Uyqu arteriyasi

Ibn Sino, Ergashaka 2025-06-23 19:01


Chapdast kishi arteriyadek gurs-gurs yuradi,

Yalqov esa venasimon go'yo mudrab turadi.


Ikki uyqu arteriyasining anatomiyasi haqida


Ikkita uyqu arteriyasining har qaysisi bo'yinga borib yetganida, ikki qismga, ya'ni oldingi va ortki qismlarga ajraladi. Oldingisi ikki qismga bo'linadi. Bittasi ichkaridan o'tib, tilga va ostki jag' mushaklaridan ichki mushaklarga boradi. Boshqasi yuzadan ketadi, u quloqning oldingi qismigacha va chakka mushaklariga ko'tariladi; ular yonida ko'p tarmoqlar qoldirib bosh tepasiga chiqadi. O'ng tomondan [keluvchi arteriyaning] uchlari so'l tomondan [keluvchi arteriyaning] uchlari bilan yo'liqadi.

Ortki qismi ham ikki tarmoqqa ajraladi. Bulardan kichik [tarmoqning] ko'p qismi orqa tomonga yuqoriga ko'tariladi va bosh bo'g'inni o'rab olgan mushaklarga tarqaladi. [Kichik tarmoqning] bir qismi miyaning orqa qiusmi tagiga borib, lom shaklli chok yonidagi katta teshikdan kiradi. Katta qismi esa bu teshik oldida tosh suyagidagi teshiklar orqali to'rga kiradi. Yoki, to'g'risi, to'r shu arteriyalarda to'qiladi, chunonchi, tomir-tomir bilan, qavat-qavat bilan, taxlam-taxlam bilan aralashib, bularning hech birini boshqalaridan ajratib bo'lmaydi va biri olinganda, boshqalari to'rdagi kabi tortiladi. [Arteriyaning bu qismi] to'r ichida oldinga va orqaga, o'ngga va so'lga taraladi. Keyin [uning tarmoqlaridan] avvalgidek bir juft xosil bo'ladi. [Bu juft] uchun [miya] pardasida teshiklar tuziladi va u juft miyaga ko'tarilib, yupqa pardada bo'linadi; songra, miyaning tanasida bo'linib, qorinchalarga va qorincha pardalariga boradi. [Bu juftning] ko'tariluvchi tarmoqlarining teshiklari bilan ana shu yerda uchrashadilar. [Arteriyalar] yuqori ko'tariladilar, [venalar esa] tuban tushadilar, chunki venalar sug'oruvchi kanallar bo'lib, ular orqali qon oqadi. Qon bilan sug'oruvchi tomirlarning eng yaxshi vaziyati ularning uchlari tuban qarab turishidir.

[Arteriyalarga] kelsak, ular ruhni o'tkazuvchilardir; ruh esa, latif va harakatchan bo'lib, yuqori ko'tariluvchidir, shuning uchun u o'zi oqib boradigan tomirlarning tuban qarab to'nkarilishiga muhtoj bo'lmaydi. Aksincha, agar u shunday qilingan bo'lsa, u vaqtda ruhga hamroh bo'lgan qonni ko'p oqishga va ruhning harakatini og'irlashtirishga sabab bo'lar edi; chunki ruhning yuqoriga qarab harakat qilishi osonroqdir. Ruhning yengilligi va harakatchanligi miyada zarur bo'lgan miqdorda tarqalishi va uni qizdirishi uchun yetarlidir. Shuning uchun u to'r miyaning tagida yoyilgandir va unda arteriya qoni bilan ruh aylanib turadi hamda yetilganidan keyin o'zining mizoji bilan miyaga o'xshab qoladi; shundan keyin asta-sekin miyaga o'tadi. To'r suyak bilan qattiq parda orasida joylashgandir.