"Tib qonunlari" kasalliklar haqida

Ergashaka 2025-04-12 07:13

SODDA KASALLIKLAR

Ularning turlari::

1) Bo`laklari o`xshash bo`lgan a`zolarga mansub kasalliklar jinsi, bular mizoj buzilishi kasalliklaridir.Ular nima uchun bo`laklari o`xshash bo`lgan a`zolarga mansub bo`ladi chunki, avvaldan bo`laklari o`xshash bo`lgan a`zolarda paydo bo`lgan kasallik keyinchalik murakkab a`zolarga o`tadi. Ammo, murakkab kasalliklarda bu holat kuzatilmaydi.

2) Qurol a`zolari kasalliklari jinsi. Ularning ta`sir quroli bo`laklari o`xshash a`zolardan birikkan a`zolarda paydo bo`luvchi tarkibiy kasalliklardir.

3) Hamkor a`zolar kasalliklari jinsi. Ular bo`laklari o`xshash a`zolarda ham, qurol a`zolarida ham paydo bo`ladigan kasalliklardir. Bular "uzluksizlikning buzilishi" va "birlikning taralishi" deb atalgan kasalliklardir. Chunki "uzluksizlikning buzilishi" bo`laklari o`xshash bo`lgan va bo`g’imlarni tashkil qilgan a`zolarda paydo bo`lmasdan bo`g’imning o`zida paydo bo`ladi. Ba`zan asab, suyak va tomirlarning yolg’iz o`zlarida paydo bo`ladi.

Umuman, kasalliklar 3 xil bo`ladi: mizoj buzilishiga tegishli bo`lgan kasalliklar, tarkib hay`ati buzilishiga tegishli kasalliklar va "uzluksizlikning buzilishiga" tegishli bo`lgan kasalliklar. Har bir kasallik shulardan bittasiga tegishli. Mizoj buzilishiga tegishli bo`lgan kasalliklar ko`p uchraydi.

TARKIB KASALLIKLARI

Ularning to’rt xili mavjud: tuzilish kasalliklari, miqdor kasalliklari, son (adad) kasalliklari va vaziyat kasalliklari. Tuzilish kasalliklari ham to’rt xil bo`ladi:

1.Shakl buzilish kasalliklari:
U shundan iboratki, shaklning buzilishi tabiiy ko`rinishni o`zgartiradi va bunday o`zgarish faoliyatga ham ofat yetkazadi. Masalan, to`g’rining egri bo`lishi, egrining to`g’ri bo`lishi, doiraning to`rtburchak bo`lishi, to`rtburchakning doira bo`lishi kabi.

2. Oqim yo`llarining kasalliklari:

Bular ham o`z navbatida uch xil bo`ladi, chunki bular
a) kengayishdan bo`ladigan kasalliklar: ko`z qorachig’ining kengayishi kasali kabi
b) torayishdan bo`ladigan kasalliklar ko`z qorachig’ining, nafas o`tadigan joylarning va qizilo`ngachning torayishi kabi
v) tiqilish bo`ladigan kasalliklar, masalan, ko`zning uzumsimon (qatlamdagi) teshiklarning, jigar tomirlarining va boshqalarning tiqilishlari kabi holatlarning kuzatilishi.

3.Qopchiq va bo`shliqlar kasalliklari:

Bular ham quyidagi 4 turlarga bo`linadi, chunki ular kattalashib, kengayadilar, yoki kichiklashib, torayadilar, me`daning torayishi va tutqanoq kasalligida miya qorinchalarining torayishi kabi, yoki tiqilib (qon bilan) to`lib ketadilar, sakta kasalligida miya qorinchalarining tiqilishi kabi.

4.A’zolar yuzalarining kasalliklari, masalan, me`da va ichaklarning silliq bo`lib qolishlari kabi, yoki silliq bo`lish o`rniga g’adir - budir bo`lishlari, kekirdakning g’adir - budir bo`lib qolishi kabi. Miqdor kasalliklari. Ikki sinfi mavjud - ular miqdori o`sishdan bo`ladi, masalan, fil kasalligi va olatning o’ta kattaligi kabi - bu priapizm kasalligi deb ataladi, yoki ular Nikomax deb atalgan odamda paydo bo`lgan kasallikka o`xshaydi, uning hamma a`zolari shuqadar katta bo`lib ketib , harakatlanishdan ojiz bo`ladi yoki kichiklanish jinsidan bo`ladi, tilning burishishi, ko`z qorachig’ining kichiklashishi, yo butun gavdaning so`lishi kabi.

