"Tib qonunlari" da sog'liqni saqlash tadbirlari

Ergashaka 2025-04-12 20:00

Ibn sino ta`limotida sog’likni saqlash tadbirlari

Abu Ali Ibn Sino tadbiriga ko`ra sog’likni saqlash san`ati, odam gavdasini unga munosib va yoqadigan narsalar bilan quvvatlash orqali, o`sha tabiiy ajal deb ataladigan yoshga yetkazishdan iboratdir. Ibn Sino inson sog’ligini saqlashda asosiy narsa, umumiy va zaruriy sabablarni mo`tadil qilishni asos qilib, bunda yeyiladigan va ichiladigan narsalarni mo`tadil qilishga ko`proq e`tibor berish kerakligini ta`kidlaydi.

Abu Ali ibn Sino o`zining tabiblik faoliyatida kishilarning salomatligini saqlash va kasallikning oldini olishdan iborat vazifani birinchi o`ringa qo`yib, bu vazifaning yechimini topish uchun ko`plab o`ta muhim tadbirlar ishlab chiqqan va amalga oshirish yo`llarini bayon etgan.

Ibn Sino sog’likni saqlash ishini san`at deb biladi. Sog’likni saqlash tadbirlarining asosiy maqsadi har xil foydali tadbirlarni qo`llab sog’lom, uzoq umr ko`rishni ta`minlashdir.

Ibn Sinoning ko`rsatishicha salomatlikni saqlash uchun birinchi galda quyidagi sog’lom turmush tadbirlarini amalga oshirish kerak:

1.Kishi mizojini mo`tadil holatga keltirish

2.Ovqatlanish tadbiri

3.Odam organizmini chiqindilardan tozalash

4.Tarbiya haqidagi tadbirlar

5.Badantarbiya tadbiri

6.Yilning turli fasllaridagi tadbirlar va havoni sog’lomlashtirish to`g’risida

7.Mo`tadil uyqu va uyg’oqlik ham kiradi. Ibn Sino bu tadbirlarni yangi tug’ilgan chaqaloqdan boshlab to qarilikkacha bo`lgan barcha davrda qaysi usul va yo`llar bilan amalga oshirilishini batafsil bayon etgan. Ibn Sino sog’likni saqlash tadbirlaridan birinchi o`rinda badan tarbiya va yaxshi jismoniy harakatlarni, ikkinchi va uchinchi o`ringa ovqatlanish tadbiri va uyquni qo`ygan. Ibn Sino badantarbiyani ahamiyati haqida so`zlab, mo`tadil ravishda va o`z vaqtida badantarbiya bilan shug’ullanuvchi kishi kasalliklarning davosiga muhtoj bo`lmasligini ta`kidlaydi.

Ibn Sinoning aytishicha: keksalar sog’lom, bardam bo`lishlari uchun birinchi galda ovqatlanish rejimiga rioya qilishlari kerak, oz-oz miqdorda yaxshi hazm bo`ladigan ovqatlar iste`mol qilishlari lozim. Mevalarning sharbatidan ko`proq dori sifatida iste`mol qilish tavsiya etiladi.

I.Kishi mizojini mo`tadil qilish uchun quyidagilar qilinadi:

1.Issig’i oshib ketgan mizojni tuzatish to`g’risida

2.Sovug’i oshgan mizojni tuzatish to`g’risida

3.Kasalikka tez beriluvchan kishilar tadbiri

4.Oriq kishini semirtirish tadbiri

5.Semiz kishini ozdirish tadbiri

Issig’i oshib ketgan mizojni tuzatish uchun mizojga mos, yoqadigan ovqatlar berib tadbir qilinadi. Badan ortiqcha hiltlardan bo`shatiladi, chiqindilar qayt qildiriladi, ich surdirish tadbirlari qilinadi. Badantarbiyani yengillashtirish lozim bo`ladi va yaxshi sifatli ovqatlar tavsiya qilinadi. Ba`zan bir kunda bemor 3 marta hammomda cho`miltirilishi kerak. Ovqatdan keyin hammomga tushish kerak. Har qanday qizdiruvchi sababdan saqlanmoq kerak.

Qorin va jigar sohasida og’riq paydo bo`lsa rum arpabodiyoni va achchiq bodom ichishga buyuriladi, ular tiqilmalarni ochadi.Bu kishilar doimo badanlarini yog’ bilan silab yuradilar.

Sovug’i oshgan mizojni tuzatish to`g’risida: bu kishilarni ho`l va quruqligi o`rtacha bo`lgan issiq ovqatlar bilan, qizdiruvchi yog’lar bilan, hammomga tushirib terlatish bilan, badantarbiya bilan issiqlarini qo`zg’atishga qaratilgan muolajalar bilan isitish darkor.

Kasallikka tez beriluvchan kishilarning tadbiri to`g’risida.

Hammomdan avval badantarbiya va uqalashni ko`paytirish kerak, ovqatni oz-oz qilib bo`lib berish kerak, to`yg’azib ovqat bermaslik kerak.

Agar bemor tanasi terlaydigan bo`lsa, goh-gohida terlatib turish kerak.

