Unsurlar

Ibn Sino 2025-05-04 05:59
Tib qonunlari Unsurlar toʼgʼrisida
Unsurlarning qay biri boʼlsa ham oddiy jismlar boʼlib, odam tanasi va boshqa narsalar uchun dastlabki bolaklardir. Oddiy jismlar shunday narsalarki, ular shakli turlicha bo‘lgan bo‘laklarga bo‘linmaydi, [balki] murakkab jismlar ularga bo‘linadi. Oddiy jismlarning aralashishidan koinotdagi turli shakldagi navlar paydo bo‘ladi.
Tabib unsurlarning to‘rtta va to‘rttadan ortiq emasligi to‘g‘risida tabiatshunos olimlarga ishonsin! Unsurlarning ikkitasi yengil, va ikkitasi og‘irdir. Engillari olov va havo, og‘irlari suv va yerdir.
Yer oddiy jism bo‘lib, uning tabiiy o‘rni hamma [jismlar] ning o‘rtasidir. U o‘z tabiati bilan o‘sha o‘rinda turadi, agar o‘z o‘rnidan ajralsa, yana o‘shanga tomon harakat qiladi. Bu - erning mutlaq og‘irligidir. Erning tabiati sovuq va quruqdir, ya'ni uning tabiati shundayki, o‘z xoliga qo‘yilsa, chetdan biror sabab o‘zgartirmasa, uning tabiatida sovuqlik va quruqlik paydo bo‘ladi. Yerning koinotdagi [narsalarda] mavjudligi tutishga va barqarorlikka, shakl va tuzilishning saqlanishiga yordamlashadi.
Suvga kelsak, suv - oddiy bir jism bo‘lib, tabiiy o‘rni bilan, yer va havo o‘z tabiiy o‘rinlarida bo‘lganlarida, yerni o‘raydi va havoga o‘ralib turadi. Shunday o‘ringa bo‘lishi uning nisbiy og‘irligidir. Suv sovuq va ho‘ldir, ya'ni uning tabiati shundayki, o‘z xoliga qo‘yilsa, chetdan biror sabab unga ta'sir qilmasa, uning tabiatida sovuqlik va ho‘llikdan iborat bir xolat paydo bo‘ladi. Bu xolat suvning tabiatida shunday bir xususiyat bo‘lishidan, ya'ni eng kichik sabab ta'siridan zarralanib tarqalish va birika olish, turli shaklni qabul qila olishdan iborat. Suv shu xil sababga uchrasa o‘z vaziyatini saqlay olmaydi. Suvning koinotda bo‘lishi mavjud bo‘laklarni mayin [yumshoq] qilib, ularning istagan shakllarni, suratlarni, tekisliklarni va tuzilishni oson qabul qilish uchundir, chunki suvning tuzilishi va shakllarini buzishi ham, qabul qilishi ham osondir. Shuningdek, quruq narsalarning shakliy tuzilishlarni qabul qilishi va buzishi qiyindir. Qachon quruqlik ho‘llik bilan qo‘shilsa, quruq narsa ho‘llikdan foydalanib, cho‘zilishni va shakllanishni qabul qiladi. Ho‘llik quruqlikdan foydalanib, o‘zida paydo bo‘lgan qattiqlik va tiklikni saqlay oladi. Quruq ho‘lga qo‘shilib, sochilishdan [qutilib] to‘dalanib turadi. Ho‘l quruqqa qo‘shilib, oqib ketishdan saqlanadi.
Havo oddiy bir jismdir. Tabiiy o‘rni unsurlarga tegishli hamma jismlarning yuqorisidadir. Olovning o‘rni osmon gumbazining shunday bir botiq satxidaki, vujudga kelish va buzilish o‘sha yerga borib tugaydi. Olovning shunday o‘ringa bo‘lishi uning mutlaq yengilligidir. Uning tabiati issiq va quruqdir. Olovning koinotda mavjudligi unsurlar yetilishi, latif bo‘lishi, aralashishi, ular orqali havoga tegishli moddlarni o‘tkazishi va ikki og‘ir sovuq unsur [yer va suv] dan suyuqlikni ketkazish uchundir. Shu ikki unsurdan sovuqlik ketib, ular oddiy unsurlikdan aralashgan xolatga o‘tadilar. Ikki og‘ir unsur [yer va suv] a'zolarning paydo bo‘lishiga va tinch turishiga yordam beradilar. Ikki yengil unsur [havo va olov], garchi a'zolarni dastlab harakat qildiruvchi nafsning o‘zi bo‘lsa ham, ruhlarning paydo bo‘lishiga va harakatlanishiga yordam beradilar. Ana shular unsurl'rdir.