Murakkab kasalliklar:
1. Shishlar
a) issiq shishlar (abses, flegmona, karbunkul, furunkul)
b) sovuq shishlar (sirroz, rak, tepki, kistalar, bo`qoqlar)
2. Toshmalar a) issiq toshmalar b) sovuq toshmalar
Ibn sino ta`limotida sog’likni saqlash tadbirlari
Abu Ali Ibn Sino tadbiriga ko`ra sog’likni saqlash san`ati, odam gavdasini unga munosib va yoqadigan narsalarni saqlash orqali o`sha tabiiy ajal deb ataladigan yoshga yetkazishdan iboratdir.
Ibn Sino inson sog’ligini saqlashda asosiy narsa, umumiy va zaruriy sabablarni mo`tadil qilishni asos qilib, bunda yeyiladigan va ichiladigan narsalarni mo`tadil qilishga ko`proq e`tibor berish kerakligini ta`kidlaydi. Abu Ali ibn Sino o`zining tabiblik faoliyatida kishilarning salomatligini saqlash va kasallikning oldini olishdan iborat vazifani birinchi o`ringa qo`yib, bu vazifaning yechimini topish uchun ko`plab o`ta muhim tadbirlar ishlab chiqqan va amalga oshirish yo`llarini bayon etgan. Ibn Sino sog’likni saqlash ishini san`at deb biladi. Sog’likni saqlash tadbirlarining asosiy maqsadi har xil foydali tadbirlarni qo`llab sog’lom, uzoq umr ko`rishni ta`minlashdir.
Ibn Sinoning ko`rsatishicha salomatlikni saqlash uchun birinchi galda quyidagi sog’lom turmush tadbirlarini amalga oshirish kerak.
1.Kishi mizojini mo`tadil holatga keltirish
2.Ovqatlanish tadbiri
3.Odam organizmini chiqindilardan tozalash
4.Tarbiya haqidagi tadbirlar
5.Badantarbiya tadbiri
6.Yilning turli fasllaridagi tadbirlar va havoni sog’lomlashtirish to`g’risida
7.Mo`tadil uyqu va uyg’oqlik ham kiradi.
Ibn Sino bu tadbirlarni yangi tug’ilgan chaqaloqdan boshlab to qarilikkacha bo`lgan barcha davrda qaysi usul va yo`llar bilan amalga oshirilishini batafsil bayon etgan.
Ibn Sino sog’likni saqlash tadbirlaridan birinchi o`rinda badan tarbiya va yaxshi jismoniy harakatlarni, ikkinchi va uchinchi o`ringa ovqatlanish tadbiri va uyquni qo`ygan.
Ibn Sino badantarbiyani ahamiyati haqida so`zlab, mo`tadil ravishda va o`z vaqtida badantarbiya bilan shug’ullanuvchi kishi kasalliklarning davosiga muhtoj bo`lmasligini ta`kidlaydi.
Ibn Sinoning aytishicha: keksalar sog’lom, bardam bo`lishlari uchun birinchi galda ovqatlanish rejimiga rioya qilishlari kerak, oz-oz miqdorda yaxshi hazm bo`ladigan ovqatlar iste`mol qilishlari lozim. Mevalarning sharbatidan ko`proq dori sifatida iste`mol qilish tavsiya etiladi.
I.Kishi mizojini mo`tadil qilish uchun quyidagilar qilinadi.
1.Issig’i oshib ketgan mizojni tuzatish to`g’risida
2.Sovug’i oshgan mizojni tuzatish to`g’risida
3.Kasalikka tez beriluvchan kishilar tadbiri
4.Oriq kishini semirtirish tadbiri
5.Semiz kishini ozdirish tadbiri Issig’i oshib ketgan mizojni tuzatish uchun mizojga mos, yoqadigan ovqatlar berib tadbir qilinadi. Badan o`tlardan bo`shatiladi, chiqindilar qayt qildiriladi, ich surdirish tadbirlari qilinadi. Badantarbiyani yengillashtirish lozim bo`ladi va yaxshi sifatli ovqatlar tavsiya qilinadi. Ba`zan bir kunda bemor 3 marta hammomda cho`miltirilishi kerak. Ovqatdan keyin hammomga tushish kerak. Har qanday qizdiruvchi sababdan saqlanmoq kerak. Qorin va jigar sohasida og’riq paydo bo`lsa rum arpabodiyoni va achchiq bodom ichishga buyuriladi, ular tiqilmalarni ochadi.
Bu kishilar doimo badanlarini yog’ bilan silab yuradilar. Sovug’i oshgan mizojni tuzatish to`g’risida bu kishilarni ho`l va quruqligi o`rtacha bo`lgan issiq ovqatlar bilan, qizdiruvchi yog’lar bilan, hammomga tushirib terlatish bilan, badantarbiya bilan issiqlarini qo`zg’atishga qaratilgan muolajalar bilan isitish darkor.
Kasallikka tez beriluvchan kishilarning tadbiri to`g’risida.
Hammomdan avval badantarbiya va uqalashni ko`paytirish kerak, ovqatni oz-oz qilib bo`lib berish kerak, to`yg’azib ovqat bermaslik kerak. Agar bemor tanasi terlaydigan bo`lsa, goh-gohida terlatib turish kerak.
Oriq kishini semirtirish to`g’risida.
Ozishning sababi mizojning quruqligi, masoriqo tomirlarining qurishi, havoning quruqligidir. Hammomda teri qizarguncha uqalanadi, mo`tadil badantarbiyadan keyin bemor hammomga tushiriladi. Hammomda ko`p o`tirish ta`qiqlanadi, badan quruq sochiq bilan artiladi va badan terisiga ozgina yog’ surtiladi. So`ngra muvofiq keladigan ovqat berilib bemorning yoshi, sog’ligi to`g’ri kelsa sovuq suvda cho’miltriladi.
Semiz kishini ozdirish to`g’risida.
Bemorlarga hajmi ko`p lekin oziqligi kam bo`lgan ovqatlarni buyurish, doimo taomdan oldin hammomga tushish, tez harakatli badantarbiya qilish, xamirli va yog’li ovqatlarni kam iste`mol qilish kabi tavsiya buyurilishi lozim.
II.Ovqatlanish tadbiri.
Ovqatlanish tadbirida quyidagilarga rioya qilish kerak. 1.Ovqatning asosiy qismi meva va sabzavotlardan tashkil topgan bo`lishi kerak. 2.To`yib ovqat yemaslik kerak. 3.Qishda issiq, yozda sovuq va iliq ovqat yeyish lozim. 4.Odam organizmida eng zararli narsa ovqat oshqozonda hazm bo`lmasdan turib, ovqat iste`mol qilishdir. 5.Suyuq, tez hazm bo`luvchi ovqatni undan kuchli va qattiqroq ovqat ustiga yeyishdan saqlanish kerak. 6.Eng yomon narsa bir-biriga kelishmaydigan ovqatlarni aralashtirish. 7.Ovqatdan keyin sovuq suv ichish mumkin emas. 8.Ovqatdan keyin spirtli ichimliklar ichishni man etish, chunki spirtli ichimliklar oshqozonni harakatini tezlashtirib, ovqat parchalanmasdan o`tib ketadi.
III.Odam organizmini chiqindilardan tozalash.
(Tanqiya qilish) Odam organizmini chiqindilardan tozalash 3 ga bo`linadi.
1.Qon olish
2.Qustirish (qayt qilish)
3.Huqna qilish
Tanqiya so`zi forscha tildan olingan bo`lib, tozalash ma`nosini bildiradi. Tanani tozalash uchun musxil va munzich dorilardan foydalaniladi. Organizmni tozalash (tanqiya qilish) uchun qon olish, qustirish (qayt qilish), ichaklardan chiqindilarni chiqarishda xuqna qilish orqali odam organizmi yot moddalardan tozalanadi.
IV. Tarbiya haqidagi tadbirlar:
1.Bolaning tug’ilgandan to oyoqqa turguncha qilinadigan tadbirlar
2.Bolani emizish va sut bezidan ajratish tadbiri
3.Bolalarda paydo bo`ladigan kasalliklar va ularni davolash tadbiri
4.Chaqaloqlarni bolalik yoshidan o`tgandan keyingi tadbirlar to`g’risida
Chaqaloq tug’ilgandan keyin 4 barmoq eniga qoldirib kindik kesiladi,
og’riq bermaslik uchun u jun ip bilan bog’lanadi va zaytun yog’iga botirilgan mato ustiga qo`yiladi. Bolaning badani qattiq va terisi kuchli bo`lishi uchun kam tuzli namakob suvga cho`miltiriladi. Ko`zlariga zaytun yog’i tomiziladi. Chaqaloq yotadigan uyning harorati o`rta darajali bo`lib, bola issiq va sovuq bo`lmagan uyda uxlatiladi.Uy soya va qorong’iroq bo`lishi kerak, uyga quyoshning kuchli nuri tushmasligi kerak, bola boshiga loyiq qalpoqcha kiygiziladi. Bolani cho`miltirish vaqti uzoq uxlagandan keyingi vaqtdir. Bolani emizish va ona suti bilan boqish kerak. Bir kunda 2-3 marta emizish kerak. Bolani tez-tez emizmaslik kerak. Ertalabki emizadigan sutdan 2-3 marta sog’ib tashlab keyin emizish lozim. Ko`krak suti sifatsiz va achchiq bo`lsa ovqatlanmasdan turib bolani emizmaslik kerak. Bola mizojini kuchaytirish uchun bolani beshigini tez tebratmasliga darkor va unga alla aytish kerak. Bolani ko`krakdan ajratish uchun esa murr va cho`l yalpizining har biridan bir dirhamdan olib, uni ezib sut beziga surtish kerak. Bolani ko`krakdan asta sekinlik bilan ajratish kerak.
Bolada paydo bo`ladigan kasalliklar va ularni davolash to`g’risida.