Son -adad kasalliklariga kelsak, ular tabiiy bo`ladi. Ortiqcha barmoq va notekis o`sgan ortiqcha narsa yoki tosh kabi, (son kasalligi) u yo tug’ma bo`ladi, barmoqsiz tug’ilgan odam kabi, yo bu kamchilik tabiiy bo`lmaydi, barmog’i kesilgan odam kabi.

Vaziyat kasalliklari:

Vaziyat kasalliklariga kelsak, bu Jolinusning fikricha "o`rin" ham "mushorakat" degan ma`noga to`g’ri keladi,ular 4 xil bo`ladi: A`zoning bo`g’inidan qo`zg’alishi, ichakka mansub churra kasalligidagi kabi. Yoki a`zoning harakati g’ayritabiiy va noto`g’ri bo`lishi, qaltirashdagi kabi, yoki o`rniga yopishib, undan ko`chmasligi, bu miqdor kasalligidagi bo’g'imlarning toshday qattiqlanishi kabi.

Mushorakat (Hamkorlik) kasalliklari har bir a`zoning qo`shnisiga nisbatan bo`ladigan har bir holatini g’ayritabiiy ravishda bir biridan uzoqlashtirishi yoki yaqinlashtirishi holatlaridir. Ular ikki sinfli bo`ladi. Birinchisi, a`zoning qo`shni a`zo tomoniga harakatlanishi ilgari mumkin bo`lgan bo`lsa ham keyin mumkin bo`lmay qoladi, yoki qiyinlashadi, masalan: barmoqlarning go`shti barmoqlarga tomon harakat qilib yopishishi mumkin bo`lmay qoladi, yoki avvalda mumkin bo`lgani holda keyin bir - biridan ajralib uzoqlashish imkoniyati bo`lmay qoladi. Ikkinchisi, a`zo o`z qo`shnisidan (uzoqlashishi mumkin bo`lsa ham u) uzoqlasha olmaydi, yoki uzoqlashishi qiyinlashadi, masalan, falaj kasalligida ko`z qovog’ining va bo`g’imlarning bo`shashishi yoki kaftni yozish va qovoqni ochishning qiyinlashishi kabi holatlardir.

Uzluksizlikning buzilish kasalliklari haqida.

U ba`zan terida bo`lib, tirnalish va yulinish deb ataladi. Bu ba`zan go`shtda bo`ladi va yiringlamagan yangi xili jarohat deb ataladi, yiringlagan xili yara deyiladi. Yiringning paydo bo`lishi - jarohatlangan a`zoning zaifligi va oziq iste`molidan, hazmdan ojizligi jihatidan zararli chiqindilarning haydalishidan yuzaga keladi. Shu bilan birga hazm bo`lmagan moddalarning o`zi ham chiqindiga aylanadi.

Uzluksizlikning buzilishi suyakda ham bo`ladi - suyak sinib ikki yoki ko`p bo`laklarga ajralgan bo`ladi yoki titilib mayda bo`laklarga ajralgan bo`ladi. Bundan tashqari uzluksizlikning buzilishi tog’aylarda yoki asablarda bo`lishi mumkin. Agar bu buzilishi eniga tushgan bo`lsa, kesilish deyiladi, uzunasiga tushgan bo`lib, chuqur bo`lmasa, yoriq deyiladi, chuqur bo`lsa teshik deyiladi. Agar uzluksizlikning buzilishi arteriya va vena tomirlarida paydo bo`lsa, u yorilish deyiladi. Agar ular tomirlarning ko`ndalangiga to`g’ri kelsa, uzilish yoki ajralish deyiladi. Uzunasiga kelgan bo`lsa, darz deyiladi, ularning og’izlari ochilgan bo`lsa, yorilish deb ataladi.

