Tomoq, halqum, til, bo'yin va ko'krak mushaklari anatomiyasi
Tomoq mushaklariga kelsak, u ikki juft bo'lib, tomoqni pastga qarab tortadi. Bir juftini hiqildoq bobida aytdik. Ikkinchi jufti ham to'shtdan boshlanib, yuqori ko'tariladi va lom shakldagi suyakka yetib, so'ng tomoqqa tutashadi va uni pastga tortadi.
Halqum mushaklari ikkita bo'lib, halqum yaqiniga o'rnatilgan. Ular yutishni o'ng'aylashtiradi.
Lom shaklidagi suyakka kelganimizda, uning o'ziga xos va boshqa a'zolar ham sherik boladigan mushaklari bor.
Lom shaklidagi suyakka xos mushaklarga kelganimizda, ular uch juftdir. Bir jufti engakdan kelib, shu suyak ustidagi to'gri chiziqqa yopishadi. Bu lomsimon suyakni engakka tortib turadi. Yana bir jufti iyak ostidan boshlanib, tilning ostidan shu suyakning yuqori tomoniga o'tadi. Bu ham lom shaklidagi suyakni engakning ikki tomoniga tortadi. Yana bir jufti quloqlar oldidagi o'q shaklli o'simtalardan chiqib, shu [lom shaklidagi] suyak ustidagi to'gri chiziqning pastki tomoniga tutashadi. Lom shaklidagi suyakka va boshqa a'zolarga ham tegishli bo'lgan mushaklarga kelsak, ular haqida aytdik va yana aytamiz.
Tilni harakatga keltiradigan mushaklar to'qqiztadir. Bulardan ikkitasi o'q shaklidagi o'simtalardan boshlanib, ko'ndalang xolda tilning ikki tomoniga tutashgan. Yana ikkitasi uzunasiga qo'yilgan bo'lib, ularning chiqadigan yerlari lom shaklidagi suyakning yuqori qismidir. Bular tilning tubiga tutashganlar. [So'ngra] ikkitasi [tilni] qiyshiq harakat qildiradi. Ularning chiqadigan yerlari lom shaklidagi suyakning pastki qirrasida bo'lib, bular ko'ndalang mushak bilan uzunasiga yotgan mushaklar oralaridan tilning uchiga kirib boradilar.
Nihoyat, yana ikkitasi tilni oldinga tortuvchi va aylantiruvchi mushaklardir. Bularning o'rinlari mazkur mushaklar ortidadir. Bu ikki [mushakning] tolalari tilning tagiga ko'ndalang yozilib, ostki jag' suyagining ichki satxiga tutashadilar. Til mushaklari ichida, til bilan lom shaklidagi suyak oralig'ini birlashtiruvchi va birini ikkinchisi tomon tortuvchi bir mushak to'g'risida ham gapiriladi. [Aqldan] uzoq emaski, tilni uzunasiga harakat qildiruvchi mushak uni tashqariga ham harakat qildirishi mumkin, chunki bu mushak o'z-o'zidan siqilib, tortishib harakat qila olganidek, o'z-o'zidan cho'zilib ham harakat qila oladi.
Yolg'iz bo'yinni harakatga keltiruvchi mushaklar ikki juftdir: bir jufti o'ngda bo'lib, bir jufti so'ldadir. Bulardan qaysi biri tanho xolda qisqarsa, bo'yin uning tomoniga qiyshayib tortiladi. Bir tomondan qaysi bir juft mushak birlikda qisqarsa, bo'yin o'sha tomonga qiyshiq bukilmay, balki to'g'ri egiladi. Agar to'rttala mushak birdan qisqarsa, bo'yin hech yoqqa og'masdan, tikka bo'lib qoladi.