Bolada paydo bo`ladigan kasalliklar quyidagilar: 1.Ich ketish 2.Ich qotish 3.Yo`tal va tumov 4.Nafas olishning yomonlashishi 5.Og’iz chaqasi va tish milklaridagi toshma 6.Isitma 7.Qorin va ichak sohasidagi burab og’rish 8.Uyqusizlik 76 9.Shaytonlash kasalligi 10.Xurrak otish 11.Gijja Ich ketish. Bolalarda tish chiqish oldida tish milkida shishlar paydo bo`ladi va bunday shishlarni yog’lar bilan uqalash kerak, bola og’ziga moychechak yog’i tomiziladi. Bolaning boshi moychechak va ukrop suvi bilan yuviladi. Tish chiqadigan paytda bolada ich ketish holatlari kuzatiladi, buning birinchi sababi, milklardan chiqqan yiringli sho`r chiqindi sut bilan birga emiziladi deb o`ylaydilar. Ich ketishning ikkinchi sababi, og’riq bo`lishi mumkin, ich ketish zo`rayib ketishdan qo`rqilsa, qizil gul urug’i, petrushka urug’i, rum arpabodiyoni yoki zira qizdirilib qorin sohasiga bog’lanadi. Chala pishirilgan tuxum sarig’i, suvda qaynatilgan non mag’zi yeyishga buyuriladi. Ich qotish. Ba`zi vaqtda bolada ich qotish hollari paydo bo`ladi, bunda bola qorni zaytun yog’i bilan silanadi, og’ziga asal tomiziladi, cho`l yalpizi yoki havorang gulsapsar ildizi asal bilan qo`shib huqna qilinadi. Yo`tal va tumov. Ba`zi vaqtda bolada yo`tal va tumov paydo bo`ladi. Shunday vaqtda bolaning boshi ko`p marta issiq suv bilan yuvilgan. Tiliga asal surtiladi, keyin qustirish uchun tilining orqasiga barmoq tegiziladi, behi urug’i, chuchukmiya shirasi yangi sog’ilgan sut bilan aralashtirilib beriladi. Nafas olishning yomonlashishi. Ba`zi vaqtda bolaning nafas olishi yomonlashadi. Shunday vaqtda qulog’ining osti, tilning yuqorisi zaytun yog’i bilan yog’lanadi, qustirish kerak, bolaning tilini yog’ bilan ishqalash ham foydali. Bola og’ziga issiq suv tomiziladi, zig’ir urug’i asal bilan yalatiladi. Og’iz chaqasi, tish milklarida toshma paydo bo`lsa: shotut shirasining o’zi yoki qora uzumining suvi, asal suvi bilan og’iz bo`shlig’i yuvilib, anor po`chog’i yoki guli olib quritilib, yanchib og’izga sepiladi. Isitma. Ba`zida bolalarda isitma paydo bo`ladi. Shunday vaqtda onasi issiq kiyinishi kerak. Anor suvi sikanjubin yoki asal bilan, bodring suvi esa shakar bilan qo`shib emizuvchiga ichiriladi. Bola issiq kiyintirib, terlatiladi. Ho`l qamishning suvi siqib olinib, bolaning boshiga va oyog’ining tagiga surtiladi. Qorin va ichak burab og’rishi. Ba`zi vaqtda bolada qorin va ichak sohasi burab og’riq paydo bo`ladi va bola ko`p yig’laydi, shunday vaqtda uning qorniga issiq mato, og’ziga esa ozgina moshday mumiyo propolis qo’shilgan dumba yog’ini iliq surtish kerak bo`ladi. Uyqusizlik. Goho bolalarda uyqusizlik, to`xtovsiz yig’lash, chinqirish paydo bo`ladi. Bunday vaqtda bolani uxlatish kerak. Ko`knor po`sti, uning urug’i, sutcho`p va ko`knor yog’i qorilib bemor bolaning chakka sohasiga va peshonasiga surtiladi. Shaytonlash kasalligi bolada paydo bo`lsa, kaklik o`ti, qunduz qiri va ziradan barobar bo`laklar olinib, yanchilib 2 choy koshikdan ichiriladi. Xurrak otish. Bolalar uyqusida xurrak otadi: yanchilgan zig’ir urug’ini asalga qo`shib yalatmoq yoki asal bilan zirani qorib ichirish kerak. Gijja. Bola ichida gijja paydo bo`lsa: qora andiz va zarchavaning har biridan bir bo`lak olib hammasiga barobar shakar bilan aralashtirib suv bilan ichirish kifoya. Chaqaloqlarning bolalik yoshiga o`tgandan keyingi tadbirlar to`g’risida. Bolaning hulqlarini mo`tadillikka saqlashga e`tibor berish kerak. Bolani qo`rqishdan, qattiq g’azab, qayg’u va uyqusizlikdan saqlash lozim. Hamma vaqt bola istagan narsani muhayyo qilish kerak. Bunda ikki manfaat bor; biri bolaning nafsi uchun bo`lib, u yoshlikdan boshlab yaxshi xulqli bo`lib o`sadi. Ikkinchisi - uning badani uchundir, chunki yomon hulq turli xil mizoj buzilishiga olib keladi. Bola uyqudan uyg’onganda uni issiq suvda cho`miltirish kerak, keyin uni bir necha vaqt o’ynatib, keyin bir oz narsa yedirish kerak. Bolaga ovqat yegandan keyin suv bermaslik lozim. Bola 6 yoshga to`lgach murabbiy va muallim ixtiyoriga topshirish kerak. Ovqat yeyishdan oldin ko`proq badan tarbiya bilan shug’ullanish kerak.
V. Badantarbiya tadbiri. Sog’likni saqlashni asosiy tadbiri badan tarbiya bo`lib, keyin ovqatlanish tadbiri va undan keyin esa uyqu tadbiri turadi. Badan tarbiya kishini chuqur va ketma-ket nafas olishga majbur qiluvchi harakatdir. Mo`tadil ravishda va o`z vaqtida badantarbiya bilan shug’ullangan inson kasal bo`lmaydi. Yeyilgan ovqatni hammasi ham ozuqa sifatida hazm bo`lmaydi, qandaydir chiqindi qoladi, chiqindilarning to`planishi paydo bo`ladi. Badantarbiya tug’ma issiqlikni oshiradi, chiqindilarni chiqarishni yaxshilaydi, bo’gim va paylarni mustaxkamlaydi, organizmni chiniqtiradi. Badantarbiya bilan mashg’ul bo`lmay qo’ygan kishi ingichka ichak og’riqiga uchrashi mumkin. Chunki har bir a`zo uchun hayot quroli bo`lgan tug’ma ruhni tortib keltiruvchi harakatni tark yetishi natijasida uning a`zolari zaiflashib ketadi. Badan tarbiyani boshlash va to`xtatish haqida. Badantarbiya ovqatlanishdan oldin qilinadi, sababi, ovqatlanganda ichki a`zolarda yetilgan kaymuslar hosil bo`ladi va badantarbiya ularni butun gavdaga tarqatadi. Badantarbiyani boshlashdan oldin ichaklardagi chiqindilarni va qovuqni bo`shatish kerak. Bahorda badantarbiya tushga yaqin bo`lib, o`rtacha haroratli uyda qilinishi kerak. Yozda esa badantarbiyani ertalabki, qishda esa kechqurun qilish kerak. Badantarbiyaning davomiyligiga kelsak 3 ta holatga e`tibor berish kerak. 1.Terining rangiga 2.Harakatning yengilligi 3.A`zolarning holatiga Eslatma: agar ter tomchi-tomchi bo`lib oqa boshlasa badantarbiyani to`xtatish kerak.
Uqalash {massaj) haqida.
Uqalash 4 xil bo`ladi.
1.Gavdani baquvvat qiluvchi - kuchli uqalash
2.Gavdani yumshatuvchi-kuchsiz uqalash
3.Ozdiruvchi-davomli uqalash
4.Gavdani yashnatib o`stiruvchi mo`tadil uqalash
Bundan tashqari yana dag’al uqalash, ya`ni dag’al mato bilan ham uqalash qilinadi. Uqalashda quyidagi maqsadlar ko`zda tutiladi. Bo`shashgan g’ovak a`zolarni mustahkamlash, yumshoqlarni qotirish, zichlarni g’ovak qilish, qattiqlarni yumshatish kabilar. Uyqu oldidan uqalash va barmoqlar bilan kuchli bosish foydalidir. Bundan tashqari, badantarbiya oldidan qilinadigan tayyorlovchi uqalash ham bordir. Bu uqalash mayinlik bilan boshlanib, badantarbiya vaqti yaqinlashgan sari u kuchaytiriladi. Badantarbiyadan keyin qilinadigan o`z asliga qaytaruvchi uqalash ham bordir. Uni tinchlantiruvchi uqalash ham deyishadi. Buning maqsadi, badantarbiya vaqtida chiqarilmay qolib, mushaklarda to`plangan chiqindilarni tarqatish va yo`qotish, toki ular charchash alomatlarini tug’dirmasin. Bunday uqalashni unchalik qattiq qilmaslik kerak va yaxshisi yog’ bilan mo`tadil darajada uqalash kerak. Uqalashni qattiq va dag’al harakatlar bilan tamomlamaslik kerak, chunki bu holda a`zo qotadi, bolalarda esa o`sish to`xtaydi. Ammo balog’atga yetgan kishilarga buning zarari yo`q. Ba`zan uyqu oldidan uqalash va barmoqlar bilan kuchli bosish foydalidir. Bu gavdani yengil his qildiradi, quritadi va namlikning bo`g’imlarga quyilishining oldini oladi.
VI. Yilning turli fasllaridagi tadbirlar va havoni sog’lomlashtirish to`g’risida.
Yilning turli fasllaridagi tadbirlar quyidagilar:
1.Erta bahorda (qon olish, surgi qilish)
2.Yozda (ovqatlar, ichimliklar, badantarbiya ozaytiriladi.) 3.Kuzda (badanni qurituvchi narsalardan saqlanish kerak) 4.Qishda (to charchaguncha mehnat qilish kerak, ovqatni qorin to`yguncha iste`mol qilish kerak)
Havoni sog’lomlashtirish tadbiri- havoni buzuqligi ko`pincha yerdan bo`ladi. Bu vaqtda kursilar ustida o`tirish, juda baland va shamol esib turadigan yerlarda istiqomat qilish kerak. (qadim zamonda yashagan odamlar katta-katta baland uylar qurishgan, yashaydigan uyning tagiga tosh terganlar). Buzilgan havoni tozalash uchun, uylar shamollatilgan, isiriq tutatiladi, ra`no gul, atirgul, har xil gullar o`stirilgan, uy peshtog’ida quritilgan ra`nogul osib qo`yilgan.
VII. Uyqu va uyg’oqlik haqida.
Uyqu va uyg’oqlikda quyidagilarga rioya qilish kerak:
1.Uyqudan avval, ovqat hazm bo`lgandan keyin hammomga tushib, boshdan issiq suvni quyish yaxshi foyda qiladi.