Oriq kishini semirtirish to`g’risida.
Ozishning sababi mizojning quruqligi, masoriqo tomirlarining qurishi, havoning quruqligidir. Hammomda teri qizarguncha uqalanadi, mo`tadil badantarbiyadan keyin bemor hammomga tushiriladi. Hammomda ko`p o`tirish ta`qiqlanadi, badan quruq sochiq bilan artiladi va badan terisiga ozgina yog’ surtiladi. So`ngra muvofiq keladigan ovqat berilib bemorning yoshi, sog’ligi to`g’ri kelsa sovuq suvda cho’miltriladi.

Semiz kishini ozdirish to`g’risida.

Bemorlarga hajmi ko`p lekin oziqligi kam bo`lgan ovqatlarni buyurish, doimo taomdan oldin hammomga tushish, tez harakatli badantarbiya qilish, xamirli va yog’li ovqatlarni kam iste`mol qilish kabi tavsiya buyurilishi lozim.

II.Ovqatlanish tadbiri

Ovqatlanish tadbirida quyidagilarga rioya qilish kerak:

1.Ovqatning asosiy qismi meva va sabzavotlardan tashkil topgan bo`lishi kerak.

2.To`yib ovqat yemaslik kerak.

3.Qishda issiq, yozda sovuq va iliq ovqat yeyish lozim.

4.Odam organizmida eng zararli narsa ovqat oshqozonda hazm bo`lmasdan turib, ovqat iste`mol qilishdir.

5.Suyuq, tez hazm bo`luvchi ovqatni undan kuchli va qattiqroq ovqat ustiga yeyishdan saqlanish kerak.

6.Eng yomon narsa bir-biriga kelishmaydigan ovqatlarni aralashtirish.

7.Ovqatdan keyin sovuq suv ichish mumkin emas.

8.Ovqatdan keyin spirtli ichimliklar ichishni man' etish, chunki spirtli ichimliklar oshqozonni harakatini tezlashtirib, ovqat parchalanmasdan o`tib ketadi.

III.Odam organizmini chiqindilardan tozalash - (Tanqiya qilish)

Odam organizmini chiqindilardan tozalash 3 ga bo`linadi:

1.Qon olish

2.Qustirish (qayt qilish)

3.Huqna (klizma) qilish. Tanqiya so`zi forscha bo`lib, tozalash ma`nosini bildiradi. Tanani tozalash uchun musxil (ich suruvchi) va munzich (pishiruvchi) dorilardan foydalaniladi.

Organizmni tozalash (tanqiya qilish) uchun qon olish,

Qustirish (qayt qilish).

Yana ichaklardan chiqindilarni chiqarishda xuqna qilish orqali odam organizmi yot moddalardan tozalanadi.

IV. Tarbiya haqidagi tadbirlar:

1.Bolaning tug’ilgandan to oyoqqa turguncha qilinadigan tadbirlar.

2.Bolani emizish va ko'krakdan ajratish tadbiri.

3.Bolalarda paydo bo`ladigan kasalliklar va ularni davolash tadbiri.

4.Chaqaloqlarni bolalik yoshidan o`tgandan keyingi tadbirlar to`g’risida
Chaqaloq tug’ilgandan keyin to’rt barmoq eniga qoldirib kindik kesiladi, og’riq bermaslik uchun u jun ip bilan bog’lanadi va zaytun yog’iga botirilgan mato kindik ustiga qo`yiladi. Bolaning badani qattiq va terisi kuchli bo`lishi uchun kam tuzli namakob suvga cho`miltiriladi. Ko`zlariga zaytun yog’i tomiziladi. Chaqaloq yotadigan uyning harorati o`rta darajali bo`lib, bola issiq va sovuq bo`lmagan uyda uxlatiladi.Uy soya va qorong’iroq bo`lishi kerak, uyga quyoshning kuchli nuri tushmasligi kerak, bola boshiga loyiq qalpoqcha kiygiziladi. Bolani cho`miltirish vaqti uzoq uxlagandan keyingi vaqtdir. Bolani emizish va ona suti bilan boqish kerak. Bir kunda 2-3 marta emizish kerak. Bolani tez-tez emizmaslik kerak. Ertalabki emizadigan sutdan 2-3 marta sog’ib tashlab keyin emizish lozim.

Ko`krak suti sifatsiz va achchiq bo`lsa ovqatlanmasdan turib bolani emizmaslik kerak. Bola mizojini kuchaytirish uchun bolani beshigini tez tebratmaslik darkor va unga alla aytish kerak. Bolani ko`krakdan ajratish uchun esa murr (achchiq qora yelim) va cho`l yalpizining har biridan bir donakdan olib, uni ezib sut bezi uchga surtish kerak. Bolani ko`krakdan asta sekinlik bilan ajratish kerak.

Bolada paydo bo`ladigan kasalliklar va ularni davolash to`g’risida. Bolada paydo bo`ladigan kasalliklar quyidagilar:

1.Ich ketish

2.Ich qotish

3.Yo`tal va tumov

4.Nafas olishning yomonlashishi

5.Og’iz chaqasi va tish milklaridagi toshma

6.Isitma

7.Qorin va ichak sohasidagi burab og’rish

8.Uyqusizlik

9.Shaytonlash kasalligi

10.Xurrak otish

11.Gijjali Ich ketish.

