Umurtqa ustuni, qorin, moyak, qovuq, erlik olati va orqa teshik mushaklari anatomiyasi
Umurtqa ustuni mushaklarining ba'zilari uni orqaga qarab egadi, ba'zilari esa uni oldinga qarab egadi. Ana shulardan boshqa harakatlar tarmoqlanadi.
Orqa tomonga eguvchi mushaklar har qaysisini yigirma uchta mushakdan tarkib topgan deb hisoblaydilar. Chunki bu ikkovidan har biriga har bir umurtqadan bittadan mushak keladi va [shuning bilan barobar] birinchi umurtqadan tashqari har bir umurtqadan bittadan qiyshiq tola keladi. Agar bu mushaklar mu'tadil ravishda tortilsa, umurtqa ustunini tikka qiladi; agar ular ortiqcha tortilsa, umurtqa ustunini orqaga qarab egadi. Yon tomonda turgan mushak harakatga kelsa, u umurtqa ustunini [o'z] tomoniga egadi.
Oldinga qarab bukuvchi mushaklarga kelsak, ular ikki juftdir; bir jufti yuqoriga joylashib, bular bosh bilan bo'yinni harakatga keltiruvchi mushak hisobiga kiradi va ular qizilo'ngchning ikki tomonidan o'tadi. Ularning pastki uchi ba'zi odamlarda yuqori ko'krak umurtqalaridan beshtasiga tutashgan bo'ladi, ammo odamlarning ko'pchiligida to'rttasiga, yuqori uchi esa bosh bilan bo'yinga boradi,
Bu mushaklar ostiga yana bir juft mushak joylashgan va bularni orqa suyak mushagi deb ataydilar. Bu mushaklar o'ninchi va o'n birinchi ko'krak [umurtqalaridan] boshlanib, pastga qarab tushadi va [umurtqa ustunini] pastga tortib turib oldinga bukadi. Umurtqa ustunining o'rtasini harakatga keltirish uchun shu mushaklarning bo'lishi kifoya qiladi, chunki [umurtqa ustunining] o'rtasi oldinga, orqaga va yon tomonga egilishda ikki tarafining harakatiga tobe' bo'ladi.
Qorinning sakkizta mushagi bo'lib, ular har xil foydali [harakatlarda] qatnashadilar. Ichdagi najas va siydikni siqib chiqarish va, shuningdek, bachadondan bolani chiqishiga yordam berishlar shu [foydali harakatlar] hisobiga kiradi; yana foydaliligi shundaki, bu mushaklar ko'krak-qorin to'sig'ini ushlab turadilar va nafas chiqarishda va siqilganida unga yordam beradilar; yana foydali harakatlaridan biri - qorin va ichaklarni o'rab olib, ularni isitib turishdir.
Shu sakkizta mushakdan bir jufti to'g'ri bo'lib, bular xanjar shaklidagi tog'aydan boshlanib, to'ppa to'g'ri pastga qarab tushadi va ularning tolasi qovgacha cho'zilib boradi. Uchlari esa qovga yaqin joylarga yoyilgan bo'ladi. Bu bir juft mushakning moddasi boshdan oxirigacha go'shtli bo'ladi.
Boshqa ikkita mushak bu ikkovini ko'ndalang kesib o'tadi, ular ikkita uzunchoq mushak tagidan butun qorin bo'ylab cho'zilib ketgan parda ustiga joylashgan. Bu ikki mushak tolalari oldingi ikki mushak tolalari bilan to'g'ri burchak yasab kesishadilar. Yana ikki juft qiyshiq mushaklar borki, bularning har qaysisi o'ng va so'l tomondan o'tadilar. Ulardan har bir jufti yolg'on qobirg'adan qovgacha va yonbosh suyagudan xanjar shaklidagi tog'aygacha cho'zilgan va bir-birlarini uchlari o'ng va so'l tomondan kelib, qovga va boshqa uchlari xanjarsimon tog'ayga qoshiladi. Bu mushak juftlari ko'ndalang mushaklarning har ikki tomonidagi go'shtli qismlarida yotadi. Bu juftlar pardaga o'xshagan keng paylar [vositasi] blan to'g'ri mushakka tegib o'tguncha go'shtli bo'lib turadi. Bu juftlar ko'ndalang mushak ustiga yotgan uzunchoq [mushaklardan] yuqoriga joylashgandir.
Erkaklardagi moyak mushagi to'rttadir. Ular moyaklar osilib ketmasligi uchun va ularni saqlab ko'tarib turish uchun yaratilgandir. Har bir moyakka bir juft mushak kerak bo'ladi. Xotinlarga kelsak, ularda har tuxumdon uchun bittadan mushak kerak bo'lib, har xotinda bir juft mushak bo'ladi, chunki ularning tuxumdonlari erkaklarda bo'lganidek tashqarida ham bolmaydilar va osilib ham turmaydilar.
Bilginki, qovuq og'zida bitta mushak bor va o'zining ko'ndalang tolalari bilan qovuq og'zini qoplab turadi. Uning foydasi siydikni chiqarishni talab qilinguncha [siydikni] tutib turishdir. Qachonki, siydikni chiqarish istalsa, bu mushak o'zining qisib turishini bo'shashtiradi, so'ngra qorin mushagi qovuqni bosa boshlaydi va haydovchi kuchning yordami bilan siydik otilib chiqadi.
Erkak olatini harakatga keltiruvchi mushaklar ikki juftdir. Bir juft mushak olatning ikki tomonidan cho'ziladi. Qachonki ular cho'zilsalar, kanalni kengaytirib yozadilar. Songra, o'tish yo'li to'g'ri bo'lib, maniy yengillik bilan oqadi. Ikkinchi jufti qov suyagidan o'sib, qiyshaygan xolda olatninig tagiga [ildiziga] tutashadi. Qachonki u mushaklar o'rtacha tortilsalar olat to'g'ri turadi, agar ular qattiq tortilsalar, olatni orqaga buradilar. Agar ikkovidan bittasi tortilsa, olat uning tomoniga buriladi.
Orqa teshigi mushaklari to'rtta bo'lib, bittasi [teshik] og'ziga yopishgan va uning go'shti mushagi bilan, lab mushaklari lab go'shtlari bilan qattiq aralashganidek qo'shilib ketgandir. U yo'lni siqadi va mustaxkamlaydi.
Yana boshqa mushak ichkariroqqa joylashgan bo'lib, odamning bosh tarafiga nisbatan mazkur mushakdan ustdadir. Ba'zilar uni ikki uchli deb gumon qiladilar, lekin haqiqatda uning uchi erlik olatining tagiga kelib tutashadi. Yana qiyshiq qiluvchi ikkita mushak bo'lib, yuqorida aytilgan mushaklarning ustidadir, bo'shashishi natijasida ko'tan chiqishi voqe' bo'ladi.