"Tib qonunlari" qisqacha tahlilidan

Ergashaka 2025-04-05 02:15

“Tib qonunlari” dan qicqacha ma’lumot

UNSURLAR. Unsur so`zi fors tilidan olingan bo`lib arab tilida arkon yoki rukn deganidir. Arkon yoki rukn so`zi ustun, asos, bazis ma`nosini anglatadi. Unsurlar moddiy dunyoning asosini, ya`ni negizini tashkil qilib uning to`rt turi tafovut qilinadi. Unsurlar (elementlar) - 4 taga bo`linadi. Yer , suv, olov, havo. Ulardan yengillari olov va havo, og’irlari suv va yerdir.

MIZOJ HAQIDA

Mizoj - bu unsurlarning o`zaro aralashuvi jarayonida qarama-qarshi ta`sirlarning kamayishi natijasida hosil bo`lgan moddiy jismning yangi sifatidir yoki unsurlarning nihoyat darajada mayda bo`laklaridagi qarama - qarshi kayfiyatlarning bir-biriga ta`siri ma`lum bir chegaraga yetganda paydo bo`ladigan kayfiyatdir. Shu sifat tufayli hosil bo`lgan moddiy jism, biologik faol bo`lib boshqa jismlarga ta`sir qilish, ularning ta`sirini qabul qilish, ko`payish, rivojlanish va o`lish sifatlarini namoyon qila oladi. Hozirgi zamon ilmiy tibbiyoti tushunchasi bilan aytganda mizoj, bu moddiy jism sifatlarini gavdalantirgan organizmning ichki muhiti - gomeostazdir. Dunyodagi barcha jismlar: o`simliklar, hayvonlar, ma`danlar, obhavo, jug’rofik kengliklar, yil fasllari, hattoki sayyora va yulduzlar ham o`z mizojlariga ega. Mizojning quyidagi turlari mavjud: Oddiy mizojlar; Murakkab mizojlar; Issiq – quruq; Issiq –ho’l; Sovuq-ho’l; Sovuq-quruq.

Mizojni o`rganish uchun nisbiy qilib olingan yana bir ko`rinishi mo’tadil mizoj tushunchasi qabul qilingan. Dunyodagi mavjudotlar ichida nisbatan olinganda eng mo’tadili inson mizojidir. Inson a`zolari o`rtasida mo`tadil mizojlisi, uning qo’l kaftining terisidir, yana mo’tadil mizojlisi ko`rsatkich barmoq uchining terisi bo`lib, shifokorlar inson pulsi (nabz)ni shu barmoq bilan aniqlaydilar.

Inson mizojining ko`rinishlari:

Mo’tadil mizoj - bu unsurlar miqdorining eng keragicha to`g’ri nisbatda taqsimlanishidir. Mo’tadillik quyidagilarga xos: -insonga xos -yoshga xos -iqlimga xos -millatga xos -a`zoga xos -har bir mo`tadil a`zoga xos.

Inson mizojini aniqlashda qo`llaniladigan dalil va belgilar haqida va

Inson mizojini aniqlashda qo`llaniladigan dalil va belgilar

Ibn Sino ta`biri bilan aytganda, Jolinus yozib qoldirgan 10 ta dalil asosida olib boriladi:

1.Laqms-paypaslab ko`rib, xulosalash. Agar laqms qilib ko`rganda bemorning tanasi issiq sezilsa - mizoj issiq, agar sovuq sezilsa, mizoj sovuq bo`ladi, basharti bemorning tana harorati mo`tadil va yashab turgan muhitini ob-havosi ham mo`tadil bo`lib, u bemor hakim tomonidan uzoq vaqt davomida kuzatilsa yanada ko`proq ma`lumotga ega bo`ladi. Agar bemor tanasi tabiiydan ko`proq sovuqroq, issiq yoki yumshoq, yoki dag’al bo`lsa, demak bu bemorning mizoji mo`tadil emas. Ba`zida qo’l barmoqlaridagi tirnoqlarning ko`rinishi holatini baholab inson mizojini aniqlash mumkin. Issiq mizojli kishilarda tirnoq tabiati bilan juda yumshoq va o’ta ho’ldek tuyuladi. Sovuq mizojli kishilarda esa aksincha, qattiq va quruq tuyuladi.