Bolalarda tish chiqish oldidan tish milkida shishlar paydo bo`ladi va bunday shishlarni yog’lar bilan uqalash kerak, bola og’ziga moychechak yog’i tomiziladi. Bolaning boshi moychechak va shivit suvi bilan yuviladi.

Tish chiqadigan paytda bolada ich ketish holatlari kuzatiladi, buning birinchi sababi, milklardan chiqqan yiringli sho`r chiqindi sut bilan birga emiziladi deb o`ylaydilar. Ich ketishning ikkinchi sababi, og’riq bo`lishi mumkin, ich ketish zo`rayib ketishdan qo`rqilsa, qizil gul urug’i, petrushka urug’i, rum arpabodiyoni yoki zira qizdirilib qorin sohasiga bog’lanadi. Chala pishirilgan tuxum sarig’i, suvda qaynatilgan non mag’zi yeyishga buyuriladi.

Ich qotish.

Ba`zi vaqtda bolada ich qotish hollari paydo bo`ladi, bunda bola qorni zaytun yog’i bilan silanadi, og’ziga asal tomiziladi, cho`l yalpizi yoki havorang gulsapsar ildizi asal bilan qo`shib huqna qilinadi.

Yo`tal va tumov

Ba`zi vaqtda bolada yo`tal va tumov paydo bo`ladi. Shunday vaqtda bolaning boshi ko`p marta issiq suv bilan yuviladi. Tiliga asal surtiladi, keyin qustirish uchun tilining orqasiga barmoq tegiziladi, behi urug’i, chuchukmiya shirasi yangi sog’ilgan sut bilan aralashtirilib beriladi.

Nafas olishning yomonlashishi.

Ba`zi vaqtda bolaning nafas olishi yomonlashadi. Shunday vaqtda qulog’ining osti, tilning yuqorisi zaytun yog’i bilan yog’lanadi, qustirish kerak, bolaning tilini yog’ bilan ishqalash ham foydali. Bola og’ziga issiq suv tomiziladi, zig’ir urug’i asal bilan yalatiladi.

Og’iz chaqasi

tish milklarida toshma paydo bo`lsa: shotut shirasining o’zi yoki qora uzumining suvi, asal suvi bilan og’iz bo`shlig’i yuvilib, anor po`chog’i yoki guli olib quritilib, yanchib og’izga sepiladi.

Isitma

Ba`zida bolalarda isitma paydo bo`ladi. Shunday vaqtda onasi issiq kiyinishi kerak. Anor suvi sikanjubin yoki asal bilan, bodring suvi esa shakar bilan qo`shib emizuvchiga ichiriladi. Bola issiq kiyintirib, terlatiladi. Ho`l qamishning suvi siqib olinib, bolaning boshiga va oyog’ining tagiga surtiladi.

Qorin va ichak burab og’rishi

Ba`zi vaqtda bolada qorin va ichak sohasi burab og’rish paydo bo`ladi va bola ko`p yig’laydi, shunday vaqtda uning qorniga issiq muloyim jun mato yopib, og’ziga esa ozgina mum aralashtirilgan issiq dumba yog’ surtish kerak bo`ladi.

Uyqusizlik.

Goho bolalarda uyqusizlik, to`xtovsiz yig’lash, chinqirish paydo bo`ladi. Bunday vaqtda bolani uxlatish kerak. Ko`knor po`sti, uning urug’i, sutcho`p va ko`knor yog’i qorilib bolaning chakka sohasiga va peshonasiga surtiladi. Shaytonlash kasalligi bolada paydo bo`lsa, kaklik o`ti, qunduz qiri va ziradan barobar bo`laklar olinib, yanchilib 1 - 2 choy koshikdan ichiriladi yo onasi suti bilan beriladi.

Xurrak otish

Ba'zan bolalar uyqusida xurrak otadi: yanchilgan zig’ir urug’ini asalga qo`shib yalatmoq yoki asal bilan zirani qorib ichirish kerak.

Gijja.

Bola ichida gijja paydo bo`lsa: qora andiz va zarchavaning har biridan bir bo`lak olib hammasiga barobar shakar bilan aralashtirib suv bilan ichirish kifoya.

Chaqaloqlarning bolalik yoshiga o`tgandan keyingi tadbirlar to`g’risida.

Bolaning hulqlarini mo`tadillikda saqlashga e`tibor berish kerak. Bolani qo`rqishidan, qattiq shovqin, g’azab, qayg’uli ovozlar va uyqusizlikdan saqlash lozim. Hamma vaqt bola istagan narsani muhayyo qilish kerak. Bunda ikki manfaat bor; biri bolaning nafsi uchun bo`lib, u yoshlikdan boshlab yaxshi hulqli bo`lib o`sadi. Ikkinchisi - uning sog'lig'i uchundir, chunki yomon hulq turli xil mizoj buzilishiga olib keladi.

Bola uyqudan uyg’onganda uni issiq suvda cho`miltirish kerak, keyin uni bir necha vaqt o’ynatib, keyin bir oz narsa yedirish kerak. Bolaga ovqat yegandan keyin darrov suv bermaslik lozim.