2.Och qorin bilan uxlash yomon va gavda quvvati susayadi deb hisoblangan. 3.Kunduzgi uyqu ham yomondir, u tanada xiltlarni qo`zg’atib, xastaliklarni avj olishi uchun sharoit yaratadi, kishini lanj qiladi, ishtahani pasaytiradi.
4.Uyqudagi holatlarning eng yaxshisi o`ng tomonga qarab, keyin esa chap tomonga aylanib yotishdir.
Ovqat oshqozonda yaxshi hazm bo`lmaganda qorinni bosib yotish ham hazmga yaxshi yordam beradi. Uyqusi kelmaydigan kishiga sutcho`p iste`mol qilish yaxshi tadbirdir.
Uyqudan avval yeyilgan ovqat hazm bo`lgandan keyin hammomga tushib, issiq suvga cho`milish tadbiri uxlash uchun eng yaxshi yordamchidir.To`q qorinda yoki ovqat qorinning yuqori qismidan tushishidan ilgari uxlash ham yomondir. Chunki bu holatda chuqur uyqu bo`lmaydi, balki inson uyqusida bezovta bo`ladi.
Kunduzgi uyqu ham yomondir; u rutubatlardan bo`ladigan kasalliklarni va nazla kasalliklarini vujudga keltiradi, odam rangini o`zgartiradi, taloq xastaliklarini paydo qiladi, asablarni bo`shashtiradi, kishini lanj qiladi, ishtahani pasaytiradi, shish va turli xil isitmalar paydo bo`lishiga sabab bo`ladi.
Uyqudagi holatlardan eng yaxshisi o`ng tomonga yotish, keyin esa chap tomonga aylanib yotishdir. Qorinni bosib yotish hazmga yaxshi yordam beradi. Chunki bunday yotish tug’ma issiqlikni to`plab organizmni kuchaytiradi. Chalqancha yotish uxlashning yomon shakli bo`lib, sakta, falaj va bosinqirash kabi yomon kasalliklarga sabab bo`ladi.
VIII .Suv va ichimliklar tadbiri haqida
Mo`tadil mizojli odamlarga eng yoqadigan suv sovuqligi o`rtacha yoki tashqaridan muz bilan sovutilgan suvdir, lekin muz solib suv ichish yaxshi emas. Chunki suvda erigan muz asablarga, nafas a`zolariga va umuman ichki a`zolarga zarar qiladi.
Ichiga muz solib sovutilgan suv qoni juda ko`p bo`lgan bemorlarga tavsiya etilgan, boshqa kishilarga tavsiya etilmagan. Bunday suv darhol zarar qilmasa ham, vaqt o`tishi bilan va yosh ulg’ayishi bilan zarar qiladi.
Nahorda badantarbiyadan keyin suv ichish, hammomga tushgandan keyin, ayniqsa och qorinda suv ichish, shuningdek, kechasi mast kishilarda paydo bo`ladigan yolg’ondakam tashnalikda, hamda tabiat ovqatning hazmi bilan ovora bo`lib turgan vaqtda suv ichish zararlidir.
Juda sovuq bo`lgan suvni ichish eng yomondir. Agar uni ichmaslikni iloji bo`lmasa, yetarli darajadagi ovqatdan keyin ichish kerak.
Iliq suv ko`ngilni aynitadi. Undan ko`ra issiqroq suvni ko`p ichish, me`dani sust qiladi.
Agar goh - gohida suv ichilsa, u me`dani yuvadi va ichni yumshatadi.
Sharob safrosi ko`paygan kishilarga safrolarini siydik orqali chiqarish bilan, ho`lligi ko`paygan kishilarga ho`lliklarini yetiltirish bilan foyda qiladi.
Sharobning xushbo’yligi, tiniqligi va mazasi qancha yaxshi bo`lsa, o`sha eng muvofiqidir.
Sharob ovqatni gavdaning hamma qismiga yaxshi o`tkazuvchidir.
Sharob balg’amni kesadi va eritadi, siydik va boshqa vosita bilan safroni chiqaradi,
qora o`tni so`rilishini qiyinlashtiradi,
uni osonlik bilan gavdadan chiqaradi,
uning zararli ta`sirini qaytaradi.
Badanni ortiqcha qizdirishdan saqlab, undagi barcha qotgan narsalarni eritadi.
IX. Badantarbiyadan keyin keladigan charchash haqida
Dastavval Ibn Sino charchashning turlarini 3 ga bo`lib, keyinchalik ularga to`rtinchisini ham kiritgan. Charchash paydo bo`lishining sababi 2 tadir. Charchashning 3 turi:
yarali charchash,
qotib charchash va shishli charchash.
Qo`shimcha to`rtinchi tur rangpar, qurib va ozib charchash deb ataladi.
Yarali charchash shuki, unda terining yuzida yoki tagida yaraga tegishli va qadalish vaqtidagi kabi bir narsa seziladi. Buning eng kuchlisi eng chuqur joyda bo`lganidir. Shu turi ushlab ko`rganda seziladi, goho kishi uni harakat vaqtida sezadi; u kishi gavdasida tikan qadalish kabi bir holatni sezadi. Shu xil charchashga uchragan kishilar hech bir harakatni, hatto kerishishni ham yoqtirmaydilar va kuchsizgina kerishadilar. Bu xil charchash qattiq bo`lsa, kishining etlari uvishadi, agar oshib ketsa, unga qaltiratuvchi isitma tegib, isitmalaydi. Bu xil charchashning sababi-suyuq o`tkir chiqindilarning ko`pligi yoki harakatning qattiqligidan go`sht va yog’ning erishidir. Umuman buning sababi yomon xiltlar bo`lib, tomirlarga tarqalishi bilan qonni parchalaydi. Bu uning zararidir.
Yomon xiltlar teri atrofiga tarqalsa, aziyat yetkazadi, xolos. Zararning eng ozi yarali charchashni keltirishidir, agar yomon xiltlar bir oz tarqalsa, et uvishishni, ko`p tarqalsa-qaltiratuvchi isitmani paydo qiladi.
Ba`zi vaqt o`tkir xiltlar tarqalib, tomirlarda yetilgan balg’am qoladi. Ba`zan xom balg’am ham go`shtda qoladi. Qotib charchash shuki, unga charchagan kishi go’yo gavdasini bosilgan va majaqlangan singari his qilib, gavdasiga issiqlik va taranglik sezadi. U kishi harakat qilishni, xatto kerishishni ham istamaydi, ayniqsa, agar charchash biror mehnat sababli bo`lsa, harakatni sira yoqtirmaydi. Bu turli charchash mushakda qamalib qolgan chiqindilardan vujudga keladi; lekin u chiqindilarning moddasi yaxshi bo`lib, ularda kuydirib achitish bo`lmaydi.
Ba`zan, bu xil charchash boddan paydo bo`ladi, bu ikki turning paydo bo`lishi yengil va og’ir holatga ajratiladi. Bu xil charchash ko`p vaqt raso bo`lmagan uyqudan keyin ham paydo bo`ladi. Charchash ko`p uyqudan keyin paydo bo`lgani ham uchun bu tur charchash yomondir. Eng yomoni esa mushak bo`laklarini turganicha qotirib tarang qilib qo`yuvchi charchashdir.
Shishli charchashga kelsak, bunda gavda odatdagidan qiziganroq bo`lib, hajmi, rangi o`zgaradi va harakatni yoqtirmaydi, shishganga o`xshab turadi. Bu bilan ham taranglik seziladi.
X. Kerishish va esnash haqida.
Kerishish mushakda to`plangan chiqindilardan vujudga keladi. Shuning uchun kerishish ko`p vaqt uyqudan keyin bo`ladi. Xiltlar ko`payib ketganda et uvishish va qaltirash paydo bo`ladi, agar undan ham ko`payib ketsa, isitma paydo bo`ladi.
Esnash kerishishning bir turi bo`lib, jag’, ko`krak va lab mushaklarida paydo bo`ladigan kerishishdan vujudga keladi. Sog’lom kishida esnash dastlab sababsiz paydo bo`ladi. Agar bevaqt esnash ko`paysa, u yomondir. Yaxshisi esa, hazm oxirida paydo bo`lib, chiqindilarni qaytarish uchun bo`ladiganidir.
Esnash va kerishish goho sovuqdan, xiltlarning quyuqlashuvidan, tarqalishlarning ozligidan va uyquga to`ymay uyg’onishidan bo`ladi. Esnash va kerishishning yaxshi turi ortiqcha xiltni qaytaruvchidir. Agar birorta mone`lik bo`lsa, sharob va suvni barobar miqdorda aralashtirib ichish esnash va kerishishni to`xtatish uchun foydalidir.
XI. Keksalarni sog’lomlashtirish tadbiri.
Keksalar tadbirining hammasi ho`llovchi va qizdiruvchi narsalarni birgalikda ishlatishdan iboratdir: ular ko`rpa-to’shaklarda yoshlardan ko`ra uzoqroq uxlab yotishlari lozim, doimo suyuq ovqatlar berish kerak, ayniqsa hammomga tushirish, ichimliklar ichirish, siydiklarini doimo ravon qilib turish, me`dalaridan shilliqlarini ichak va qovuq yo`li orqali chiqarib turish va doimo ichlarini yumshatish tadbiri amalga oshiriladi.
Keksalar ko`proq ovqatlanishga e`tibor berishi kerak, to’yib ovqat yemasliklari kerak, ovqatni asosiy tarkibi meva va sabzavotlardan tashkil topgan bo`lishi kerak, keksalar ko`proq badantarbiya bilan shug’ullanishlari darkor. So`ngra yurish yoki yurishga kuchlari yetmasa, ot-ulovga minish foyda qiladi.
Keksalarning zaiflarini qayta - qayta uqalash lozim. Ular mo`tadil issiq xususiyatli atir bilan ko`proq xushbo’ylanib yurishlari kerak. Uyqudan keyin ularning badanini yog’ bilan silab yumshatish kerak, chunki bunday yog’lash hayotiy quvvatni uyg’otadi; undan keyin toza havoda yurish, otda sayr qilish foydalidir.
Keksalarni ovqatlantirish tadbiri
Keksa kishining ovqati oz-oz miqdorga ajratilib, hazm qilish va o`zining kuchli yoki kuchsizligiga qarab bir kunda 4-5 marta beriladi. Ertalabki asal bilan yaxshi pishirilgan non beriladi, tushga yaqin, hammomdan so`ng, ichni yumshatadigan, biz tubanda aytadigan mahsulotlardan beriladi. Undan keyin, kechga yaqin yaxshi oziq bo`ladigan ovqat yediriladi.