2. Inson tanasidagi go`sht va yog’dan olingan dalil va belgilar: Gavdasi baquvvat, chiniqqan kishi mizoji issiq - ho`l, gavdasi baquvvatga o`xshash (xom semiz), lekin chiniqmagan kishi mizoji issiq - quruq, ozg’in, chiniqqan kishi mizoji sovuq-ho`l, keksa yoshdagi inson mizoji esa sovuq- quruq bo`ladi.

3.Sochlardan olinadigan dalil va belgilar. Agar mizoj issiq quruq bo`lsa, sochlarning o`sishi juda tezlashib ular qalin va dag’al bo`ladi. Sochlarning silliqligi agar u qalin bo`lsa issiq ho`l, agar soch ingichka va siyrak bo`lsa sovuq quruq mizojli bo`ladi, agar umuman soch o`smasa yoki juda siyrak bo`lsa sovuq ho’l mizojlikdan dalolat beradi.

3.Sochlarning rangidan olinadigan dalillarga kelsak: sochning qoraligi mizojning issiqligidan, sarg’ishligi sovuqlikdan, och ranglik va qizillik mo`tadillikdan, oq ranglilik esa oqargan soch kabi, ho`l va sovuq yoki o`ta quruq mizojlilikdan dalolat beradi.

Inson yoshining ham sochga ta`siri bor, bolalar sochi shimolliklar (issiq-ho’l mizojli) sochiga, o`smirlar sochi esa janubda yashovchilar (issiq -quruq mizojli) sochiga o`xshasada, o`rta yoshli kishilar sochi o`rta mintaqada yashovchi (sovuq-ho’l mizojli) kishilar sochiga o`xshaydi-yu, lekin kishi yoshi o`tgan sayin undagi tabiiy issiqlikning kamayib o`rnini sovuqlik va quruqlik egallab olishi natijasida inson sochi oqaradi.

4.Inson tanasi rangidan olinadigan dalil va alomatlar. Jumladan terining oqligi sovuq mizojlilik bilan birga organizmda qonning yetishmovchiligi va kamligidan dalolat beradi. Agar tana mizoji issiq bo`lsa, safroviy xilt ko`p bo`lsa, teri rangi sariq bo`ladi. Qizg’ish rang - qonning ko`pligidan paydo bo`lgan issiq mizojli kishilarda bo`ladi, terining sariqligi va malla rangligi tanada haroratining yuqoriligidan dalolat beradi.

Biroq terining sariqligi tanada o`tning ko`pligini bildirsa, malla ranglilik esa qonda o`tning ko`pligidan dalolat beradi. Ba`zida sariqlik, agar qonda o`t ko`p bo`lmasa xastalikdan endi tuzalayotgan kishilarda bo`lganidek kamqonlikni bildiradi. Teri rangining xiraligi kishi mizojining o`ta sovuqligidan guvohlik beradi. Chunki sovuqlik tufayli qon quyuqlashib uning miqdori kamayadi, bu esa teri rangini o`zgartirib xira qiladi. Terining bug’doy rang bo`lishi bu issiq mizojlilik belgisi, baqlajon rangli bo`lishi mizojni sovuq va quruqligini bildiradi. Terining chang (kulrang) rangli bo`lishi faqat balg’am mizojli sovuqlikdan bo`ladi. Terining qo`rg’oshin rangidagi ko`kimtirlikka yaqin bo`lishi, bir oz savdoviy mizoj sovuq va ho`llik bilan qo`shilishdan paydo bo`ladi. Terining oq rangli bo`lishi sovuqlikdan dalolat bersa, yashil oq rang sovuqlikni balg’am xilti hisobidan paydo bo`lganidan darak beradi. Agar terining rangi fil suyak rangida bo`lsà bu bir oz o`t aralashgan balg’am sovuqlikdan dalolat beradi.

Terining a`zo xastaliklari tufayli o`zgarishi: masalan, jigar tufayli ba`zan terining rangi sariq va oqlikka moyil bo`lsa, taloq tufayli terining rangi sariq va qoralikka aylanadi. Bavosir xastaligida teri rangi sariq va ko`kimtir bo`ladi, ammo bu ranglar doimiy bo`lmay ba`zan o`zgarib turadi.