Bola 6 yoshga to`lgach murabbiy va muallim ixtiyoriga topshirish kerak. Ovqat yeyishdan oldin ko`proq badan tarbiya bilan shug’ullanishi kerak.

V. Badantarbiya tadbiri.

Sog’likni saqlashni asosiy tadbiri badan tarbiya bo`lib, keyin ovqatlanish tadbiri va undan keyin esa uyqu tadbiri turadi.

Badan tarbiya kishini chuqur va ketma-ket nafas olishga majbur qiluvchi harakatdir. Mo`tadil ravishda va o`z vaqtida badantarbiya bilan shug’ullangan inson deyarli kasal bo`lmaydi. Yeyilgan ovqatni hammasi ham ozuqa sifatida hazm bo`lmaydi, qandaydir chiqindi qoladi, harakat qilinmasa chiqindilarning to`planishi paydo bo`ladi.

Badantarbiya tug’ma issiqlikni oshiradi, chiqindilarni chiqarishni yaxshilaydi, bo’gim va paylarni mustaxkamlaydi, organizmni chiniqtiradi. Badantarbiya bilan mashg’ul bo`lmay qo’ygan kishi ingichka ichak og’riqiga uchrashi mumkin. Chunki har bir a`zo uchun hayot quroli bo`lgan tuqma ruhni tortib keltiruvchi harakatni tark etishi natijasida uning a`zolari zaiflashib ketadi.

Badan tarbiyani boshlash va to`xtatish haqida.

Badantarbiya ovqatlanishdan oldin qilinadi, sababi, ovqatlanganda ichki a`zolarda yetilgan kaymuslar hosil bo`ladi va badantarbiya ularni butun gavdaga tarqatadi. Badantarbiyani boshlashdan oldin ichaklardagi chiqindilarni va qovuqni bo`shatish kerak.

Bahorda badantarbiya tushga yaqin bo`lib, o`rtacha haroratli uyda qilinishi kerak. Yozda esa badantarbiyani ertalab, qishda esa kechqurun qilish kerak.

Badantarbiyaning davomiyligiga kelsak 3 ta holatga e`tibor berish kerak: 1.Terining rangiga

2.Harakatning yengilligi

3.A`zolarning holatiga

Eslatma: agar ter tomchi-tomchi bo`lib oqa boshlasa badantarbiyani to`xtatish kerak.

Uqalash (massaj) haqida

Uqalash 4 xil bo`ladi:

1.Gavdani baquvvat qiluvchi - kuchli uqalash

2.Gavdani yumshatuvchi-kuchsiz uqalash

3.Ozdiruvchi-davomli uqalash

4.Gavdani yashnatib o`stiruvchi mo`tadil uqalash

Bundan tashqari yana dag’al uqalash, ya`ni dag’al mato bilan ham uqalanadi.

Uqalashda quyidagi maqsadlar ko`zda tutiladi. Bo`shashgan g’ovak a`zolarni mustahkamlash, yumshoqlarni qotirish, zichlarni g’ovak qilish, qattiqlarni yumshatish kabilar.

Uyqu oldidan uqalash va barmoqlar bilan kuchli bosish foydalidir.

Bundan tashqari, badantarbiya oldidan qilinadigan tayyorlovchi uqalash ham bordir. Bu uqalash mayinlik bilan boshlanib, badantarbiya vaqti yaqinlashgan sari u kuchaytiriladi.

Badantarbiyadan keyin qilinadigan o`z asliga qaytaruvchi uqalash ham bordir. Uni tinchlantiruvchi uqalash ham deyishadi. Buning maqsadi, badantarbiya vaqtida chiqarilmay qolib, mushaklarda to`plangan chiqindilarni tarqatish va yo`qotish, toki ular charchash alomatlarini tug’dirmasin. Bunday uqalashni unchalik qattiq qilmaslik kerak va yaxshisi yog’ bilan mo`tadil darajada uqalash kerak.

Uqalashni qattiq va dag’al harakatlar bilan tamomlamaslik kerak, chunki bu holda a`zo qotadi, bolalarda esa o`sish to`xtaydi. Ammo balog’atga yetgan kishilarga buning zarari yo`q. Ba`zan uyqu oldidan uqalash va barmoqlar bilan kuchli bosish foydalidir. Bu gavdani yengil his qildiradi, quritadi va namlikning bo`g’imlarga quyilishining oldini oladi.

VI. Yilning turli fasllaridagi tadbirlar va havoni sog’lomlashtirish to`g’risida

Yilning turli fasllaridagi tadbirlar quyidagilar:

1.Erta bahorda (qon olish, surgi qilish)

2.Yozda ( ovqatlar, ichimliklar, badantarbiya ozaytiriladi.)

3.Kuzda (badanni qurituvchi narsalardan saqlanish kerak)

4.Qishda (to charchaguncha mehnat qilish kerak, ovqatni qorin to`yguncha iste`mol qilish kerak).

Havoni sog’lomlashtirish tadbiri
- havoni buzuqligi ko`pincha yerdan bo`ladi. Bu vaqtda kursilar ustida o`tirish, juda baland va shamol esib turadigan yerlarda istiqomat qilish kerak, (qadim zamonda yashagan odamlar katta-katta baland uylar qurishgan, yashaydigan uyning tagiga tosh terganlar).