Agar quvvatli kishi bo`lsa, kechki ovqati bir oz ko`paytiriladi. Tushlikda meva va sabzavotlarga boy ovqatlar buyuriladi. Kechqurun sut va sut mahsulotlaridan tayyorlangan ovqatlar tavsiya qilinadi. Keksalar savdo va balg’am xiltini ko`paytiradigan har qanday g’aliz ovqatlar, nonxurish va dorivorlar kabi o`tkir, achchiq narsalardan saqlanishlari darkor!
Lekin ularni davo o’rnida ehtiyojga qarab iste`mol qilishlari mumkin. Agar keksalar o`zlariga munosib bo`lmagan ishni qilib, birinchi xil narsalardan, masalan, tuzlangan mahsulotlarni, quyoshda qoqlangan go`shtni, ov go`shtlarini yoki qattiq go`shtli baliqni, tarvuz va tarrakni yesalar, yoki ikkinchi xatolik, mayda qoq baliq va qovurilgan baliq kabilarni yesalar, xastalik yuzaga kelganda ularga zid tabiatli mahsulotlarni yeb davolanadilar.
Bu kishilarda, chiqindi borligi bilinsa, xiltni suyultiruvchi narsalar iste`mol qilish kerak bo`ladi. Ga’yritabiiy xiltlardan tozalanganlaridan keyin, keksalarga badanni ho`llovchi vositalar buyuriladi. Keyin goh - gohida ovqat bilan birga suyultiruvchilardan oz-oz iste`mol qilish kerak.
Sut ko`ngil tusab ichilganda va jigarning atrofida yoki qornida taranglik, qichishish va og’riq paydo qilmasa, keksalarga juda yaxshi foyda qiladi, chunki sut g’izoli bo`lib gavdani ho`llaydi.
Keksa kishiga sutning eng muvofiqi echki va ot sutidir. Ot sutining xosiyatlaridan biri shuki, u ko`pincha me`dada ivib qolmay, tezda o`tib ketadi, ayniqsa, uni tuz va asal bilan qo`shib ichish yaxshi. Buning uchun echki va ot o`tloqlarini shunday saqlash kerakki, ularga kakra, achchiq, nordon yoki qattiq sho`r o`tlarni bermaslik kerak.
Keksalar yeydigan sabzavot va mevalar jumlasidan, ovqat tarkibida lavlagi, kashnich, karam, sholg’om kabi mahsulotlar bo`lishi kerak. Ularni murriy va zaytun yog’i bilan xushbo’y, xushxo`r qilib, ayniqsa, ovqatdan oldin ichni yumshatish uchun eydilar. Sarimsoq yeyishga odatlangan keksalar goho-goho sarimsoq yesalar foydalidir. Zanjabil murabbosi va issiqlik xususiyatiga ega murabbolarning ko`pi keksalarga yoqadigan davolardandir. Murabbolar gavdani qizitadigan va ovqatni hazm qiladigan miqdorda bo`lsin, badanni quritadigan miqdorda bo`lmasin. Ularni shunday miqdorda iste`mol qilish kerakki, ovqatlar gavdani ho`llovchi oziqlardan bo`lishi kerak.
Ularni gavdani isitish uchun va hazm uchun iste`mol qiladilar; gavdani quritgunicha iste`mol qilish mumkin emas. Keksalar iste`mol qilganlarida ichlarini yumshatib, gavdalariga yoqadigan mevalardan yozda anjir va olxo`ri, qish faslida asal suvi bilan qaynatilgan anjir qoqisi tavsiya qilish mumkin. Ularning hammasi ichlarini yumshatish uchun ovqatdan oldin yeyilishi kerak.
Keksalardagi tiqilmalarni ochish to`g’risida.
Agar keksalarda tiqilmalar paydo bo`lsa, ularning eng yengili sharob ichishdan paydo bo`ladi. Keksalarga saryog’ juda foyda qiladi, ayniqsa tiqilmalar paydo bo`lgan vaqtda. Asalli sharobni ist`emol qilish ham keksalarga foyda qiladi va u tiqilmalarni ochadi, bo’gimlarda ogriq paydo bo`lishini oldini oladi. Biror a`zoda tiqilma borligi sezilsa yoki siydik chiqarish a`zosida tiqilmaga moyillik sezilsa, asalli sharobga kashnich urug’i va ildizini qo`shib, siydik chiqarish a`zolari xastaliklarini davolash uchun ichiriladi.
Agar tiqilmalar o`pka yo`llarida bo`lsa, sunbulsoch, seylon dorchini va shunga o`xshash narsalar qaynatib beriladi.
Keksalarni uqalash to`g’risida
Uqalash miqdor va kayfiyatda o`rta darajada bo`lib, kuchsiz a`zolarga va siydik qopchasiga tegmasligi kerak. Agar uqalash bir necha marta takrorlansa, har safar dag’al mato bilan yoki qo`lning o`zi bilan ishqalash lozim. Bu muolaja albatta bemorga foyda qiladi va a`zolarni kasallikdan saqlaydi.
Keksalarning badan tarbiyalari to`g’risida.
Keksalarning badantarbiyalari a`zolarining turli hollariga, ularga odat bo`lib qolgan ba`zi kasalliklarga va badantarbiyadagi odatlariga qarab turlicha bo`ladi. Agar a`zolari juda mo`tadil bo`lsa, ular uchun mo`tadil badantarbiyalar muvofiq keladi. Agar biror a`zolari eng yaxshi holda bo`lmasa, uning badantarbiyasini boshqa a`zolar badantarbiyasiga tobe qiladilar; masalan, birovda bosh aylanishi, tutqa yoki yomon xiltlarning bo`yinga quyilishi yuz bersa, shunda bug’lar boshga va miyaga ko`tariladi, u kishilarga boshni engashtiradigan va quyi tashlatadigan badantarbiyalar to`g’ri kelmaydi. Ular yurish, chopish va ot minish bilan badantarbiya qilmoqlari va gavdaning quyi yarmiga tegishli badantarbiyalarni qilmoqlari kerak.
XII.Tishlarni sog’lomlashtirish tadbiri haqida
Tishlar haqida: tishlar sezuvchi suyaklar turkumiga kiradi, chunki ularga nerv tolalari kelib tarqaladi. Tishlar og’riganda ularda lo`qillash paydo bo`ladi, bu sezilib turadi. Tishlarda bo`shashish, qimirlab turish, bo`rtib chiqish, emal qavatining yemilirishi (tishlar kariyesi) kasalliklari kuzatiladi. Bundan tashqari chirish va sinish kasalliklari paydo bo`ladi. Tishlar doimo o`sib, kattalashib turadi, sug’urib olingan yoki tushib ketgan tish o`rniga ro`parasida turgan tish uzayib o`sib ketadi , agar uning kattalashishiga va o`sishiga to`sqinlik qilinmasa.
Tishlarning rangiga qarab mizoji aniqlanadi.
1.Sariq bo`lsa - safro mizojli, ya`ni quruq
2.Oq bo`lsa- balg’am mizojli, ya`ni ho`l
3.Qoramtir bo`lsa - savdo mizojli, ya`ni sovuq – quruq
Tishlarni sog’ saqlash uchun quyidagilarga amal qilish kerak
1.Ovqat va ichiladigan narsani me`dada ketma-ket buzilishidan saqlash kerak 2.Qusish, ayniqsa nordon qusish zararli
3.Yopishqoq narsani chaynashdan saqlanish kerak (holva, jevachka)
4.Qattiq narsani tish bilan sindirishdan (danak chaqish)
5.Tishni qamashtiruvchi narsadan saqlanish (dovcha, xom olma)
6.Juda sovuq narsadan, ayniqsa issiq ovqatdan, choydan keyin sovuq suv ichishdan 7.Tishlar orasidagi narsani doimo tozalash kerak (tishni chuqur kovlamaslik kerak) 8.Gandano kabi o`z xususiyati bilan tishlarga zarar yetkazadigan narsalardan saqlanish kerak
Tishlarni tozalaydigan maxsus cho`plarning burishtirish va achchiqlik xususiyati bor (misvoq cho’plar) Tishlarni uxlash oldidan yog’lab turish kerak.
Tishlarni mizojini sovitish kerak bo`lsa, gul yog’i bilan isitish kerak bo`lsa, bom va rum sumbulining yog’i ishlatiladi.
Eng yaxshisi tish mizoji sovuq bo`lsa, asal bilan ishqalash kerak, yoki kamroq bo`lsa shakar bilan ishqalash kerak. Tishlarni asal va shakar bilan ishqalansa tishlar yaltiraydi, tishlarni milklarga mustahkamlaydi, (qimirlaydigan tishlarni) baquvvat qiladi, isitadi va tozalaydi. Novvotni yanchib asal bilan aralashtirib ishlatilsa, tishlarni yaltiratadi, tozalaydi va milkni mustaxkamlaydi. So`ngra yog’lash kerak bo`ladi. Har kuni kechqurun 1 marta namakob bilan og’iz chayilishi kerak.
IBN SINO TA’LIMOTIDA DAVOLASH USULLARI.
Bemorlarni sharqona tabobat uslubida parvarish qilish.
Hammom, tuz, qum ta`siri:
ko`rsatma va monelik.
Hammomning tabiiy ishi odamni o`z havosi bilan qizdirishi va o`z suvi bilan qo`llashidir.
Hammomning birinchi xonasi sovituvchi va ho`llovchi bo`ladi,
ikkinchisi qizdiruvchi va ho`llovchi, uchinchisi qizdiruvchi va qurituvchi bo`ladi.
Agar hammomning suvi juda issiq bo`lsa, teri teshiklarini toraytiradi va natijada namlik badanga o`tmaydi, bunda ularning erib tarqalishi ham yaxshi bo`lmaydi.
Hammomning suvi ba`zan qizdiradi, ba`zan esa sovitadi. Agar suvning issiqligi qaynoqlikka yaqin bo`lsa, bunday suv o`z issiqligi bilan qizdiradi. Agar suv kam isigan bo`lsa, sovitadi va ho`llaydi.
Bu holat sovuq suv bilan huqna qilinganda ham bo`ladi. Chunki huqna gavdaga sovuq holda kirsa, hammom havosidan olinadigan issiqlikni kamaytiradi va uni ichki a`zolarga to`playdi.