Murakkab kasalliklar

Bir qancha kasalliklar yig’indisidan bir kasallik paydo bo`ladi. Misol qilib, shishni aytish mumkin. Shishda shakl va tarkib (tuzilish) kasalligi ham topiladi, chunki shakl va miqdorni buzmaydigan shish yo`qdir. Shish yumshoq a`zolarda paydo bo`ladi, ba`zan suyaklarda ham shishga o`xshash narsa paydo bo`lib, uning (suyakning) hajmi kattalashadi. Har qanday shishda ko`rinarli sabab yo`q, uning jismoniy sababi moddaning biror a`zodan pastki a`zoga o`tishidadir, bu nazla deb ataladi. Ba`zan shish va toshmalarni tug’diradigan moddiy sabab kayfiyatlarida zarar bermaydigan boshqa xiltlar qolib ketadi.

Shishga sabab bo`ladigan moddalar 6 tadir. 4 xil xilt, suv va yel. Shish issiq bo`lishi yoki issiq bo`lmasligi mumkin. Issiq shish yolg’iz g’ayritabiiy qondan yoki g’ayritabiiy safrodan paydo bo`ladi deb o`ylab bo`lmaydi, u o`z javhari issiq bo`lgan yoki chirish natijasida issiqlik paydo bo`lgan har bir moddadan hosil bo`ladi. Shishlarning yolg’iz qondan bo`lganlari flegmona deb, yolg’iz safrodan bo`lgani otashak deb ataladi.

Qon va safrodan bo`lganini ikkovining ismlaridan murakkab bir ism bilan atashdir, yana qaysi biri ustun bo`lsa, o`shaning ismini oldinga qo`yib aytish odatlari bor. Masalan, ularning biri "flegmonali otashak" yoki "otashakli flegmona" deb ataladi. Yiring yiqqanda chiqiq (xuroj) deyiladi. Agar chiqiq yumshoq go`shtlarda, bezlarda, qo`ltiq tagida, quloq orqalarida va gavdada bo`lgan yomon sifatlilar jinsiga kirsa, toun deb ataladi. Issiq shishlarga kelsak, ularning boshlanish davrlari bor, bunda xilt yig’ilib, hajm kattalashadi, so`ngra xilt miqdori ortadi va shuning bilan yanada hajm ortib, oxiriga yetib to`xtaydi, so`ng hajm pasaya boshlaydi, keyin pishib tarqaladi, yoki yiringlanadi. Shish tarqalib - yo`qolish, yiring yig’ish yoki qattiqlanish bilan tugaydi. Issiq bo`lmagan shishlarga kelsak, ular yoki g’ayritabiiy savdo moddasidan, yoki g’ayritabiiy balg’am moddasidan, yoki suvli moddadan, yohud yel moddasidan paydo bo`ladi.

G’ayritabiiy savdo moddasidan bo`lgan shish uch jinsdan iborat:

1.Qattiqlik (sirroz) jinsi.
2.Saraton (rak) jinsi
3.Bezlar jinsi, tepki va o`smalar kabi shishlar shu jinsga kiradi. Bez jinslari bilan boshqa ikki jins orasidagi farq shuki, bez jinslari sof bezlar kabi o`zlarini o`ragan a`zodan ayri o`sadilar, yoki tepki kabi, u a`zolarga tashqaridan yopishgan bo`ladilar. Boshqa jinsdagi shishlar esa o`zlari o`sgan a`zoning moddasiga aralashib, bir - birlariga kirishib ketgan bo`ladilar. Saraton bilan qattiqlik jinslari o`rtasida farq shuki, qattiqlik harakatsiz va sezgini yo`qotuvchi shish bo`lib, unda alam beruvchi og’riq bo`lmaydi. Saraton esa harakat qiluvchi, ortuvchi va aziyat yetkazuvchi shishdir.

Toshmalar - ba`zilari chechak kasalligi kabi g’ayritabiiy qon xiltidan, ba`zilari eshakemi kabi g’ayritabiiy safro xiltidan, ba`zilari qizamiq, uchuq, qo`tir, so`gal kabi g’ayritabiiy qon va safro xiltidan hosil bo`ladi. Ba`zilari qavarchiqqa o`xshash suvli bo`lib, ba`zilari pufakka o`xshash havodan iborat.