanday boʻlishligi kirmaydi. Masalan, tibda isitmalar uch xil boʻladi va mizojlar toʻqqiz xil boʻladi, deyiladi. Amaliy tibdan biz [faqat] ishlatiladigan amallarni va gavdani harakatga solishni tushunmaymiz, balki bir fikr va andishani ifoda qiladigan tib ilmining bir qismini tushunamiz. Bu fikr amalning qanday boʻlishini bayon qilishga taalluqli boʻladi, masalan, tibda aytilishicha, issiq shishlarga dastlab qaytaruvchi, sovutuvchi va ochuvchi narsalar ishlatiladi. Keyin qaytaruvchilar yumshatuvchilar bilan qoʻshib ishlatiladi. U shishlar qaytgach, yumshatuvchi va qaytaruvchi dorilar bilangina kifoyalaniladi. Lekin boshqaruvchi aʼzolardan chiqayotgan moddalardan paydo boʻladigan shishlarda bu davolargina ishlatilib qolmaydi. Mana shu taʼlim senga tibbiy amalning qanday boʻlishi haqidagi bir fikrni ifoda qiladi. Ilmning shu ikki qismini bilganingdan soʻng, senda nazariy ilm va amalda hech ishlatmasang ham, amaliy ilm xosil boʻladi.
Biror kishining " odam gavdasining xoli uch xil boʻladi: sogʻliq, kasallik, uchinchisi sogʻliqqa ham, kasallikka ham qoʻshilmaydigan bir xolat; holbuki sen ikki xilgina qilib qoʻyaqolding" deyishi toʻgʻri emas, chunki shunday bahsni qiluvchi kishi yaxshi oʻylasa, ikki narsadan tashqari, uchinchi bir holatni boʻlmasligini va bizni uchinchi xolatga muhtoj emasligimizni tushunadi. Agar uchinchi xolat lozim boʻlsa, albatta, bizning "gavdaning nosozligi" degan soʻzimiz kasallikni hamda sogʻliq taʼrifiga sigʻmaydigan uchinchi bir holatni oʻz ichiga olgan boʻladi. Sogʻliq shunday malaka yoki bir xoldirki, u sababli aʼzolardan sogʻlom ishlar vujudga chiqadi. Sogʻliq uchun bu taʼrifga muqobil kela oladigan biron oʻzga taʼrif yoʻq. Lekin baxs qiluvchilar sogʻliqni oʻzlaricha taʼrif qilib oʻzlariga ham kerak boʻlmaydigan shartlarni sogʻliq taʼrifiga kiritib yuboradilar. Bu toʻgʻrida tabiblar bilan baxslashib oʻtirishga oʻrin yoʻq. Tabiblar ham bu kabi narsalar haqida munozara qiladigan kishilardan emaslar. Tabiblar bilan yoki ularning fikriga qoʻshilmovchi kishilar bilan munozara qilish tibda biror foyda yetkazmaydi ham. Ammo bu masalada haqiqatni bilish boshqa fan, yaʼni mantiq fanining qoidalariga tegishlidir. Haqiqat mantiq fanidan talab qilinsin!