Buzilgan havoni tozalash uchun, uylar shamollatiladi, isiriq tutatiladi, yashash joyda ra`no gul, atirgul, har xil gullar o`stiriladi, uy peshtog’ida quritilgan ra`nogul, isiriq tog' archa osib qo`yiladi.

VII. Uyqu va uyg’oqlik haqida

Uyqu va uyg’oqlikda quyidagilarga rioya qilish kerak:

1.Uyqudan avval, ovqat hazm bo`lgandan keyin hammomga tushib, boshdan issiq suvni quyish yaxshi foyda qiladi.

2.Och qoringa va ovqatdan keyin darrov uxlash yomon va gavda quvvati susayadi deb hisoblangan.

3.Kunduzgi uyqu ham yomondir, u tanada xiltlarni qo`zg’atib, xastaliklarni avj olishi uchun sharoit yaratadi, kishini lanj qiladi, ishtahani pasaytiradi.Ammo tahajjudgta turuvchilar qaylulasi bunga kirmaydi.

4.Uyqudagi holatlarning eng yaxshisi o`ng tomonga qarab, keyin esa chap tomonga aylanib yotishdir. Ovqat oshqozonda yaxshi hazm bo`lmaganda qorinni bosib yotish ham hazmga yaxshi yordam beradi.

Uyqusi kelmaydigan kishiga sutcho`p iste`mol qilish yaxshi tadbirdir. Uyqudan avval yeyilgan ovqat hazm bo`lgandan keyin hammomga tushib, issiq suvga cho`milish tadbiri uxlash uchun eng yaxshi yordamchidir.

To`q qorinda yoki ovqat qorinning yuqori qismidan tushishidan ilgari uxlash ham yomondir. Chunki bu holatda chuqur uyqu bo`lmaydi, balki inson uyqusida bezovta bo`ladi, yomon tush ko'radi.

Kunduzgi uyqu ham yomondir; u rutubatlardan bo`ladigan kasalliklarni va nazla kasalliklarini vujudga keltiradi, odam rangini o`zgartiradi, taloq xastaliklarini paydo qiladi, asablarni bo`shashtiradi, kishini lanj qiladi, ishtahani pasaytiradi, shish va turli xil isitmalar paydo bo`lishiga sabab bo`ladi.

Uyqudagi holatlardan eng yaxshisi o`ng tomonga yotish, keyin esa chap tomonga aylanib yotishdir. Qorinni bosib yotish hazmga yaxshi yordam beradi. Chunki bunday yotish tug’ma issiqlikni to`plab organizmni kuchaytiradi. Chalqancha yotish uxlashning yomon shakli bo`lib, sakta, falaj va bosinqirash kabi yomon kasalliklarga sabab bo`ladi.

VIII .Suv va ichimliklar tadbiri haqida

Mo`tadil mizojli odamlarga eng yoqadigan suv sovuqligi o`rtacha yoki tashqaridan muz bilan sovutilgan suvdir, lekin muz solib suv ichish yaxshi emas. Chunki suvda erigan muz asablarga, nafas a`zolariga va umuman ichki a`zolarga zarar qiladi. Ichiga muz solib sovutilgan suv qoni juda ko`p bo`lgan bemorlarga tavsiya etilgan, boshqa kishilarga tavsiya etilmagan. Bunday suv darhol zarar qilmasa ham, vaqt o`tishi bilan va yosh ulg’ayishi bilan zarar qiladi. Nahorda badantarbiyadan keyin suv ichish, hammomga tushgandan keyin, ayniqsa och qorinda suv ichish, shuningdek, kechasi mast kishilarda paydo bo`ladigan yolg’ondakam tashnalikda, hamda tabiat ovqatning hazmi bilan ovora bo`lib turgan vaqtda suv ichish zararlidir.

Juda sovuq bo`lgan suvni ichish eng yomondir. Agar uni ichmaslikni iloji bo`lmasa, yetarli darajadagi ovqatdan keyin ichish kerak.

Iliq suv ko`ngilni aynitadi. Undan ko`ra issiqroq suvni ko`p ichish, me`dani sust qiladi.

Agar goh - gohida suv ichilsa, u me`dani yuvadi va ichni yumshatadi. Sharob safrosi ko`paygan kishilarga safrolarini siydik orqali chiqarish bilan, ho`lligi ko`paygan kishilarga ho`lliklarini yetiltirish bilan foyda qiladi. Sharobning xush bo’yligi, tiniqligi va mazasi qancha yaxshi bo`lsa, o`sha eng muvofiqidir. Sharob ovqatni gavdaning hamma qismiga yaxshi o`tkazuvchidir. Sharob balg’amni kesadi va eritadi, siydik va boshqa vosita bilan safroni chiqaradi, qora o`tni so`rilishini qiyinlashtiradi, uni osonlik bilan gavdadan chiqaradi, uning zararli ta`sirini qaytaradi. Badanni ortiqcha qizdirishdan saqlab, undagi barcha qotgan narsalarni eritadi.