Tanadagi tinch va urib turgan tomirlarning mizojini aniqlaganda tilning rangi, bosh miyani mizojini bilishda ko`zning rangi katta ahamiyatga egadir.

5.A`zolarning tuzilishidan olinadigan dalillar. Issiq mizojlilikning (sangvinik) belgisi: - ko`krak qafasi keng - qo`l-oyoqlari mukammal rivojlangan - bo`g’im, paylar, mushaklar bilan mustahkam birikkan -teri ostidagi qon tomirlar aniq ko`rinib turadi. Sovuq mizojlilarning( flegmatik) belgisi: - ko`krak qafasi tor - qo`l-oyoqlari mukammal rivojlanmagan - bo`g’im, paylar, mushaklar bilan mustahkam birikmagan -teri ostidagi qon tomirlar aniq ko`rinmaydi Quruq(xolerik) mizojlilarda: - terisi qovjiragan - bo`g’imlari, hiqildoq va burun tog’aylari bo`rtib chiqqan bo`ladi. Ho’l (melanxolik) mizojlilarda: - terisi silliq - bo`g’imlari, hiqildoq va burun tog’aylari bo’rtib chiqmaydi.

6. A`zolarning ta`sirlarini qabul qilishdan olinadigan dalillar.

Agar a`zolar qiynalmasdan tezda qizisa demak, u kishining mizoji issiqdir. Agar inson havoning salqin va sovuq fasllarida issiqlikdan rohatlansa, u inson mizoji sovuqdir. Inson onadan irsiy tug’ma issiqlik bilan tug’iladi va hayoti faoliyati davomida shu issiqlik yordamida yashaydi, irsiy tug’ma issiqlik kuchli bo`lsa u organizmga tushgan suyuqlik va oziq ovqat moddalarini yetiltirib, hazm qildiradi va organizm sog’lom bo`ladi, chunki irsiy tabiiy tug’ma issiqlik organizmdagi suyuqliklarni tabiiy yo`llar bilan yo`naltirib harakatga keltiradi, g’ayri tabiiy issiqlikni ta`sirini kamaytiradi, shu bilan birga organizmdagi suyuqliklarni buzilishiga yo`l qo`ymaydi. Irsiy tug’ma tabiiy issiqlik organizmdagi hamma kuchlarning quroli bo`lib hisoblanadi, organizmdagi tug’ma sovuqlik esa unga zid bo`lib, faqat yordamchi yo`llar bilan foyda keltiradi. Ma`lum sabablarga ko`ra tabiiy issiqlik kamaysa-yu, organizmda sovuqlilik ustunlikka erishsa, inson kasallanadi, u esa mizojni aniqlash yo`li bilan davolanadi, ammo inson yoshi qaytgan sayin organizmdagi tabiiy issiqlik so`na boshlaydi va uni o`rnini sovuqlik egallaydi, bu esa modda almashinishining buzilishiga olib keladi, asta-sekinlik bilan organizm so`nib boradi va oxirida tabiiy o`lim sodir bo`ladi. Bunda organizmni tabiiy issiqligi tugaydi yoki bo`lmasa buni tibet tabobatining tili bilan aytganda organizmni "Hayotiy energiyasi" tark etadi.

7.Uyqu va uyg’oqlikdan olinadigan dalillar.

Uyqu va uyg’oqlilikning mo`tadilligi, bosh miya mizojining mo`tadilligini bildiradi. Uyquning ko`pligi ho`l va sovuq mizojlilikdan darak bersa, ortiqcha uyg’oqlik mizojning quruq va issiqligidan dalolat beradi. Uyqu shuning uchun kerakki, ruh charchaganda shu qo’llanib turgan ishlardan miya holi bo`ladi, ovqat hazm qilishning to`rtinchi bosqichini amalga oshirish uchun band bo`ladi, chunki ikkala jarayonni organizm birdaniga, baravariga bajara olmaydi, shuning uchun uyqu miyaning kerak bo`lgandagi dam olishi uchun zaruriy bir holat deb qabul qilinadi.

8.Harakatlardan, boshqacha qilib aytganda a`zo harakatlaridan olinadigan dalillar.

