Tos, oyoq, son, boldir va tizza suyaklari

Ibn Sino, Ergashaka 2025-06-03 20:30

Maqsad qil boʻlmoqqa ulugʻ,

Jiddu jahdla ilming qil bulugʻ.
Tos, oyoq, son, boldir va tizza suyaklari xususiyati va anatomiyasi

Tos [chanoq] suyagi haqida. Dumg'azaning yonida, o'ng va so'l tomonlarda ikkita suyak bor. Ular o'rtada bir-biri bilan harakatsiz bo'g'inlar orqali qo'shilganlar. Ular yuqoridagi suyaklarga asos bo'ladilar, ostki suyaklarni esa ko'tarib turadilar va harakatga keltira oladilar. Bu suyaklardan har biri to'rt qismga bo'linadi. Tashqi tomonga yondosh suyak - yonbosh yo chov suyagi deb ataladi, oldingi suyak qov suyagi deyiladi; orqadagi suiyak quymich suyagi deyiladi, ostga va ichkariga yondosh suyak "son chuqurchasi" deyiladi, chunki undagi chuqurchaga son suyagining bo'rtib chiqqan boshi kirib turadi, chanoqda siydik pufagi, bachadon, erkaklarda - urug' yo'llari, orqa teshik, to'g'ri ichak kabi muhim a'zolar joylashgan.

Oyoqning foydalari ikki narsada. Birinchisi, qo'zg'almay va tikka turish, bu oyoq panjasi orqali bo'ladi; ikkinchisi to'g'riga, yuqoriga va quyiga ko'chish; bu son va boldir orqali bo'ladi. Oyoq panjasi zararlangan vaqtda maxkam tikka turish qiyin, ammo qo'zg'alish mumkin. Lekin bir oyoqning ustida uzoq turib qo'zg'alish qiyin bo'ladi. Son yoki boldir mushagi zararlansa bir joyda turish oson, ammo qo'zg'alish qiyin bo'ladi.

Oyoq suyaklaridan avvalgisi sondir va bu gavdadagi suyaklarning eng kattasidir, chunki u o'z ustida bo'lgan narsalarni ko'tarib turadi va ostidagi narsalarni harakatga keltiradi. Uning ustki uchidagi gumbazchalari "tos suyagining chuqurchasiga" loyiqdir. Son oldinga va tashqariga do'ng bo'lib chiqqan va ichkariga va ortga bukilgan bo'ladi. Agar u to'g'riligicha "chuqurcha"ga yondosh qilib tuzilgan bo'lganda, ba'zi kishilardagidek, qadam tashlashda oyoq kerilib yurar edi. Bunday kishida katta mushaklar, asablar, [son] tomirlari (ishlari) yomon saqlangan, natijada bularning hech biridan biror to'g'ri ish kelib chiqmaydi va [unda] o'tirishi ham yaxshi bo'lmaydi. Agar son ichkariga kirgan bo'lmaganda, oyoq kerilishining boshqacha xili bo'lar edi. Tikka turmoq uchun odam suyanadigan va chetlanadigan o'rta chiziq (muvofiq xolat) bo'lmas va odam muvozanatni saqlay olmas edi.

Sonning quyi uchida ikkita do'nglik bor. Bu dongliklar tizza bo'g'inini tashkil etadi. Oldin boldir to'g'risida gapiraylik, so'ngra tizza bo'gini to'g'risida so'zlaymiz.

Boldir bilak singari, ikki suyakdan iboratdir. Ulardan biri kattaroq va uzunroq va ichki tomonda; u "katta nay" deyiladi. Boshqa [suyak] kichikroq va qisqaroqdir. U songacha yetmaydi, undan qisqaroq, quyidan esa u katta suyak yetadigan joygacha yetadi. Uni "kichik nay" deb ataladi. Boldirning ham sirtga tomon do'ngi bor. Quyi uchida ichga tomon do'ngi bor. Ularning foqdasi yaxshi tik tura olish va muvozanatni saqlashdir. Katta nay, ya'ni boldirning katta suyagi sondan kichikroq qilib tuzilgan, uning sababi bundaydir: bu suyakda ikkita xususiyat yig'ilgan; ulardan biri kattalikni talab qiladi; bu [xususiyat] maxkamlik va o'z ostida turadigan narsani ko'tara olish [qobiliyati]dir. [Boshqa xususiyat] kihiklikni talab qiladi, bu, harakat yengilligidir. Ikkinchi xususiyat boldirdan talab qilinadigan maqsadga yaqin bo'lgani uchun, bu [suyak] qisqa qilib tuzilgan; birinchi xususiyat sondan talab qilinadigan maqsadga yaqin bo'lgani uchun son katta qilib tuzilgan. Boldirga o'rtacha kattalik berilgan, chunki agar uning hajmlari katta qilinganda fillik kasali va venalarining kengayishi bilan og'ruvchi kishilarda bo'lgani kabi harakat qiyinligi paydo bo'lar edi. Agar u qisqa bo'lganda, boldiri [umuman] nozik bo'lgan kishilarda yuz beradigan ustidagi narsalarni ko'tara olmaslik va harakat qiyinchiligi yuz bergan bo'lar edi. Shuning natijasida boldirning katta suyagi tirgovuchga ega bo'ladi, ya'ni kichik nay uni maxkamlab turadi. Kichik nayda boshqa foydalar ham bor. Masalan, u [katta va kichik naylar] ortasidagi asablar va tomirlarni berkitib turadi, katta nay bilan to'piq bo'g'inlarining tashkil topishida ishtirok etadi. [Bu] yozilish va berkilishni amalga oshiruvchi bo'g'inni qattiqroq va kuchliroq qilish uchundir.

Tizza bo'g'ni boldir suyagi uchidagi chuqurchaga sonning oxiridagi ikki do'nlikning kirishi natijasida tashkil topadi. U ikki do'nglik o'rab oluvchi boyloqlar bilan bog'lovchi, ichkarida qattiq bog'lovchi va har ikki tomondan [joylashgan] ikki maxkam boyloqlar bilan bog'langan. Ikkala do'nglikning oldingi qismida kosacha, ya'ni tizzaning ko'zi joylashgan. Bu yumaloq suyak bo'lib, uning foydasi shundaki, u cho'kka tushganda, chordona qurib o'tirganda boyloqlarning uzilishidan, chiqishidan saqlaydi. Gavdani bir joydan ikkinchi joyga qo'zg'atish vaqtida bo'g'inni suyab turadi. Tizzaning ko'zi uchun joy olddan berilgan, chunki ko'pincha u old tomonga qarab keskin bukchayadi, orqaga esa unchalik bukchaymaydi. Yonboshga ham juda kam bukchayadi, balki bukchayish hamisha oldinga bo'ladi, turganda, cho'kka tushganda va shunday xollarda qattiq ta'sir [olddan] bo'ladi.