IX. Badantarbiyadan keyin keladigan charchash haqida

Dastavval Ibn Sino charchashning turlarini 3 ga bo`lib, keyinchalik ularga to`rtinchisini ham kiritgan. Charchash paydo bo`lishining sababi 2 tadir. Charchashning 3 turi: yarali charchash, qotib charchash va shishli charchash. Qo`shimcha to`rtinchi tur rangpar, qurib va ozib charchash deb ataladi.

Yarali charchash shuki, unda terining yuzida yoki tagida yaraga tegishli va qadalish vaqtidagi kabi bir narsa seziladi. Buning eng kuchlisi eng chuqur joyda bo`lganidir. Shu turi ushlab ko`rganda seziladi, goho kishi uni harakat vaqtida sezadi; u kishi gavdasida tikan qadalish kabi bir holatni sezadi. Shu xil charchashga uchragan kishilar hech bir harakatni, hatto kerishishni ham yoqtirmaydilar va kuchsizgina kerishadilar. Bu xil charchash qattiq bo`lsa, kishining etlari uvishadi, agar oshib ketsa, unga qaltiratuvchi isitma tegib, isitmalaydi. Bu xil charchashning sababi-suyuq o`tkir chiqindilarning ko`pligi yoki harakatning qattiqligidan go`sht va yog’ning erishidir. Umuman buning sababi yomon xiltlar bo`lib, tomirlarga tarqalishi bilan qonni parchalaydi. Bu uning zararidir. Yomon xiltlar teri atrofiga tarqalsa, aziyat yetkazadi, xolos. Zararning eng ozi yarali charchashni keltirishidir, agar yomon xiltlar bir oz tarqalsa, et uvishishni, ko`p tarqalsa-qaltiratuvchi isitmani paydo qiladi.

Ba`zi vaqt o`tkir xiltlar tarqalib, tomirlarda yetilgan balg’am qoladi. Ba`zan xom balg’am ham go`shtda qoladi. Qotib charchash shuki, unga charchagan kishi go’yo gavdasini bosilgan va majaqlangan singari his qilib, gavdasiga issiqlik va taranglik sezadi. U kishi harakat qilishni, xatto kerishishni ham istamaydi, ayniqsa, agar charchash biror mehnat sababli bo`lsa, harakatni sira yoqtirmaydi. Bu turli charchash mushakda qamalib qolgan chiqindilardan vujudga keladi; lekin u chiqindilarning moddasi yaxshi bo`lib, ularda kuydirib achitish bo`lmaydi. Ba`zan, bu xil charchash boddan paydo bo`ladi, bu ikki turning paydo bo`lishi yengil va og’ir holatga ajratiladi. Bu xil charchash ko`p vaqt raso bo`lmagan uyqudan keyin ham paydo bo`ladi.

Charchash ko`p uyqudan keyin paydo bo`lgani ham uchun bu tur charchash yomondir. Eng yomoni esa mushak bo`laklarini turganicha qotirib tarang qilib qo`yuvchi charchashdir.

Shishli charchashga kelsak, bunda gavda odatdagidan qiziganroq bo`lib, hajmi, rangi o`zgaradi va harakatni yoqtirmaydi, shishganga o`xshab turadi. Bu bilan ham taranglik seziladi.

X. Kerishish va esnash haqida

Kerishish mushakda to`plangan chiqindilardan vujudga keladi. Shuning uchun kerishish ko`p vaqt uyqudan keyin bo`ladi. Xiltlar ko`payib ketganda et uvishish va qaltirash paydo bo`ladi, agar undan ham ko`payib ketsa, isitma paydo bo`ladi.

Esnash kerishishning bir turi bo`lib, jag’, ko`krak va lab mushaklarida paydo bo`ladigan kerishishdan vujudga keladi. Sog’lom kishida esnash dastlab sababsiz paydo bo`ladi. Agar bevaqt esnash ko`paysa, u yomondir. Yaxshisi esa, hazm oxirida paydo bo`lib, chiqindilarni qaytarish uchun bo`ladiganidir. Esnash va kerishish goho sovuqdan, xiltlarning quyuqlashuvidan, tarqalishlarning ozligidan va uyquga to`ymay uyg’onishidan bo`ladi.

Esnash va kerishishning yaxshi turi ortiqcha xiltni qaytaruvchidir. Agar birorta mone`lik bo`lsa, sharob va suvni barobar miqdorda aralashtirib ichish esnash va kerishishni to`xtatish uchun foydalidir.

XI. Keksalarni sog’lomlashtirish tadbiri

Keksalar tadbirining hammasi qo`llovchi va qizdiruvchi narsalarni birgalikda ishlatishdan iboratdir: ular ko`rpa-to’shaklarda yoshlardan ko`ra uzoqroq uxlab yotishlari lozim, doimo suyuq ovqatlar berish kerak, ayniqsa hammomga tushirish, ichimliklar ichirish, siydiklarini doimo ravon qilib turish, me`dalaridan shilliqlarini ichak va qovuq yo`li orqali chiqarib turish va doimo ichlarini yumshatish tadbiri amalga oshiriladi.

