Ruh ilohiy, jon moddiy javhardir
Ibn Sino organizm a’zolarining funktsional darajalariga qarab guruhlarga bo’ladi: miya – boshqaruvchi rais a’zo – "sezgilar va harakatni kelib chiqish o’rni" hisoblanib, undan va orqa miyadan o’sib chiqqan nervlar “miyaning o’tkazuvchi xodimlari”dirlar. Yurak “hayot quvvati”ning kelib chiqish o’rni” xisoblanib, arteriyalar yurakning “o’tkazuvchi xodimlari”dirlar.
Ibn Sino fikricha, yurak hayot quvvati va tug’ma issiqlikni arteriyalar orqali miya, jigar va boshqa a’zolarga yetkazib turadi. Jigar esa, “oziqlantirish quvvatlarining kelib chiqish o’rni" bo’lib, uning “o’tkzuvchi xodimi” venalardirlar. “Boshqaruvchi” a’zolarga xizmat qiluvchi `”tayyorlovchi” a’zo o’pka yurak uchun ruhni, me’da esa jigar uchun xilusni tayyorlaydi. Miyaning “tayyorlovchi” xodimui sifatida jigar va boshqa oziqlantiruvchi va ”ruhni saqlovchi” a’zolar xizmat qiladi.
Ibn Sino ham o’rta asr tabiblari singari qon aylanish sistemasi haqida to’g’ri tasavvurga ega bo’lmagan, lekin e’tiborimizni boshqa fakt jalb qiladi. Ma’lumki, ruh haqidagi tushuncha qadimda Misrda paydo bo’lib, misrliklar ruhni barcha tiriklar olamiga harakat va issiqlik beruvchi dastlabki omil deb taniganlar. Qadimiy Sharq xalqlari ruhni havo tarkibiga kiradi, deb bilganlar. Keyinchalik buni qadimgi yunonlar “pnevma” deb atadilar. Qadimiy hind va xitoylar havoni yurakdagi “qonni qizdirib harakatga keltiruvchi va keluvchi tomirlar orqali yurakka itariladi va qonni ritmik harakatlantiradi, latiflashtiruvchi” deb qaraganlar. Ularning tasavvuricha, nafas orqali olingan havo o’pkadan keluvchi tomirlar orqali yurakka itariladi va qonni ritmik harakatlantiradi.
Gippokratning “yurak” nomli risolasida yurak o’ziga qon bilan bir vaqtda o’pkadan havoni ham tortib oladi deyishi bilan primitiv tushuncha beradi. Shuningdek, yurak gavdadagi eng asosiy a’zo, hayot markazi va aql makoni deyiladi.
Keyinchalik, havo va ruh haqidagi bu tasavvurlar “dastlabki element”, “absolyut ruh”, “jon” haqidagi ba’zi fikrlarning kelib chiqishiga sabab bo’ldi. Ibn Sino bularni sharxlab aytadi: “Yurak har qahday harakatning bosh sababi bo’lib, ovqatlantiruvchi, hayot beruvchi, idrok beruvchi va harakat beruvchi quvvatlarni barcha a'zolarga beradi, deydilar. Ammo tabiblar va ilgarigi hikmatshunoslarning bir guruhi.aksincha, bu quvvatlarni turli a’zolarga taqsim qildilar. Ibn Sinoning o’zi ham amalda ana shu keyingi guruhga qo’shilib, “ boshqaruvchi” a’zolarni uchta ( yurak, miya va jigar) deb bildi. Shu bilan bir qatorda ibn Sino ”jigar va boshqa ovqatlantirish va ruhni saqlash a’zolari”ni miyaning “tayyorlovchi” xodim a’zolari deb bilish bilan, uchchala “boshqaruvchi” a’zolar orasida miyaning balandroq mavqeini e’tirof etdi.
Ibn Sino ruhning material substantsiya ekanligini isbot qilib,yozadi: “...biror mizoj ta’siri bilan xiltlarning zichlik – quyuqligidan a’zo yoki a’zoning bo’lagidan iborat bo’lgan zich javhar tugilganidek, xiltlarning biror mizojga muvofiq bo’lgan bug’lik va latif qismidan ruhdan iborat bo’lgan latif javhar tug’iladi. Ibn Sino fikricha ruh javharining tug’ilish manbai yurakdadir.
Ruhning mohiyatini ibn Sino tasavvurida tushunish uchun,”nafsoniy quvvat”larning ta’sirida ruhning harakatlanishiga uning qo’yidagi so’zlarini keltiraman. “Ruhning tashqariga bo’lgan harakati gavdaning ichki tomonini sovutadi. Ba’zan bu haddan oshib ketib, ruh birdan tarqaladi va gavdaning ichi ham tashqarisi ham sovib, natijada xush ketish yo o’lim yuz beradi. Ruhning ichki tomonga bo’ladigan harakati gavdaning tashqarisini sovutadi va ichini isitadi. Ba’zan ruh qattiq qamalib bo’g’iladi va gavdaning tashqarisi hamda ichkarisini sovitadi, bundan keyin qattiq xush ketish yoki o’lim yuz beradi”.
Bu yerda so’z bexushtlik, kollaps va shok kabi xollar ustida borayotgani aniq. Demak, ibn Sino qonning tarkibi, uning tsirkulyatsiyasi va modda va gaz almashishidagi va termoregulyatsiyadagi rolini qamragan bir necha funkisiyalarni “ruhning ishlari” kategoriyasiga kiritgandir.
Shunday qilib ibn Sino arteriya tomirlarining organizmdagi funktsiyasi asosan ruh javharini turli a’zolarga yetkazishdan iborat deb biladi. Vena tomirlari esa jigarning do’ngidan boshlanguvchi katta venaning tarmoqlari bo’lib, ularning asosiy funktsiyasini ibn Sino “oziq moddalarni jigardan a’zolarga yetkazishdir” deydi.