“Tib qonunlari” da mizoj haqida
Unsurlarning zarrachalaridagi qarama-qarshi dastlabki quvvatlar (issiqlik, sovuqlik, quruqlik va ho’llik) ning bir-biriga ta’siridan mizojlar paydo bo’ladi. Ana shu qarama-qarshi kayfiyatlarning inson gavdasida bir-biriga nisbatan eng to’g’ri, proportsional taqsimotda bo’lishi (e’tidol) sog’likning asosiy sharti sanalib bu nisbatning buzilishi turli patologik xollarga olib keladi.
Qonunda bayon qilingan turli mizoj kategoriyalarini – “tur”, “sinf”, “shaxs” mizojlari, a’zolar mizojlari, yosh va jins mizojlari, turli mintaqada yashovchi kishilar mizojlari, oziq-ovqat va dorivorlar mizojlari va boshqa xil mizojlarni o’rganish, ularning negizidagi ratsional mazmunni aniqlash, ularni tib amaliyotida qo’llanilib kelingani qay darajada ratsional bo’lganini analiz qilish meditsina tarixi oldida turgan navbatdagi vazifalardan biridir.
Mizojlar (krazis) haqidagi ma’lumotga birinchi asos solgan Krotonlik faylasuf va tabib Alkmeon (luqmon) bu ta’limotni Pifagor maktabi g’oyalari ta’sirida yaratgani ma’lumdir. Keyinchalik bu ta’limot barcha qadimiy yunon tibbiy maktablari tomonidan o’rganilib patalogiyaning nazariy asosini tashkil etdi.