Keksalar ko`proq ovqatlanishga e`tibor berishi kerak, to’yib ovqat yemasliklari kerak, ovqatni asosiy tarkibi meva va sabzavotlardan tashkil topgan bo`lishi kerak, keksalar ko`proq badantarbiya bilan shug’ullanishlari darkor. So`ngra yurish yoki yugurishga kuchlari yetmasa, ot-ulovga minish foyda qiladi.

Keksalarning zaiflarini qayta - qayta uqalash lozim. Ular mo`tadil issiq xususiyatli atir bilan ko`proq xushbo’ylanib yurishlari kerak. Uyqudan keyin ularning badanini yog’ bilan silab yumshatish kerak, chunki bunday yog’lash hayotiy quvvatni uyg’otadi; undan keyin toza havoda yurish, otda sayr qilish foydalidir.

Keksalarni ovqatlantirish tadbiri

Keksa kishining ovqati oz-oz miqdorga ajratilib, hazm qilish va o`zining kuchli yoki kuchsizligiga qarab bir kunda 4-5 marta beriladi. Ertalabki asal bilan yaxshi pishirilgan non beriladi, tushga yaqin, hammomdan so`ng, ichni yumshatadigan, biz tubanda aytadigan mahsulotlardan beriladi. Undan keyin, kechga yaqin yaxshi oziq bo`ladigan ovqat yediriladi. Agar quvvatli kishi bo`lsa, kechki ovqati bir oz ko`paytiriladi. Tushlikda meva va sabzavotlarga boy ovqatlar buyuriladi. Kechqurun sut va sut mahsulotlaridan tayyorlangan ovqatlar tavsiya qilinadi.

Keksalar savdo va balg’am xiltini ko`paytiradigan har qanday g’aliz ovqatlar, nonxurish va dorivorlar kabi o`tkir, achchiq narsalardan saqlanishlari darkor! Lekin ularni davo o’rnida ehtiyojga qarab iste`mol qilishlari mumkin.

Agar keksalar o`zlariga munosib bo`lmagan ishni qilib, birinchi xil narsalardan, masalan, tuzlangan mahsulotlarni, quyoshda qoqlangan go`shtni, ov go`shtlarini yoki qattiq go`shtli baliqni, tarvuz va tarrakni yesalar, yoki ikkinchi xatolik, mayda qoq baliq va qovurilgan baliq kabilarni yesalar, xastalik yuzaga kelganda ularga zid tabiatli mahsulotlarni yeb davolanadilar. Bu kishilarda, chiqindi borligi bilinsa, xiltni suyultiruvchi narsalar iste`mol qilish kerak bo`ladi.

Ga’yritabiiy xiltlardan tozalanganlaridan keyin, keksalarga badanni ho`llovchi vositalar buyuriladi. Keyin goh - gohida ovqat bilan birga suyultiruvchilardan oz-oz iste`mol qilish kerak. Sut ko`ngil tusab ichilganda va jigarning atrofida yoki qornida taranglik, qichishish va og’riq paydo qilmasa, keksalarga juda yaxshi foyda qiladi, chunki sut g’izoli bo`lib gavdani ho`llaydi. Keksa kishiga sutning eng muvofiqi echki va ot sutidir.

Ot sutining xosiyatlaridan biri shuki, u ko`pincha me`dada ivib qolmay, tezda o`tib ketadi, ayniqsa, uni tuz va asal bilan qo`shib ichish yaxshi. Buning uchun echki va ot o`tloqlarini shunday saqlash kerakki, ularga kakra, achchiq, nordon yoki qattiq sho`r o`tlarni bermaslik kerak.

Keksalar yeydigan sabzavot va mevalar jumlasidan, ovqat tarkibida lavlagi, kashnich, karam, sholg’om kabi mahsulotlar bo`lishi kerak. Ularni murriy va zaytun yog’i bilan xushbo’y, xushxo`r qilib, ayniqsa, ovqatdan oldin ichni yumshatish uchun eydilar. Sarimsoq yeyishga odatlangan keksalar goho-goho sarimsoq yesalar foydalidir.

Zanjabil murabbosi va issiqlik xususiyatiga ega murabbolarning ko`pi keksalarga yoqadigan davolardandir. Murabbolar gavdani qizitadigan va ovqatni hazm qiladigan miqdorda bo`lsin, badanni quritadigan miqdorda bo`lmasin. Ularni shunday miqdorda iste`mol qilish kerakki, ovqatlar gavdani ho`llovchi oziqlardan bo`lishi kerak.

Ularni gavdani isitish uchun va hazm uchun iste`mol qiladilar; gavdani quritgunicha iste`mol qilish mumkin emas. Keksalar iste`mol qilganlarida ichlarini yumshatib, gavdalariga yoqadigan mevalardan yozda anjir va olxo`ri, qish faslida asal suvi bilan qaynatilgan anjir qoqisi tavsiya qilish mumkin. Ularning hammasi ichlarini yumshatish uchun ovqatdan oldin yeyilishi kerak.

Keksalardagi tiqilmalarni ochish to`g’risida.