Agar harakatlar hamma vaqt tabiiy holatda sodir bo`lsa, hamda takomillashgan bo`lsa bu mizojni mo`tadilligidan dalolat beradi, ammo harakatlar o`zgargan va haddan tashqari ko`p va tez harakat qilsa, uning mizoji issiqlikdan guvohlik beradi. Masalan, gavdaning tez o`sishi, soch va tishlarning tez o`sishi, agar bu o`sishlar sekin bo`lsa mizojning sovuqligidan dalolat beradi. Ammo shuni ham ta`kidlash kerakki, ba`zida issiq mizojlilik tufayli harakatlar sekinlashadi, lekin bu sekinlashish tabiiy yo`ldan chetga chiqish bilan kechadi. Masalan, issiq mizojlilik tufayli uyqu yo`qolishi yoki kamayishi mumkin. Nutqning tez va ravonligi, ovozning kuchli va keskinligi, serjahllik, harakat va ko`zni tez ochib yumishlilik kabilar mizojning issiqligidan dalolat bersa, sekin, chala nutq, ovozning pastligi, bosinqirashlik, befarqlik, yalqovlik kabilar mizojning sovuqligidan dalolat beradi.

9.Nafsoniy quvvatlarning ta`siri va ta`sirni qabul qilishidan olinadigan dalillar.

Jumladan issiq mizojli (sangvinik) insonlar: - g’azabi kuchli - ser zarda - o`ta qat`iyatli - botir - qattiq ko`ngilli - dadil -juda intiluvchan -juda ta`sirchanbo’ladi. Sovuq mizojli (flegmatik) insonlar: - ko`ngilchan -andishali -intiluvchan -ta`sirchan -qat`iyatli bo’ladi.

Quruq mizojli (xolerik) insonlar: -fikrlash qobiliyatining yaxshi, lekin uni namoyon qila olmaslik -jamiyatda o`z o`rnini topa olmaydigan shaxs sifatida qaraladi -eslash qobiliyatining yaxshiligi -yaxshi tushlar ko`rishi -kayfiyatning o`zgaruvchanligi uchraydi.

Ho`l mizojli (melanxolik) insonlarda: -ruhan tushkunlikka tushgan, depressiya holatida -yolg’izlikni yoqtiradi -xayolparast -atrof-muhitga nisbatan befarq bo`adi. Mo`tadil mizoj belgilarining dalillari.

Mo`tadil mizojli kishilarning tana a`zolarining mizoji bir-biriga muvofiq kelsa, bunday inson mo`tadil mizojli bo`ladi. Paypaslab ko`rilganda yoki tegib sezilganda tanasi issiqlik, sovuqlik, ho`llik, quruqlik, qattiqlik va yumshoqlik jihatlaridan mo`tadil bo`ladi, terisining rangi esa oq va qizillikda yoki bug’doy ranglilikka mo`tadillikda bo`ladi. Tanasining tuzilishida esa to`lalik va oriqlikda mo`tadil bo`lsada, to`lalikka moyil bo`ladi. Mo`tadil mizojli kishilarning tomirlari o`rtacha chuqurlikda joylashadi, sochlari esa qalinlik, siyraklik, jingalaklik va yoziqlikda mo`tadil bo`ladi, bolalik yoshida sochi mallarang, o`smirlik vaqtida esa qoramtir bo`ladi. Shuningdek mo`tadil mizojli insonlarda uyqu va uyg’oqlik holatlari ham mo`tadil bo`lib, yoqimli va yaxshi tushlar ko`rishadi. Mo`tadil mizojli inson mukammal va sog’lomdir, bunday insonlar tez va yaxshi o`sishi bilan birga ularda to`xtash davri muddati uzoq kechadi. Bunday kishilarda hayotiy zavq-shavq boshqa mizojlilarga nisbatan kuchli bo`lib, ular sog’ligidan nolimaydilar.

Inson organizmidagi a`zolarning mizojlari

Inson organizmidagi a`zolarning mizojlari Ibn Sinoning Jolinusdan olgan va o`zi mujassamlashtirib o`z fikr mulohozalarini bildirib yozgan dalillariga asoslangan.

