“Tib qonunlari” da kasalni aniqlash va davo buyurish
Tashhis va muolaja
“Kasalliklar, - deb yozadi ibn Sino, - ba’zan boshlab bir a’zoda va ba’zan, (masalan), me’da kasalliklarida bosh (miya) hamkorlik qilgani kabi, bir necha a’zo hamkorligida paydo bo’lishlari tufayli, biz ma’lum ajratuvchi alomatlar bilan bular orasidagi farqni ta’rif qilishimiz kerak. Biz aytamizki, kasalliklardan qaysi biri ilgariroq paydo bo’lganini aniqlab olish va asosiysi qaysi va ikkinchchi, sherikchilik qiluvchisi qaysi ekanligini belgilab olish kerak”.
Asosiy sindromlar – mizojning o’zgarishi va uning ayrim turlari, “to’lishlik” va ayrim hiltlarning gavdada oshib ketishi, ayrim a’zolar va yo’llarda paydo bo’ladigan “tiqilish” va yellar (bod), ichki va tashqi, issiq va sovuq, “shishlar” va turli a’zolardagi “uzluksizliklarning buzilishi” va ularning belgilari “Qonun” ning umumiy qismi (1-kitob) da batafsil bayon qilingandir.
“Tib qonunlari”dagi davolash printsiplariga kelsak, ulardagi asosiy qonuniyat nimadan iborat ekanini ubn Sinoning dorilarni tanlash haqida aytgan quyidagi so’zlaridan bilib olish mumkin: “Dorilarni kayfiyatyiga qarab saylash qonuniga kelsak, kasallik turini aniqlash bu ishda to’g’ri yo’lni ko’rsatadi; chunki kasallik kayfiyati bilinganda unga teskari bo'lgan dorini saylash zarur bo’ladi. Chunki kasallik unga zid narsa bilan davolanadi, sog’liq esa o’ziga mos narsa bilan saqlanadi. Bu asosiy qonuniyat negizini qadimiy Xitoy meditsinasida ham uchratamiz: sog’liq va kasallik tub sababi “yan” va “in” negizlari o’zaro turli munosabatda bo’lishida deb hisoblanib, barcha kasalliklar ham shu ikki guruhga bo’lingan. Birinchi guruh kasalliklar “yan” gavdadagi funktsiyalarni kuchayishi bilan, ikkinchi guruh kasalliklar esa, ularning susayishi bilan harakterlanib, ularni davolashda “kayfiyatda” qarama-qarshi bo’lgan choralar qo’llanilgan.
Gippokratning,”Agar haqiqatan ham odamga zarar ko’rsatuvchi biron issiq yo sovuq, quruq yo ho’l sabab mavjud bo’lsa, to’g’ri davolamoqchi bo’lgan kimsa issiqlikka sovuqlik orqali, sovuqlikka issiqlik orqali, quruqlikka ho’llik orqali, ho’llikika quruqlik orqali yordam berishi kerak” degan so’zlari mazkur qonuniyatning qadimiy yunon meditsinasida ham asosiy davolash printsipi sifatida qo’llanilganligini ko’rsatadi.
“Davolash ishi ,- deb yozadi ibn Sino, - uch narsa bilan tugal bo’ladi: birinchisi - tadbir (rejim) va oziqlantirish, ikkinchisi – dorilarni iste’mol qilish, uchinchisi – qo’l bilan bajariladigan ishlar”.
Demak, bemorning kundalik hayotini ma’lum ratsional rejimga solish davolashning birinchi sharti hisoblanadi. Malum ovqatlanish rejimi va parhez esa, asosiy davo chorasi sifatida individual ravishda buyuiriladi. “Tabib kasalning tabiatini hiltlarni yetishtirishga mashg’ul qilmoqchi bo’lganida ovqat, albatta, man’ qilinadi; agar shu bilan birga quvvatni saqlash maqsadi ko’zda tutilsa, ovqat kamaytiriladi. Ovqat ikki jihatdan kamaytiriladi: miqdor tomonidan va kayfiyat tomonidan”.
Ibn Sino turli ozuqa mahsulotlarni ularning tabiiy kayfiyatlari va hossalariga qarab sodda dorilar sifatida qo’llagani ma’lumdir. Dorilar bilan davolashda ibn Sino uch qoidani qo’llaydi: “Birinchisi, dorilar kayfiyatiga qarab, yani issiqlik yo sovuqlik, ho’llik yo quruqligiga qarab tanlash qonuni. Uchinchisi dorilarni iste’mol qilish vaqtini aniqlash qonuni”. Demak, dori berishda kasallik turi va og’ir-yengilligi, kasal a’zoning vaziyati, mizoji, hususiyati, quvvati, kasal a'zo hamkorligi, bemor jinsi, yoshi, kasbi, umumiy holati, odati, allergiyasi, davolanadigan joy va mavsumni bemorga mosligi va uning ruhiy holatlarini hisobga olib dori tanlash ba davolash usullarini belgilash kerak.
Yuqoridagilarni hisobga olgan holda bemorga to’rt darajali dori tayyorlab beriladi: birinchi darajali dori ta’siri ovqatga yaqin bo’lib, deyarli nohushligi yo’q. Ikkinchi darajali dorivor ta’siri avvalgidan kuchliroq bo’lib, biroz nohush ta'sirlari bo'lgani uchun ehtiyotkorlikni talab qilinsada, mone’ligi yo’q, faqat miqdorga qat’iy rioya qilish talab qilinadi. Uchinchi darajali dorining nohush ta’sirlari ko’p bo’lsada, mone’ligi rais a’zolarga kuchli emas, ammo bemor va davolovchidan o’ta hushyorlikni talab qilinadi. Tuzalishi gumon kasalliklarga to’rtinchi darajali dorini faqat hoziq tabib tayyorlaydi. Bu dori bemorni zararli ta’siri bilan davolaydi.
Men (Ergash tabib) umuman, to'rtinchi darajali dori tayyorlamayman va ishlatmayman. Hatto uchinci darajali dorilarim sanoqli miqdorda oz bo’lib, kasali og’ir bemorlarimni biorezonans va tashbihiy (gomeopatik) meditsina yo’li bilan 30 yildan beri davolab kelmoqdaman.