"Tib qonunlari" xiltiar haqida
Xiltlar nazariyasini yunon tibbiy maktablaridan eng qadimiysi Knidos maktabi yaratgan. Ibn Sino xiltlar iste’mol qilingan ovqatlardan paydo bo’lishi va ular “gavdadan tarqaladigan narsalar o’rniga badal” (energetik va plastik material) bo’lishini va ba’zi qismi gavdadan chiqarib turishligini aytadi.
Xiltlarning tarkibiga kiruvchi to’rt jins suyuqlik (qon, balg’am-shilliq, safro, savdo) ning har biri tabiiy va g’ayri tabiiy turlarga bo’linib, bular yana o’z navbatida xossalari va manfaatlariga qarab bir necha xil bo’ladi. Ibn Sino gavdadagi turli suyuqliklarni – qon, limfa to’qima suyuqliklari, badan bo’shliqlaridagi suyuqliklar – likvor, sinovial suyuqlik, turli patologik xolatlarda paydo bo’ladigan ekssudat, transsudat, ixor, yiring va boshqalarni to’rt jins ho’lliklardan iborat bo’lgan “xiltlar” haqidagi ta’limotning tor ramkasiga kiritishga uringan.
Muallif bir xiltning gavdadagi turli fiziologik va patologik sabablar natijasida ikkinchi xiltga aylanish mumkinligini qayd qiladi.
Iste’mol qilingan ovqat xilusga aylangach, mosoriqo orqali jigarga o’tib, uning tomirlariga tarqaladi va pishadi. Mana shu pishib yetilish jarayonida xilusdan turli xiltlar paydo bo’ladi.
Yetilgan tiniq qon jigar do’ngidan chiqqan katta tomir orqali vena tomirlariga va ularning shaxobchalariga tarqaladi va a’zolarga yetib borib oziqlantiradi.
Qon mu’tadil issiqlik ta’sirida mu’tadil miqdordagi ovqat va ichimliklarning yetilib pishish natijasida safro “suyuq, issiq, shirin va o’tkir”, ovqatlarning nihoyat darajada yetilishidan,
Balg’am “g’aliz, ho’l, yopishqoq, sovuq” ovqatlarning yetarli bo’lmagan harorat ta’sirida to’liq yetilmasligidan va nihoyat savdo “quyuq va kam ho’llik”, ovqatlarning cho’kkan quyqasidan, yoinki, ortiqcha issiqlik ta’sirida quyqalarni ko’yishidan xosil bo’ladi.
“Xiltlar” haqidagi ta’limot ibn Sino bayon qilgan to’pt xil hazm haqidagi gipoteza bilan uzviy bog’liqdir:
Oziqning birinchi hazmi me’dada bo’lib, uning qoldiqlari ichakka o’tadi. Xilus jigar tomirlariga tarqalgach, ikkinchi hazm boshlanadi. Buning hatijasida qon va bo’lak xiltlarning kerakli bir qismi gavdaga tarqalib, qoldiqlari buyraklarga, taloq va o’t qopchasiga o’tadi va tashqari chiqariladi. Uchinchi hazm xiltlar tomirlarda harakat qilayotganda, to'rtinchi hazm esa qon a’zolarga shimilgach boshlanadi. Bu keyingi hazmning chiqindilari badandagi teshikchalar orqali bo’shatiladi.
“Xiltlar haqidagi ta’limotni bir daraja to’liqroq tasavvur qilish uchun, ibn Sinoning turli tabiiy xiltlarning ”zarurati” va “manfaati” haqidagi fikrlarini eslatib o'tishga to’g’ri keladi.
Qonning assosiy manfaati gavdani oziqlantirish ekani ma’lum. Muallif balg’amning tabiiy turini “to’la yetilmagan qon” deb biladi. A’zolar, ayniqsa miya shu bilan oziqlanadi.Tabiiy balg’amning manfaati bo’g’imlar va boshqa harakatli a’zolarni ho’llab turishdir, ya’ni a’zo bo’laklari orasida ho’l substantsiya bo’lib turishidir. “Tabiiy safro jigarda paydo bo’lgach, ikki qismga bo’linadi: bir qismi qon bilan qo’shilib ketsa, ikkinchi qismi sof bo’lib tinib, o’t qopchasiga boradi” U o’t qopchasini oziqlantirish, ichakni yopishqoq shilliqlardan yuvish va ichak devorini qitiqlab, “xojatni xis ettirish” manfaatlarini o’taydi. Tabiiy safroning qonga qo’shiladigan qismi “zarurati” o’pka kabi a’zoni oziqlantirish bo’lib. “manfaati” qonni latif qilib, tor yo’llardan o’tkazishdir.
Savdoning qonga aralashadigan qismi “zarurati” suyak kabi a’zolarni oziqlantirish uchun, ‘manfaati” esa qonni quyuq qilishi, ya’ni ivitishidir.Savdoning taloqqa boradigan qismi “zarurati” gavdani ortiqcha savdodan bo’shatish va taloqni oziqlantirish bo’lsa, “manfaati” me’da og’zini qitiqlab, ishtaha ochishdir.