Insonning yashash sharoiti, iqlimi muhitiga qarab uni mizoji aniqlangan. Inson esa jonli mavjudotlar ichida eng mo`tadil mizojlidir.

Ammo organizmni tashkil qilgan a`zolarining ham o`ziga xos mizoji bo`ladi

.

Bu a`zolarning mizoji uni tashkil qilgan to`qima, shu a`zoning bajarib turgan vazifasi, ishi va unda bajarayotgan ishi jarayonida paydo bo`ladigan ichki muhiti bilan bog’liqdir. Odam organizmining a`zolari yuqorida ta`kidlanganidek o`ziga loyiq mizojli bo`lib, bir-biriga nisbatan issiqroq yoki sovuqroq, ho`lroq yoki quruqroq bo`ladi. Inson gavdasida eng issiq narsa ruhdir,

Buni lotinchada "pnevma" deb ataladi, Tibet tibbiyotida buni "hayot energiyasi" deyiladi. Ruhning paydo bo`lish o`rni yurakdir. Undan keyingi darajada turuvchi issiq mizojli a`zo qondir. Qon jigarda hosil bo`lsada, yurak bilan bog’liqdir, shuning uchun jigarda yo`q haroratni yurakdan, ya`ni ruh manbaidan oladi. Qondan keyingi issiq mizojli a`zo jigardir. Jigardan keyin issiq mizojlilikda o`pka, undan keyin esa mushak turadi. Mushakka sovuq mizojli asab tolalari kelib tutashganligi sababli uning issiqligi o`pkanikidan kamroqdir. Mushakdan keyingi o`rinda issiq mizojli a`zo taloqdir, chunki taloqda qon quyqasi bordir. Undan keyin buyraklar turadi, ularda qon ko`p emas. Buyraklardan keyingi o`rinda turuvchi issiq mizojli a`zo arteriyalardir.

Arteriyalar ibn Sino ta`biri bilan aytganda, harakatli tomirlar bo`lib, ularning issiqligi tomir ichida harakatlanib turgan qon va ruhning issiqligini ularga o`tishidandir. Arteriyalardan keyingi o`rinda esa vena qon tomirlari turadi. Ular esa issiqlikni tomir ichida harakatlanib turgan qondan oladi.

Vena qon tomirlaridan issiqligi jihatidan keyingi o`rinda teri tursada, organizmni o`rab turgan terining eng issiqligi kam mo`tadil mizojli qismi kaftga qoplanib turgan teri yoki boshqacha qilib aytganda kaft terisidir.

Gavdaning eng sovuq mizojli a`zosi balg’amdir, undan keyin esa charvi, mo`y, suyak, tog’ay, boylam, paylar, pardalar, asablar, orqa miya va nihoyat teridir.

Inson organizmidagi eng ho`l narsa yoki a`zo balg’amdir. Undan keyingi o`rinlarda bir-biriga nisbatan ho`llik kamayib boradi. Balg’amdan keyin qon, yog’, charvi, bosh miya, orqa miya, sut bezlari va moyaklar, keyin o`pka, jigar, taloq, buyraklar, mushaklar, eng oxirida esa teridir.

Shu yerda ibn Sinoning jigar aslini olganda o`pkadan ho`lroq ekanligini, ammo nima uchun o`pkadan keyinda qo`yilganini quyidagicha izohlaydi: o`pka o`z moddasi va tabiati bilan juda ham ho’l mizojli emas. Bu a`zo eng issiq qon bilan oziqlanadi, chunki bu qonda ko`p miqdorda safro aralashgan bo`ladi. Badanda ko`tariluvchi bug’lardan va o`pkaga oqib keluvchi nazlalardan o`pkada ho`llik to`planib qoladi. Ya`ni, o`pka ho`llanuvchandir. Ammo jigar tug’ma ho`l mizojli bo`lganligi tufayli u doimiy ho`llanib turgan o`pka moddasini ham ho’llab turadi.

Shunga o`xshash qon va balg’amning ho`lligi quyidagicha tushuntiriladi: balg’amning ho`lligi ko`pincha ho`llanish tufayli,qonning ho`lligi esa qonning moddasida to`plangan ho`llik tufayli namoyon bo`ladi.

