Kim yemagan bo'lsa to'yida to'sh,
Bo'larmish ani ko'ngli uyida bo'sh
To'sh va o'mrov suyaklarining anatomiyasi
To'sh yettita suyakdan iborat. U [suyaklar] boshqa joylarda aytib o'tilgan foydalar uchun bir butun suyak qilib yaratilmagan. Nafas olish a'zolari qoplab turgan kenglikka mos bo'lsin uchun bir butun qilib tuzilmagan. Shu sababli [to'sh suyaklari] keng bo'lib tuzilganlar. Ular bo'g'inlari harakatsiz bo'lsa ham, harakatlarni amalga oshirishda yordamlashuvchi tog'aylar bilan qo'shiladilar. Ular o'zlariga kelib yopishadigan qobirg'alar soniga yarasha yettita qilib yaratilganlar. Ko'krak suyagining quyi qismiga keng tog'aysimon suyak yopishib turadi. U tog'ayning quyi qismi yumaloqdir. U xanjarsimon deb ataladi, chunki xanjarga o'xshaydi va me'daning og'zini himoya qilish uchun xizmat qiladi. U tog'ay to'sh suyagini yumshoq a'zolar bilan bog'laydi, buning natijasida, yuqorida bir necha bor aytib o'tganimiz kabi, qattiq bilan yumshoqning qo'shilishi yaxshi amalga oshadi.
O'mrov suyagi to'sh suyagining yuqori qismida [uning] har ikkala tomonida joylashgan. O'mrov suyagining egilganligi natijasida bo'yin yonida bir oraliq qoladi, [bu oraliqdan] miyaga ko'iariluvchi tomirlar va miyadan pastga tushib boruvchi asablar o'tadi. So'ngra suyak tashqi tomonga buriladi va kurakning boshiga ulanadi. Oʼmrov bilan kurak bog'lanadi va yelka bo'g'inini xosil qiladi.