Umurtqa ustuni

Ibn Sino, Ergashaka 2025-05-27 19:01
Umurtqa ustunining foydasi to'g'risida

Umurtqa ustunining to'rt foydasi bor. Ulardan biri shundaki, umurtqa ustuni hayvonning [hayotini] saqlash uchun lozim bo'ladigan orqa miyaga yo'l bo'ladi. Bu orqa miya foydalarini o'z joyida so'zlab beramiz, ammo bu yerda bu to'gʼrida qisqacha eslatib qo'yamiz.Gap shundaki, barcha asablar bosh miyadan o'sib chiqqanda, bosh xozirgidan ko'ra ko'p martaba katta bo'lgan bo'lar va shubhasiz, tanaga uni ko'tarib yurish og'ir bo'lar edi. Undan tashqari, [asabga gavdaning] eng uzoq chekkalariga yetmoq uchun uzoq masofa o'tishga to'g'ri kelar va u zararlanish va uzilish [xavfiga] duch kelar edi. Asab uzun bo'lganda uning og'ir a'zolarni o'z boshlanish joylariga tortish qobiliyati susaygan bo'lar edi. Shuning uchun Yaratuvchi [Uning ismi ulug'lansin!] in'om qildi va miyaning bir qismini, ya'ni orqa miyani xuddi buloqdan ariqchani chiqargandek, gavdaning pastki [tomoniga] tushirdi va ba'zi asablarni a'zolar qarshisida yoki yonida joylashsin deb, undan gavdaning ikki yoniga va chekkalariga tarqaladigan qildi. Songra umurtqa ustuni orqa miyaga ishonchli yo'l sifatida yaratildi.
Ikkinchi foyda shundaki, umurtqa ustuni uning oldida joylashgan muhim a'zolar uchun qalqon va himoya bo'ladi. Shu sababli u "igna" va "tikanlar"ga ega.
Uchinchi foyda : umurtqa ustuni butun gavda suyaklariga asos bo'lsin deb tuzilgan. U kema qurishda oldin o'rnatiladigan yog'ochga o'xshaydi. U yog'ochga qolgan [hamma] yog'och qismlarni kirgiziladi va bog'lanadi.Shuning uchun umurtqa ustuni mustaxkam tuzilgan.
Tortinchi foyda: odam mustaqil, to'g'ri, tikka turaolsin va har tomonga harakat qilish imkoniyatiga ega bo'lsin uchundir. Shuning uchun umurtqa ustuni bir butun suyak yoki bir necha katta suyaklardan emas, balki unga tizilgan umurtqalardan tuzilgan, umurtqalar o'rtasidagi bo'g'inlar umurtqa ustunining mustaxkamligi bo'shashmasin uchun yumshoq qilinmagan, egilishiga xalaqit bermasligi uchun juda qattiq ham qilinmagan.