Suyak mizoji quruq va organizmdagi eng qattiq a`zo hisoblanadi. Suyakning tarkib va tuzilishi suyak hujayralaridan (osteotsitlar) tashkil topgan bo`lib, tug’ma ho`llikni shimuvchi va o`zlashtiruvchidir. Suyakdan keyingi quruq a`zo tog’ay, keyin boylamlar, keyin paylar, pardalar, arteriyalar, venalar, harakatlantiruvchi asab tolalari, yurak va undan so`ng esa sezuvchi asab tolalaridir.

Harakatlantiruvchi asab tolalari albatta sovuq va quruqdir, sezish asablari sovuq. Sezish asablaridan keyin gavdadagi eng quruq a`zo bu teridir.

Umuman, gavdada eng issiq narsa ruh, ruhning paydo bo`lish o`rni yurakdir, undan keyin qon, so`ng jigar, o`pka, mushak. Mushakka sovuq mizojli bo`lgan asab tolalari kelib tutashishi sababli uning issiqligi o`pkanigidan kamroq. So`nggi issiq mizoj taloq, buyrak, arteriya va vena qon tomirlar va nihoyat teri undan keyin kaftning mo`tadil mizoji teridir.

XILTLAR

Xiltlar organizmdagi tabiiy suyuqliklar bo`lib, ular qon tarkibli organizmda aylanib yurib, uning ichki muhitini hosil qiladi. Xiltlarning to`rt xili tafovut qilinadi: qon xilti , balg’am xilti, safro xilti va savdo xilti.

Xiltlarning hosil bo`lish mexanizmi va sifatlari

Xiltlar rais a`zo - jigarda ovqat hazmining uchinchi bosqichida, iste`mol qilingan ovqat moddasidan hosil bo`ladi. Ovqat hazmining ikkinchi bosqichi ingichka ichaklarda kechganda iste`mol qilingan oziq-ovqat moddasining surat va sifat qismidan suyuqlik ximus moddasi hosil bo`lib, masoriqo qon tomirlari orqali jigarning tortuvchi quvvati yordamida darvoza venasiga tortiladi va undan qilsimon qon tomirlar orqali butun jigar tomonga tortiladi. Jigar tanasida tarqalgan xiltlar jigarni tutib turuvchi quvvat yordamida ushlab turiladi va jigardagi tug’ma harorat ta`sirida hazm quvvati tufayli ximus moddasi hazm bo`lib, yetilib pishadi. Ximus moddasining yetilib pishishi jarayonida uning sifatidagi o`tlik qismidan ko`pik, yerlik qismidan esa quyqaga o`xshash narsalar paydo bo`ladi. Ba`zan ko`pik va quyqadan kuyindiga o`xshash narsa paydo bo`ladi, agar yetilish yetarli bo`lmay qolsa xom narsa paydo bo`ladi.

Ximusning jigardagi yetilib hazm bo`lishi jarayonida: ko`pik safro xilti bo`lsa, quyqasi savdo xilti, xom qolgani esa balg’am xiltidir.

Nihoyat darajadagi yetilishning kuyindisi agar suyuq bo`lsa yomon safro, agar quyuq bo`lsa yomon savdo xilti hosil bo`ladi. Bular g’ayri tabiiy xiltlardir.

Ovqat hazmining jigardagi yetilish jarayonini eng yetuk va tiniq mahsuloti ozuqaning yuqori qismidan hosil bo`ladi. Pastki suyuq qismi esa bu qon xiltidir.

Demak, iste`mol mahsulotining surat va sifat qismidagi o`tlik qismidan safro, yerlik qismidan savdo, yuqori qismidan qon, pastki suyuq qismidan esa balg’am xiltlari hosil bo`ladi va ular o`zlaridagi sifatlarni namoyon etadi.

Xiltlarning organizmdagi ahamiyati

Jigarda yetilgan xiltlar jigardagi ajratish quvvati tufayli ajratilib, haydash quvvati tufayli bu xiltlar zarur bo`lgan tana a`zolariga, jigardan chiqqan vena tomirlari orqali qon tarkibida shu a`zolarga yetkazib beriladi. Xiltlar tabiiy va g’ayri tabiiy bo`ladi.