Hammom ba`zan xiltlarni eritib tarqatish bilan qizdiradi. Agar hammomga tushgan kishida ovqat hazm bo`lmagan bo`lsa va unda birorta sovuq va yetilgan xilt bo`lsa, hammom buni hazm qilib yetiltiradi.
Ba`zan quruq hammom qabul qilinadi, chunki u quritadi va isitadi, bo`sh badanli kishilarga foyda qiladi, ba`zida esa ho’l hammom qabul qilinadi, u tanani ho`llaydi.
Ba`zida hammom nahorda va bo`sh me`daga qabul qilinadi, shunda u gavdani juda quritib ozdiradi va zaiflashtirib yuboradi. Ba`zan esa hammom to`yishdan sal o`tgandan keyin qabul qilinadi. Shunda u moddani gavdaning sirtiga tortish bilan semirtiradi, lekin u a`zolarga me`da va jigardan hali yetilgan ovqatni tortish bilan tiqilmalar paydo qiladi.
Ba`zi vaqtda birinchi hazmning oxiri va me`da bo`shashidan oldin iste`mol qilinadi. Bu foydali bo`lib, mo`tadil darajada semirtiradi. Hammomning ko`p foydali tomonlari bilan birga zararli tomonlari ham mavjud. zaiflashgan a`zolarga chiqindilarning quyilishini osonlashtiradi.
Badanni bo`shashtiradi, asabga zarar etkazadi, tug’ma issiqlikni tarqatadi, ishtahani pasaytiradi va jinsiy aloqa quvvatini zaiflashtiradi.
Hammom o`zidagi suvlarga qarab turli fazilatlarga ega bo`ladi.
Agar suvga tabiiy ravishda soda aralashgan bo`lsa yoki u dengiz suvi bo`lsa, yoki unda kul moddasi bo`lsa, yoki u sho`r bo`lsa, bunday suv moddalarni eritib tarqatadi va yumshatadi. Tana g’ovakligini va semizlikni yo`qotadi. Moddalarning yaralarga quyilishiga yo`l qo`ymaydi va rishta kasalligiga duchor bo`lganlarga foyda qiladi.
Misli, temirli va sho`r suvlar sovuq va ho`l kasalliklarga, bo`g’im og’riqlariga, bo`shashishga, buyrak kasalliklariga foyda qiladi. Singan joylarning bitishini kuchaytiradi. Yiringli shishlar va turli yaralarga ham foyda qiladi. Misli suvlar og’iz yaralariga, tilchadagi chiziqlarga, ko`z qovog’ining tushishiga, quloqdan yiring oqishiga foyda qiladi.
Temirli suv esa me`da va taloqqa foyda qiladi. Achchiq toshli suvlar isitib cho`milganda qon tupurish, bavosir, hayzdagi qon ketish, sababsiz bola tashlash va haddan tashqari ko`p terlashga foyda qiladi.
Oltingugurtli suv esa asablarni tozalaydi, tortishish va tirishishdagi og’riqlarni bosadi, gavda sirtini yomon va uzoqqa cho`ziladigan yaralar va toshmalardan, yomon dog’lardan, sepkildan tozalaydi. Bo`g’im xastaliklarida, taloq va jigarga quyiladigan chiqindilarni tarqatadi, bachadon qattiqligiga foyda qiladi,
lekin me`dani bo’shashtirib, ishtahani kamaytiradi.
Issiq quyoshda badanni qizdirish xususan u tez yurish va chopish kabi kuchli harakatlar vaqtida bo`lsa, chiqindilarni kuchli ravishda eritib tarqatadi, terlatadi, qorin ko`pchishini yo’qotadi, gavda bo`shashgandagi va istisqodagi shishlarni tarqatadi.
Agar tana quyoshdan ta`sirlansa, dag’allashadi, qurib yoriladi va qorayadi, shunda tana teshiklarining og’zi go`yo kuyadi va tarqalishiga yo`l qo`ymaydi. Quyoshda bir joyda o`tirib toblanish, ko`chib yurishga qaraganda terini kuchliroq kuydiradi. Bunda moddalarning tarqalishiga qarshilik ko`proq bo`ladi.
Teri atrofidagi namliklarni ko`proq quritadigan qumlar dengiz qumlaridir. Ba`zan u issiq bo`lsa, unda o`tirish, ba`zan esa badanni ko`mish mumkin bo`ladi.
Zaytun yog’i uzoq cho`ziladigan sovuq isitmalarga foyda qiladi.
Ibn Sino ta`limotida umumiy davolash usullari.
Odatda, kasallikni davolash asosan 3 narsa bilan tugal bo`ladi:
1) tadbir va oziqlantirish
2) dorilarni iste`mol qilish
3) qo’l bilan bajariladigan ishlar
Tadbirning bir qismi bo`lgan ovqatlanishning miqdori jihatidan o`ziga xos tartiblari bor, ya`ni kasallikning turiga qarab, ovqatlanish tartibi belgilanadi.
Bunda ovqat miqdori ayrim kasalliklarda kamaytiriladi, o`rtacha qilinadi, ko`paytiriladi yoki aksincha, ayrim kasalliklarda man qilinadi.
Masalan: bemor organizmidagi xiltlarni yetiltirish uchun ovqat man etiladi. (Ochlik qilish)
Agar shu bilan birga quvvatni saqlash maqsadi ham ko`zda tutilsa, ovqat kamaytiriladi.
Ovqat miqdori 2 jihatdan kamaytiriladi:
ya`ni: miqdor va kayfiyat (sifat) tomonidan. Miqdor va kayfiyat o`rtasidagi farq shuki, goho ovqat miqdori ko`p bo`lib, g’izoligi (ozuqaligi) kam bo`ladi. Masalan: sabzavot va mevalarni ko`p miqdorda iste`mol qilish kayfiyatni ko`paytirmaydi, yoki ovqat miqdori oz bo`lib, ozuqaligi ko`p bo’lishi mumkin, ya`ni: tuxum, go`sht mahsulotlari.
Ovqatlar ozuqali bo`lishi jihatidan yana 2 xususiyatdan iborat:
1) Hazm jarayonining tezligi: kuchayishi (sharoblar), yoki sekinlashishi (qovurilgan go`sht)
2) Ozuqalilik nuqtai nazaridan: tanada kam oquvchan quyuq qonning paydo bo`lishi (qo’zi yoki buzoq go`shtidan tayyorlangan ovqat); tanada tez tarqaluvchi suyuq qonning paydo bo`lishi (sharob, anjir kabi mahsulotlar)
Tanada tiqilmalar borligini aniq bilsak, bunday bemorlarga doimo yengil ovqatlar buyurish lozim. Aksincha, kishi gavdasini baquvvat qilib kuchli badantarbiyaga tayyorlamoqchi bo`lsak, ularga ozuqaligi kuchli va hazmi sekin kechuvchi ovqat mahsulotlarini buyuramiz.
Sharq tabobatida bemorlarni davolash uch bosqichda olib borilgan:
I - bosqichda xastalik sababi aniqlangan va uni to`laqonlik davolashga tayyorlagan. II - bosqichda bemor tanasi xastalikka sabab bo`lgan xiltlardan tozalangan, ya`ni tanqiya qilingan.
III - bosqichda tanqiya qilingan bemorga parhez taomlar bilan birga davoli ozuqa yoki ozuqali davo buyurilib, parvarish qilingan.
Tanqiya qilish – g’ayri tabiiy xiltdan tanani to`liq tozalashdir. Tanqiya so`zi forscha tildan olingan bo`lib, "tozalash" ma`nosini bildiradi, tanani tanqiya qilish uchun musxil va mulayyin darmonlardan foydalaniladi. Organizmni bo`shatilishiga (istifrog’ qilish) 10 ta holat dalil bo`ladi: 1.To`lib ketish (imtilo) 2.Quvvat 3.Mizoj 4.Munosib holatlar 5.Tashqi ko`rinish 6.Yosh 7.Fasl 8.Shahar iqlimining xususiyatlari 9.Bo`shatilishga odat qilinganligi 10.Kasbi
Shu bo`shatilishga teskari dalillar bo`lsa, bo`shatish man qilinadi. Badanning bo`shligi va shuningdek, uch quvvatdan qaysi biri bo`lsa ham, birining zaifligi bo`shatishni albatta man qiladi.
Issiq quruq mizojda bo`shatish man qilinadi.
Sovuq ho`l mizojda ham issiqlikning yo`qligi yoki kuchsizligi tufayli bo`shatish man qilinadi.
Ammo, issiq ho`l mizojda organizmni bo`shatishga keng ruxsat beriladi. Kishi juda ozg’in, badani g’ovak va bo`sh bo`lsa dori bilan tadbir qilishning va sovuq ham ho`llik tomoniga olib boradigan yaxshi qon paydo qiluvchi narsalar bilan ovqatlantirish kerak.
O`ta ketgan semizlikda ham bo`shatish man qilinadi, bunda sovuqning ustunlik qilish xavfi va go`shtning tomirlarni siqishi va bo`shatish vaqtida ularni bekitish xavfi bor. Bunday vaqtda issiqlik kamayib qoladi yoki chiqindilar ichki a`zolarga quyiladi.
Qattiq issiq va qattiq sovuqda ham bo`shatish qilinadi. Janub tomonda bo`lgan juda issiq mamlakatlarda ham bo`shatish man qilinadi, chunki surgi dorilarning ko`pchiligi issiqlik bo`lib, ikki issiqlikning va tortuvchining birga kelishiga chidab bo`lmaydi, bu holda quvvatlar kuchsizlanadi. Tashqaridagi issiq sirtga, dori esa ichga tortadi, natijada qarama - qarshi tortishuv bo`lib, xilt o`z joyida turib qoladi.
Shimol tomonning qattiq sovuq va bo`shatilishga kam odat qilinganlik uchun ham bo`shatilishni man qiladi. Ko`p terlash bilan aloqali bo`lgan kasb, masalan hammom xodimi va hammollik va umuman og’ir mehnat bilan aloqador boshqa kasblarda ham bo’shatish ham man qilinadi.
Har bir bo`shatishda quyidagi besh narsani nazarda tutish kerak bo`ladi. 1.Bo`shatilishga lozim bo`lgan narsani chiqarish. Bu xil bo`shatilishdan keyin, albatta inson rohatlanadi, lekin rohat sezilmasa, bo`shalish orqasidan ichaklarning charchashi, issiqlik qo`zg’alishi, bir kunlik isitma yoki boshqa kasallikning paydo bo’lishi kuzatiladi. Masalan, surgidan ichaklarning shilinishi va siydik haydovchi doridan qovuqning yaralanishi kabi kasalliklar paydo bo`ladi. Natijada bunday bo`shalish foyda qilsa ham u sezilmaydi. Lekin bu holatlar tezda yo`qolib ketadi.
