Tarkib kasalliklari

Ibn Sino, Ergashaka 2025-12-17 23:32

Tarkib kasalliklari haqida



Tarkib kasalliklari ham toʼrt xildan tashqari boʻlmaydi. Ular tuzilish kasallikkari, miqdor kasalliklari, son [adad] kasalliklari va vaziyat kasalliklari.

Tuzilish kasalliklari ham toʻrt jinsdan tashqari boʻlmaydi:
1. Shakl kasalliklari. U shundan iboratki, shaklning buzilishi tabiiy koʻrinishni oʻzgartiradi va bunday oʻzgarish faoliyatga ham ofat yetkazadi. Masalan, toʻgʻrining egri boʻlishi, doirani toʻrt burchak boʻlishi. Bosh zararli darajada yalpoqligi, meʼdaning oshiqcha yumaloqligi va koʻz qorachigʻining keng boʻlmasligi ham shu bobdandir.

2 Oqim yoʻllarining kasalliklari. Bular uch sinfdir, chunki bular yo kengayishdan boʻladi, koʻz [qorachigʻining] kengayishi, pannus (fil kasalligi, bunga vena kengayishi kasalligida boʻlganidek, oyoq panjasi kattalashib, yoʻgʻonlashadi) va venalarning kengayishi kasali kabi; yo torayishdan boʻladi, koʻz [qorachigʻining], nafas oʻtadigan joylarning va qiziloʻngachning torayishi kabi; koʻzning uzumsimon [qatlamdagi] teshiklarning, jigar tomirlarining va boshqalar tiqilishlari kabi.

3. Qopchiq va boʻshliqlar kasalligi. Bular toʻrt sinf boʻladi; chunki bular [qopchiq va boʻshliqlar] yo kattalashib kengayadilar, moyaklar xaltasi kengayishi kabi; yoki kichiklashib torayadilar, meʼdaning torayishi va tutqanoq kasalligida miya qorinchalarining torayishi kabi; yoki [qon bilan] toʻlib tiqilib ketadilar, sakta (insult) kasalida miya qorinchalari tiqilishi kabi; yoki (qon olib) boʻshatilib boʻsh boʻlib qoladilar, halokatga olib boradigan qattiq xursandlik va (jinsiy aloqada) kuchli lazzatlanishda yurak boʻshliqlari qoʻngan boʻshab qolishi kabi.

4. Aʼzolar yuzalari kasalliklari, chunonchi gʻadir-budir boʻlishi kerak boʻlgan oʻrinda silliq va taygʻoq boʻlishi kabi, masalan, meʼda va ichaklarning silliq va taygʻoq boʻlib qolishlari yo silliq boʻlish oʻrniga gʻadir-budir boʻlishlari, kekirdakning gʻadir-budir boʻlishi kabi.

Miqdor kasalliklariga keldak, bular ikki sinfdir; ular miqdori oʻsishdan boʻladi, masalan, fil kasalligi va olatning oʻta kattaligi kabi -- bu priapizm kasalligi deb ataladi.
(Bu xato. Olat kattaligi kasallik boʻlmay tabiiy xol. Priapizm esa vaqtincha kasallik boʻlib, turgan olat yotmay qiynaydi). -- yoki Nikomax deb atalgan odamda barcha aʼzolari xaddan katta va uzun boʻlib, u harakatlanishga oʻta ojiz boʻlgan; u yo bu aʼzo kichiklanishi jinsga kiradi, tilning burushuvi, koʻz gʻoʻlagi kichiklanishi va butun gavda soʻlishi kabi.

Son [adad] kasalliklariga kelsak, ular yo ortiqlik jinsidan boʻlib, bu tabiiy boʻladi, ortiqcha barmoq va notekis oʻsgan tish kabi; yo u gʻayritabiiy boʻladi, aʼzoda oʻsgan ortiqcha narsa [silʼa] yoki azo toshi kabi; son kasalligi yoki kamchilik jinsidan boʻladi; u yo tugʻma, barmoqsiz tugʻilgan odam kabi, yoki bu kamlik tabiiy boʻlmaydi, barmogʻi kesilgan odam kabi.

Vaziyat [qoʻyilish] kadsalliklariga kelsak, bu Jolinus fikricha "oʻrin" ham "mushorakat" degan maʼnoga toʻgʻri keladi. Qoʻyilish kasalliklari toʻrttadir. Aʼzoning boʻgʻinidan qoʻzgʻalishi; yo qoʻzgʻalmasdan oʻzining [tabiiy] oʻrnini oʻzgartirishi, ichakka mansub dabba kasalligidagi kabi; yoki [azoning] harakati gʻayri tabiiy va notoʻgʻri boʻlishi, qaltirashdagi kabi; yoki oʻrniga yopishib undan koʻchmasligi, bu niqris ksalligidagi boʻgʻinlarning toshday qattiqlanishi kabi.

Mushorakat [hamkorlik] kasalliklarihar aʼzo qoʻshnisiga nisbatan boʻladigan har bir xolatini oʻz ichlariga oladilar. Masalan, aʼzolarning gʻayritabiiy ravishda bir-biridan uzoqda yoki yaqinda boʻlish xolatlari. Bu ikki sinf boʻladi. Biri aʼzoni qoʻshni aʼzo tomoniga harakatlanishi ilgari mumkin boʻlgan boʻlsa ham, keyin mumkin boʻlmay qoladi yo qiyinlashadi, masalan, barmoqlarni qoʻshni barmoqlarga tomon harakat qilib yopishishi boʻlmay qoladi yoki avvalda mumkin boʻlgan xolda bir-biridan ajralib uzoqlashish imkoniyati boʻlmay qoladi.

Ikkinchisi - aʼzoning oʻz qoʻshnisidan uzoqlashishi mumkin boʻlsa ham y uzoqlasha olmaydi, yoki uzoqlashish qiyinlashadi, masalan, falaj kasalligida koʻz qovogʻi va boʻgʻinlarining boʻshashishi yoki kaftni yozishning va qovoqni ochishning qiyinlashishi kabi.