TABIIY XILTLARINNG TANA A`ZOLARIDAGI O`RNI

Qon xilti

Tabiiy qon xilti issiq va ho`l tabiatli bo`lib, qizil rangli, o`ziga xos hidli. U quyidagi manfaatlar uchun organizmga zarurdir.

1.Qon xiltiga butun tana a`zolari muhtojdir, u bilan butun organizm oziqlanadi va nafas oladi, ovqat hazmining to`rtinchi bosqichida bilvosita qatnashadi. Ya`ni qon o`zi bilan gavda a`zolariga kaymusni va yurakdan hosil bo`lgan hayotiy ruhni yetkazib beradi. A`zolarda ovqat hazm bo`lgandan so`ng hosil bo`lgan qoldiq moddalarni olib buyraklarga yetkazib beradi.

2.Yurakdan hosil bo`lgan ruhni jigar, bosh miya, moyak kabi rais a`zolarga etkazib beradi.

3.Qon xiltidan go`sht va yog’ kabi a`zolar paydo bo`lib, tanani bo`shliq joylarini to`ldiradi.

Balg’am xilti

Tabiiy balg’am xilti sovuq ho`l sifatli bo`lib, suvsimon suyuqlik, suvga nisbatan ancha g’alizdir. Tabiiy balg’am kayfiyati jihatidan qon xiltiga yaqindir, organizmdagi hamma a`zolar unga muhtojdir. A`zolarning muhtojligi ikki sababdandir. Sabablarining biri zaruratdan bo`lsa, ikkinchisi manfaat uchun.

Zarurat ikki sababli bo`ladi: birinchisi tabiiy balg’amning a`zoga yaqin bo`lishi, bunda tasodifiy holatlar tufayli a`zoga oziq moddalari - qonga tushmay yoki kelmay qolganda (me`da, ichak va jigardan) a`zo o`zining tug’ma issiqligi quvvati yordamida balg’amni yetiltirib (balg’am yetilmagan qon) qonga aylantiradi va u bilan oziqlanadi. Zaruratning bu xil sababi savdo va safroga xos emas.

Zaruratning ikkinchi sababi, tabiiy balg’amning qonga aralashishi va uning balg’am mizojli a`zoni oziqlantirishga tayyorlashdir. Masalan, balg’am mizojli a`zo bosh va orqa miyadir, bu a`zolarni oziqlantirish uchun qonda ma`lum, o`rtacha miqdorda balg’am xilti bo`lishi shart. Bu ikkinchi xil zaruriyat safro va savdo xiltiga ham xosdir. Balg’am xiltining manfaatlari, bo`g’imlar va ko`p harakatli a`zolarni qo`llab turish va ularni ishqalanish tufayli hosil bo`ladigan quruqlikdan saqlashdir.

Balg’am xiltining manfaati ham zaruriydir va zaruriyat sabablarini hozirgi tibbiyot ilmi asosida quyidagicha asoslaymiz. Birinchidan: balg’am a`zolarda qonga aylanadi. Ikkinchidan: bosh va orqa miya suyuqligi tarkibiy jihatidan balg’am xiltiga o’xshaydi, u bosh miya qorinchalari va orqa miya kanalidan aylanib miya mizojini bir muhitda saqlaydi va modda almashinishini ta`minlaydi.

Uchinchidan: bo`g’imlardagi sinovial suyuqlik, ko`z yoshi, burunni ho`llovchi suyuqlik, so`lak, oshqozon shirasi normada tabiiy balg’amning u yoki bu ko`rinishdagi bir xili bo`lib hisoblanadi. Yuqoridagi a`zolarning doimiy ravishda ish bajarishi, tashqi muhit bilan aloqadorligi (burun, ko`z misolida), ishqalanishni va harakatlarning ko`pligi (bo`g’imlar misolida) yoki bo`lmasa quruq va dag’al ovqatlarni iste`molida ularni qo`llash (og’izdagi so`lak va oshqozon shirasi misolidagilar), a`zolar qurishini va qizishini oldini oladi.

Balg’am xiltining yana bir umumiy manfaati shundan iboratki, organizmdagi namlikni saqlaydi. Namlik bo`lmasa oziqlanish va o`sish bo`lmaydi. Shunday qilib u organizmni hayot kechirishi uchun muhimdir.