2. Qaysi tarafdan bo`shatish kerakligini o`ylash kerak, masalan ko`ngil aynishda o’stirish bilan va ichak og’rig’ida surgi bilan tozalanadi.
3.Bo`shatiladigan (narsa) chiqadigan joyda turuvchi a`zoni aniqlash kerak. Masalan: jigar kasalliklarida o`ng qifol emas, balki o`ng boshliq tanlanadi. Chunki hammom yomon xiltni sirtga tortadi. Hammom qishda ich surishga yordam beradi. 4. Bo`shatish vaqtini bilish zarur.
5 Gavdadan chiqariladigan modda miqdorini belgilash. Bu esa yomon xiltlarning qancha ekanligi, kishining quvvatini va bo`shatishdan keyingi yuzaga keladigan holatlarni ko`zda tutish bilan hosil bo`ladi.
Ichni surish va uning qonuniyatlari
Surgi dori iste`molidan ilgari sovuq mizojli kasalliklarda dorini qabul qilishga gavdani tayyorlash, teri teshiklarini kengaytirish va tabiatni yumshatish zarur. Ichaklarda quruq cho`kmalar bo`la turib surgi ichish xavfli ishlardandir. Ularni ich surishdan avval huqna qilish bilan bo`lsa ham yoki suyultiruvchi – sirg’antiruvchi narsa yordamida bo`lsa ham chiqarish zarur bo`ladi.
Agar biror boshqa qarshilik qiladigan narsa bo`lmasa, surgidan bir necha kun ilgari hammomga tushish ichni suyultirib, kishini ich surishga tayyorlovchi yaxshi narsalardandir. Surgi ichgandan keyin hammomga tushilmaydi.
Chunki hammom yomon xiltni sirtga tortadi. Surgi ichuvchi kishining atrofidagi havo terlatmaydigan, betoqat qilmaydigan darajada bir oz issiqqa yaqin bo`lishi zarur.
Uqalash, yog’ bilan ishqalash ham surgi ichishga tayyorlovchilardandir. Ilgari dori ichmagan kishiga kuchli surgi ichirishga shoshilmaslik kerak. Me`dasi buzilgan, yopishqoq xiltlari bor, qovurg’alarining ko`miklari tagida tortishish bor kishining va ichki a`zolarida alangalanish va tiqilma bor kishining to o`sha kasalliklari tuzalguncha surgi ichish kerak emas.
Turib qolgan suvni ichuvchilar va talog’i kasal kishilar kuchli surgiga muhtoj bo`ladilar. Kuchli surgi ichgan kishi dori amal qilishidan oldin uxlashi, kuchsiz surgi ichgan kishi esa uxlamasligi yaxshiroq.
Dori ichganda tinch turish kerak, toki tabiat uni o`rab unga ta`sir qilsin. Agar surgi ichishda hididan nafrat qilsa, burun teshiklarini bekitish kerak. Qaynatilib tayyorlangan suyuq surgining iliq holda ichilishi va surgi habning iliq suvda ichilishi kerak. So`ng dori ichgan kishining me`dasi va oyog’i issiq tutilishi kerak. Dori ichib ko`ngil tinchigach turib oz-oz harakat qiladi, vaqti-vaqti bilan issiq suv ichib turiladi.
Yozning issig’ida surgi qiluvchilarning ko`pi isitma kasalligiga uchraydi. Dori ichuvchining me`dasi safroli bo`lib, unga safro tez quyilib tushishi sababli yoki ovqatdan saqlashni va ochlik zamoni uzaygani sababli, me`dasi yemay turishga chidamasa, u kishiga dorini ichirib, ich surishdan ilgari bir oz sharobda ivitilgan non yediriladi. Qaynatmalar bilan ichilishi zarur bo`lgan xablarni o`zlariga hamjins qaynatmalar bilan ichish kerak. Masalan: safroni suruvchi xabni shaxtara qaynatmasi bilan, savdoni suruvchi xabni devpechak va chilpoya kabi qaynatmalar bilan ichish zarur.
Surgi dori ichirilganiga ancha vaqt o`tsa ham, ichni surmaganda, mumkin qadar dori yengillatiladi va bemor qo`zg’atilmaydi.
Falaj va sakta holatidagi kishilarda dorilarning kerakli joyga borib turishdagi yo`llari tor bo`lib, ich surish ularda qiyin bo`ladi.
Bir kunda ikki xil surgi iste`mol qilish xatarli va noto`g’ridir.
Surgi dori iste`mol qilgan kishi ikkinchi kuni hammomga tushmog’i kerak. Shu vaqtda xiltlardan qoldiq qolgan bo`lsa tozalanadi.
Surgi dorini bahorda yoki kuzda ichish kerak. Sirius yulduzining chiqish vaqti, tog’da qor tushgan va qattiq sovuq vaqti surgi ichish vaqti emas.
Ich surish tomirlarning zaifligi, tomirlar teshigining kengligi, surgi dorining tomirlar teshigini achishib kuydirishi, ich surishdan yoki o`rnini bosuvchi biror narsadan badandagi mizojning buzilishi sababli ortiq darajaga yetib boradi.
Ichni surish juda oshib ketsa, ho’l va oyoqlarni yuqoridan pastgacha, qo`ltiqdan va son boshidan quyigacha bog’lab tushish kerak. U kishiga bir oz taryoq va filuniyo ham ichirish lozim. Mumkin bo`lsa, hammomda yoki kiyimlarga o`rab, suv bug’i bilan terlatiladi. Bemorga rayhon suvi, sandaldan, kofurdan, mevalardan siqib olingan suvlardan tayyorlangan laxlaxalar beriladi. Kasalning sirtqi a`zolarini uqalash, alanga yordamida qo`yiladigan qortiqlar bilan qizdirish kerak. Surgi dori surmasa, kasalning ichi burab og’risa, tabiatini buzib, uni bezovta qilsa, boshini og’ritsa, kerishish va esnash paydo qilsa, huqnaga va ma`lum ko`tariladigan dorilarga murojat qilish kerak bo`ladi; bunda uch ko’ram mastakini iliq suv bilan ichirish lozim.
Ko`pincha dori ustidan burishtiruvchi narsalarni ichish, behi va olma kabilarni yeyish dorining kuchini oshiradi. Chunki ular me`da og’zini va uning tubini qisadi, ko`ngil aynishini bosadi, dorini yuqoridan pastga yurgizadi va tabiatini kuchaytiradi. Agar huqna foyda bermay yomon holatlar, ya`ni badan tortishishi, ko`zning kosasidan o`ynab chiqishi kabilar paydo bo`lsa, dorining harakati yuqoriga bo`lsa, albatta tomirdan qon olish kerak.
Surgilarning xususiyatlari
Ba`zi surgilar zarar
yetkazadi. Masalan: qora xarbaq, yaxshi oq bo`lmagan balki sariq jinsdan
bo`lgan turbit, holi sof bo`lmagan, balki qoraga moyil daraxt po`kagi va
mozariyunlar yomon dorilardandir. Goho ikki xil dori birga qo`shib ishlatiladi.
Bulardan biri o`ziga maxsus bo`lgan xiltni tez so’ruvchi, boshqasi sustroq
so’ruvchi bo`ladi, ikkinchisi ishni boshlashidan oldin birinchisi ishdan
qutiladi va goho ikkinchisining o`ziga xos xiltini ta`sirini buzib, uning
quvvatini sindiradi. So`ngra ikkinchisi ish boshlasa, quvvati zaif bo`lib,
xiltlarni qo`zg’atish yetarli bo`lmaydi. Shuning uchun uning ta`sirini
tezlashtiruvchi narsa qo`shish zarur bo`ladi. Masalan: turbitga zanjabil
qo`shiladi.
Kuchli surgi dorilarning ko`pchiligida bir miqdor zararli ta`sir bo`lib, bemor tabiatini majbur qilib ichni suradi. Goho achchiqlik, to`liq va o`tkirlik, burishtiruvchi ta`sir va nordonlik surgi dorining xususiyatiga mos kelsa, o`sha dorining ishiga yordam beradi.
Qaytning ishlatilishi afzal bo`lgan holatlar:
Istisqo, tutqanoq, melanxoliya, moxov, niqris, irqunnaso kabi cho`ziladigan, tuzalishi qiyin kasalliklardir.
Qaytdan keyin tomirdan qon oldirish kerak emas. Xiltning suyuqligi sababli, ko`pincha qayt qilish qiyin bo`ladi, Shunday vaqtda anor donining talqonini yeb xiltni quyiltirish kerak bo`ladi. Qayt tana uchun foydali, ko`z uchun zararlidir.
Homilador xotinni qayt qildirmaslik kerak.
Qayt qilishdan qutilgach sirka bilan suv aralashtirilib og’zini va yuzini yuvish kerak. Buqrot, kishilarni bir oyda ikki - uch kun ketma - ket qayt qilishga buyuradi. Shunda birinchi kunda ozroq, qiyinchilik bilan bo`lgan qaytni ikkinchi kundagisi tugallaydi va me`daga tortilgan moddalarni chiqarib tashlaydi. Bunday qayt shilliq safroni chiqarib, me`dani tozalaydi.
Qayt me`daning yog’li narsalardan nafrat qilinishini, sog’lom ishtahaning yo`qligini achchiq, nordon narsalarni tilashini ketkizadi. Qayt moxov kasalligi, rang yomonligi, me`da tutqanog’i, sariq kasali, qaltirash kasali va falaj kabi xastaliklar uchun yaxshi davodir.
Huqna (klizma) to`g’risida
Huqna ichaklardan chiqindilarni chiqarishda, buyrak va qovuqdagi og’riq va shishlarda, qulanj kasalliklarida, yuqorigi boshqaruvchi a`zodan chiqindilarni tortishda juda yaxshi davodir.
Lekin, o`tkir huqna dorisi jigarni kuchsiz qilib, isitma paydo qiladi.
Bo`shashishdan qolgan qoldiqlarni chiqarishda ham huqna yordam qiladi.
Huqna qildiruvchi kishi chalqancha yotishi zarur. Huqna uchun eng yaxshi vaqt havoning salqin vaqti,
hammom xiltlarni qo`zg’atadi va ularni taqsimlaydi, huqna esa to`xtab qolgan xiltlarni tortadi, shuning uchun huqnadan oldin hammom qabul qilish mumkin emas.
