"Tib qonunlari" da kasalliklarni aniqlash, yaʼni tashxis haqida
Ibn Sino mohir diagnost
Ibn Sino kasalliklar diagnostikasida inson organizmining tuzilishi va uning funktsiyalarini toʻla bilmay turib, kasallikni xatosiz aniqlash mumkin emasligini taʼkidlaydi. Dastlab ichki kasallikni aniqlash uchun deydi ibn Sino: "...ichki kasallik haqida xulosa chiqarmoqchi boʻlsa, avvalo (odam) anatomiyasini oʻrganishi lozim".
Anatomik va patologik bilim kasallik oʻrnini, funktsional jihatdan hamkor boʻlgan aʼzolardagi kasallik tufayli oʻzgarishlarni, kasal aʼzo funktsiyasi qay darajada buzilganini aniqlash imkonini beradi.
Ibn Sino kasalliklarga diagnoz qoʻyishda quyidagi 6 ta amalga rioya qilish zarurligini Qonunda aytadi.
1) kasallangan aʼzolarning faoliyati funktsiyasining qay darajada zararlanganini ish va harakatning sifati va miqdoriga qarab aniqlash: aʼzo funktsiyasi buzilishida uch daraja boʻlishi mumkinligini ibn Sino aytib oʻtadi: funktsiya susayishi, buzilishi va batamom yoʻqolishi.
2) gavdadan chiqariladigan narsalar va ularning turib qolishini tekshirish; muallif bu yerda tabiiy chiqindilar bilan bir qatorda turli patologik holatlarda gavdadan chiqadigan qon, yiring, turli balgʻam va siydikka aralashib chiqadigan quyqa, qon, qum, tosh kabi kasal aʼzodan ajrab chiquvchi narsalar va qusyuq kabilarni nazarda tutadi.
3) ogʻriq bilan aloqador belgilarni aniqlash; ogʻriq sezilayotgan joyga qarab kasallik joylashgan oʻrni aniqlanganligi kabi, oriq harakteriga qarab uni keltirib chiqargan patologik jarayonning turi aniqlanadi: "Masalan, agar oriq ogʻirlik sezdiruvchi boʻlsa, u sezgir boʻlmagan va sezgirlikni yoʻqotgan aʼzodagi shishga dalolat qiladi, chizuvchi ogʻriq moddaning koʻpligiga, kuydiruvchi ogʻriq esa moddaning oʻtkirligiga dalolat qiladi. Ibn Sino ogʻriqni 15 turga boʻladi:
tirnab ogʻrtish,
tirishtiruvchi ogʻriq,
sanchiq,
bosib ogʻriʻtish,
choʻzib ogʻrish,
yirtib ogʻrish,
zirqillash,
sust ogʻrish,
parmalash,
simillash,
uvishib ogʻrishi,
loʻqqillash,
ogʻirlik sezib ogʻrish,
toldiruvchi ogʻriq,
achitib kuydiruvchi ogʻriq.
Olim har bir ogʻriq turi sabablarini birma-bir bayon qilib oʻtadi. Ibn Sino: "ogʻriq bironta yoqimsiz narsani sezishdir", deydi. Ogʻriq sabablarini u Jolinusdan farqli oʻlaroq, ikki guruhga boʻladi: "Biri mizojni toʻsatdan oʻzgartiradigan, yaʼni mizojni mos kelmaydigan qilib buzadigan va ikkinchisi uzluksizlik ajralishini keltirib chiqaradigan sabablar".
Ibn Sino ogʻriqning sababini uzluksizlikning ajralishdan boshqa narsa emas deb hisoblovchi Jolinus bilan (fikran) munozara qiladi va oʻz fikrini qatʼiyat bilan isbotlaydi.
4) shishning harakteristikasi - mohiyati (qizilligi, qattiqligi kabi), uning lokalizatsiyasi va shakliga qarab olinadigan belgilarni aniqlash;
5) kasal aʼzoning vaziyatiga qarab olinadigan belgilar orqali kasallikning lokalizatsiyasini va hamkorlik qilayotgan aʼzolarni aniqlash; va nihoyat
6) kasallikning yuz bergan tashqi alomatlariga qarab fikr yuritish.
Xullas, kasallik belgilaridan baʼzilari "kasallikning oʻzini, baʼzilari esa kasallik bilan zararlangan joyni, baʼzi alomatlar kasallik sabablarini koʻrsatadi".
Ibn Sino "Tib qonunlari" ming umumiy qismida turli kasalliklar differentsial diagnostikasida va gavdaning umumiy holatini aniqlashda muhim rol oʻynovchi tomir urishi, siydik va najasga qarab olinadigan belgilarni juda mukammal bayon qilgandir.
Davomi bor.