Safro xilti

Tabiiy safro xilti - qonning yuqori yengil qismi bo`lib, toza, o`tkir hidli, rangi sariq qizilga moyil, agar juda qizib ketsa kuchli qizil rangda bo`ladi. Tabiiy safro jigarda hosil bo`ladi va ikki qismga bo`linadi: bir qismi qonga qo`shilib ketadi, ikkinchi qismi esa sof o`t bo`lib, tinib o`t qopchasiga boradi. Tabiiy safroning qonga qo`shilishi natijasida organizmning unga bo`lgan ehtiyoji qondiriladi.

Zarurati shundan iboratki, u safro mizojiga yaqin a`zoni oziqlantiradi.

Manfaati, qonni latiflashtirish, suyultirib tor va ingichka yo`llardan o`tkazish.

Umumiy manfaati: organizm namligini ta`minlab, tana tabiiy haroratini hosil bo`lishida ishtirok etadi.

Tabiiy sof safroning o`t qopchasiga jamlanishi ham zarurat va manfaat uchun bo`ladi.

Zarurati o`t qopchasini oziqlantirish, ikkinchi zarurati shundan iboratki, u butun organizmga taaluqli bo`lib, organizmni ortiqcha narsa chiqindilardan xalos qiladi.

Ibn Sino ta`biri bilan aytganda: manfaatning ikki turi mavjud. Birinchisi, ichaklarni quyqa g’aliz, yopishqoq balg’amlardan tozalaydi. Ikkinchisi, ichakni va orqa chiqaruv teshigining mushagini qitiqlab, hojatni his ettiradi va kishini tashqariga chiqishiga muhtoj qiladi.

Ibn Sino ta`limotiga asoslanib quyidagilarni qo`shimcha qilamiz.

1.O`t qopchasiga to`plangan safro 12 barmoqli ichakka o`tgandan so`ng darvozabon (oshqozonning pilorik qismi) kaliti bo`lib, uni ochilib yopilishini ta`minlaydi.

2.Ichaklarga o`tgan o`t ularning devorlarini quyuq-g’aliz balg’amlardan tozalash bilan birga ichak devorlarini moylaydi va ularning shilinishiga yo`l qo`ymaydi, o`zidagi harorat bilan ichaklar haroratini ta`minlaydi.

3.Hozirgi zamon tibbiyoti tili bilan aytganda, ichaklar ichidagi muhitni bir me`yorida saqlab, u yerdagi mikrofloralar uchun muhit yaratadi.

Savdo xilti

Tabiiy savdo xilti toza qonning tarkibida bo`lib, eng pastki qismidagi cho`kmasidir. Uning rangi qora, tabiati sovuq-quruqdir. Savdo xilti jigarda hosil bo`lgandan so`ng zarurat va manfaat tufayli ikki qismga bo`linib, bir qismi qonga, ikkinchi qismi esa jigar, taloq boylami bag’ridagi vena tomirlari orqali taloqqa boradi.

Tabiiy savdo xiltining qonga o`tgan qismini zaruriyligi a`zoni oziqlantirish uchun bo`lib, bu a`zo tanadagi suyaklardir, ya`ni qondagi savdo xiltlarining zarurligi suyaklarni oziqlantirishdan iborat.

A`zoni oziqlantirishda qon tarkibidagi savdo yetarli miqdorda qonga aralashgan bo`lishi kerak. Uning manfaati shuki, qonni pishiq qilib kuchaytiradi, quyultiradi va tarqalib ketishdan saqlaydi.

Savdo xiltining taloqqa borgan qismining zaruriyligi butun tanaga taaluqli bo`lib, uni ortiqcha narsalardan tozalaydi, ikkinchi zaruriyligi faqat birgina a`zo uchun, u ham bo`lsa taloqni oziqlantirishdir.

Manfaati ham ikki sababdan iborat. Birinchi sabab: taloqdan chiqqan savdo xilti tana bo`ylab tarqalishidan oldin oshqozon og’ziga tushib, uni pishiq, qattiq va kuchli qiladi. Ikkinchi sababi shundan iboratki, me`da og’ziga tushgan tabiiy savdo, nordonligi tufayli me`da og’zini qitiqlaydi, uni ochlikdan ogohlantiradi va ishtahani qo`zqatadi.