Ichaklarda shish yoki yara bor bo`lib, isitma yoki boshqa bir kasallik sababli huqnaga muhtojlik tug’ilgan kishi, huqnaning to`xtab qolishidan, atrofini qizdirilgan tariq bilan isitish kerak.
Qon olish uslublari, texnikasi, qon olinadigan tomirlar.
Ko`rsatma va qarshi ko`rsatma,
qon olish haqida
Qon olish mo’llikni chiqarib tashlaydigan umumiy bo`shatishdir.
"Mo’llik" esa tomirlardagi xiltlarning o`z me`yoridan ortib ketishdir.
Ikki xil turdagi kishilardan qon olish kerak, ulardan biri qoni ko`payib ketganda, kasalliklarga beriluvchan kishilar, boshqalari esa kasal bo`lgan kishilardir.
Irqunnasoga va qonli niqrisga mubtalo bo`lgan bo`g’imlari qon tufayli og’riydigan, qon ko`payib ketganda yupqa qatlamli o`pka tomirlarining yorilishi natijasida qon tuflaydigan kishilarni kasallikka moyil deb atash mumkin.
Issiq mizojga ichki a`zolarida zaiflik yuz beradigan kishilardan garchi ular bunday kasal bilan og’rimagan bo`lsalar ham, bahor paytida qon olish yaxshiroqdir.
Zarba yegan yoki yiqilgan kishilardan esa, ularda shish paydo bo`lishidan ehtiyot qilish uchun qon olinadi.
Kasallik xavfi ro`y berishi bilanoq qon olish mumkin, ammo odam kasallanib qolgan bo`lsa, qon olishni dastlab butunlay to`xtatish kerak, u chiqindilarni suyultiradi va ularni qon bilan aralashtirib gavdaga yurgizadi.
Agar kasallik davom etayotganda bir necha buxronlar bo`lsa, ko`p qon olish mumkin emas.
Agarda ko`pdan beri qon oldirmagan odam qish paytida qoni ko`pligidan shikoyat qilsa, unda ehtiyot uchun bir oz qoldirib, qon olish kerak.
Qon olish qonni aks tomonga tortadi va ko`pincha ichni to`xtatadi.
Qon ko`p olish natijasida kuchlar bo`shashib ketsa ko`p xiltlar paydo bo`ladi: dastlab qon olishda xushdan ketish mumkin, qusish qon olishni ta`qiqlovchi belgidir.
"Torgina tilib" qon olish kasalning kuchlarini yaxshiroq saqlaydi, ammo u goho toza qonni chiqarib, quyuq va loyqa qonni ushlab qoladi.
"Keng tilib" qon olishga kelsak, u tezroq hushdan ketishga olib keladi va tozalamoq yaxshiroq ta`sir ko`rsatadi.
Uning yarasi sekin bitadi.
Muolaja vaqtida chalqancha yotish kerak, chunki bu kuchni saqlaydi va hushdan ketkazmaydi.
Chiqayotgan qonning qanday rangda ekanini kuzatib turish zarur, agar u suyuq va oqimtir bo`lsa, darhol qon olishni to’xtatish kerak.
Kasalda safro va savdo xiltlarining qo’zgalishiga oid hodisalar kelib chiqishi kerak.
Sovuq mizojli kishilardan, sovuq mamlakatlarda qattiq og’riq chog’ida xiltlarni tarqatadigan hammomdan keyin va jinsiy aloqadan keyin, o’n to’rt yoshdan kichik davrda imkon boricha keksalikda mumkin qadar qon olishdan saqlanish kerak.
Gavda juda og’ir yoki juda semiz bo`lsa, me`da ovqat bilan to’la bo`lsa, och qorinda qon olish man etiladi.
Ba`zan burundan, bachadondan, orqadan, ko`krakdan yoki ba`zi yaralardan qon ketishni to’xtatish uchun qonni qarshi tomonga tortib, tomirlardan qon oladilar, bu juda kuchli va foydali davolashdir, kesik juda tor bo`lishi kerak. Umuman, qonning miqdorini oshirgandan ko’ra qon olishning sonini ko`paytirish kerak.
Qon olishda og’riq qancha zo’r bo`lsa, kesik shunchalik sekin bitadi.
Ikkinchi marotaba qon olish paytida ko`p bo’shatish agar qon oldirayotgan kishi biror narsa yemagan bo`lsa, hushdan ketishga olib keladi.
Birinchi va ikkinchi qon olish orasidagi uyqu xiltlarning gavda ichida tortilishi natijasida o’sha yoqqa tortiladigan chiqindilarning qon bilan birga tashqariga chiqishiga imkon bermaydi.
Ikkinchi marta qon olishning foydalaridan biri shundaki, u qon oldiruvchining kuchlarini saqlaydi va zarur bo`lgan to’la bo’shatishni amalga oshiradi.
Takror qon olishning eng yaxshisi 2 kundan keyingisidir. Qon olgandan so`ng, to’yib ovqatlanish jismoniy mehnat, hammomga tushish mumkin emas - aksincha chalqancha yotish kerak.
Gavdasini xiltlar egallab olgan kishi qon oldirsa, bu xiltlarning qo’zg’alishiga sabab bo`ladi, bu xiltlar gavda bo’ylab oqadi, aralashib ketadi, bu esa ketma - ket qon olishga majbur etadi.
Savdoli qon bir necha marotaba takror qon olishga majbur qiladi va kasal ahvoli shu ondayoq yengillashadi.
Keksalarda bu saktani keltirib chiqaradi. Qon olinadigan tomirlarning ba`zilari vena, ba`zilari arteriya tomirlaridir. Arteriyadan ahyonda qon oladilar, chunki qon ketish xavfi mavjud.
Kesik kichik bo`lsa, bu anevrizmani keltirib chiqaradi. (Davolash uchun igna bilan qon olish mumkin emas).
Qon olinadigan qo’l tomirlari 6 ta: qifol, akxal, bosliq, tirsak, qutqaruvchi va qo`ltiq osti venasi deb ataladi.
So`nggi 3 ta venali tirsak ichki tomonidan ochish kerak, sizilib oqqanidek yaxshi oqib chiqsin, asab va arteriyaga tegib ketish xavfi bo`lmasin, qon olish vaqtida uzunasiga qilingan kesik juda sekin bitadi.
Qon olish paytida issiq mizojli odamlarda, qotma va g’ovak gavdali kishilarda ko`proq hushdan ketish yuz beradi, mo`tadil gavda va pishiq go`shtli kishilarda bu hol kam bo`ladi.
Qon oluvchi tabibda turli xil nashtarlar bo`lishi kerak. Kipli nashtar siljiydigan tomirlar, bo`yinturuq venasiga yaxshi qo`llaniladi.
Shuningdek, pishiq yoki xom ipakdan ishlangan koptoklar, qayt qildirish uchun kaltakcha va pat bo`lishi kerak. Hushdan ketish qon olish paytidagi eng yomon hollardandir va kasal bu vaqtda goho o`ziga kelmaydi. Bunday holatda tabib tezroq ichak koptokni kasalning og’ziga quyishi va o`z asbobi bilan uni qayt qildirish unga mumkin dorili xaltachani hidlatishi va ozgina (mushkli) dori yoki kulchani yegizishi kerak – shunda kasalning kuchi bir oz jonlanadi.
Qon hali chiqib turganida hushdan ketish ham bo`ladi. Doimiy isitma, saktaning boshlanishida, anginalarda katta halokatli shishlar va qattiq og’riq paytida hushdan ketishning yaqinlashishiga ahamiyat bermaslik kerak.
Oyoq tomirlariga quymich venasi kiradi. Uni tashqi tomondan tovon yonidan yoki yuqoriroqdan son va tovon o`rtasidan ochadilar va latta yoki bog’ich bilan bog’lab qo`yadilar.
Yaxshisi, oldin oyoqni suvda isitish kerak, venani uzunasiga ochish to`g’ri bo`ladi. Agar vena ko`rinmasa, beshinchi va to`rtinchi barmoqlar o`rtasidan shaxobchasi ochiladi. Niqris, vena kengayishi, fil kasalligi, quymich asabi og’riganda qon olishning foydasi katta.
Tovonning ichki tomonidan o`tadigan oyoq teri osti venasi ham shundandir, uni jigardan quyida joylashgan a`zolarni, qondan bo`shatish va qonni yuqoridan quyiga yuborish uchun ochadilar.
Oyoq tomirlaridan qon olish, boshga yo`nalayotgan moddadan kelib chiqadigan va savdodan chiqadigan kasalliklar chog’ida foydalidir.
Bosh tomondagi tomirlarga bo`yinturuq venani qiyasiga ochish kerak. Qon olayotganda nashtarning uchi teri ostiga kirib borishi zarur.
Qortiq qo`yib qon olish teri atroflarini nashtar urib tomirdan qon olishga nisbatan yaxshiroq tozalaydi.
Bunda quyuq qondan ko`ra, suyuq qonni ko`proq chiqaradi. Oy boshida qortiq qo`yib qon olish buyurilmaydi. Chunki bu vaqtda xiltlar harakat qilgan bo’ladi.
Dumg’azaga, ikkala son old tomoniga, tizzaning pastrog’iga, tovon, ko`krak sohalariga qortiq qo`yib qon olinadi.
Og’riqni to`xtatish uchun qortiq qo`yiladi.
Tilish chuqur bo`lishi kerak, shunda qortiq chuqurdagi qonni tortadi. Ba`zan qortiqqa yopishadigan joy shishib, qortiqni chiqarib olish qiyin bo`ladi, shunda bir parcha latta issiqroq suv bilan isitiladi.
. Qortiq qo`yib qon olinadigan joy yog’langanda qortiq solinadi. Birinchi marta yengilgina qo`yib tez olinadi. Keyin esa qortiq ushlab turiladi va uzoq vaqt tutiladi.
Bemor bir soatdan keyin ovqatlanishi kerak.
Bolalarga o`n ikki yoshda qortiq qo`yiladi. 60 yoshdan keyin mutlaqo qortiq qo`yilmaydi.
Qortiq qo`ydiruvchining safrosi ko`p bo`lsa qortiqdan keyin anor donasi, anor suvi, shakar bilan sachratqi va sirka bilan sutcho`p beriladi.
Qon olinadigan tomirlar
Yurak xastaliklarida asosan - AKXAL va BOSLIQ tomirlaridan, chap tomondagi USAYLAM tomirlaridan qon olinadi.