Agar keksalarda tiqilmalar paydo bo`lsa, ularning eng yengili sharob ichishdan paydo bo`ladi. Keksalarga saryog’ juda foyda qiladi, ayniqsa tiqilmalar paydo bo`lgan vaqtda. Asalli sharobni ist`emol qilish ham keksalarga foyda qiladi va u tiqilmalarni ochadi, bo’gimlarda ogriq paydo bo`lishini oldini oladi. Biror a`zoda tiqilma borligi sezilsa yoki siydik chiqarish a`zosida tiqilmaga moyillik sezilsa, asalli sharobga kashnich urug’i va ildizini qo`shib, siydik chiqarish a`zolari xastaliklarini davolash uchun ichiriladi.

Agar tiqilmalar o`pka yo`llarida bo`lsa, sunbulsoch, seylon dorchini va shunga o`xshash narsalar qaynatib beriladi.

Keksalarni uqalash to`g’risida

Uqalash miqdor va kayfiyatda o`rta darajada bo`lib, kuchsiz a`zolarga va siydik qopchasiga tegmasligi kerak.

Agar uqalash bir necha marta takrorlansa, har safar dag’al mato bilan yoki qo`lning o`zi bilan ishqalash lozim. Bu muolaja albatta bemorga foyda qiladi va a`zolarni kasallikdan saqlaydi.

Keksalarning badan tarbiyalari to`g’risida.

Keksalarning badantarbiyalari a`zolarining turli hollariga, ularga odat bo`lib qolgan ba`zi kasalliklarga va badantarbiyadagi odatlariga qarab turlicha bo`ladi. Agar a`zolari juda mo`tadil bo`lsa, ular uchun mo`tadil badantarbiyalar muvofiq keladi. Agar biror a`zolari eng yaxshi holda bo`lmasa, uning badantarbiyasini boshqa a`zolar badantarbiyasiga tobe qiladilar; masalan, birovda bosh aylanishi, tutqanoq yoki yomon xiltlarning bo`yinga quyilishi yuz bersa, shunda bug’lar boshga va miyaga ko`tariladi, u kishilarga boshni engashtiradigan va quyi qiladigan badantarbiyalar to`g’ri kelmaydi.

Ular yurish, chopish va ot minish bilan badantarbiya qilmoqlari va gavdaning quyi yarmiga tegishli badantarbiyalarni qilmoqlari kerak.

XII.Tishlarni sog’lomlashtirish tadbiri haqida

Tishlar haqida: tishlar sezuvchi suyaklar turkumiga kiradi, chunki ularga nerv tolalari kelib tarqaladi. Tishlar og’riganda ularda lo`qillash paydo bo`ladi, bu sezilib turadi. Tishlarda bo`shashish, qimirlab turish, bo`rtib chiqish, emal qavatining yemilirishi (tishlar kariyesi) kasalliklari kuzatiladi. Bundan tashqari chirish va sinish kasalliklari paydo bo`ladi. Tishlar doimo o`sib, kattalashib turadi, sug’urib olingan yoki tushib ketgan tish o`rniga ro`parasida turgan tish uzayib o`sib ketadi , agar uning kattalashishiga va o`sishiga to`sqinlik qilinmasa.

Tishlarning rangiga qarab mizoji aniqlanadi:

1.Sariq bo`lsa - safro mizojli, ya`ni quruq

2.Oq bo`lsa- balg’am mizojli, ya`ni ho`l

3.Qoramtir bo`lsa - savdo mizojli, ya`ni sovuq - quruq

Tishlarni sog’ saqlash uchun quyidagilarga amal qilish kerak:

1.Ovqat va ichiladigan narsani me`dada ketma-ket buzilishidan saqlash kerak

2.Qusish, ayniqsa nordon qusish zararli

3.Yopishqoq narsani chaynashdan saqlanish kerak (holva, jevachka)

4.Qattiq narsani tish bilan sindirishdan (danak chaqish)

5.Tishni qamashtiruvchi narsadan saqlanish (dovuchcha, xom olma)

6.Juda sovuq narsadan, ayniqsa issiq ovqatdan, choydan keyin sovuq suv ichishdan 7.Tishlar orasidagi narsani doimo tozalash kerak (tishni chuqur kovlamaslik kerak) 8.Gandona va sirka kabi o`z xususiyati bilan tishlarga zarar yetkazadigan narsalardan saqlanish kerak Tishlarni tozalaydigan maxsus cho`plarning burishtirish va achchiqlik xususiyati bor (misvoq cho’plar)

Tishlarni uxlash oldidan yog’lab turish kerak. Tishlarni mizojini sovitish kerak bo`lsa, gul yog’i bilan, isitish kerak bo`lsa, shom va rum sumbulining yog’i ishlatiladi.

Eng yaxshisi tish mizoji sovuq bo`lsa, asal bilan ishqalash kerak, yoki kamroq bo`lsa shakar bilan ishqalash kerak. Tishlarni asal va shakar bilan ishqalansa tishlar yaltiraydi, tish milklarini mustahkamlaydi, (qimirlaydigan tishlarni) baquvvat qiladi, isitadi va tozalaydi. Novvotni yanchib asal bilan aralashtirib ishlatilsa, tishlarni yaltiratadi, tozalaydi va milkni mustaxkamlaydi. So`ngra yog’lash kerak bo`ladi.

Har kuni kechqurun 1 marta namakob bilan og’iz chayilishi kerak.