Ko'krakni harakatga keltiruvchi mushaklardan shundaylari ham borki, ular ko'krakni faqat kengaytiradi, siqmaydi. Bular jumlasiga nafas a'zolari bilan hazm a'zolarini ayirib turuvchi, keyinda ta'riflanmoqchi bo'lgan to'siq ham kiradi. Yana shulardan bir juft mushak o'mrov suyagi ostiga joylashgan. Ular o'mrov suyagining kurakkacha cho'zilgan yeridan boshlanadi. Uni keyin bayon qilamiz. Bu [mushaklar] o'ng va chap tomondan birinchi qobirg'aga yopishgan.
Yana bir mushak bordir. Uning har bir toqasi qo'shaloq bo'lib, ikki bo'lakdan iborat. Yuqori bo'lagi bo'yinga tutashib, uni harakatga keltiradi. Ostki bo'lagi esa ko'krakni harakatga keltiradi. Unga yana bitta mushak aralashadi. Uning haqida yaqinda aytamiz. Bu beshinchi ham oltinchi qobirg'aga yopishib turgan mushakdir.
Yana bir mushak kurakning botiq yeriga o'rnatilgan. Bunga birinchi umurtqadan kurakka tushib keluvchi bir juft mushak tutashadi. Bu bilan ikkovi bir mushakdek bo'lib, orqa qobirg'alarga yopishadi.
Uchinchi juft mushak yettinchi bo'yin umurtqasidan va, shuningdek birinchi va ikkinchi ko'krak umurtqalaridan boshlanadi va to'sh qobirg'alariga tutashadi. Bular kengaytiruvchi mushaklardir. Ko'krakni siquvchi mushaklarga kelsak, bulardan ba'zisi vositasi bilan siqadi. Bu harakatsiz vaqtdagi ko'krak-qorin to'sig'i mushagidir. Ba'zisi bevosita siqadi. Bular jumlasidan yuqori qobirg'alarning osti bo'ylab yo'nalgan bir juft mushak ham bor. Ularning ishi ko'krakni siqish va mustaxkamlashdan iboratdir. Yuqori qobirg'alar atrofida xanjar shaklli o'siq bilan o'mrov suyagi oralig'ida ko'krakka va qorin to'gri mushaklariga yopishgan bir juft mushak ham shular jumlasidan. Yana ikki juft mushak [bo'lib], oldingi juftga yordam qiladi.
[Ko'krakni] ham siqib, ham kengaytiradigan mushaklarga kelsak, ular qobirg'alar oralig'i mushaklaridir. Lekin chuqur o'ylash siquvchi mushaklar kengaytiruvchi mushaklardan boshqa ekanligini ko'rsatadi. Bu shundayki, har ikki qobirg'alar oralarida bittadan mushak bor, deb gumon qilinsa ham, haqiqatda to'rttadan mushak bordir. Bitta deb gumon qilinadigan bu mushaklar qiyshiq tolalardan to'qilgan. Bu tolalarning ba'zilari mushakning ichiga va ba'zilari qoplovchi urchuqdek qilinib, sirtga joylashtirilgan. Urchuq tolalardan ba'zilari qobirg'aning tog'ayli qismiga kelgan tolalardir. Yana ulardan [tolalardan] ikkinchi qobirg'aning kuchli tomoniga [suyak qismiga] yaqin bo'lganlari ham bordir. Ichki tolalarning hammasi qo'yilishda urchuq tolalarga teskari bo'lgan. Qobirg'aning tog'ayli tomoniga kelgan tomilarning hammasi ikkinchi tomondan kelgan tolalarga teskari joylashgan. Tolalarning soni to'rtta bo'lganda mushaklar soni ham to'rtta bo'lishi lozim bo'ladi. Bulardan yuqori tarafda joylashganlari [ko'krakni] kengaytiruvchi, ostiga joylashganlari siquvchilardir. Shuning uchun ko'krakning hamma mushaklari sakson sakkizga yetadi. Ko'krak mushaklariga o'mrov suyagidan kurak burchagigacha kelgan ikki mushak yordam qiladi. Bular kurakdan birinchi qobirg'aga tutashib, uni yuqori ko'taradi va bu bilan ko'krak qafasini kengayishiga yordam qiladilar.