Jigar xastaliklarida - o`ng USAYLAM, o`ng BOSLIQ, SOFIN tomirlaridan qon olinadi.
Bosh miya kasalliklarida -QIFOL, boshni o’zidagi tomirlar, til osti tomirlaridan qon olinadi.
Insultlarda - (sakta kasalligida) SOFIN tomiridan qon olinadi
Zuluklar to`g’risida.
Hindiylar aytadilar: zuluklardan ba`zisining tabiatiga ko`ra zaharlisi bor. Shuning uchun boshi katta, surmarang - qoramtir yo ko`kimtir, tukli ilonbaliqqa o`xshash, ustlarida zangori yo`llari bor zuluklardan saqlanish kerak, ular zaharli bo`ladi.
Bu zuluklarni solish shishlar, bexushlik, qon ketish, isitma, bo`shashish va yomon yaralarni paydo qiladi.
Zuluklar ishlatishdan bir kun burun tutulib, mumkin bo`lsa ichlaridagi narsalarni chiqarib tashlash uchun boshi yerga qilinib, qusdirilishi kerak. Ularga solishdan oldin hayvon qonidan bir oz beriladi. Zuluk solinadigan joy tozalab yuviladi va qizarguncha ishqalanadi.
Zuluklar to`lib tushirilmoqqa buyurilsa, ustlariga bir oz tuz yoki ho`l, kuydirilgan yung sochiladi.
Zuluk tushgan joyning qoni qortiq bilan bir oz surib olinadi, shu qon bilan zuluk zahri chiqib ketadi. Qon to`xtamasa: ohak, kul, mayda yanchilgan sopol sepiladi.
Temiratki, shirincha, sepkil, namash kabi teri kasalliklarida zuluklar ishlatiladi.
Tiqilmalarni davolash:
tiqilmalar - quyuq xiltlardan, yopishqoq xiltlardan va xiltlarning ko`pligidan kelib chiqadi. Xiltlarning ko`pligi bilan birga boshqa bir sabab bo`lmasa, u xiltlarning zararidan qutilish uchun ularni tomirdan qon olish va surgi ishlatish bilan chiqarish foyda qiladi.
Agar xiltlar quyuq bo`lsa, erituvchi - tozalovchi dorilarga muhtoj bo`linadi. Agar xiltlar yopishqoq bo`lsa ajratuvchi dorilarga muhtoj bo`linadi.
Kuchli erituvchi, lozim bo`lganda uning ketidan yengil quyuq bo`lmagan mo`tadil dorilar bilan bo`ladi.
Tiqilmalarning eng qiyini tomirlardagisi, ayniqsa arteriya qon tomirlaridagi tiqilmalardir
Shishlarni davolash:
Shishlarning sabablari sirtqi yoki oldin paydo bo`lgan sabablardir. Oldin paydo bo`lgan sabablarga misol, xiltlarning to`liqligi, sirtqi sabablarga misol: yig’ilish, urilish va ezilishdir.
Shishlarning ba`zisi issiq, sovuq, ba`zisi sovuq yumshoq va sovuq qattiqdir. Issiq mizojli shishlarda burishtiruvchi va qaytaruvchi dorilarning o`zinigina ishlatish kerak bo`ladi: sovuq shishlarda esa qizdiruvchi va bo`shashtiruvchi dorilarni aralashtirib ishlatish kerak.
Agar shishli a`zo boshqaruvchi a`zolarning bo`shalish o`rni bo`lsa, masalan, bo`yindagi va quloq orqasidagi bezli joylar - miyaning bo`shalish o`rni, qo`ltiq, yurakning va jigarning bo`shalish o`rni ikkala chov bo`ladi. Unday a`zolarga qaytaruvchi dorilarni yaqinlatish mumkin emas.
Moddani qaytarganimizda boshqaruvchi a`zoga borsa, davolash mumkin bo`lmaydigan kasallik paydo bo`ladi.
Dastlabki davridan o`tgan qattiq shishlarga kelsak, ularni davolashda qonun dastlab qizdirishi va quritishi kamroq narsa bilan yumshatiladi, bunday narsaning ishlatilishi kuchli erituvchi dori ishlatish sababli shish moddasining quyug’i toshdek bo`lmasligi uchun, balki moddaning hammasi eritilishga tayyor bo`lishi uchun kuchli erituvchi dori ishlatiladi.
Yetilmagan shishlar qizdiruvchi, yumshatuvchi vositalar bilan davolanadi. Yellik shish moddasi nozik qizdiruvchi dori bilan davolanadi. Yarali shishlarda flegmonani sovutgandek sovitish kerak bo`ladi, uni quruq tutmoq kerak.
Ichki shishlar moddasini tomirdan qon olish va surgi berish bilan kamaytirish kerak bo`ladi. Ichki shishli kishi, hammomdan, ichkilikdan, kuchli jismoniy harakatdan g’azablanishdan saqlanishi kerak.
Agar ichki shishlar tarqalsa - yaxshi, agar teshilib oqsa, asal suvi va shakar suvi ichiriladi, keyin yetiltiruvchi vosita qurituvchi bilan birga beriladi, oxirida qurituvchi dorilar bilan muolaja to`xtatiladi.
Ibn Sino dietologiyasi, parhez taomlar, ozuqa va davo haqida.
Sharq tabobati ta`limotining asoschilari bo`lmish Ar-Roziy, Ibn Sino, Ismoil Jurjoniy va boshqalar inson xastaliklarini sabablarini quyidagi uchta omil bilan bog’liqligini asoslab berdilar.
1.Tashqi faktorlar bo`yicha: yashash joyining jug’rofiy muhiti, ya`ni ayni xastalangan bemorlarning yashash joyi mintaqasi, iqlimi, ob - havosi, esadigan shamol yo`nalishi, ichimlik suvlari shu inson yashayotgan uyning qaysi tomonga qarab qurilgani, yil fasllari, quyoshning osmon burchlaridagi o`rni, oyning boshi, oxiri, to`lin oylik va hokazolar.
2.Ichki faktorlar bo`yicha kishining emosional holatlari, quvonch, qo`rquv, hayajon, bezovtalanish, g’amginlik, alam, anduh kabilar bilan birga inson tanasidagi tabiiy va hayotiy harorat kiradi.
3.Ovqatlanish yoki alimentar faktorlar. Bu omillarga oziq - ovqat mahsulotlarini yetishtirish, ularni saqlash, ovqatlarni pishirish uslublari, ovqatlanish madaniyati va odobi, yilning fasli va inson mizojini hisobga olgan holda ovqatlanish kabilardir.
Tashqi ichki faktorlarning ovqatlanish omillarining inson organizmiga mos kelmasligi natijasida, shu inson tanasida u yoki bu ko`rinishdagi xastalikni keltirib chiqaradi, bu xastalik inson organizmida oddiy yoki murakkab, yoki bo`lmasa moddali va moddasiz mizoj buzilishi ko`rinishida kechadi. Parhez degan so`z forscha tildan olingan bo`lib, " o`zini tiya bilish" ma`nosini anglatadi.
Tibbiyotda esa sog’liqqa ziyon yetkazadigan oziq - ovqat mahsulotlari iste`molidan tiya bilishga tushuniladi. Hozirgi zamon Pevznyer dietologiyasida inson organizmining sutkalik energetik talabi asos qilib olingan bo`lsa, ibn Sino ta`limotida parhez taomlar quyidagi to`rtta omilga qat`iy rioya qilgan holda buyurilgan:
1.Bemorning tabiiy mizoji.
2.Bemorning yashash muhiti
3.Mizoj buzilishidagi sabab
4.Bemorga buyuriladigan taomlarning mizoji.
Bunda buyurilgan taomni ayni shu xastalikka qay darajada ozuqa va qay darajada davo ekanligi hisobga olinadi.
Shu joyda sizlarga aniqlik berish uchun iste`mol mahsulotlarini davo va g’izolik xususiyati to`g’risida qisqacha so`z yuritishga to`g’ri keladi.
Bu ta`limotda iste`mol qilingan mahsulotlar xoh u ozuqa bo`lsin, xoh davo, uchta tarkibiy qismdan iborat: 1) surat, 2) modda, 3) sifat.
Surat deganda biz mahsulotni shaklini, siymosini, tuzilishini, rangini, hidini ko`z oldimizga keltiramiz. Modda qismi deganda, uning tarkibidagi modda – borliq va konsistensiyasi tushuniladi. Sifat yoki kayfiyat deganda, shu mahsulotni rangi, hidi, ta`mi tushuniladi.
Iste`mol qilingan mahsulot davoli ozuqa sifatida moddadan iborat bo`lib, u kayfiyat va suratdan tashkil topgan. Modda va surat esa bu ikki javhardir, ammo kayfiyat shu davoli ozuqaning sifati bo`lib, issiqlik, sovuqlik, quruqlik va ho`llikni namoyon qiladi.
Ozuqa tarkibidagi issiqlik va sovuqlik sifatlari foila, ya`ni ta`sir qiluvchanlik xususiyatiga ega bo`lib, jumladan issiqlik, a`zoni isitadi, uning haroratini saqlaydi, xiltlarni eritadi, suyultiradi, oquvchanligini oshiradi, bug’lantiradi. Sovuqlik sifati esa sovitadi, qotiradi, jamlaydi va hokazo. Ozuqali davo tarkibidagi ho`llik va quruqlik sifatlar munfoila xossasiga, ya`ni ta`sirni qabul qilib, modda va suratni hosil qiladi va kayfiyatni javharidir.
Bizlar yuqorida iste`mol mahsulotlarini uch tarkibiy qismi va ularning xususiyatlari to`g’risida so`z yuritdik. Endilikda, Ibn Sino ta`limoti asosida iste`mol qilingan mahsulot hazmining to`rt bosqichida hosil bo`ladigan mahsulotlari to`g’risida so`z yuritamiz.
Bu ta`limotning tahlil
qilinishicha, iste`mol qilingan mahsulot hazmining birinchi bosqichida ovqat
og’izda ishlov beriladi, ya`ni chaynaladi va so`lak bilan ho`llanib
qizilo’ngach orqali oshqozonga tushadi. U yerda esa oshqozon shirasi bilan
aralashib issiq bo`tqa - ximus hosil bo`ladi va ximus oshqozondan o`n ikki
barmoqli ichakka o`tish jarayonidan hazmning ikkinchi bosqichi boshlanadi,