Uzluksizlikning buzilishi kasalliklari haqida
Uzluksizlikning buzilishi kasalliklari ba'zan terida bo‘lib, tirnalish va yulinish deb ataladi. Bu ba'zan go‘shtda bo‘ladi va yiringlamagan yangi xili jarohat deb ataladi va yiringlagan xili yara deyiladi. Bunda yiringning paydo bo‘lishi - [jarohatlangan a'zoning] zaifligi va oziq iste'molidan va hazmdan ojizligi jihatixan [zararli] chiqindilarning bunga haydalishidan keladi. Shu bilan birga [hazm bo‘lmagan moddalar] o‘zlari ham chiqindiga aylanib ketadilar. Ko‘pincha jarohat va yaralarning voqe' bo‘lishi uzluksizlik buzilishi kasalligining go‘shtdan boshqa joyda bo‘lganidan ham keladi; masalan, u suyakda bo‘ladi - suyak sinib ikki yo ko‘p bo‘laklarga ajralgan bo‘ladi yoki titilib mayda bo‘laklarga yo bo‘yicha ajralgan bo‘ladi. [Uzluksizlikning buzilishi] yana yuqoridagi uch tur bo‘yicha tog‘aylarda yo asablarda bo‘ladi. Agar bu buzilish eniga tushgan bo‘lsa, kesilish deyiladi; uzunasiga tushgan bo‘lib, chuqur bo‘lmasa, yoriq deyiladi; tagi chuqur bo‘lsa, teshik deyiladi.
Uzluksizlikning buzilishi ba'zan mushak bo‘laklarida paydo bo‘ladi. Agar u mushakning uchida bo‘lsa, u hox asabda bo‘lsin, hox payda bo‘lsin yirtilish deb ataladi. Agar u mushakning enida joylashgan bo‘lsa, kesilish deyiladi. Agar u uzunasiga bo‘lib, buzilish soni oz bo‘lsa va tagi ancha chuqur bo‘lsa, ezilish deyiladi.
Agar bo‘laklari ko‘p bo‘lib, eniga va chuqurligiga tarqalgan bo‘lsalar majag‘lanish va yirtilish deyiladi. Ba'zan ezilish, yirtilish va majag‘lanish deb, mushakning o‘rtasida paydo bo‘lgan ajralishni aytadilar.
Agar uzluksizlikning buzilishi arteriya va vena tomirlarida paydo bo‘lsa, u yorilish deyiladi. Agar ular tomirlarning ko‘ndalangiga to‘g‘ri kelsa, uzilish yo ajralish deyiladi; uzunasiga kelgan bo‘lsa, darz deyiladi; ularning og‘izlari ochilgan bo‘lsa, yorilish deb ataladi.
Agar [uzluksizlikning buzilishi] arteriyada bo‘lib, u birikib berkilmasdan, qon uni o‘rab olgan bo‘shliqqa oqib turadigan bo‘lsa, xatto uni to‘ldirsa va [bo‘shliq] siqib [qon] tomirga qaytadigan bo‘lsa, buni qon quyilish deyiladi. Ba'zilar arteriyadan qon oqishning har bir turiga "qon quyilishi" deydilar.(Arabchasi "ummud dam", ba'zan anevrizm deb tarjima qilishadi).
Bilginki, hamma a'zo ham birlikning ajralishini ko‘taravermaydi, [masalan], yurak buni ko‘tarmaydi, u vaqtda o‘lim bo‘ladi. [Uzluksizlikning buzilishi] yana to‘siq va pardalarda bo‘lsa, bularga yirtilish deyiladi. Bu xol murakkab bir a'zodan bo‘laklarni bir-biridan ayirib qo‘ysa, buni chiqish yo o‘rnidan toyish deb ataladi. Agar bular o‘rnidan qo‘zg‘algan asabda bo‘lsalar, ajrash deyiladi.
Uzluksizlikning kasalligi ba'zan oqim yo‘llarida bo‘lib, ularni kengaytiradi. Ba'zan oqish o‘rnidan boshqa joylarda bo‘lib, ularda ilgari bo‘lmagan oqish o‘rinlari paydo qiladi.
Uzluksizlikning buzilishi, yaralanish va boshqalar yaxshi mizojli bo‘lmagan a'zoda paydo bo‘lsalar, ular tezdan tuzaladilar. Agar bu yomon mizojli kishilarda bo‘lsa, u ko‘pga cho‘ziladi. Ayniqsa, istisqo, o‘zlashtirishning buzilishi ham mohov kasalligi bo‘lgan kishilarda [tuzalishi qiyin bo‘ladi].
Bilginki, yozda yaralar cho‘zilib ketsa, et chirish paydo bo‘ladi.
Sen uzluksizlikning buzilishiga keng o‘rin berilgan [Qonun] kitoblardan bu haqda ko‘p ma'lumot olasan.